Jahon mamlakatlari iqtisodiy



Yüklə 1,43 Mb.
səhifə49/105
tarix16.12.2023
ölçüsü1,43 Mb.
#180785
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   105
portal.guldu.uz-IQTISODIY VA IJTIMOIY GEOGRAFIYA

Xizmat sohasi. Xizmat sohasi jadal rivojlanayapti. Sohalarda yaratilgan xizmat ko’rsatish hajmi yalpi mahsulotda 3,4 % ga ko’paydi. Ko’tara savdo tez rivojlanayapti (o’sish 10 % dan yuqori), umumiy ovqatlanish va mehmonxona xo’jaligi korxonalari (6%), aloqal (5%), chakana savdo (4,2 %), transport va omborxonalar xo’jaligi (4%) o’sayapti.
Mamlakatda transportning barcha turlari yaxshi rivojlangan. Transport. Territoriyaning kattaligi, aholini notekis joylashganligi va xo’jalik ko’lami azaldan mamlakat uchun transport masalasini ko’ndalang quygandi. Asosiy transport turlari-temiryo’llar, avtomobillar, aviatsiya, havo suv va o’tkazish quvurlaridir. Kanadadan eksport taxminan 170 mlrd. dollarni tashkil qiladi.


8-MAVZU:LOTIN AMERIKASI DAVLATLARI
Reja:
Lotin Amerikasi davlatlari. Iqtisodiy va siyosiy geografik tavsifi. Markaziy Amerika mamlakatlari. Meksika davlatining iqtisodiy geografik o’rni. Tabiiy resurslari. Aholisi. Davlat tuzumi. Iqtisodiyotiga umumiy tavsif, sanoati, qishloq xo’jaligi, transporti, tashqi iqtisodiy aloqlari.
Janubiy Amerika mamlakatlari. Braziliya davlati iqtisodiy va siyosiy geografik o’rni. Davlat tuzumi, ma’muriy bo’linishi. Tabiiy resurslari, aholisi, mehnat resurslari. Sanoati, qishloq xo’jaligi, transporti, tashqi iqtisodiy aloqalari.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Lotin Amerikasi davlatlari, Markaziy Amerika, Vest-Indiya, And mamlakatlari, Gviana uchburchagi, La-Plata mamlakatlari, O’rta Amerika, Karib havzasi mamlakatlari, tayanch rivojlangan davlatlar.


Dunyoning yirik siyosiy-geografik mintaqalaridan biri-Lotin Amerikasi-Yerning G‘arbiy yarimsharida joylashgan bo‘lib, Amerika qit’asidagi AQSH, Kanada davlatlari va Grenlandiya orolidan tashqari barcha mamlakatlarni (Meksika; Markaziy Amerika (Beliz, Gvatemala, Salvador, Gonduras, Nikara- gua, Kosta-Rika, Panama); Vest-Indiya (Karib dengizidagi orol mamlakatlar); And mamlakatlari (Venesuela, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Boliviya, Chili); “Gviana uchburchagi” (Gayana, Surinam, Fransiya Gvianasi); Braziliya; La-Plata mamlakatlari (Argentina, Urugvay, Paragvay) o‘z ichiga oladi. Aholisining aksariyat qismi qadimgi lo­tin tili negizida vujudga kelgan ispan va portugal tillarida so‘zlashayotganligi bois bu mintaqa Lotin Amerikasi deb ataladi.
Lotin Amerikasining siyosiy xaritasida hozirgi kunda 33 ta mustaqil davlat hamda qator mustamlakalar mavjud. Uning hududida bir necha kichikroq mintaqalar ham ajratiladi. Jumladan, Shimoliy Amerika materigining AQSHdan janubdagi qismi va Karib dengizidagi orollarda joylashgan davlatlar 0‘rta Amerika (Mezoamerika) mintaqasini tash­kil etadi. Bu regiondagi davlatlar orasida hududi, aholisi va iqtisodiy salohiyati bilan Meksika alohida ajralib turadi. 0‘rta Amerikaning Meksikadan boshqa davlatlari Karib dengizi akvatoriyasi, uning tabiiy resurslari va transport yo‘llari bilan tarixan chambarchas bog‘liqli gi sababli, Karib havzasi davlatlari deb ham yuritiladi. Materikda, Meksikadan janubi-sharqqa tomon joylashgan 7 ta davlat (Beliz, Gvatemala, Salvador, Gonduras, Nikaragua, Kosta-Rika, Panama) Markaziy Amerika deb nomlanadi. Karib dengizidagi 13 ta orol mamlakatlar, o‘z navbatida, Vest-Indiya umumiy nomi ostida birlashtiriladi. Janu­biy Amerika materigida esa 12 ta mustaqil davlat va 1 ta mustamlaka (Fransiya Gvianasi) joylashgan. Janubiy Amerikada Lotin Amerikasidagi okeanga chiqish imkoniyati bo‘lmagan 2 ta davlat joylashgan bo‘lib, bular Boliviya va Paragvaydir.
Hududi kattaligi jihatidan Braziliya (jahon mamlakatlari orasida 5-o‘rin-8 511 965 kv.km), Argentina (8-o‘rin-2 778 417 kv.km), Meksika, Peru, Venesuela va Kolumbiya ajralib turadi. Vest-lndiyada “mitti” davlatlar safiga mansub bir necha davlatlar joylashgan. Lotin Amerilcasidagi aksariyat davlatlarida prezidentlik respublikasi boshqaruv sliakli joriy etilgan. Vest-Indiyadagi ayrim kichik davlatlar hamda Markaziy Amerikada joylashgan Beliz Britaniya Hamdo‘stligi tarkibidagi konstitutsiyaviy monarxiyalar,bo‘lib, rasman ularning davlat rahbari Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizave­ta II hisoblanadi. Braziliya, Argentina, Meksika, Venesuela singari yirik davlatlar hamda Karib dengizidagi 2 ta kichik oroldan iborat Sent-Kits va Nevis mamlakati federativ davlat tuzilishiga ega. Mintaqaning qol- gan mamlakatlari unitar tuzilishga ega.
Lotin Amerikasining g‘arbiy qismida Kordilyera va And tog‘lari bir necha ming kilometrga cho‘zilgan. Meksika, Markaziy Amerika davlatlari, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Boliviya, Chili mamlakatlari­ning hududini asosan shu tog‘lar egallaydi. Venesuela bilan Paragvay davlatlari ham qisman And tog‘lari bilan band. Shuningdek, Kar­ib dengizidagi orol mamlakatlarining yer yuzasi ham ko‘proq tog‘li ko‘rinishga ega. Braziliya, Argentina, Urugvay, Surinam, Gayana kabi davlatlar hududi, asosan, tekislik va parchalangan yassi tog‘liklardan iborat. Kordilyera-And tog‘lari va Karib dengizidagi orollar seysmik va vulqonik jihatidan Yer yuzidagi eng faol mintaqalar qatoriga ki­radi. Shuning uchun Lotin Amerikasidagi tog‘li mamlakatlarda kuch­li zilzilalar vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladi. Masalan, 2010-yili Chili, 2012-yili Gvatemala, 2010-yili Gaitida ro‘y bergan kuchli zilzilalar falokatli ziyon yetkazgan edi.
Lotin Amerikasining ba’zi davlatlari turli foydali qazilmalarining jahon xo‘jaligi miqyosida ahamiyatli zaxiralariga ega. Jumladan, neft-gaz resurslariga Venesuela, Meksika, temir rudalariga Braziliya, Kuba, Venesuela, boksit (alyuminiy) rudalariga Yamayka, Braziliya, Venesuela, Gayana, Surinam, misga Chili, Peru, nikelga Kuba, litiy, qalay va mineral tuzlariga Boliviya, tabiiy selitraga Chili, qimmatba- ho toshlarga Kolumbiya boy hisoblanadi. Hududi asosan issiq iqlim mintaqalarida joylashganligi bois Lotin Amerikasi agroiqlim resurs­lariga boy, dehqonchilik ishlari esa bu yerda yil bo‘yi davom etadi. Lekin 0‘rta Amerikada tropik to‘fonlar tez-tez sodir bo‘lib, aholi va xo‘jalikka katta ziyon yetkazadi. Iqlimi semamligi hisobiga Lotin Amerikasi suv va gidroenergiya resurslari bilan yaxshi ta’minlangan. Mintaqadagi qator davlatlar o‘rmon resurslariga juda boy, bu borada Braziliya, Kolumbiya, Venesuela yetakchi hisoblanadi.
Lotin Amerikasi davlatlarida, 2017-yil holatiga, jami 650 millionga ygqin aholi yashaydi, va bu Yer shari aholisining 8,5 foizini tashkil qilmoqda. 0‘tgan asrda Lotin Amerikasida aholining tabiiy ko‘payishi “demografik portlash” bosqichini kechirib, mintaqa aholisi va uning jahon aholisi tarkibidagi ulushi yuqori sur’atlar bilan o‘sib kelgan. Hozirgi davrga kelib esa, Lotin Amerikasi mamlakatlari tug‘ilish da­rajasi asta-sekin pasayishi bilan tavsiflanadigan demografik o‘tishning 3-bosqichini kechirmoqda. Kuba, Urugvay va Argentina esa de­mografik o‘tish jarayonini yakunlab, aholi tabiiy ko‘payishining past darajasi bilan ajralib turibdi.
Aholi soni jihatidan mintaqada Braziliya (206 mln, 2016-y., ja­hon bo‘yicha 5-o‘rin) va Meksika (121 mln, 2015-y., jahon bo‘yicha 11-o‘rin) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Kolumbiya, Argentina, Ve­nesuela va Peru kabi mamlakatlarning aholisi soni 20-50 mln kishi oralig‘ida. Shu vaqtning o‘zida, Vest-Indiyadagi ayrim “mitti” orol dav­latlarida aholi soni 0,5 mln kishiga ham yetmaydi.
Lotin Amerikasi aksariyat davlatlari yuqori urbanizatsiyalashgan mamlakatlar guruhiga mansub. Xususan, shaharlashuv ko‘rsatkichi Argentina, Venesuela va Urugvayda 90 foizdan, Braziliya va Chili- da 80 foizdan oshadi. Lotin Amerikasining Mexiko, San-Paulu, Rio-de-Janeyro, Lima, Buenos-Ayres, Santa-fe-de-Bogota singari eng yirik shaharlari negizida jahon miqyosida eng yiriklari qatorida joy olgan shahar aglomeratsiyalari vujudga keldi. Lekin bu “gigant” shaharlarda millionlab odamlar qishloq joylardan kelib, juda katta maydonlarni egallagan xarob massivlarda turmush kechirmoqda. Masalan, Braziliyaning Rio-de-Janeyro va San-Paulu shaharlaridagi Favela deb ataladigan bunday kvartallar odatda “soxta” urbanizatsiyaning tipik misollari tariqasida keltiriladi. Bunday, shartli ravishdagi shahar joylari- da ijtimoiy va ekologik muhit muammoli bo‘lishi tabiiy hoi.
Lotin Amerikasi aholisining hozirgi irqiy tarkibi xilma-xil bo‘lib, asosan, Yevropa mustamlakachiligi davrida shakllangan. Bu mintaqa­da yevropaliklar avlodlari (kreollar), qora tanlilar, amerikalik hindular hamda metislar, mulatlar va sambolar singari aralash irq vakillari ya- shaydilar. Lotin Amerikasining tub aholisi mongoloid irqiga mansub amerikalik hindular hisoblanadi.
Lotin Amerikasi davlatlarining ko‘pida davlat tili sifatida ispan tili qabul qilingan. Hududining maydoni va aholisi soni bo‘yicha subregionda yetakchi bo‘lgan Braziliyada davlat tili va muomaladagi asosiy til-portugal tili. Gaiti, Gviana va ayrim orol mamlakatlarida davlat
tili fransuz, Janubiy Amerikadagi Gayana, Markaziy Amerikadagi Beliz hamda Vest-
Indiyaning qator mamlakatlarida esa bu funksiyani ingliz tili bajaradi. Shuningdek, Janubiy Amerikadagi Surinam davlatida va Karib dengizidagi ba’zi mamlakatlarda nid-
erland (golland) tili keng qo‘llaniladi. Lotin Amerikada Rim-katolik cherkovi nasroniylari ko‘pchilikni tashkil qiladi va bu mintaqa katoliklar soni bo‘yicha dunyoda yetakchidir. Inglizzabon mamlakatlarida protestantlik, “Gviana uchburchagi” mamlakatlarida esa induizm va islom dinlari keng tarqalgan.

Lotin Amerikasi mamlakatlari aholisi, asosan, ikki xil hududlarda-Atlantika okeani va Karib dengizi qirg‘oqbo‘yi tekisliklari hamda Kordilyera-And togMarining ichki rayonlarida mujassamlangan. Ahol­ining bunday joylashuvi tabiiy sharoit, ayniqsa, iqlim qulayligiga mos ravishda tarixan shakllangan. Meksika, Peru, Kolumbiya, Ekvador kabi mamlakatlar aholisining aksariyat qismi yuqori balandlikdagi tog‘li rayonlarda yashashi bilan ajralib turadi. Bu borada o‘ziga xos “geografik rekord” aholisining yarmidan ortig‘i 3300-3800 metr mutlaq balandlikka ega Altiplano yassitog‘ligida joylashgan Boliviya davlatiga tegishli. Uning poytaxti -La-Pas shahri-dunyodagi eng yuqori balandlikda joylashgan poytaxt hisoblanib, bunday relyef sharoitida shakllangan ja­hondagi yagona “millioner” shahardir. Braziliya, Urugvay, Argentina, Venesuela va, ayniqsa, orol davlatlarida, o‘z navbatida, aholi, asosan, okean va dengizga tutash tekisliklarda mujassamlangan.
Lotin Amerikasi mamlakatlari xalqaro ixtisoslashuvi, eng avvalo, yoqilg‘i, konchilik, metallurgiya sanoati hamda ko‘p tarmoqli qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq. Hozirgi davrda ayrim mamlakatlar uchun ma- shinasozlik ham muhim ishlab chiqarish tarmog‘iga aylandi. Yoqilg‘i sanoatida asosiy eksportbop ahamiyat neft va neftni qayta ishlash sanoatiga tegishli bo‘lib, iqtisodiyotning bu tarmog‘i, eng avvalo, Venesuela bilan Meksikada yuqori darajada rivojlangan. Shuningdek, Ekvador, Boliviya davlatlarida ham neft-gaz sanoati rivojlanib bormoqda. Oxirgi yillarda Lotin Amerikasi mamlakatlarining umumiy eksporti tarkibida neft va neft mahsulotlari ulushi 20 foizdan ko‘proq bo‘lmoqda. Lotin Amerikasi mamlakatlariga jahon yoqilg‘i eksporti umumiy hajmining 8 foizga yaqin qismi to‘g‘ri keladi.
Mintaqa mamlakatlarida konchilik va metallurgiya sanoati ham yax­shi rivojlangan Braziliya jahon mamlakatlari orasida temir rudani qazish va eksport qilish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Shuningdek, Braziliya marganes, alyuminiy, mis, uran rudalarini qa­zib olishga ham ixtisoslashgan. Juda yirik GESlarning qurilishi hisobiga Braziliyadagi metallurgiya korxonalari arzon elektrenergiyasi bilan ta’minlandi va bu ishlab chiqarish tarmog‘i mamlakatda tobora rivoj­lanmoqda. Lotin Amerikasi metallurgiya sanoati mahsulotlari umumiy eksportining eng katta qismi misga to‘g‘ri keladi. Bu metallni qazish va eritish sanoati, ayniqsa, Chili va Peru uchun katta iqtisodiy ahami­yatga ega. Boliviyada qalay, surma, kumush va turli nodir metallaming qazish sanoati yaxshi rivojlanib, mamlakatning xalqaro ixtisoslashuvini ko‘p jihatidan belgilaydi. Kuba esa dunyo bo‘yicha nikel va kobalt metallarini ishlab chiqarishda yetakchi mamlakatlar qatorida joy olgan.
Mashinasozlik sanoati, asosan, Braziliya, Meksika va Argentinada yaxshi rivojlangan bo‘lib, jahon xo‘jaligi miqyosida ko‘proq avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika tarmoqlariga ixtisoslashgan. Bu mamlakatlar uchun yengil avtomobillar eng asosiy eksportbop mahsulotga aylangan. Lotin Amerikasining eng yirik davlatlarida mashinasozlikning yaxshi rivojlanishi uchun metallurgiya bazasining yaxshi rivojlanganligi, arzon va nisbatan malakali ishchi kuchi, yirik ichki bozorining mavjudligi, rivojlangan davlatlar, eng avvalo, AQSHning yirik korporatsiyalari bilan hamkorligi muhim sanaladi.
Qishloq xo‘jaligi ham Lotin Amerikasi mamlakatlarning xalqaro ixtisoslashuvini ko‘p jihatdan belgilaydi. Shakarqamish, kofe, banan, kakao, soya va paxta yetishtirish Lotin Amerikasi mamlakatlari qish­loq xo‘jaligining eksportga yo‘naltirilgan eng muhim tarmoqlari hi­soblanadi. Shakarqamish ko‘proq Vest-Indiya orollari hamda Janubiy Amerikaning shimoliy hududlarida issiq va fasliy nam iqlim sharoi- tida yetishtiriladi. Ayniqsa, Braziliya va Kuba iqtisodiyoti uchun sha­karqamish yetishtirish va eksport qilish juda katta ahamiyatga ega. Bu ikki davlat shakar eksporti bo‘yicha dunyo bo‘yicha yetakchi o‘rinlar- ni egallaydi.
Kofe eksporti bo‘yicha jahonda Braziliya yetakchilik qiladi. Braziliya
yassitog‘ligining janubi-sharqiy yonbag‘irlarida kofe plantatsiyalari katta maydon egallaydi. Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengiziga ro‘para bo‘lib turgan Meksika, Markaziy Amerika davlatlari va Kolumbiyaning tog‘ oldi (500—1500 m) hududlarida ham kofe yetishtirishga ixtisoslashgan yirik qishloq xo‘jalik rayonlari shakllangan. Bu yerda yetishtiriladigan “arabika” navli kofe jahon bo‘yicha eng sifatli va qimmatbaho hisoblanadi.

Banan Lotin Amerikasiga Osiyodan olib kelinib, o‘tgan asming boshida Markaziy Amerika davlatlarida eng asosiy qishloq xo‘jalik ekiniga aylandi. Hozirgi kunda Braziliya, Ekvador, Kosta-Rika, Meksika, Kolumbiya eng ko‘p banan yetishtiradi, bananlami eksport qilishda esa Ekvador va Kosta-Rika peshqadamlik qiladilar. Banan plantatsiyalari ko‘proq Tinch okeani qirg‘oqlarida joylashgan.
Soya yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha Lotin Amerikasi davlat­lari ichida Braziliya, Paragvay va Argentina, kakao Braziliya, Ekvador va Dominikana Respublikasida, paxta esa Braziliya, Paragvay, Meksika va Argentina tomonidan ko‘p eksport qilinadi.
Lotin Amerikasining yana bir yirik qishloq xo‘jalik rayoni- Argentinadagi Pampa deb ataladigan dasht yerlaridir. Argentina Pampasi uchun tekis relyef, issiq va nam subtropik iqlim, serhosil qora tuproq xosligi bois, bu hudud donchilik va go‘sht chorvachiligi uchun juda qulay sharoitga ega. Shu rayondagi fermeir xo‘jaliklarining hisobiga Argenti­na bug‘doy, makkajo‘xori va go‘shtning jahon bo‘yicha yetakchi eksportyorlaridan biriga aylangan.
Xalqaro dengiz transport tizimida alohida o‘rin tutadigan Panama kanali ikkita materik, ya’ni Shimoliy va Janubiy Amerikada joylashgan Panama davlati hududidan o‘tadi. Bu kanal Atlantika okeani havzasiga tegishli Karib dengizi bilan Tinch okeanini tutashtiradigan, eng serqatnov dengiz yo‘lardan biri hisoblanadi. Panama davlati, o‘z navbatida, dengiz kompaniyalari uchun past stavkadagi soliqlarni joriy qilib, ja­hon bo‘yicha eng katta dengiz flotiga ega mamlakatga aylandi. Bunga, asosan, xorijiy transport kompaniyalaming rasman Panamada ro‘yxatdan o‘tganligi hisobiga erishilgan.
Ma’lumki, Lotin Amerikasi davlatlari rivojlanayotgan mamlakatlar blokiga mansub. Mintaqa umumiy YIMning 2/3 qismi to‘g‘ri keladigan Braziliya, Meksika va Argentina tayanch rivojlanayotgan davlatlar guruhiga kiradi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va aholi turmush darajasining nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari mintaqa mamlakatlari orasida Chili, Urugvay, Barbados va Bagama orollariga xos. Mintaqaning eng sust rivojlangan davlati esa Gaiti Respublikasi hisoblanadi.
Iqtisodiy geografik o‘mi, ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, xalqaro ixtisoslashuvi, aholining irqiy, etnik va din tarkibi xususiyatlari hamda davlatlararo iqtisodiy integratsiya jarayonlarini hisobga olgan holda, Lotin Amerikasi yuqorida aytib o’tilganidek, quyidagi 7 ta subregionga ajratiladi:
-Meksika;
-Markaziy Amerika (Beliz, Gvatemala, Salvador, Gonduras, Nikara- gua, Kosta-Rika, Panama);
-Vest-Indiya (Karib dengizidagi orol mamlakatlar);
-And mamlakatlari (Venesuela, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Boliviya, Chili);
-“Gviana uchburchagi” (Gayana, Surinam, Fransiya Gvianasi);
-Braziliya;
-La-Plata mamlakatlari (Argentina, Urugvay, Paragvay).
Masalan, karib havzasi orol mamlakatlari bilan tanishsak, Shimoliy va Janubiy Amerika materiklari oralig‘ida, Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengizi bilan Atlantika okeani tutashgan akvatoriyada joylashgan orollar Xristofor Kolumbning birinchi ekspeditsiyasi tomonidan 1492-yilda Amerika qit’asining dastlab ochilgan yerlari hi­soblanadi. Kolumb unga Vest-Indiya, ya’ni “G‘arbiy Hindiston”, no­mini bergan. Bu hudud keyinchalik Amerikaning bir qismi ekanligi aniqlangan bo‘lsa-da, mazkur nom hanuzgacha keng ishlatilmoqda.
Vest-Indiya uchta yirik arxipelagdan iborat: Karib dengizining shi­moliy chegarasi bo‘ylab cho‘zilgan Katta Antil orollari (eng yiriklari-Kuba, Gaiti, Yamayka, Puerto-Riko), Karib dengizining sharqiy va janubi-sharqiy chekkasidagi Kichik Antil orollari hamda Katta An­til orollaridan shimolda joylashgan Bagama orollari. Vest-Indiyaning umumiy maydoni 245 ming km2 atrofida bo‘lib, shundan 216 ming lcm2ni Katta Antil orollari egallaydi. Kichik Antil va Bagama orolla- rining maydonlari esa deyarli bir xil bo‘lib, har ikkala arxipelagga 14 ming km2dan ziyodroq hudud to‘g‘ri keladi.
Vest-Indiya orollarida jami 13 ta mustaqil davlat joylashgan. Katta Antil orollarida Kuba, Gaiti, Dominikana Respublikasi va Yamayka dav­latlari, Kichik Antil orollarida Antigua va Barbuda, Barbados, Grenada, Dominika, Sent-Vinsent va Grenadinalar, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Trinidad va Tobago “mitti” davlatlari, Bagama orollarida esa shu nomdagi davlat joylashgan. Bundan tashqari, Vest-Indiyaning siyosiy xaritasida jami bo‘lib 15 taga yaqin, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya va AQSHning mustamlaka, dengizorti hududlari hamda o‘zini-o‘zi boshqaradigan hududlari ham mavjud. Hududining kattaligi va aholisi soni bo‘yicha subregion davlatlari ichida birinchi o‘rinda Kuba Respublikasi turadi. Mustaqil bo‘lmagan mamlakatlardan maydoni va aholisi jihatidan eng yirigi-AQSHga tegishli o‘zini-o‘zi boshqaradi­gan hudud hisoblangan Puerto-Rikodir. Boshqaruv shakli jihatidan 10 ta davlat respublika, 3 tasi esa Britaniya Hamdo‘stligi qirolliklari (rasmiy davlat rahbari Buyuk Britaniya qirolichasi hisoblanadigan mustaqil konstitutsiyaviy monarxiyalar) hisoblanadi. Kuba-zamonaviy dunyo siyosiy xaritasidagi sotsialistik respublika tuzumidagi sanoqli davlatlardan biri.
Vest-Indiya orollari Karib va Shimoliy Amerika litosfera plitalari to‘qnashgan chegarada joylashganligi bois, u yerda vaqti-vaqti bilan kuchli zilzilalar sodir bo‘lib turadi. Kichik Antil orollarida harakatda­gi vulqonlami ko‘p. Bunday tektonik tuzilishi tufayli Vest-Indiya orol-larining yer yuzasi tog‘lardan iborat. Tekisliklar faqat Kubada katta maydon egallaydi. Orollaming qirg‘oqlari ko‘p joylarda kemalar turishi uchun qulay sharoitga ega. Foydali qazilmalardan asosan boksit (Ya­mayka, Dominikana Respublikasi), nikel va kobalt (Kuba) rudalari, osh tuzi (Dominikana Respublikasi) sanoat ahamiyatiga ega. Neft ko‘proq Bagama orollari, hamda Trinidad va Tobago davlatlarida qazib olinadi. Shuningdek, Trinidad orolida tabiiy asfalt qazib olinadigan ko‘1 joy­lashgan.
Iqlimi tropik-yil davomida issiq, lekin Atlantika okeanidan doimo esib turuvchi passat shamollari tufayli ancha yumshoq va nam. May oyidan noyabrgacha jazirama va seryomg‘ir yoz davom etadi, iliq va nisbatan quruq qish esa noyabming oxirida boshlanib, maygacha kuza­tiladi. Aynan tropik qish fasli dam olish uchun eng yaxshi va yoqimli mavsum bo‘lib, eng “qaynoq” sayyohlik davri hisoblanadi. Iqlimning salbiy jihatlaridan biri - kuchli dovullaming tez-tez takrorlanib tu- rishidir.
Vest-Indiya aholisining umumiy soni 43 mln kishiga teng (2016- yil holatiga). Kuba (11,2 mln), Gaiti (11,1 mln) va Dominikana Res­publikasi (10,6 mln). Mintaqa aholisi soni bo‘yicha yetakchilik qiladi. Shuningdek, Puerto-Riko, Yamayka hamda Trinidad va Tobago davlat­larida aholi soni 1 million kishidan ko‘p. Boshqa mamlakatlaming har birida aholi soni 500 mingga ham yetmaydi.
Vest-Indiya mamlakatlarining aksariyatida tug‘ilish va aholi tabiiy ko‘payishi ko‘rsatkichlari o‘rtacha va past darajada. Gaiti va Dominika­na Respublikasida tug‘ilish va tabiiy ko‘payish subregion bo‘yicha eng yuqori bo‘lib, aholi soni bu davlatlarda tez sur’atlar bilan o‘sib bor­moqda. Ko‘p davlatlarda aholi soni o‘sishiga emigratsiyaning yuqoriligi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, ayniqsa, aholisi AQSHga ommaviy tarz- da ko‘chayotgan Puerto-Riko uchun xos holat.
Urbanizatsiya darajasi ko‘p davlatlarda yuqori (subregion bo‘yicha jami o‘rtacha 70 foiz), ammo ayrim “mitti” davlatlarda shahar aholisi salmog‘i ancha past, masalan, Sent-Lyusiya, Trinidad va Tobago davlatlarida 20 foizga ham yetmaydi. Vest-Indiyadagi eng yirik shaharlar-Kuba poytaxti Gavana, Dominikana Respublikasi poytaxti Santo-Domingo, Gaiti poytaxti Port-o-Prens va Yamayka poytaxti Kingston hisoblanadi.
Kuba va Puerto-Rikoda aholisining irqiy tarkibida yevropaliklaming avlodlari (kreollar), Dominikana Respublikasida mulatlar, boshqa dav­latlarda esa qora tanlilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Kuba va Dominika­na Respublikasida davlat tili ispan, Gaiti Respublikasida fransuz, qolgan davlatlarida esa ingliz tilidir.
Karib dengizidagi orol mamlakatlar iqtisodiy geografik o‘mi, tabiiy sharoit va resurslari, aholi va mehnat resurslari omillari ta’sirida xalqaro mehnat taqsimoti tizimida, asosan, turizm, tropik ekinlami yetishtirish, konchilik, yengil va oziq-ovqat sanoati, moliya-bank xizmatlari sektori kabi iqtisodiyot tarmoqlariga ixtisoslashgan. Aksariyat mamlakatlaming xo‘jalik ixtisoslashuvi tor, masalan, Trinidad va Tobago, asosan, neftni qayta ishlash va ammiak ishlab chiqarishga, Grenada muskat yong‘og‘i va kakao yetishtirishga, Sent-Vinsent va Grenadina esa kraxmal va sport anjomlari (xususan, tennis raketkalari)ni ishlab chiqarishga ixti­soslashgan. Tashqi savdo aloqalari ko‘proq AQSH hamda Lotin Ameri­kasining boshqa davlatlari bilan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga ko‘ra Vest-Indiya mamlakat­lari rivojlanayotgan davlatlar toifasiga mansub. Ammo iqtisodiyotning rivojlanganligi va aholining turmush darajasi bo‘yicha mamlakatlar orasida keskin tafovutlar mavjud. Subregiondagi davlatlardan bu borada eng peshqadam davlatlar Barbados bilan Bagama orollari hisoblansa, eng qoloqlari qatoriga Dominika va ayniqsa, Gaiti Respub­likasi kiradi.
Shuningdek, maktab darsligida (9-sinf iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasida) Janubiy Amerika, Karib dengizi va Atlantika okeani havzasi mamlakatlari berilgan. Panama davlatidan janubda joylashgan barcha davlatlar hamda Karib va Atlantika havzasi mamlakatlari Janubiy Amerika, Karib dengizi va Atlantika okeani havzasi mamlakatlari deb ataladi. Ma’lumki, Amerika qit’asi kashf etilganidan so‘ng, ko‘p o‘tmay, Janubiy Amerika, asosan, Ispaniya va Portuga­liya tomonidan bosib olingan va mustamlakalarga aylantirilgan edi.
XIX asr davomida Janubiy Amerikadagi ko‘pchilik davlatlar o‘z musta- qilliklarini qo‘lga kiritdilar. So‘nggi mustamlakalar XX asming 1960-1970-yillariga kelib ozodlikka erishdilar (Gvianadan boshqa). Endilikda bu mintaqada 12 ta mustaqil davlat va 1 ta (Gviana) mustamlaka mavjud. Karib va Atlantika havzasida esa mamlakatlaming umumiy soni 27 ta.
Janubiy Amerika, Karib va Atlantika havzasi mamlakatlari umumjahon geografik mehnat taqsimotida alohida o‘rin tutadi. Bu mintaqa mamlakatlari, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar qatorida joylashgan.
Janubiy Amerikada 3 subregion ajralib turadi: Amazonka va La-Plata tekisliklari; And mamlakatlari; Karib havzasi va Atlantika okeanida joylashgan mamlakatlar. Mintaqaning umumiy maydoni 18,0 mln. km2 bo‘lib, unda 451 mln. kishidan ziyod aholi yashaydi. Shundan 17,8 mln. km2 maydon va 401,3 mln. ga teng aholi Janubiy Amerika materigiga to‘g‘ri keladi.

Yüklə 1,43 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   105




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin