Dehqonchilik madaniyatining ilk markazlari Neolit - insoniyat tarixida yangi faoliyat turlari, yangi texnologiyalar va yangi materiallar davridir. Neolit davrida ishlab chiqaruvchi xo’jalikka o’tilishi, ilk ijtimoiy mehnat taqsimоti – dehqonchilik va chorvachilikning alohida faoliyat turiga aylanishi sodir bo’ldi. Shu tariqa o’troq dehqonlar va ko’chmanchi chorvadorlar paydo bo’ldi, bu esa tarixiy taraqqiyotda notekislikni keltirib chiqardi va insoniyat sivilizatsiyaga turli yo’llar va turli sur’atlarda yo’l oldi.
Neolit inqilobi davrida dastlabki sivilizatsiyalarga asos bo’lgan ilk dehqonchilik majmualari yoki ilk dehqonchilik madaniyatlari vujudga keldi. Neolitda ilk dehqonchilik madaniyatlari shakllangan va rivojlangan bir nechta markazlar yuzaga keldi. Yaqin Sharqdagi Iordan-Falastin majmuasi alohida madaniy mintaqani tashkil etdi.
O’lik dengizdan shimolda, Iordan daryosi vodiysida Tell-as-Sulton tepaligi joylashgan. Ushbu tepalik “Bibliya”da “karnay sadolari vayron qilgan shahar” sifatida tilga olingan, taxminan m.a. 7500 yilda asos solingan va m.a. 6800 yilga qadar 2 000 aholi istiqomat qilgan yirik shahrga aylangan sopolsiz neolit manzilgohi bo’lmish Iyerixon qoldig’idir1.
Iyerixon xarobalari Ushbu madaniyat natufiya madaniyati an’analari asosida shakllangan. Sopolsiz neolit A manzilgohi 4 ga maydonni egallagan va haqiqiy ilk dehqonchilik manzilgohi bo’lgan. Iyerixonni o’rab turgan to’rt metr balandlikdagi tosh devorga balandligi 8 metr va diametri 7 metr bo’lgan dumaloq tosh minora tutashib turgan. Mudofaa inshootlarining mavjudligi nafaqat o’sha davrda turli qabilalar o’rtasidagi murakkab ziddiyatli holatdan, balki yetarlicha moddiy boyliklarning to’planganidan ham dalolat beradi. Iyerixon B davridagi xom g’ishtdan barpo etilib, poli ohak bilan suvalgan, devorlari qizil va qaymoqrangga bo’yalgan to’rtburchakli uylar yangi davrning o’ziga xos xususiyati - aholining farvon hayot kechirganligidan dalolat beradi. Murdalarni iyerixonliklar pol ostiga dafn etishgan, o’ziga xos udumfa rioya qilib kalla suyagini tanadan alohida saqlashgan.
Kichik Osiyo ham ilk dehqonchilik madaniyati rivojlangan alohida markazdir. Kichik Osiyoning janubi-g’arbidagi Xojilar manzilgohi m.a. VIII asr oxiri – VII asr boshlariga oid quyi qatlamlaridan poli va devorlari puxtalik bilan tekislangan va pardozlangan paxsa imoratlar topilgan.
Hozirgi Turkiyaning sharqida joylashgan Cheyyunyu Tepasida m.a. VIII ming yillikda tosh poydevorli, xom g’ishtdan qurilgan ikki qavatli uylardan iborat manzilgoh paydo bo’lgan. Yuqori qavatda turar joy xonalari, pastda omborxona va ustaxonalar joylashgan. Iyerixon singari, bu yerda ham poli ohak bilan tekis suvalgan, bo’yalgan qulay uylar jihozlarga ega. Sopol haykalchalar yasalgan, biroq spool idishlar uchramaydi.
Aholi ovchilik, ziroatchilik, chorvachilik bilan shug’ullangan. Cheyyunyudan topilgan tosh motigalar Old Osiyoning boshqa yerida uchramaydi. Va nihoyat, bu yerdan mis metallurgiyasining eng qadimgi izi – malaxit (mis rudasi) parchalari, sof mis va mayda mis buyumlar topilgan.