Ma’muriy-huquqiy normalarni amalga oshirish Ma’muriy-huquqiy normalarni amalga oshirish ushbu normalarda aks ettirilgan talablar, xulq- atvor qoidalarining ma’muriy huquq sub’ektlari tomonidan hayotga tatbiq etilishidir. Binobarin, ma’muriy-huquqiy normalarni amalga oshirish – ma’muriy huquq sub’ektlarining ma’muriy huquq normalarida belgilangan talablarga mos keladigan qonuniy xulq-atvori (faoliyati). U normalarda belgilangan huquqlarni qo’lga kiritish va ulardan foydalanishda hamda ayni shu normalarda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishda ifodalanadi.
Ma’muriy huquq nazariyasida huquqiy normalarni amalga tatbiq etishning to’rt shakli farqlanadi: a) rioya qilish; b) qo’llash; v) bajarish; g) foydalanish.
Ma’muriy-huquqiy normalarga rioya qilish huquq sub’ekti ma’muriy- huquqiy normalarning talablariga ixtiyoriy bo’ysunishi bilan tavsiflanadi. Huquqiy normalarni amalga tatbiq etishning mazkur shakli sub’ektni taqiqlangan harakatlarni bajarishdan tiyishni nazarda tutadi.
Ma’muriy-huquqiy normalarni qo’llash ijro etuvchi hokimiyatning tegishli sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladi. U amalda vakolatli organ (mansabdor shaxs) moddiy yoki protsessual normalarning talablariga asoslangan individual yuridik hujjatlarni qabul qilishida namoyon bo’ladi. Bu hujjatlar muayyan ma’muriy ishlarga tatbiqan qabul qilinadi (masalan, lavozimga tayinlash to’g`risida buyruq, fuqaroning shikoyati yuzasidan chiqarilgan qaror, jamoat birlashmasini ro’yxatdan o’tkazish va sh.k.). Shuni ta’kidlash muhimki, ma’muriy huquqda huquqni qo’llash ijroiya hokimiyat mexanizmi faoliyat ko’rsatishi bilan bevosita bog`liq. Fuqarolar ma’muriy- huquqiy normalarni qo’llash vakolatlariga ega emaslar.
Ma’muriy-huquqiy normalarni bajarish – tartibga solinayotgan boshqaruvga oid munosabatlarning ishtirokchilari bu normalarda ifodalangan yuridik qoidalar, taqiqlar yoki ijozatlarga qat’iy rioya qilishi demakdir. Huquqiy normalarni amalga oshirishning bu ko’rinishi universaldir, chunki uning sub’ektlari sifatida boshqaruvga oid munosabatlarning barcha ishtirokchilari amal qiladi. Ma’muriy-huquqiy normalarning va ular davlat boshqaruvi sohasida o’rnatadigan huquqiy tartibning ta’sirchanligi ularni bajarish sifati, hajmi va darajasi bilan belgilanadi. Shu sababli ma’muriy-huquqiy normalarni bajarish ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshirish sohasida lozim darajada huquqiy tartibot va davlat intizomini ta’minlashning muhim vositasi hisoblanadi.
Ma’muriy-huquqiy normalardan foydalanish huquq sub’ektlari boshqaruv sohasida sub’ektiv huquqlarni amalga oshirish bilan bog`liq bo’lgan qonuniy harakatlarni ixtiyoriy bajarishini nazarda tutadi. Bunda, ma’muriy-huquqiy normalarni bajarishdan farqli o’laroq, ulardan foydalanish jarayonida sub’ektiv huquqlar amalga oshirilishini qayd etib o’tish lozim. Masalan, fuqaro tegishli tartib-taomillarni bajarish (imtihon topshirish, hujjatlarni qo’lga kiritish va h.k.) yo’li bilan olingan transport vositasini boshqarishga bo’lgan huquqni amalga oshirishi mumkin.
Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlarida maxsus nazarda tutilgan hollarda ma’muriy tartibda huquqni qo’llash sudlarga (sudyalarga) yuklatiladi. Jumladan, bunday harakatlarni sud organlari ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar tayinlash hamda ayrim ma’muriy nizolarni ko’rib chiqish va hal qilish chog`ida amalga oshiradi. Shunday qilib, ma’muriy-huquqiy normalarni qo’llash ularga rioya qilish, ularni bajarish va ulardan foydalanishdan ayrim o’ziga xos
jihatlari bilan ajralib turadi.
Birinchidan, ma’muriy huquq normalarini qo’llash davlat boshqaruvi sub’ektlarining hokimiyat faoliyatini amalga oshirish borasidagi faoliyati bo’lib, uning vositasida jamiyat hayoti ijtimoiy munosabatlarning turli sub’ektlari o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning aniq tashkiliy asoslarini belgilash yo’li bilan tartibga solinadi.
Ikkinchidan, huquqni qo’llash doim aniq huquqiy munosabatlar doirasida amalga oshiriladi. Huquqni qo’llashga doir munosabatlar deb ataladigan bu huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining huquqiy holati turlicha bo’ladi. Mazkur munosabatlarda huquqni qo’llashning davlat-hokimiyat vakolatlariga ega bo’lgan sub’ekti ayniqsa faol rol o’ynaydi.
Uchinchidan, huquqni qo’llash borasidagi faoliyat doim qonun bilan belgilangan alohida shakllarda amalga oshiriladi.
To’rtinchidan, huquqni qo’llash doim uning sub’ekti tomonidan amalga oshiriladigan individual-huquqiy hujjat (huquqni qo’llashga doir hujjat) qabul qilish orqali ro’yobga chiqariladi.
Qonuniylik, adolatlilik va maqsadga muvofiqlik ma’muriy huquq normalarini qo’llashning asosiy talablaridir.
Ma’muriy-huquqiy normalarni amalga oshirish ularda aks ettirilgan xulq-atvor qoidalaridan boshqaruvga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish manfaatlarida amalda foydalanishni anglatadi. Bu jarayonda ko’rsatilgan munosabatlarning barcha sub’ektlari o’z ma’muriy-huquqiy maqomiga muvofiq ishtirok etadi.
Sub’ekt, ob’ekt va yuridik faktlar ma’muriy-huquqiy munosabatlarning elementlari hisoblanadi.
Ma’muriy-huquqiy munosabatlarning sub’ektlariga ma’muriy huquqlar va majburiyatlar yuklatiladi; bular davlat boshqaruvi sub’ektlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, davlat idoralari xodimlari, fuqarolar, chet elliklar, fuqaroligi bo’lmagan shaxslardir.
Davlat boshqaruv organlarining ma’muriy huquq layoqati ular tashkil topgan va vakolatlari belgilangan paytdan e’tiboran vujudga keladi; shu bilan bir vaqtda bu organlarning ma’muriy muomala layoqati, ya’ni o’z huquq layoqatini amalda ro’yobga chiqarish layoqati (imkoniyati) ham vujudga keladi.
Dostları ilə paylaş: |