Temuriylar sulolasi davrida ma’naviyat va ma’rifat rivoji Temur va Temuriylar davri, umuman SHarq, xususan Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ilm-fani, madaniyati, ma’naviyati, adabiyot va san’ati rivojida muhim bosqich, yangi tarixiy davr, tub burilishdir. Bu davrni hozirgi davr ilm-fanida Markaziy Osiyoda so‘nggi Renessans (Uyg‘onish) davri deb ham yuritadilar.
Butun dunyoga nomlari mashhur tarixchilar SHarafiddin Ali YAzdiy, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy; olimlar – Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy; faylasuf shoirlar – Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, musavvirlar – Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mirak Naqqosh, hattotlar: Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Muhammad bin Nur va boshqalar mana shu davrda yashab ijod qildilar. Ularning hammasi o‘sha davr va o‘zlarigacha bo‘lgan insoniyat ma’naviyati, ma’rifati va madaniyati yutug‘ining barcha sohalarini mukammal bilib va o‘zlashtirib olgan, o‘zlari tanlagan sohalarning hali hech kim tomonidan zabt etilmagan cho‘qqilarini egallagan ulug‘ siymolar, qomusiy ilm, aql egalari bo‘lganlar.
SHuning uchun ham ularning boy, serqirra ijodlri, tengi yo‘q va takrorlanmas ilmiy-falsafiy, badiiy, tarixiy asarlari asrlardan asrlarga, davrlardan davrlarga eson-omon o‘tib, barcha alg‘ov-dalg‘ovlarga bardosh berib bizlargacha etib keldi.
Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari ijodida yuksak bosqichga ko‘tarilgan musavvirlik san’ati SHarq uyg‘onish davrining yutuqlaridan biridir. Behzod o‘zining takrorlanmas ijodi, go‘zal miniatyura san’ati va ajoyib mahorati bilan nafaqat SHarqda, balki butun dunyoda ham o‘chmas iz qoldirgandir. “Ikkinchi Moniy”, “SHarq Rafaeli” deb yuksak darajada e’zozlangan. Behzod mashhur so‘z san’atkorlari – Jomiy, Husayn Boyqaro, SHayboniyxon va boshqalarning siymolarini yaratgan yuksak ma’naviyat egasidir.
Temuriylar davri ilm-fani, madaniyati, ma’rifati rivoji Mirzo Ulug‘bek (1394-1449)ning nomi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan.U davlat arbobi, fan, ma’rifat homiysi, buyuk olim va munajjim.
U o‘zi bunyod ettirgan rasadxona va ilm-ma’rifat markaziga turli sohalarda ish olib boruvchi 100 dan ortiq ilm ahllarini to‘plab, keng jabhada ilmiy kuzatish ishlarini olib borgan. Bular Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid, Ali Qushchi, Mavlono Ahmad, Muhammad Havofiy Abul Ali Birjondiy, Mirim CHalabiy, Muiniddin Koshiy kabi zamonaning zabardast olimlari bo‘lgan.
Mirzo Ulug‘bek shu asosda Samarqandda “Samarqand akademiyasi”ga asos solgan edi. “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” (“Ko‘ragoniyning yangi astronomik jadvali”) va “To‘rt ulus tarixi” nomli asarlarning muallifidir.
Tarixchi olim Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, “Ulug‘bek geometriya borasida Evklidga, astronomiya sohasida Ptolomeyga o‘xshardi”.
Mirzo Ulug‘bek fan homiysi bo‘lishi bilan birga, mamlakatda ma’naviyat va ma’rifat rivojiga ham katta ahamiyat bergan allomadir. U qariyb qirq yil mobaynida Movarounnahr diyorining donishmand hukmdori sifatida xalqning azaliy orzusi- tinchlik, totuvlik, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish yo‘lida ulkan shijoat va matonat ko‘rsatdi. Ulug‘bek Movarounnahrda bir emas uch madrasa qurdirdi. Bulardan biri Samarqandda (1417-1420); ikkinchisi Buxoroda (1417) va uchinchisi G‘ijduvonda (1433)dir. Hatto Buxorodagi madrasa peshtoqiga hadisdan: “Ilm olish har bir mo‘min va muslima uchun farzdir”, - deb yozdirib qo‘ydi.
Ulug‘bek ko‘proq buyuk olim, ilm-fan, ma’rifat homiysi bo‘lgani uchun ham yanada qadrlidir. U geometriya, matematika, astronomiya, tarix, adabiyot, mantiq, musiqa ilmlarini bilgan. Qur’on, hadis va fiqh ilmlaridan ham yaxshi xabardor bo‘lgan allomadir. XV asrda aniq fanlarning, xususan astronomiyaning rivojida Ulug‘bekning xizmatlari beqiyosdir.
Ulug‘bek o‘zidagi ilmni egallashga bo‘lgan intilish va fazilatlarni mamlakatda ilm-fanni ravnaq topishiga yo‘naltirib madrasalarda o‘qish-o‘qitish tizimini jonlantirishga katta hissa qo‘shdi. CHunonchi, madrasalardagi o‘quv tizimini isloh qilib, ularda astronomiya, geografiya kabi aniq fanlarni o‘qitishni joriy etdi, ta’lim mazmunining sifatini oshirdi, madrasalarda o‘qish muddatini 15-20 yildan 8 yilga qisqartirdi.
Mutafakkir yosh avlodning tabiat haqidagi bilimlarni egallashi zarurligini alohida ta’kidlaydi. Uning uqtirishicha, fan, madaniyat, umuman ma’naviyat va ma’rifatning rivojlanishi bilan yurtda haqiqat barqarorlashadi. Ulug‘bek el-yurtning tinch-osoyishta bo‘lishi uchun odamlar o‘rtasida do‘stlik va birodarlik, samimiyat va adolat barqaror bo‘lishi zarurligini aytadi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Ulug‘bekning hayoti va ilmiy faoliyati xalqimiz ma’naviyatining poydevoriga qo‘yilgan tamal toshlaridan biri bo‘lib, yurtimizda bundan necha zamonlar oldin fundamental fanlarni rivojlantirishga qanchalik katta ahamiyat berilganini ko‘rsatadi.43 Uning dahosi bugun ham insoniyat ma’naviyati va ma’rifati rivoji uchun xizmat qilmoqda.
Temuriylar davri ma’naviyati va ma’rifati rivoji o‘zlarining ongli hayoti va faoliyatini insonning baxt-saodati, xalqlar osoyishtaligi, obodonlik ishlari, ilm-fan, adabiyot va san’at rivojiga bag‘ishlagan ikki buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy (1414-1492) va Mir Alisher Navoiy (1441-1501)larning nomi bilan chambarchas bog‘liqdir.
O‘zbek xalqining buyuk farzandi, mutafakkir, davlat arbobi, o‘zbek adabiyoti va tilining asoschisi Alisher Navoiy Markaziy Osiyoning ma’naviy va ma’rifiy fikr taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. U adabiyot, san’atning turli sohalariga oid qirqdan ortiq asar yaratdi. “CHor devon”, “Xamsa”, “Mahbubul-qulub”, “Muhokamatul-lug‘atayn”, “Majolisun-nafois”, “Lisonut-tayr” va boshqalar shular jumlasidandir. Alisher Navoiy mamlakati va xalqiga hech qachon so‘nmaydigan buyuk ma’naviy meros qoldirgan. U xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g‘ururi, sha’nu sharafini dunyoga tarannum etgan o‘lmas so‘z san’atkoridir.
Alisher Navoiy xalqqa ish bilan ham, so‘z bilan ham, ko‘ngil bilan ham foyda keltirish kerakligini aytadi, xalq manfaatini o‘ylaydigan, xalqning baxt-saodati uchun kurashadigan kishilarni haqiqiy inson deb biladi.
Odami ersang demagil odami,
Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami, - bayti Navoiy ma’naviyati va insonparvarligining markaziy nuqtasi desak, hech yanglishmaymiz. Navoiy butun umri bo‘yicha insonparvarlikni, odamiylikni kuylab, uni ulug‘lagan. Kishilar g‘amida bo‘lish, yaxshilik qilish, muruvvat ko‘rsatish bu buyuk zot hayotining mazmuni bo‘lgan. Uning qabrida mana bu so‘zlar bitib qo‘yilgan: “SHohi g‘aribon”, ya’ni g‘ariblar, yolg‘izlar, faqirlar shohi.
Navoiy saxovat va muruvvatda benazir inson bo‘lgan.O‘zining joylardagi er-suvlari, mol-mulklaridan kelgan daromadlarini to‘laligicha xayriya ishlariga sarflagan..
Birgina Hirot shahrida o‘zining jamg‘armasi hisobidan qanchadan-qancha binolar, inshootlar barpo etgan. Injil kanalining janub tomonida katta tibbiyot o‘quv yurti va shifoxona barpo ettirgan, ularga taniqli tabib va dorishunoslarni jalb etgan. Ixlosiya madrasasi yonida katta saroy qurdirib, undagi mehmonxonada kambag‘al beva-bechoralarni bepul ovqat bilan ta’minlagan. Muhtoj kishilarga har yili ikki ming po‘stin va kiyim-kechak tarqatgan. Bundan tashqari kanal qazdirib, Mashhad shahriga suv keltirgan.
Alisher Navoiy butun umri davomida ma’naviy tubanlashish shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham nihoyatda xatarli ekanini ko‘rsatib o‘tgan.Doimo jaholatni, adolatsizliklarni, inson qadr-qimmatini erga urishni, behuda qon to‘kishlarni yuksak ma’naviylik minbaridan turib qoralab keldi.
Navoiy mansabdorning ma’naviy tubanlashishi qanday yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida quyidagi hikmatli fikrlarni aytgan: “Inson mansab va kattalikni sevishi tabiiydir. Bu ishda nafs ixtiyorsiz va kishining sezgisini egallash bilan shug‘ullanishini talab qiladi; mansabning xosiyati g‘aflatni orttiruvchi va podshohlikning mast qiluvchi iltifoti xush oluvchi va shunday kishiga xalqning ishi ko‘p tushadi. Bunday kishining xushyor bo‘lishi juda og‘ir. Agar u goho aql madadi bilan o‘zini tuta olsa-da, biroq mansab mastligi uni holiga qo‘ymaydi. Haqiqatdan shu mastlik chog‘ida, falakning intiqom oluvchiligi, g‘addorligi va falak Holiqning adolatli hokim ekanligi qachon uning xotiriga keladi? Orttirilgan qudrat va martabaning bahosi yo‘q va umr foydasizdir. Uning yomonliklaridan faqat dushmanlargina kulib qo‘ya qolmay, rasvoligidan do‘stlari ham sharmandadir... Xulosa: nafsi pok va aqli sof kimsa bu mastliklardan o‘zini bexush qilmasin va o‘zini o‘zbilarmonlik va o‘zboshimchalikka solmasin. Zulm ko‘rgan dardmandlarning holiga boqsin”.44 Hukmdorlarning xalq bilan munosabatiga asos bo‘ladigan ma’naviy omillar, odob qoidalari ustida to‘xtab quyidagi fikrlarni aytgan: “Kuchsizlar va bo‘ysunuvchilarga shafqat va mehribonlik ko‘rsatsinlar. YOmon holga tushgan va tuban kimsalarning ishlarini marhamat va yumshoq so‘zlar bilan to‘g‘rilasinlar. Qattiq so‘zlar bilan darveshlarning dillarini ranjitmasinlar. Dili yaralarning jarohatiga muloyim so‘zlar bilan malham bo‘lsinlar. Nafs va shayton firibidan xotirjam o‘tirmasinlar, har bir ishda ixlos va rostlikni kasb etsinlar. Podsho davlati, xalq va sipoh ishlarini tuzatish borasidagi to‘g‘ri so‘zdan qo‘rqmasinlar va aytaversinlar. Xudoy saqlasin, g‘ururlik mayi bilan o‘zini mast va behush qilmasinlar. Boshga biror mashaqqat ish tushsa, sabr va chidam panohiga sig‘insinlar. YOshlarga shafqat, tengqurlarga muvaffaqiyat va madora, kattalarga izzat va hurmat ko‘rsatish yo‘llariga rioya qilsinlar”.45 Navoiyning mazkur fikrlarida har bir inson faoliyatiga asos bo‘ladigan mukammal ma’naviy qadriyatlar tizimi bayon etilgandir.
Alisher Navoiy odamlarni insofga, saxovatli va adolatli bo‘lishga, bir-birlari bilan ahil bo‘lishga, bir-birlariga yordam berishga, karamli, sahiy bo‘lishga chaqiradi. Sahiylik inson ma’naviyligining asosiy mezonlaridan biri ekanini, uning mohiyati va ahamiyatini tavsiflab quyidagilarni aytgan edi: “Sahiylik kishilar bog‘ining hosildor daraxtidir, balki u daraxtning shirin mevasidir, odamgarchilik o‘lkasining to‘lqinli daryosi, balki u to‘lqinli daryoning asl gavharidir”.
Xondamir Alisher Navoiyning yuksak axloqiy fazilatlari jumlasiga kamtarlik, hokisorlik, xayr-ehsonlilik,, kambag‘alparvarlik, to‘g‘rilik, odillik, adolatlilik, ma’rifat sohiblariga homiylik qilish, do‘stlikni qadrlash, molu dunyoga, boylikka berilmaslik, oqko‘ngillilik, gina va adovat saqlamaslik, kechirimlilik, vaziyatni hisobga olib ish tutish, shirin so‘zlilik, xalqparvarlik, imonlilik, insoflilik, jabr-zulm ko‘rganlarni himoya qilish, nafs balosiga berilmaslik, rostgo‘ylik va boshqalarni kiritgan.Navoiyning o‘z faoliyati davomida millat va davlat manfaatlariga keltirgan beminnat foydasi haqida shunday yozadi: “Amirlik taxtini, hukmat mansabini o‘zining muborak qadamlari bilan ziynatladi va jabr-jafo raqamlarini davron sahifasidan mahv qilib, adolat va insof eshiklarini insoniyat yuziga ochib qo‘ydi. YAralangan davr jarohatlariga malham qo‘yib, hur olam dahri kasallariga adolat sharbati bilan shifo baxsh etdi”.46 Buyuk bobokalonimizning bunday olijanob ma’naviyati o‘tmishdan meros va yuksak ma’naviy qadriyatlarimizdandir. Navoiydek bo‘lish qiyin, ammo unga intilish, ibrat olish lozim.
Navoiyning bundan qariyb 569 yil avval ilgari surgan g‘oyalari asrlar osha ahamiyatini, hayotiyligini yo‘qotgani yo‘q.Uning hayotbaxsh g‘oyalari bugungi kunda Prezidentimiz Islom Karimovning insonparvarlik, xalqlar tinchligi uchun olib borayotgan kurashi bilan hamohang bo‘lib yangramoqda.
Yurtboshimiz Islom Karimov buyuk so‘z san’atkori, o‘zida insoniyatning eng orzu-istaklirin mujassam etgan, o‘zbek xalqining ulug‘ farzandi benazr dahosiga: “Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”,47-deb yuksak baho bergan.
Xulosa qilib aytganda, Temuriylar davri ilm-fani, ma’rifati, ma’naviyat va madaniyati jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Bunda ulug‘ bobomiz, davlat arbobi, sarkarda sohibqiron Amir Temurning xizmatlari beqiyos va benazirdir. Buni hammamiz to‘g‘ri anglamog‘imiz lozim, ul ulug‘ zot ila faxrlanishimiz barchamizning burchimizdir.