Tarix falsafasining mazmuni va muammolari Insoniyat bir necha ming yillik tarixga ega. Uning rivojlanish jarayonini tarix fani o‘rganadi. Tarix yunoncha Historian so‘zidan olingan bo‘lib, o‘tmish voqyealar haqida hikoyalar, bo‘lib o‘tgan hodisalar degan ma'noni anglatadi. U insoniyat o‘tmishining o‘ziga xosligini va umuman ko‘p xilligini manbaashunoslik va boshqa yordamchi fanlar tarixiy manbalari asosida o‘rganuvchi ijtimoiy bilimlar majmuini tashkil etadi.
Tarixiy jarayonlarning falsafiy tahlili bilan tarix falsafasi yoki istoriosofiya shug‘ullanadi. U mustaqil falsafiy fan sifatida o‘zining predmeti, kategoriyalar apparati va metodologik yondashuvlariga ega. Ilk bor «tarix falsafasi» tushunchasini Volter qo‘llagan. Nemis ma'rifatparvari Iogann Gotfrid Gerder(1744-1803) o‘zining «Insoniyat tarixi falsafasiga doir g‘oyalar» (1784) asarida ilk bor barcha xalqlarni o‘z ichiga qamrab olgan yagona umuminsoniy kelajakka olib keluvchi tarixiy jarayonning birligi g‘oyasini ilgari surdi. Jahon tarixiy jarayonini aynan shu tarzda anglashni u tarix falsafasining predmeti sifatida qaragan. Hozirgi davrga kelib, tarix falsafasi yoki istoriosofik bilimlar (jamiyat tarixining nazariy masalalari) tizimida uchta asosiy yo‘nalish ajratib ko‘rsatilmoqda. Bular: tarixiy jarayonni umumlashtirish (alohida «tarixlarni» yagona jahon tarixiga jamlash), tarixning ma'nosini axtarib topish va tarixiy bilish metodologiyasini yaratish3dan iborat. Tarixni falsafiy anglash jiddiy tadrijiy rivojlanishni kechirdi. Qadimgi Sharqda tarix tabiatdagi narsalarning va yil fasllarining almashinuvi kabi abadiy o‘z holiga qaytish jarayoni sifatida talqin etilgan. Masalan, Qadimgi Hind falsafasida hayotning harakati abadiy shaklda borishi (sansara) ta'limoti va u bilan bog‘liq kishilarning u yoki bu qilmishlari uchun beriladigan mukofotning muqarrarligi sifatida karma qonunining mavjudligi xaqidagi g‘oyalar muhim ahamiyat kasb etadi.