Vasiylik Kengashining asosiy vazifalariga nimalar kiradi?
Bola huquqlari to’g`risidagi konvenstiya to’g`risida nim bilasiz?
Diskriminastiya nima?
5- MAVZU: O’zbekiston Respublikasida Xalq ta’limi tizimi va uning turlari. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi. O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni. Me’yoriy-huquqiy hujjatlar tushunchasi va turlari.
Reja:
1. Sog’lom va bilimli yosh avlod tarbiyasi – davlat siyosatining ustuvor yo’nalishi sifatida.
2. Me’yoriy-huquqiy hujjatlar tushunchasi va turlari.
3. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi.
4. O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni.
Tayanch iboralar: Konstitutsiya, Qonun, qonunosti hujjatlari, farmon, farmoyish, qaror, buyruq, me’yoriy hujjat, Oliy Majlis, Milliy dastur, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ta’lim-tarbiya.
Sog’lom va bilimli yosh avlod tarbiyasi – davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishi sifatida belgilanganligini ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, o’sib kelayotgan yosh avlodning barkamol shaxs bo’lib yetishishlarini ta’minlovchi qonunchilik bazasining takomillashtirilayotganligida ko’rishimiz mumkin. Sog’lom va bilimli yosh avlod mamlakat boyligi, millat ravnaqini ta’minlaydigan mustahkam poydevordir. Shu bois yosh avlod kelajagi yo’lida alohida va doimiy g’amxo’rlik ko’rsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishi sifatida belgilangan. Mamlakatimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi va salomatligini mustahkamlash uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Darhaqiqat, aholisining uchdan ikki qismini yoshlar tashkil etadigan mamlakatda bolalar manfaatini hisobga olmaslikning aslo iloji yo’q. Shuning uchun ham “Oila yili” (1998), “Ayollar yili” (1999), “Mustahkam oila yili” (2012), “Obod turmush yili” (2013), “Sog’lom bola yili” (2014), “Sog’lom ona va bola yili” (2016) kabi Davlat dasturlarida aynan, bolalar sog’ligi va ularning tarbiyasi uchun to’laqonli sharoitlar yaratish masalalariga katta e’tibor qaratilgan. Jumladan, “Obod mahalla yili” (2003), “Mehr va muruvvat yili” (2004), “Ijtimoiy himoya yili” (2007), “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” (2009), “Kichik biznes va tadbirkorlik yili” (2010), “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” (2017) Davlat dasturlarida ham yoshlar, jumladan, bolalar manfaatlari, ularni ma’nan yetuk, ma’rifatli va jismonan barkamol qilib voyaga yetkazish, ularning salomatligini mustahkamlash bilan bog’liq muammolar echimi ko’zda tutilgani barchamizga ma’lum. Aynan mana shu jihatlari bilan o’tgan yillarga bag’ishlangan bir nechta Davlat dasturlari alohida ajralib turadi: ular 2000 yil - “Sog’lom avlod yili”, 2001 yil -“Onalar va bolalar yili”, 2008 yil - “Yoshlar yili”, 2010 yil - “Barkamol avlod yili”, 2016 yil - “Sog’lom ona va sog’lom bola yili”, 2017 yil - “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ga bag’ishlangan Davlat dasturlaridir. Mamlakatimizda yoshlar siyosati masalasida olib borilayotgan yuqoridagi Davlat dasturlaridan ham ko’rinib turibdiki, sog’lom bola masalasi avval-boshdanoq mustaqil O’zbekistonimiz siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri bo’lib kelmoqda. Shuning uchun ham mustaqillik yillarida ijtimoiy-gumanitar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida aholini ijtimoiy himoya qilish uchun yo’naltirilgan davlat xarajatlari bir necha barobar ko’paydi, xalqimiz turmush darajasi sezilarli ravishda oshdi. Buning natijasida onalar o’limi 2 barobardan ko’proq, bolalar o’limi 3 barobar kamaydi. Xususan, yaqinda “Bolalarni asraylik” xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan jahon reytingida O’zbekiston bolalar salomatligini mustahkamlash borasidagi katta g’amxo’rlik ko’rsatayotgan eng ilg’or yetakchi o’n mamlakat qatoridan joy oldi. Bu yutuqlarning barchasi mamlakatimizda bolalar huquqi himoyasi borasida mustahkam huquqiy baza yaratilganligi sababli qo’lga kiritildi. Bola huquqlarini himoya qilishning qonunchilik asosi avvalo, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan me’yorlar va qonunlarga tayanadi. Milliy qonunchilikdagi ustuvor yo’nalishlardan biri – bu bolalikni muhofaza qilish bo’yicha BMT xalqaro Konvensiyalari qoidalarini implementatsiya qilishdan iborat bo’lib, hozirda mazkur yo’nalishda BMTning YuNISEF tashkiloti bilan faol hamkorlik olib borilmoqda. O’zbekiston Respublikasi BMTning “Bola huquqlari to’g’risida”gi Konvensiyasiga 1992 yil 9 dekabrda qo’shilgan. Mamlakatimiz “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to’g’risida”gi Konvensiyaga (Jeneva, 1973 yil 26 iyun) hamda “Bolalar mehnatining og’ir shakllarini taqiqlash va ularga barham berishga doir shoshilinch choralar to’g’risida”gi Konvensiyaga (Jeneva, 1999 yil 17 iyun) ham qo’shilgan va ushbu hujjatlar qoidalaridan kelib chiqadigan o’z majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, Xalq ta’limi, Sog’liqni saqlash, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlarining oilaviy muhitdan mahrum bolalarning ta’lim olishi, davolanishi va ularning boshqa huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’yi-harakatlarini muvofiqlashtirish borasida institutsional mexanizmni yo’lga qo’yish bugun tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunda
kompleks idoralararo komissiyani tuzish, oilaviy muhitdan mahrum bolalar tarbiyasi bilan shug’ullanuvchi barcha davlat muassasalarida asab tizimi va jismoniy rivojlanishdagi nuqsoni bor bolalar uchun tabaqalashtirilgan davolash dasturlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Shuni ta’kidlash joizki, mamlakatimizda oila muhitidan mahrum bo’lgan bolalarning huquqlarini ta’minlash tizimi yaratilgan. Xalq ta’limi vazirligi tizimida bugungi kunda jami 25 ta Mehribonlik uyi, 2 ta Bolalar shaharchasi, 6 ta Oilaviy bolalar uyi, 18 ta kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo’qotgan oila farzandlari uchun mo’ljallangan maktab-internat hamda 88 ta maxsus maktab-internat1 faoliyat olib bormoqda. Olib borilayotgan ushbu keng ko’lamli ishlardan ko’zlangan asosiy maqsad mamlakatimizdagi har bir bolani ta’lim-tarbiya jarayoniga tortish orqali kelajakda ularni har tomonlama yetuk, barkamol shaxslar etib tarbiyalashdir. Bolalar haqida gapirganda albatta, 2017 yil 7 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag’ishlangan tantanali tadbirda O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan bildirilgan quyidagi fikrlarini ta’kidlash maqsadga muvofiq bo’lardi: “Ayni paytda farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo’g’in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining zamon talablariga mos kelmasligi ham sir emas. Ushbu sohaga bir paytlar e’tiborimizni susaytirib yuborganimiz oqibatida ko’pgina muammolar yig’ilib qolganini ochiq aytish lozim. Bog’cha tarbiyasini ko’rgan bolaning ongi, dunyoqarashi qanday yuqori bo’lishini bugun kimgadir isbotlab o’tirishning, o’ylaymanki, hech qanday hojati yo’q.
Bu holatlarning barchasini hisobga olib, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik zimmasiga ma’muriy islohotlar doirasida belgilangan ustuvor yo’nalishlardan kelib chiqib, bir qator muhim vazifalar yuklandi. Bu borada qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 3-4 yil mobaynida yurtimizdagi barcha hududlarda, bu katta shaharlar bo’ladimi yoki olis qishloq va ovullar bo’ladimi, minglab yangi bog’chalarni qurishimiz zarur. Ularni zamonaviy talablar asosida jihozlab, malakali tarbiyachi va mutaxassislar, yangi metodika bilan ta’minlashimiz kerak.
O’zingiz tasavvur qiling, qishloqda yashayotgan onalar uchun, opa-singillarimiz uchun o’z farzandini bog’chaga berish imkoniyati qanday yangi, qanday keng sharoitlar tug’diradi. Bola bog’chada sog’lom turmush asosida, maktabga tayyor bo’lib voyaga etadi. Hurmatli ayollarimiz bolasidan ko’ngli to’q bo’lib, ijtimoiy mehnat bilan, uy-ro’zg’or ishlari bilan bemalol shug’ullanadi. Qolaversa, ularda dam olish, o’z sog’lig’i haqida o’ylash uchun ozgina bo’lsa ham sharoit paydo bo’ladi. Shuning uchun maktabgacha ta’lim sohasida ana shunday ulkan islohotlarni hayotga joriy etish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Qanchalik qiyin bo’lmasin, bu tarixiy vazifani amalga oshirishimiz shart va uni barchamiz birgalikda albatta bajaramiz.” Bu so’zlarning amaliy isbotini kundan-kunga amalga oshirilayotgan ishlar misolida yaqqol kuzatish mumkin. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning dunyoqarashini kengaytirish, fikrlash doirasini oshirish maqsadida o’tkaziladigan mashg’ulotlar, tadbirlarning mazmuniga
e’tibor qaratilayotganligi quvonarli xol albatta. Yuqorida aytilgan fikrlarning me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinayotganligi ishning tizimli tashkil etilishiga zamin yaratadi.
2. Me’yoriy-huquqiy hujjatlar tushunchasi va turlari.
Me’yoriy-huquqiy hujjat deb me’yoriy hujjatlar to’g’risidagi Qonunga muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko’rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o’zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatga aytiladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo’lgan organlar yoki mansabdor shaxslar hisoblanadi.
3.O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
4. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari;
5. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
6. Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;
7. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
Me’yoriy-huquqiy hujjatlar qonun hujjatlaridir va ular O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari majmuini tashkil qiladi.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlardir.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlaridir.
O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustuvorligi so’zsiz tan olinadi.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O’zbekiston Respublikasining butun hududida qo’llaniladi.
O’zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va printsiplariga zid kelishi mumkin emas.
O’zbekiston Respublikasining qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan yoki referendum o’tkazish yo’li bilan qabul qilinadi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun farmonlar, qarorlar va farmoyishlar tarzida me’yoriy - huquqiy
hujjatlar qabul qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi
Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari asosida hamda ularni ijro etish uchun farmoyish va qarorlar tarzida me’yoriy - huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar o’z vakolati doirasida buyruqlar hamda qarorlar tarzida me’yoriy - huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi. Buyruqlar vazirlar tomonidan yoki idora nomidan qarorlar qabul qilish
yakka tartibda amalga oshiriladigan idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.
Qarorlar davlat qo’mitalari tomonidan yoki idora nomidan qarorlar qabul qilishni mazkur idoraning kollegial organi amalga oshiradigan idoralar tomonidan qabul qilinadi. Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari boshqa vazirliklar, davlat qo’mitalari yoki idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilinishi mumkin.
Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar tomonidan qo’shma qarorlar tarzida me’yoriy - huquqiy hujjatlar qabul qilinishi mumkin. Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning tarkibiy bo’linmalari hamda hududiy organlari me’yoriy - huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli emas.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari o’z vakolati doirasida qarorlar tarzida me’yoriy - huquqiy hujjatlar qabul qiladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi
Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati yuqori turuvchi organlarining qarorlari asosida va ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.
Turli me’yoriy - huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi bo’yicha o’zaro nisbati O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatiga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek, me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi. Me’yoriy - huquqiy hujjat o’ziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo’lgan me’yoriy -huquqiy hujjatlarga muvofiq bo’lishi shart. Me’yoriy - huquqiy hujjatlar o’rtasida tafovut bo’lgan taqdirda, yuqori yuridik kuchga ega bo’lgan me’yoriy - huquqiy hujjat qo’llaniladi. Teng yuridik kuchga ega bo’lgan me’yoriy - huquqiy hujjatlar o’rtasida tafovut bo’lgan taqdirda, keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi. Agar me’yoriy - huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlikning, davlat qo’mitasining yoki idoraning ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish uchun maxsus vakolati bo’lsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil darajadagi boshqa vazirlik, davlat qo’mitasi yoki idora tomonidan qabul qilingan me’yoriy - huquqiy hujjatga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo’ladi.
Har bir suveren davlatning bosh huquqiy asosi bu uning Konstitutsiyasidir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi o’ziga xos rivojlanish yo’lini bosib o’tganligi bilan tavsiflanadi. O’tish davridagi murakkab zamonda yaratilgan ushbu bebaho va benazir hujjat asosiy qonun shaklida jamiyatning, xalqning manfaati hamda kelajagiga umid va ishonch uyg’otdi, ijtimoiy taraqqiyotga mo’ljal oluvchi yo’lchi yulduz bo’lib xizmat qilib kelmoqda.
O’zbekiston Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan bog’liq. Ma’lumki O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qizg’in muhokamalar natijasida suveren demokratik davlatning Konstitutsiyasi sifatida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi. Asosiy qonunimiz davlat mustaqilligimizning mevasi, mahsuli xalq manfaatini ta’minlovchi oliy qonun sifatida yaratildi va hurligimiz madhiyasi sifatida yashamoqda. Konstitutsiya kelajagi buyuk O’zbekistonning qad rostlashi uchun, adolatli huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo’lishi shak-shubxasizdir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o’ziga xos xususiyatlarini quyidagilarda:
birinchidan, ushbu hujjatda huquqiy va siyosiy ongning eng yuksak yutuqlarini, xozirgi zamon, konstitutsiyaviylik ilmini o’ziga jalb etgani, o’zbek xalqi madaniyati va milliy an’analarining chuqur ildizlariga suyanilganligi;
ikkinchidan, bu hujjat, O’zbekiston Respublikasidagi avvalgi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tizimni amalda boshqa tizimga aylanganligini, tubdan o’zgarish ro’y berganini Konstitutsiyaviy mustahkamlaganligini ko’rish mumkin. Bir so’z bilan aytganda O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mazmunan yangi siyosiy hujjatdir. Unda ijtimoiy-siyosiy xususiyat, uni rivojlantirishning asosiy g’oyalari, respublika ichki va tashqi siyosatining eng muhim yo’nalishlari belgilab berildi. Asosiy qonun dunyo siyosiy xaritasida yangi suveren davlat - O’zbekiston Respublikasi paydo bo’lganligini mustahkamlab qo’ydi.
3. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi.
Uzluksiz ta’lim jarayoni shaxsning har tomonlama qaror topishi uchun eng qulay davr hisoblanadi. Mazko`r davrda shaxs fan asoslari hamda kasb - hunar ma’lumotlarini o’zlashtiradi, komil inson va yetuk malakali mutaxassis qiyofasida aks etishi lozim bo’lgai sifatlarga egabo’lib boradi. Demak uzluksiz talim milliy modelning asosiy tarkibiy qismlaridan biridir. Uzluksiz ta’lim quyidagilarni o’z ichiga oladi:
Maktabgacha ta’lim.
Umumiy o’rta ta’lim.
O’rta maxsus kasb - hunar ta’limi.
Oliy ta’lim.
Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim.
Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash.
Maktabdan tashqari ta’lim
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni qoidalariga, milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimidagi jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo’ljalni to’g’ri ola bilish mahoratiga ega bo’lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo’naltirilgandir.
O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishib, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning o’ziga xos yo’lini tanlashi kadrlar tayyorlash tuzilmasi va mazmunini qayta tashkil etish zaruratini yuzaga keltirdi va qator chora-tadbirlar ko’rishni, jumladan: Davlat ta’lim standartlarini joriy etishni, yangi o’quv rejalari, dasturlari, darsliklarni joriy etishni, zamonaviy didaktik ta’minotni ishlab chiqishni, o’quv yurtlarini attestatsiyadan o’tkazishattestatsiyadan o’tkazish va akkreditatsiyalashni, yangi tipdagi ta’lim muassasalarini tashkil etishni taqozo etdi. Kadrlar tayyorlash tizimining demokratik o’zgarishlar va bozor
islohotlari talablariga muvofiq emasligi, o’quv jarayonining moddiy- texnika va axborot bazasi etarli emasligi, yuqori malakali pedagog-kadrlarning etishmasligi, sifatli o’quv-uslubiy va ilmiy adabiyot hamda didaktik materiallarning kamligi, ta’lim tizimi, fan va ishlab chiqarish o’rtasida puxta o’zaro hamkorlik va o’zaro foydali integratsiyaning yo’qligi kadrlar tayyorlashning mavjud tizimidagi jiddiy kamchiliklar sirasiga kiradi.
Kadrlar tayyorlash tizimining islox qilish omillari sifatida quyidagilarni ta’kidlash zarur:
1. Respublikaning demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo’lidan borayotganligi;
2. Davlat ijtimoiy siyosatida shaxs manfaati va ta’lim ustuvorligi qaror topganligi;
3.O’zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyasi, respublikaning jahondagi mavqei va obro’-e’tiborining mustahkamlanib borayotganligi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining maqsadi - ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o’tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to’la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash Milliy tizimini yaratish etib belgilangan.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining vazifalari quyidagilar:
- ta’lim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari hamda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida raqobat muhitini shakllantirish negizida ta’lim tizimini yagona o’quv-ilmiy-ishlab chiqarish
majmui sifatida izchil rivojlantirishni ta’minlash;
- kadrlar tayyorlash tizimi muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatning nufuzi va ijtimoiy maqomini ko’tarish;
- ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning va ma’rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;
- yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda ta’limning talab qilinadigan darajasi va sifatini, kadrlar tayyorlash tizimining amalda faoliyat ko’rsatishi va barqaror rivojlanishining kafolatlarini, ustuvorligini ta’minlovchi me’yoriy, moddiy-texnika va axborot bazasini yaratish;
- uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga byudjetdan tashqari mablag’lar, shu jumladan chet el investitsiyalari jalb etishning real mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishdan iborat.
Uzluksiz ta’lim kadrlar tayyorlash tizimining asosi, O’zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi, shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy
ehtiyojlarini qondiruvchi ustuvor sohadir.
Uzluksiz ta’limni tashkil etish va rivojlantirish printsiplari:
ta’limning ustuvorligi – uning rivojlanishining birinchi darajali ahamiyatga ega ekanligi, bilim, ta’lim va yuksak intellektning nufuzi;
ta’limning insonparvarlashuvi – inson qobiliyatlarining ochilishi va uning ta’limga nisbatan bo’lgan turli-tuman ehtiyojlarining qondirilishi, milliy va umumbashariy qadriyatlar ustuvorligining ta’minlanishi, inson, jamiyat va atrof-muhit o’zaro munosabatlarining uyg’unlashuvi;
ta’limning milliy yo’naltirilganligi – ta’limning milliy tarix, xalq an’analari va urf-odatlari bilan uzviy uyg’unligi, O’zbekiston xalqlarining madaniyatini saqlab qolish va boyitish, ta’limni milliy taraqqiyotning o’ta muhim omili sifatida e’tirof etish, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyatini hurmatlash;
iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularga ta’limning eng yuqori darajasida, izchil ravishda fundamental va maxsus bilim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Uzluksiz ta’lim sohasidagi islohotlar quyidagilarni nazarda tutadi:
- davlat va nodavlat ta’lim muassasalarining har xil turlarini rivojlantirish;
- majburiy umumiy o’rta ta’limdan o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga o’tilishini ta’minlash;
- ilg’or texnologiyalarni keng o’zlashtirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy o’zgarishlar, chet el investitsiyalari ko’lamlarining kengayishi, tadbirkorlik, kichik va xususiy biznesni rivojlantirish bilan bog’liq yangi kasb-hunar va mutaxassisliklar bo’yicha kadrlar, shu jumladan boshqaruv tizimi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- ta’limni boshqarish tizimini takomillashtirish, jamoat boshqaruvi shakllarini rivojlantirish, ta’lim muassasalarini mintaqalashtirish;
- ta’lim jarayoni va kadrlar tayyorlash sifatiga xolis baho berish tizimini yaratish va joriy etish;
- uzluksiz ta’limni fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashtirishning puxta mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;
- tub erli millatga mansub bo’lmagan shaxslar zich yashaydigan joylarda ular o’z ona tillarida ta’lim olishlari uchun tashkiliy va pedagogik shart- sharoitlar yaratish.
Miliy dasturda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini tashkil etish va rivojlantirish uchun:
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimi faoliyatida yangicha tarkib, mazmun hamda bu tizimni boshqarishni shakllantirish;
yuqori malakali o’qituvchi-mutaxassis kadrlar tayyorlash va sohani ular bilan to’ldirib borishni ta’minlash;
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimining bu sohada raqobatga asoslangan muhitni shakllantirishni va samarali faoliyat olib borishni ta’minlovchi me’yoriy bazasini yaratish;
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalarini davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasidan o’tkazish tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
iqtisodiyotning davlat va nodavlat sektorlari, mulkchilikning turli shaklidagi tashkilot va muassasalarning talab-ehtiyojlariga muvofiq kadrlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni
ta’minlovchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish va rivojlantirishga ko’maklashish;
professional trening ilg’or texnologiya va uskunalarni, shuningdek, murakkab, fan yutuqlarini talab qiluvchi texnologiya jarayonlari imitatorlarini ishlab chiqish, yaratish va amaliy o’zlashtirib olish zarur.
Kadrlar tayyorlash Milliy tizimini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari sifatida quyidagi:
1. Ta’limning uzluksizligini ta’minlash;
2. Pedagog va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
3. Ta’lim jarayonini mazmunan isloh qilish;
4. Ma’naviy-axloqiy tarbiya va ma’rifiy ishlar;
5. Iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlar;
6. Ta’lim tizimini boshqarish;
7. Kasb-hunar ta’limi sifatini nazorat qilish tizimini shakllantirish;
8. Ta’lim tizimini moliyalash;
9. Moddiy-texnika ta’minoti;
10. Ta’lim tizimining yaxlit axborot makonini vujudga keltirish;
12. Ta’lim sohasida ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash hamda bu sohani davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash;
13. Fan bilan ta’lim jarayoni aloqalarini rivojlantirish;
14. Ishlab chiqarish va ta’lim tizimi integratsiyalashuvini rivojlantirish;
15. Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi xalqaro hamkorlik kabi yo’nalishlar belgilab qo’yilgan.
Dasturda kadrlar tayyorlash Milliy dasturini ro’yobga chiqarish uch bosqichga bo’lingan bo’lib, bu bosqichlar:
Birinchi bosqich (1997 - 2001 yillar) mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ijobiy salohiyatini saqlab qolish asosida ushbu tizimni isloh qilish va rivojlantirish uchun huquqiy, kadrlar jihatidan, ilmiy-uslubiy,
moliyaviy-moddiy shart-sharoitlar yaratish.
Ikkinchi bosqich (2001 - 2005 yillar) Milliy dasturni to’liq ro’yobga chiqarish, mehnat bozorining rivojlanishi va real ijtimoiy- iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda unga aniqliklar kiritish.
Uchinchi bosqich (2005 va undan keyingi yillar) to’plangan tajribani tahlil etish va umumlashtirish asosida, mamlakatni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimini
takomillashtirish va yanada rivojlantirish.
Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari sifatida shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab chiqarish belgilangan.
Mazkur andozada shaxs - kadrlar tayyorlash tizimining bosh sub’ekti va ob’ekti sifatida, uzluksiz ta’lim tizimida tahsil olish orqali barkamol, yuksak ma’naviyatli, kasb-hunarli va ilmli bo’lishi natijasida Vatan ravnaqiga munosib ulush qo’shadigan, xalq farovonligi yo’lida xizmat qiladigan, millatlararo totuvlik va yurt tinchligini saqlaydigan, dunyo hamjamiyatidagi kasbdoshlari bilan ijtimoiy hamkorlikni amalga oshiradigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat orqali mustaqillik printsiplariga sodiqligini ta’minlash nazarda tutilgan.
Davlat va jamiyat – uzluksiz ta’lim tizimi oldiga davlat va ijtimoiy buyurtmalarni qo’yish va ularni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan moddiy- texnika bazasini yaxshilash barobarida, kadrlar tayyorlash tizimining faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish, attestatsiya va akkreditatsiyadan o’tkazish, ehtiyojga muvofiq kadrlar tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlashni amalga oshiradi.
Uzluksiz ta’lim tizimi o’z oldiga qo’yilgan davlat va ijtimoiy buyurtmalarga muvofiq malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash asosi sanalib, ta’limning barcha turlari uchun davlat ta’lim standartlari, ta’lim- tarbiya jarayonini tashkil etishning uslubiy-metodik asoslarini ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash tizimi me’yoriy asoslari va faoliyat ko’rsatish muhitini yaratadi.
Kadrlar tayyorlash milliy modelida fanning o’rni beqiyos bo’lib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ta’lim samaradorligini oshirishga zamin tayyorlaydigan ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiqish, ularni ta’lim-tarbiya jarayoni va ishlab chiqarishga tatbiq etishni ta’minlashi zarur.
Ishlab chiqarish kadrlarga bo’lgan ehtiyojni shakllantiruvchi, shuningdek, ularning tayyorgarlik sifati va saviyasiga nisbatan qo’yiladigan talablarni belgilovchi asosiy buyurtmachi sifatida kadrlar tayyorlash
tizimini moliya va moddiy-texnika jihatidan ta’minlash jarayonining qatnashchisi sanaladi.
Davlat va jamiyat Respublikamizdagi barcha fuqarolarning uzluksiz ta’lim tizimi bo’yicha tahsil olishi, kadrlar tayyorlash tizimida tashkil etiladigan ta’lim-tarbiya jarayonining zamon talablariga mos ravishda
tashkil etilishi, hayot o’zgarishlariga moslashuvchanligini ta’minlaydi. Bugungi kunda dasturda belgilangan bosqichlar va kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari bo’yicha o’tgan davrda
amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusidagi vazifalarni belgilash bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri sanaladi. O’zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’lim tizimi, kadrlar tayyorlash milliy modelini joriy etishning me’yoriy, shu bilan bir qatorda ilmiy- nazariy asosi bo’lgan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida”gi Qonunining qabul qilinganligiga ham 20 yildan oshdi. Respublikamizda uzluksiz ta’lim tizimi joriy etilgandan buyon salmoqli ishlar amalga oshirildi. Uzluksiz ta’lim tizimi turlari o’rtasida ta’lim mazmunining uzviyligi va izchilligini amalga oshirish maqsadida fanlar bo’yicha uzviylashtirilgan va modernizatsiyalangan DTS va o’quv dasturlari ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.
Uzluksiz ta’lim tizimining dastlabki turi bo’lgan maktabgacha ta’limda barkamol shaxsni voyaga etkazishga zamin tayyorlaydigan dastlab “Uchinchi ming yillik bolasi”, keyinchalik esa “Bolajon” dasturi orqali yosh avlodning sog’lom, har tomonlama kamol topib shakllanishi ta’minlanmoqda, ularda Vatanga muhabbat, tahsil olishga intilish hissini uyg’otish orqali olamni tanish, dunyoqarashini shakllantirish borasida izchil va muntazam ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish yo’lga qo’yilgan. Maktabgacha ta’limning asosiy vazifasini amalga oshirishda davlat va nodavlat maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari, oilalar, mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari, xalqaro fondlarning o’rni beqiyos.
Kadrlar tayyorlash milliy modelini amaliyotga og’ishmay tatbiq etishda uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida o’qituvchi-pedagoglar tarkibini tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini qayta tashkil etish, o’quv muassasalarining o’quv-metodik bazasini butunlay qayta ko’rib chiqish asosida zamonaviy talablarga javob beradigan yangi standartlar, darslik va o’quv-uslubiy qo’llanmalarni yaratish, tasdiqlash bo’yicha ham keng ko’lamli ishlar amalga oshirildi.
4. O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni.
Mamlakatimizda mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab ta’lim sohasida eski yondashuvlardan butunlay voz kechilib, yangicha tamoyillarga, milliy qadriyat va an’analarimizga, jahon mamlakatlarining ilg’or
tajribasiga asoslanib, hayotimizni tubdan yangilash, uzoq va davomli maqsadlarni amalga oshirish uchun ta’lim va tarbiya sohasiga ustuvor ahamiyat qaratilib kelinmoqda. O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan bo’lib ushbu qonun 5 bo’lim va 34 moddadan iborat. Ushbu Qonun fuqarolarga ta’lim, tarbiya berish, kasb-hunar o’rgatishning huquqiy asoslarini belgilaydi hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga qaratilgan.
Jumladan ushbu qonunda bilim olish huquqi:
1. Davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish;
2. Ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta’lim olishni tashkil etish;
3. Ta’lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o’qitish, shuningdek ta’lim muassasalarida shartnoma asosida to’lov evaziga kasb-hunar o’rgatish;
4. Barcha turdagi ta’lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o’quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo’lishi;
5. Oilada yoki o’zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga akkreditatsiyadan o’tgan ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o’tish huquqini berish orqali ta’minlanishi belgilab qo’yilgan.
“Ta’lim to’g’risida”gi Qonunga asosan ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy printsiplari sifatida quyidagilar belgilab qo’yilgan:
1. Ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
2. Ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
3. Umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi;
4. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo’nalishini: akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o’qishni tanlashning ixtiyoriyligi;
5. Ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
6. Davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
7. Ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
8. Bilimli bo’lishni va iste’dodni rag’batlantirish;
9. Ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg’unlashtirish.
Ushbu qonunda tegishli ma’lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo’lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish huquqiga ega ekanligi hamda pedagogik faoliyat bilan
shug’ullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning ta’lim muassasalarida bu faoliyat bilan shug’ullanishiga yo’l qo’yilmasligi alohida ta’kidlab o’tilgan.
“Ta’lim to’g’risida”gi qonunning 6-moddasida ta’lim muassasasining huquqiy maqomi nazarda tutilgan. Unga asosan, ta’lim muassasasi yuridik shaxs bo’lib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi. Nodavlat ta’lim muassasasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda davlat akkreditatsiyasidan o’tgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqlari va ta’lim faoliyati bilan shug’ullanish huquqiga ega bo’ladi. Ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyaga asosan amalga oshirilishi belgilab qo’yilgan. Ushbu qonunga ko’ra, ta’lim muassasasi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan ustav asosida faoliyat ko’rsatadi. Ta’lim muassasasi attestatsiya natijalariga binoan davlat akkreditatsiyasidan mahrum etilishi mumkin. Ta’lim muassasalari o’quv-tarbiya majmualariga hamda o’quv-ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari va uyushmalariga birlashishga haqli. “Ta’lim to’g’risida”gi qonunning 7-moddasida Davlat ta’lim standartlari umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuniga hamda sifatiga qo’yiladigan talablarni belgilaydi, deb ko’rsatilgan. Davlat ta’lim standartlarini bajarish O’zbekiston Respublikasining barcha ta’lim muassasalari uchun majburiy hisoblanadi. Ta’lim muassasalarida ta’lim berish tilidan foydalanish tartibi Davlat tili to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinishi aloxida qayd etilgan.
O’zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi o’z ichiga quyidagilarni oladi:
-davlat standartlariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari;
-ta’lim tizimining faoliyat ko’rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo’lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar;
-ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar.
O’zbekiston Respublikasida ta’lim maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim turlarida amalga oshiriladi. Qonunda ta’lim turlariga quyidagicha ta’rif berilgan:
Maktabgacha ta’lim odatda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, qisqa muddatli guruxlar tuzish orqali amalga oshiriladi. Bu ta’lim olti-etti yoshgacha oilada, bolalar bog’chasida va mulk shaklidan qat’iy nazar boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi, xamda u bola shaxsini sog’lom va yetuk, maktabda o’qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish maqsadini ko’zlaydi.
Umumiy o’rta ta’lim odatda umumiy o’rta ta’lim olish uchun zarur bo’lgan savodxonlik, bilim va ko’nikma asoslarini shakllantirish, bilimlarning zarur hajmini berish, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik
qobiliyati va amaliy tajriba ko’nikmalarini rivojlantirish, dastlabki tarzda kasbga yo’naltirish va ta’limning navbatdagi bosqichini tanlash maqsadini ko’zlaydi.
O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida amalga oshiriladi. Uning asosiy maqsadi o’quvchilarning intellektual qobiliyatlarini jadal o’stirishni, ularning chuqur, tabaqalashtirilgan va kasb-hunarga yo’naltirilgan bilim olishlarini ta’minlash, o’quvchining kasb-hunarga moyilligi, mahorat va malakasini chuqur rivojlantirish, tanlangan kasblar bo’yicha bir yoki bir necha ixtisos olishni ta’minlash hisoblanadi.
Oliy ta’lim oliy o’quv yurtlarida (universitetlar, akademiyalar, institutlar va oliy maktabning boshqa ta’lim muassasalarida) amalga oshiriladi. Oliy ta’limning asosiy maqsadi oliy ta’lim yo’nalishlaridan
biri (bakalavriat) yoki aniq mutaxassislik (magistratura) bo’yicha puxta bilim berish hisoblanadi.
Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning ilmiy va ilmiy- pedagogik kadrlarga bo’lgan ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilib, u oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida (doktorantura, mustaqil tadqiqotchilik) amalga oshiriladi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash OTMlarda, maxsus ta’lim muassasalarida, Oliy maktablarda, qisqa muddatli o’quv kurslarida yoki boshqa tashkilotlarda amalga oshirilishi mumkin bo’lib, uning asosiy maqsadi kasb bilim va ko’nikmalarni chuqurlashtirish hamda yangilashni ta’minlashga qaratiladi.
Maktabdan tashqari ta’lim bolalar va o’smirlarning yakka tartibdagi ehtiyojlarini qondirish, ularning bo’sh vaqti va dam olishini tashkil etish,
madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo’nalishlarda ko’rsatiladi. Bu ta’lim bolalar, o’smirlar ijodiyoti saroylari, uylari, klublari va markazlari, bolalar va o’smirlar sport maktablari, san’at
maktablari, musiqa maktablari, studiyalar, kutubxonalar, sog’lomlashtirish muassasalari va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g’risida”gi qonunining 19-
moddasida Akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to’g’risidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma) beriladi deb ko’rsatilgan. Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to’g’risidagi hujjat oilada ta’lim olgan yoki mustaqil ravishda bilim olgan va akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim dasturlari bo’yicha ekstern tartibida imtihonlar topshirgan shaxslarga ham berilishi qonunda belgilangan.
Tegishli bosqichdagi ta’limni tugallamagan shaxslarga belgilangan namunadagi ma’lumotnoma beriladi deyilgan ushbu qonunda. Davlat tasdiqlagan namunadagi ma’lumot to’g’risidagi hujjat navbatdagi bosqich ta’lim muassasalarida ta’lim olishni davom ettirish yoki tegishli ixtisoslik bo’yicha ishlash huquqini beradi.
O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g’risida”gi qonunining 20- moddasida ta’lim oluvchilarni ijtimoiy himoya qilish, ya’ni me’yoriy hujjatlarga muvofiq imtiyozlar, stipendiya va yotoqxonada joy bilan ta’minlash, 21-moddasida ta’lim muassasalari xodimlariga ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanishi, haq to’lanadigan yillik uzaytirilgan ta’tillar, hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, ta’lim muassasalari ish haqiga mo’ljallangan mavjud mablag’lar doirasida mustaqil ravishda stavkalar, mansab okladlariga tabaqalashtirilgan ustama belgilashga hamda mehnatga haq to’lash va uni rag’batlantirishning turli shakllarini qo’llashga haqliligi, 22-moddasida yetim bolalarni va ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining vasiyligisiz qolgan bolalarni o’qitish va ularni boqish davlatning to’la ta’minoti asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi, 23-moddasida esa jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo’lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo’lgan bolalar va o’smirlarni o’qitish, qisman yoki to’la davlat ta’minotida bo’lishi belgilab qo’yilgan.
Ushbu qonunga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ta’lim sohasidagi vakolatlariga quyidagilar:
ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlariga rahbarlik qilish;
ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilash;
ta’lim muassasalarini akkreditatsiyadan, pedagog, ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o’tkazish tartibini belgilash;
O’zbekiston Respublikasining hududida boshqa davlatlarning ta’lim muassasalariga ta’lim faoliyati bilan shug’ullanish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berish;
qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy davlatlarning ta’lim to’g’risidagi hujjatlarini tan olish va hujjatlarning ekvivalent ekanligini qayd etish tartibini belgilash;
davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash;
davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to’g’risidagi hujjatlarni tasdiqlash va ularni berish tartibini belgilash;
davlat grantlari miqdori va ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibini belgilash;
davlat oliy ta’lim muassasasining rektorlarini tayinlash;
ta’lim oluvchilarni akkreditatsiya qilingan bir ta’lim muassasasidan boshqasiga o’tkazish tartibini belgilash va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar kiradi.
Ta’limni boshqarish bo’yicha maxsus vakolat berilgan davlat organlarining vakolatlari sifatida quyidagilar belgilab berilgan:
ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ro’yobga chiqarish;
ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslub masalalarida ularga rahbarlik qilish;
davlat ta’lim standartlari, mutaxassislarning bilim saviyasi va kasb tayyorgarligiga bo’lgan talablar bajarilishini ta’minlash;
o’qitishning ilg’or shakllari va yangi pedagogik texnologiyalarni, ta’limning texnik va axborot vositalarini o’quv jarayoniga joriy etish;
o’quv va o’quv-uslubiy adabiyotlarni nashr etishni tashkil qilish;
ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi va davlat ta’lim muassasalarida eksternat to’g’risidagi nizomlarni tasdiqlash;
davlat oliy ta’lim muassasasining rektorini tayinlash to’g’risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
pedagog xodimlarni tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni va qayta tayyorlashni tashkil etish va shu bilan birga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar kiradi.
“Ta’lim to’g’risida”gi qonunga muvofiq Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlari quyidagilar:
ta’lim muassasalari faoliyatining mintaqalarni ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga muvofiqligini ta’minlash;
ta’lim muassasalarini tashkil etadish, qayta tashkil etadish va tugatish, ularning ustavlarini ro’yxatga oladish;
o’z hududlaridagi ta’lim muassasalarini vakolat doirasida moliyalash miqdorlarini va imtiyozlarni belgilash;
ta’lim sifati va darajasiga, shuningdek, pedagog xodimlarning kasb faoliyatiga bo’lgan davlat talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradilar.
“Ta’lim to’g’risida”gi qonunning 28-moddasida ta’lim muassasasini boshqarish masalasi yoritib berilgan bo’lib unda ta’lim muassasasini uning rahbari boshqarishi, ta’lim muassasalarida qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat ko’rsatadigan jamoat boshqaruvi organlari tashkil etilishi mumkinligi ko’rsatilgan.
Qonunning 29-moddasida ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari bilan nodavlat ta’lim muassasalari o’rtasidagi o’zaro munosabatlari ko’rsatib o’tilgan bo’lib unda:
- ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari nodavlat ta’lim muassasalarida ta’lim to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilishi;
- nodavlat ta’lim muassasalari “Ta’lim to’g’risida”gi qonun hujjatlarini buzgan taqdirda, akkreditatsiya qilgan organlar ularning faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq to’xtatib qo’yishga haqli ekanligi;
- nodavlat ta’lim muassasalariga qabul davlat o’quv yurtlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshirilishi qayd etilgan. Shuningdek, qonunda:
1. Voyaga etmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart ekanligi hamda ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishlari uchun javobgarligi;
2. Davlat ta’lim muassasalarini moliyalash respublika va mahalliy byudjetlar mablag’lari, byudjetdan tashqari mablag’lar hisobidan amalga oshirilishi;
3.Ta’limni rivojlantirish fondlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarning shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobidan tashkil etilishi mumkinligi;
4. Ta’lim muassasalari ta’lim muammolari yuzasidan xalqaro hamkorlikda ishtirok etishlari, xorijiy mamlakatlarning tegishli o’quv yurtlari bilan bevosita aloqalar o’rnatishi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular bilan qo’shma o’quv yurtlari tashkil etish huquqiga ega ekanligi;
5. Ta’lim to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo’lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’lishi yoritib berilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, yuqorida qayd etilgan holatlarning barchasi kadrlar tayyorlash milliy modelining puxta o’ylangan, samarali model ekanligini tasdiqlaydi. Milliy modelning amaliy qiymatini uning O’zbekistonda ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashdagi o’rni va roli bilan
belgilash mumkin.
Nazorat uchun savollar: Kadrlar tayyorlash milliy dasturining maqsadi va vazifasini tushuntiring.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi nechta bosqichni o’z ichiga oladi.
Kadrlar tayyorlash milliy modelining tarkibiy qismlarini necha bosqichdan iborat?
Tayanch tushunchalar:
Milliy model – Kadrlar tayyorlashning milliy modeli (KTMM)ning asosiy tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat: shaxs; davlat va jamiyat; uzluksiz ta’lim; fan; ishlab chiqarish; ta’lim-tarbiyaning uzviy bog’liqligini ta’minlash va bu jarayon har tomonlama kamol topgan insonni shakllantirishga yo’naltirilganligidadir.
Uzluksiz ta’lim – Milliy modelning tarkibiy qismi bo’lib, quyidagi ta’lim turlarini o’z ichiga oladi: maktabgacha ta’lim; umumiy o’rta ta’lim; o’rta maxsus kasb-hunar ta’limi; oliy ta’lim; oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim; kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash; maktabdan tashqari ta’lim. Uzluksiz ta’lim – malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi bo’lib, ta’limning barcha turlari, DTSni o’z ichiga oladi.
Ilmiy daraja –muayyan fan sohasidagi mutaxassisning ilmiy malakasi darajasi
Iste’dod – har tomonlama rivojlangan va takrorlanmas qobiliyat
Iqtidor – insonning o’z xatti-harakatlariga nisbatan sub’ektiv munosabati
Nutq faoliyati – bu inson tomonidan ijtimoiy-tarixiy tajribani o’zlashtirish va avlodlarga etkazish, kommunikatsiya (aloqa) o’rnatish maqsadida tildan foydalanish jarayoni.
Notiqlik– bu nutqning og’zaki shakli.
Nutq texnikasi – so’zlayotganda to’g’ri nafas olish, ovozni yo’lga qo’yish, so’zlarni xatosiz talaffuz qilish, ovoz o’zgarishi, diktsiya, ritmika.
Mavzu yuzasidan foydalanilgan adabiyotlar: I.A.Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: Ma’naviyat, 2008.
«Barkamol avlod yili» Davlat dasturi. –T.: O’zbekiston, 2010.
O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi Qonuni. Barkamol avlod – O’zbekiston taraqqiyotining poydevori. –T.: Sharq, 1997.
6- MAVZU: Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo’yiladigan Davlat talablari
Reja:
1.Maktabgacha ta’limga qo’yiladigan Davlat talablarining mazmun-mohiyati, asosiy soha va yo’nalishlari.
2. Davlat talablari soha yo’nalishlari indikatorlari haqida tushuncha.
3.Davlat talablari asosida maktabgacha ta’lim muassasalarida monitoring ishlarini tashkil etish.
O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirining 2018 yil 18 iyundagi 1-mx-sonli buyrugi bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan 3 iyulda 3031-raqam bilan ruyxatdan o’tgan yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasining“Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo’yiladigan Davlat talablari” tasdiqlandi.
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI MAKTABGAChA TA’LIM VAZIRINING