2.3. Rejalashtirish va bashorat qilishning normativ asoslari Erkin iqtisodiy faoliyat va tijorat rivojlanib borayotgan, biz avvalgi zavod va
fabrikalarga qaraganda ko‘proq zamonaviy biznes va tadbirkorlik haqida gapirayotgan
bir sharoitlarda matematika tili bilan aytganda norma va normativlar (normativ asoslar)
«bozor» tushunchasi bilan bog‘lanishi qiyin bo‘ladi. Bugungi kunda ularning roli va
maqomi biroz susaygan, chunki ular tadbirkorlar fikriga ko‘ra bozorga qaraganda
ko‘proq rejali iqtisodiyot tomon yaqinroq turganday
bo‘ladi.
Aslida esa bunday emas, albatta. Norma va normativlar doimo rejalashtirish va
xo‘jalik boshqaruvining muhim elementi bo‘lib kelgan. Har bir biznesmen va tadbirkor,
aytaylik, do‘kon, restoran, mehmonxona yoki mebel ishlab chiqaruvchi tsex qurmoqchi
bo‘lsa, albatta qurilish xarajatlari va talab qilinuvchi resurslarni hisob-kitob qiladi. Ya‘ni
u rejalashtirish bilan, to‘g‘rirog‘i xarajatlar va resurslar talabini ularning har bir turi
bo‘yicha normalashtirish bilan shug‘ullanadi. Biznesmen ham, davlat korxonasi direktori
ham xarajatlar minimal bo‘lgan holda ko‘proq foyda va daromad olishga intilishi tabiiy.
Xo‘jalik amaliyotida
normalashtirish bu mahsulot ishlab chiqarish va sotish
jarayonlarining normal kechishi uchun zarur bo‘lgan ishlab chiqarish va boshqa resurslar
zahiralari va sarflanishining eng yuqori va eng quyi normalarini ishlab chiqish va
belgilash usulidir. Normalashtirish elementlari sifatida norma va normativlarni ko‘rsatib
o‘tish mumkin.
Norma bu – belgilangan sifatli (masalan, standartli bir buxanka non chiqarish
uchun sarflanuvchi un normasi, belgilangan hajmli metall konstruktsiyasini kavsharlash
uchun sarflanuvchi elektrodlar soni va hokazolar) mahsulot (ish, xizmat) birligini
tayorlash uchun xom-ashyo, material, yoqilg‘i, energiya va hokazolarning mutlaq
(absolyut) sarflash mumkin bo‘lgan maksimal kattaligidir.
Shu tariqa natural, qiymat va mehnat o‘lchamlari bilan belgilangan norma
yordamida mahsulot, bizning holatda palto ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha
xarajatlar tartibga solib boriladi. Agar mahsulot birligiga to‘g‘ri keluvchi xarajatlarni
jami chiqarilgan mahsulotlar soniga ko‘paytirsak, korxonaning mazkur turdagi mahsulot
ishlab chiqarish bilan bog‘liq umumiy xarajatlarini aniqlashimiz mumkin bo‘ladi.