To’pni egallab turish o’yin asosi hisoblanadi. To’p jamoada qolishi uchun har bir o’yinchi maydonda o’z joyini tanlash zarur. Joy tanlay olish o’yinchi uchun eng qimmatbaho xususiyat hisoblanadi, chunki maydonda ijod qilishga imkoniyatlar yaratib beradi. Bundan tashqari bu doimiy jismoniy yuklama va jismonan takomillashtirish vositasi hamdir.
Ayrim lavhalarda sheriklarning vazifalari shundan iboratki, ular o’yin maydonida to’pni oshirib berish uchun qulay bo’lgan joylarni tanlashlari va shu orqali to’p egallab turgan sherigiga yordam ko’rsatishlari lozim bo’ladi. Shu paytda raqib o’yinchilaridan biri bevosita hujum qilib, to’pni egallab olishga harakat qiladi, qolganlar esa joy tanlashlari bilan uni bevosita qo’llab turadilar.
75-rasmda “qora” larning to’pni egallab turgan 1-o’yinchisiga “oq” larning
1-o’yinchisi hujum qiladi. “Qora” lar joy tanlash bilan o’zlarining 1-o’yinchilarini qo’llab turishga intiladilar, lekin “oq” lar ham huddi shuni bajaradilar.
75-rasm.
76-rasm. “Qora” larning 1-o’yinchisi burchak to’pni tepib bergandan so’ng ”oqlarning” 1-raqamli darvozaboni, to’pni ushlab olib, uni 3-raqamli sherigiga oshiradi. 3-o’yinchini “oq” larning oldinga yugurib chiqqan, to’silmagan 4o’yinchisi qo’llab turadi. To’pni egallab olish uchun qulay bo’lgan o’rinni tanlash nafaqat hujimuy ushtirayotgan jamoa hujumchilarining, balki himoyalanayotgan jamoa o’yinchichilarining ham vazifasi hisoblanadi.
76-rasm.
Futbol maydoni, odatda, uchta qismga (hududga) bo’linadi va bu joy tanlash vazifalarini aniqlab beradi (77-rasm).
77-rasm.
Mana shu uchta hududda joy tanlashning asosiy vazifalarini ko’rib chiqamiz (oson tushunish maqsadida tahlil o’z jamoasi misolida amalga oshiriladi).
Himoya qilinadigan hududdagi asosiy vazifa – raqib hujumini to’xtatib qolish va to’pni egallab olish.
Maydonning himoyalanayotgan qismida joy tanlashning uchta usuliga o’rgatish taklif qilinadi. Birinchisi – raqibini mahkam to’sib qo’yish. Bunga himoya qilinayotgan hududda o’yinchi (to’p bilan yoki to’psiz), uning harakat yo’nalishidan qat’iy nazar, shaxsan ta’qib qilish kiradi. Masalan, “oq” larning 1- va 2-o’yinchilari hujum qilgan hollarda himoyachilar o’z darvozalarini to’sishga va o’yinchini ushlab qolishga harakat qiladilar (78-rasm).
Himoyalanayotgan hududda joy tanlashning ikkinchi usuli zonali himoya hisoblanadi. Bu paytda himoyachilar raqib o’yinchilarini yaqindan ta’qib qilmaydilar, lekin ularning harakatlanishlarini diqqat bilan kuzatadilar hamda raqib to’p bilan (yoki to’psiz) “otish masofasiga” yetib kelgunga qadar kutgan holda darvoza oldida o’z zonasini qo’riqlaydilar (79-rasm).
78-rasm. 79-rasm.
Joy tanlashning uchinchi usuli aralash himoya varianti, ya’ni yuqoridagi ikkita usullarning yangilashtirilgan varianti hisoblanadi.
Himoyalanayotgan hududga raqib yaqindan ta’qib qilinmasdan yetib keladi, u darvoza maydoniga yaqinlashishi bilan himoyachilar ketma-ket harakatlanib, uning keyingi haraktlanishlarini to’xtatadilar. Himoya qilinayotgan hududning o’yinchilari tomonidan joyning to’g’ri tanlanishi sun’iy ravishda “o’yindan tashqari holatni" yaratishga o’yin elementlarini (to’pni o’yinga kiritish, o’yinchi, darvozabon tomondan darvozadan to’pni tepib berishni) bajarishda ustunlikka ega bo’lishga, alohida o’yin lavhalarida (burchak to’pi, erkin zarba, o’n bir metrlik zarba) ongli ravishda yo’l tutishga yordam beradi. Qarshi hujum boshlanishida (keyinchalik himoyalayotgan hududga ketish bilan) o’yinchilarning joyni to’g’ri tanlashlari muhim ahamiyatga ega.
Tayyorgarlik hududida hujumchilar jamoalarining to’pni qachon egallab olishlarini nisbatan sust holda kutib uradilar. Bunday vaziyat yuzaga kelishi bilan hujumchilar raqib ta’qibidan ozod bo’lishga, ularning himoya zonasida boshlangan hujumini davom ettirish uchun faol o’rinni anlashga harakat qiladilar (80-rasm).
80-rasm.
O’z navbatida himoyachilar ham oldinga yurib, tayyorgarlik hududida (hujum qilayotgan hujumchilar aynan shu yerga chekinishga majbur bo’ladilar) munosib o’rin egallaydilar (81-rasm).
81-rasm.
80-rasmda qarshi hujumni tashkil qilish uchun joy tanlash ko’rsatilgan. Raqibdan to’pni olib qo’yish uchun joy tanlash yoki to’pni oldirib qo’ygandan so’ng uni qayta egallab olish uchun joy tanlash 68-rasmda ko’rsatilgan. Odatda, o’yin tayyorgarlik hududida kechadi, shuning uchun qaysi bir jamoa to’pga egalik qilayotganligiga qarab harakatlanishlarning xususiyatlari belgilanadi. Agar to’p raqibda bo’lsa, yaqindan ta’qib qilishni qo’llash zarur. Bunda o’yinda yuzaga kelgan vaziyatlarga muvofiq holda joy tanlanadi (ushbu holda zonali himoya qo’llanilmaydi). Agar to’p “o’zinikida” bo’lsa, unda aldamchi harakatlar, sur’atni o’zgatirishda foydalanib, raqibdan o’zib o’tish va hujumni rivojlantirish zarur.
Hujum uyushtirilayotgan hududda, bu erda, masalan, “oq” lar joylashgan (78, 79-rasmlar). Joy tanlash birinchi navbatda hujumni rivojlantirishga, darvozaga yaqinlashishga, gol kiritish vaziyatini yaratishga yordam berishi lozim. Keyingi vazifa o’yin lavhalaridan (burchak to’pi, erkin zarbalar va h.k.) unumli foydalanish hisoblanadi. Va, nihoyat, hujum yakunlanganda yoki to’p yo’qotilganda joy tanlash to’pni ikkinchi bor olib qo’yishga qaratilgan bo’lishi lozim.
Joy tanlash o’yin dinamikasining eng asosiy elementi, o’yindagi chaqqonlikning eng muhim tarkibi sifatida boshqa omillar bilan o’zaro bog’liqlikda bo’ladi. To’g’ri va o’z vaqtida joy tanlash texnika usullarini muvaffaqiyatli qo’llashning dastlabki shartlaridan biri hisoblanadi (masalan, to’pga kech qoladigan o’yinchini, odatda, aldab o’tadilar; to’pning uchishini noto’g’ri hisoblaydigan o’yinchi ko’p hollarda bosh bilan zarba berishda xatolikka yo’l qo’yadi va h.k.). Yosh futbolchilar ko’pincha usullarni bajarishda emas, balki joy tanlashga tayyorlanish paytida xato qiladilar. “O’yinni oxirigacha o’ynadi”, “doimo o’yinda bo’ldi” kabi tushunchalarning ma’nosi shuni anglatadiki, o’yinchi match davomida har doim harakatda bo’lgan, har doim joy tanlagan. Jismoniy qobiliyatlar va joy tanlashga kelganda yosh futbolchilarda kamchiliklar kuzatiladi. Murabbiy buni diqqat bilan nazorat qilishi zarur. U qaysi bir o’yinchi joyni “his qiladi-yu”, lekin uni tez egallab olishga jismonan qodir emas va, aksincha, qaysi bir futbolchi jismonan qodir bo’lsa-da, qachon hamda qaysi joyni egallash lozimligini “his qilmasligini” bilishi zarur. Ko’pincha katta yoshdagi va ba’zida yosh futbolchilar: “To’psiz shuncha ko’p yugurishning nima keragi bor?”, - deb fikr yuritadilar. Bu savolga qarab shunday xulosa qilish mumkinki, o’yinchi joy tanlashning muhim ahamiyatga ega ekanligini tushunmaydi yoki jismonan hamda ruhan chidamli emas. Jismoniy va ruhiy muvozanatni tarbiyalash murabbiyning eng muhim pedagogik vazifasi hisoblanadi (shunday o’yinchilar borki, ularni maydonda fikrlashga o’rgatish, boshqalarni ruhan, uchinchilarini esa jismonan mustahkamlash zarur).
Birinchi bor maydonga chiqqan futbolchilarga joy tanlash masalasi tashvish keltiradi. Shu narsa kuzatilganki, 11-15 yoshdagi o’yinchilar ayrim uchrashuvlarda 8-12 hollarda qandaydir texnika usulini bajaradilar. O’smir yoshdagi o’yinchilar faqat 15-20 hollardagina buning uddasidan chiqadilar. Yosh o’yinchi o’zini maydonda “joylashtirgungacha”, u, o’yinda faol qatnasha olmaydi va o’zining eng yaxshi sifatlarini namoyon qilolmaydi.