Ix asr hadis ilmining "oltin asri"


Amir Temur va temuriylar sulo



Yüklə 426 Kb.
səhifə8/12
tarix01.06.2023
ölçüsü426 Kb.
#121704
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12
Ix asr hadis ilmining oltin asri

Amir Temur va temuriylar sulolasi davrida ma’naviyat va ma’rifat
Amir Temur – buyuk shaxs, kuragi erga tegmagan sarkarda, yirik davlat arbobi, qonunshunos, talantli me’mor, notiq, ruhshunos, shu bilan birga el-yurtini, xalqini sevgan va uni mashhuri jahon qilgan xalqimiz farzandi. Amir Temurning tarixi ko‘p jildlik kitoblar yozishga arziydi.Mustaqillikka erishgunimizga qadar buni amalga oshirish imkoniga ega emas edik. CHunki kommunistik g‘oya bunga yo‘l bermadi. Amir Temurning o‘zi tahqirlanib tuhmatu malomatlarga qoldi.
SHukrlar bo‘lsinki, mustaqillik tufayli ko‘p ming yillik boy tariximizni, shu jumladan ulug‘ bobomiz Amir Temurni o‘rganish imkoniga ega bo‘ldik.
Amir Temur 1336 yilning 9 aprelida SHahrisabzning Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topdi. Temurning yoshligi va yigitlik yillari mamlakat og‘ir ijtimoiy-siyosiy buhron iskanjasiga tushib qolgan bir davrda kechdi.
Uzoq va mashaqqatli kurashlardan so‘ng Amir Temur o‘z raqiblarini engib, hokimiyatni qo‘lga kiritdi. Mayda, tarqoq feodallarni birlashtirib, markazlashgan davlat bunyod etdi, mamlakatda iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlar qildi.
Amir Temurning tarix oldidagi xizmati benihoyat katta. Birinchidan u mamlakatda yuqorida aytganimizdek kuchayib ketgan feodal tarqoqlikka barham berib, el-yurtni o‘z tug‘i ostiga birlashtira oldi, mo‘g‘ullar zulmiga barham berib, markazlashgan yirik feodal davlatni barpo etdi. Bu bilan hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniyat rivojiga mustahkam zamin yaratib berdi. Bugun “Temur va Temuriylar madaniyati”, “Temuriylar davlati”, “Ulug‘bek va astronomiya maktabi”, “Navoiy” va “Bobur” kabi qutlug‘ so‘zlarni nafaqat o‘zbekning, balki jahon xalqlari asarlari sahifalarida uchratar ekanmiz, bu gaplarning zaminida albatta Amir Temurning ulkan xizmatlari yotadi. Ikkinchidan, Amir Temur, o‘zi bilibmi-bilmasdanmi, lekin bir qator xalqlar va yurtlarni mustamlakachilar zulmidan ozod bo‘lishiga yordam berdi. Masalan, o‘sha davrning eng qudratli hukmdorlaridan hisoblangan Boyazid Yildirimni tor-mor keltirib, Bolqon yarim oroli va Evropa xalqlariga ozodlik bag‘ishladi; Oltin O‘rda xoni To‘xtamishni ikki marta tor-mor etib, Rossiyani mo‘g‘ullar hukmronligidan qutulishini tezlashtirdi. Uchinchidan, Turkiston zaminini ziroatchilik, hunarmandchilik, ilm-fan va madaniyati rivojlangan ilg‘or mamlakatga aylantirdi.
Amir Temur zamonida yozilgan asarlarni qunt bilan o‘qisak, o‘rgansak, uning ko‘p yaxshi xislatlari: to‘g‘rilik, muruvvatlilik, adolatparvarlik, el-yurtiga mehr-muhabbat, bunyodkorlik va boshqalarni bilib olishimiz mumkin.
Amir Temurda Vatanni sevish, xalqini ulug‘lash, ulardan fahrlanish va g‘ururlanish singari oliy ma’naviy fazilatlar barq urib turgan.
Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Nizomiddin SHomiy, SHarafiddin Ali YAzdiylarning “Zafarnoma”lari, Ibn Arabshohning “Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari” va boshqa asarlarda keltirilgan sohibqironning ibratli ishlari, pand-nasihatlari va o‘gitlaridan ham uning kimligini bilib olsa bo‘ladi. Bular el-yurt va fuqarolarning tashvishi, raiyatparvarlik, mehr-muruvvat, qo‘shnichilikka rioya qilish va nihoyat, mardlik va qahramonlik haqidagi o‘gitlardir
Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyos. Amir Temur va uning avlodlari sa’yi-harakatlari bilan qurilgan madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, saroylar, bozorlar, qal’alar, kanallar yo‘l va ko‘priklar va boshqa inshootlarning son-sanog‘i yo‘q. Amir Temurning bevosita rahnamoligida bunyod etilgan Bibixonim jome’ masjidi, Go‘ri Amir, Ahmad YAssaviy, Zangi ota maqbaralari, Oqsaroy va SHohi Zinda me’moriy mo‘‘jizalari, Bog‘i CHinor, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Behisht, Bog‘i Baland singari o‘nlab go‘zal saroy-bog‘lar va shu kabi boshqa inshootlar shular jumlasiga kiradi.
Tarixchi SHarofiddin Ali YAzdiyning guvohlik berishicha, Amir Temur “Obodonlikka yaraydigan biror qarich erning ham zoe bo‘lishini ravo ko‘rmasdi”.
Tarix bu qo‘hna dunyoda juda ko‘p jahongirlarni ko‘rgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr bo‘yi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim”, degan so‘zlari bunyodkorlik, yaratuvchanlik faoliyatining tasdig‘idir. “Agar bizning qudratimizni bilmoqchi bo‘lsangiz, qurgan binolarimizga boqing” deganda Amir Temur, avvalo o‘z xalqiga, kelajak avlodlariga murojaat qilgan, desak yanglishmaymiz.
Har qanday jamiyat taraqqiyotini ilm-ma’rifatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Buni teran anglagan sohibqiron hokimiyatga kelishi bilan chiqargan dastlabki farmonlarini madrasalar barpo etishga, ilm toliblariga nafaqalar tayinlash bilan boshlagan. Qaysi bir shaharga tashrif buyurmasin Amir Temur avvalo o‘sha erlik olimu fozillar bilan uchrashar, ular bilan suhbat qurar, turli mavzularda bahslashar edi.
Tarix, tibbiyot, matematika, astronomiya, me’morchilik sohalarida yuksak salohiyatga ega Amir Temur uchun bu tabiiy hol edi. Mazkur fazilat sohibqironning nabirasi Mirzo Ulug‘bekka o‘tgani shubhasiz. Mirzo Ulug‘bekning davlat arbobi bo‘lish bilan birga buyuk olim darajasiga etishishida bobosi Amir Temurning xizmati benihoya katta bo‘lgan. U Ulug‘bekdagi noyob qobiliyatni boshdanoq payqab, safarlarda ham yonida olib yurib, dunyoning mashhur olimlari tarbiyasidan bahramand etgan.
Amir Temur ma’naviyatini belgilovchi bosh mezon uning butun umr bo‘yi amal qilgan “Kuch - adolatda!” degan shioridir. Bu shiorda Amir Temur hayoti va faoliyatining butun mazmuni mujassamlashgan, desak yanglishmaymiz. Amir Temurning ma’naviy va ma’rifiy qarashlari uning o‘z farzandlari, nabiralari, taxt vorislariga qoldirgan o‘gitlari “Temur tuzuklari”da mujassamlashgan. Bu bebaho tarixiy asarda, hokimlar va vazirlarning vazifalari, o‘z ishiga munosabati, aholi turli qatlami – raiyatning haq-huquqini himoya qilish, sipohlarga munosabat kabi hayotiy ma’naviy-axloqiy qonun-qoidalar o‘z ifodasini topgan.
Sohibqironning “Temur tuzuklari”dan quyidagi satlarni mamnuniyat bilan o‘qish mumkin:
“YUz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir biln amalga oshirish mumkin”.
“Zolimlardan mazlumlar haqqini oldim. Zolimlar etkazgan ashyoviy va jismoniy zararlarni isbotlaganimdan keyin, ularni shariatga muvofiq odamlar o‘rtasida muhokama qildim va bir gunohkorning o‘rniga boshqasiga jabr-zulm o‘tkazmadim”.
“Kimki birovning molini zo‘rlik bilan tortib olgan bo‘lsa, mazlumning molini zolimdan qaytarib olib, egasiga topshirsinlar. Agar kimda-kim tish sindirsa, ko‘zini ko‘r qilsa, quloq va burun kessa, sharob ichsa, zino qilsa, devondagi shariat qozisi yoki ahdos qozisiga olib borib topshirsinlar”.
Quyidagi tuzuklarda Amir Temurning kechirimli xislatlari namoyon bo‘lgan. Buni u boshqalardan ham talab qilgan. Kechirimli bo‘lish inson uchun eng yaxshi fazilat deb bilgan.
“Menga yomonlik qilib, boshim uzra shamshir ko‘tarib, ishimga ko‘p ziyon etkazganlarni ham, iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelgach, hurmatlab yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim. Martabalarini oshirdim. Ular bilan muomalada shunday yo‘l tutdimki, agar xotiralarida menga nisbatan shubhayu qo‘rquv bo‘lsa, unut bo‘lardi”.
“Menga hasad qilib o‘ldirishga qasd qilgan kishilarga shunchalik sovg‘a-in’omlar berib, muruvvatu ehson ko‘rsatdimki, bu yaxshiliklarni ko‘rib, hijolat teriga g‘arq bo‘ldilar. Hamisha meni roziligimni olib ish tutgan do‘stlarim oldimga panoh tilab kelganlarida, ularni o‘zimning taxtu davlatimga sherik qilib, hech qachon ulardan mol-mulk va tirikchilik ashyolarini ayamadim”.
“Hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim...”
“Agar dushmaning bosh urib panohingga kelsa, rahm qilib yaxshilik va muruvvat ko‘rsat”.
Amir Temur lafzi halolligi, pokligi va samimiyligi bilan ham shuhrat qozongan.
Amir Temurning do‘stlik haqidagi pandu-nasihatlari ham hali-hanuz biz uchun ibratdir.
“Sodiq va vafodor do‘st ulkim, o‘z do‘stidan ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z dushmani deb biladi. Agar kerak bo‘lsa, do‘sti uchun jonini ham ayamaydi”.
Amir Temurning umr bo‘yi obodonchilik, qurilish ishlariga katta ahamiyat berganligi, kambag‘alparvarligini uning quyidagi o‘gitlaridan ham bilib olish mumkin:
“Kimki biron sahroni obod qilsa,yoki koriz qursa yo biror bog‘ ko‘kartirsa, yohud bir xarob bo‘lib yotgan erni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, uchinchi yili qonun-qoidaga muvofiq xiroj yig‘sinlar”.
“Katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona solsinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasinlar”.
Amir Temur o‘zi barpo etgan davlatni milliy, islomiy, axloqiy qadriyatlarga tayanib idora qildi. Bu esa jamiyatni adolat, insonparvarlik mezonlari asosida boshqarishga, mamlakatda osoyishtalik, tinchlik, totuvlik saqlanib turishiga olib keldi.Temurning yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlari ham ulkan imperiyani yaratish, uni rivojlantirish, jahondagi eng qudratli davlatlardan biriga aylanishiga asos bo‘lgan ma’naviy omildir. Temur o‘z qo‘li ostidagi rahbar va sarkardalardan ham axloqli, odobli bo‘lishni talab qildi. U o‘zining “Tuzuk”larida rahbarlarning axloqliligi, adolatliligi jamiyat, davlat va millat uchun qanday katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatib, quyidagi vazifalarni belgilagan: “Sulton har narsada adolatpesha bo‘lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlarni saqlasin, toki podsho zulm qilgudek bo‘lsa, odil vazir uning chorasini topsin. Agarda vazir zolim bo‘lsa, ko‘p vaqt o‘tmay saltanat uyi qulaydi”.38
Amir Temur jamiyatni boshqarishda axloq-odob mezonlariga amal qilgan. Ota-bobolarimiz kabi Amir Temur ham o‘z xalqinigina emas, balki bosib olgan mamlakatlarning xalqlariga ham muayyan axloqiy qadriyatlarga tayanib, chegaradan chiqmagan holda muomalada bo‘lgan. CHunonchi, Amir Temur o‘zining “Kuch adolatda”, degan g‘oyasiga boshqa xalqlar, mamlakatlar bilan bo‘lgan munosabatlarda ham to‘la amal qilgan. YUksak ma’naviy qadriyatlarga tayangan bu adolat Amir Temurning quyidagi so‘zlarida o‘z ifodasini topgan: “Qaysi mamlakatni zabt etgan yoki qo‘shib olgan bo‘lsam, o‘sha erning obro‘-e’tiborli kishilarini aziz tutdim; Sayyidlari, ulamolari, fuzalo va mashoyihiga ta’zim bajo keltirdim va hurmatladim, ularga suyurg‘ol vazifalar berib, maoshlarini belgiladim; o‘sha yurtlarning ulug‘lrini og‘a-inilarimdek, yoshlari va bolalarini bo‘lsa, o‘z farzandlarimdek ko‘rdim”.39
SHunday qilib Amir Temurning davlat, jamiyat, el-ulusni to‘g‘ri, odilona boshqarishiga asos bo‘lgan ma’naviy-axloqiy fazilatlari quyidagilardan iborat bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin: aqli raso, xushyor kishilar bilan bamaslahat ish yuritish, ishbilarmon, tadbirkor, mard, shijoatli, xushyor kishilarni qadrlash, odamlarga rahm-shafqatli bo‘lish, odamlarni rozi qilish, yomonlik qilib keyin tavba qilganlarni kechirish, gina va adovat saqlamaslik, jasur va shijoatli kishilarni do‘st tutish, hech kimga g‘azab bilan muomala qilmaslik, ulug‘larni og‘a qatorida, kichiklarni farzand qatorida ko‘rish, xalqqa zulm qilgan kishilarni kechirmay jazolash, olimu fozillar ijodiga yo‘l ochish, sarmoyasiz qolgan savdogarlarga, dehqonchilik qilishga qurbi etmay qolgan kishilarga yordam berish, har kimning so‘ziga quloq solish, diqqat bilan tinglash va o‘z aqli bilan xulosa chiqarish, ig‘vogar va tuhmatchilarning so‘zlariga quloq solmaslik, odamlarga yumshoq, muloyim muomala qilish, zarur bo‘lib qolsa, qat’iy choralar ko‘rish, mehnatsevar, hayr-ehsonli kishilarni qo‘llab quvvatlash va boshqalar.
Amir Temurning doimo aql-idrok, adolat va yuksak ma’naviyat asosida yashashga da’vat etgan ma’naviy-axloqiy fazilatlari sohibqiron bobomiz umrining ma’no-mazmunini tashkil etadi.
Amir Temur o‘z farzandlariga qoldirgan vasiyatida xalqning, jamiyatning ma’naviy-axloqiy kamolotini davlat barqarorligi va rivojlanishining asosiy omillaridan biri deb bayon qilgan. Uning quyidagi so‘zlari asrlar osha xalqimizning asl farzandlarini el-yurt, Vatan, millat haqida qayg‘urishga chorlab keldi: “Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir. Zaiflarni qo‘ring, yo‘qsillarni boylar zulmiga tashlamang. Adolat va ozodlik dasturingiz, rahbaringiz bo‘lsin. Men kabi uzun saltanat surmoq istasangiz, qilichingizni yaxshi o‘ylab chekingiz. Bir daf’a chekkaningizdan keyin uni ustalik-la qo‘llangiz. Orangizda nifoq tuxumlari ekilmasligi uchun ko‘p diqqat bo‘ling”.40 Bu jumlalarda Amir Temur ma’naviyati jamul-jam bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Uning o‘z tuzuklarida aytgan so‘zlari bugungi kunda ham ma’naviy jihatdan naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekani barchamizga ayon.
Temur tarixda qoldirgan yaxshi nom, u tayangan, targ‘ib etgan axloqiy qoidalar, odoblilik mezonlari biz avlodlarga buyuk ma’naviy merosdir.Donishmandlar tarixda yaxshi nom qoldirishni ikkinchi umr deb bekorga aytmaganlar. Temurning ma’naviy-axloqiy o‘gitlari hozir ham bizga dasturul amal bo‘lib kelayotgani sohibqironning ikkinchi umridir.
Buyuk sohibqiron mafkurasining asosiy mohiyatini tashkil etgan – “Millat dardiga darmon” bo‘lishga chaqirig‘i hozirgi kunda ham suv bilan havodek zarur da’vatdir.
Tarix tajribasi shundan dalolat beradiki, dunyoda ikki kuch – bunyodkorlik va buzg‘unchilik g‘oyalari hamisha o‘zaro kurashadi. Bunyodkor g‘oya insonni ulug‘laydi, uning ruhiga qanoat bag‘ishlaydi.Sohibqiron Amir Temurning parokanda yurtni birlashtirish, markazlashgan davlat barpo etish, mamlakatni obod qilish borasidagi ibratli faoliyatiga ana shunday ezgu g‘oyalar asos bo‘lgan.41
Amir Temur ma’naviyati va ma’rifati haqidagi fikrimizni Prezidentimizning sohibqiron haqida aytgan quyidagi so‘zlari bilan yakunlashni lozim topdik: “...tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o‘zidan ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochdi.42



Yüklə 426 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin