qaramay rasm-rusumlarni ado etish amaliyoti ham, jamiyat talablarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajarish
ham etnosning, uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining yaxlitligini ta'minlaydi.
Madaniyat vayronkor jarayonlarga qarshilik ko‘rsatadi, chunki u qadriyatlarni saralash
mexanizmlariga ega. Natijada sivilizatsiyaning tor tarixiy ahamiyat kasb etuvchi hodisalari
yo‘qlikka chekinadi, tarix uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan madaniy hodisalar esa
umuminsoniy madaniyat xazinasidan o‘rin oladi.
Bunyodkor hodisalarni ham, vayronkor
hodisalarni ham o‘z ichiga oluvchi sivilizatsiyadan farqli o‘laroq, madaniyat o‘zining insoniyligi,
ijobiyligi bilan tavsiflanadi. U inson faoliyati ijodiy asosining manbai hisoblanadi. Inson yaratgan
har qanday predmet madaniyat hodisasi hisoblanavermaydi, xuddi shuningdek har qanday inson
ham madaniyatli bo‘lavermaydi.
Madaniyatsizlik yoki madaniyat darajasining pastligi aholining bir qismi o‘z
madaniyatidan ajralib qolganini anglatadi. Savodsizlik, axloqsizlik, madaniy me'yorlarga muvofiq
bo‘lgan xulq-atvor, muloqot, mehnat ko‘nikmalari mavjud emasligi, tabiatga nooqilona
munosabat va madaniyatsizlikning boshqa shunga o‘xshash ko‘rinishlari oqilona bo‘lmagan
madaniy siyosat yoki uning umuman mavjud emasligi natijasidir. Ayni vaqtda madaniyatsizlik
ongli siyosat natijasi bo‘lishi ham mumkin.
Madaniyat inson faoliyatining barcha jabhalarini qamrab oladi,
jamiyatning iqtisodiy,
ijtimoiy, siyosiy va ma'naviy kichik tizimlarini birlashtiradi. Ammo madaniy jarayon chegarasi
sivilizatsiya, uning me'yorlari bilan belgilanadi. Madaniyat sivilizatsiyada chuqur ildiz otgan
bo‘lib, u bilan bir jon va bir tan hisoblanadi. Madaniyat va sivilizatsiyaning o‘zaro aloqasi shu
darajada kuchliki, aksariyat faylasuflar va olimlar bu tushunchalarni ayniy deb hisoblaydilar. Bu
bejiz emas: jamiyatning normal holatida ularni deyarli farqlab bo‘lmaydi. Sivilizatsiya va
madaniyat birdir: o‘z madaniyatisiz sivilizatsiya bo‘lmaganidek, sivilizatsiyasiz madaniyat ham
bo‘lmaydi. Madaniyat ham, sivilizatsiya ham normativ tabiatga ega. Ularning o‘rtasidagi farq
shundaki, sivilizatsiya madaniy jarayonga shart-sharoit yaratadi, uni tartibga soladi. O‘z navbatida,
madaniyat yangilik ijodkori sifatida sivilizatsiyaning rivojlanishiga zamin hozirlaydi. Ammo
madaniyat sivilizatsiya bilan ayniy emas. U sivilizatsiya belgilagan ijtimoiy me'yorlarni amalda
mujassamlashtirishni nazarda tutuvchi erkin faoliyatdir. Madaniyat jamiyat qadriyatlari, moddiy
va ma'naviy boyliklari majmuidir.
Sivilizatsiya elementlaridan biri sifatida madaniyat unga muvofiq bo‘ladi, lekin mustaqil
rivojlanishga qodir element sifatida u sivilizatsiya bilan ziddiyatga kirishishi mumkin. Mazkur
ziddiyatning mavjudligi madaniyatning ham, sivilizatsiyaning ham rivojlanish manbaidir.
Ularning o‘rtasida ayniylik nazariy jihatdan faqat sivilizatsiya madaniyatga o‘z hukmini to‘la
o‘tkazishi sifatida mavjud bo‘lishi mumkin. Bu hayot faoliyatining texnik-mexanik, ma'naviyatsiz
shakllari
hukm surishini, shaxsning ijodiy tashabbusi bo‘g‘ilishini anglatgan bo‘lur edi. Inson
hayotining barcha jabhalarida uning xulq-atvorini qattiq tartibga solish jamiyatni turg‘unlik
saltanatiga aylantiradi. U o‘zgarayotgan sharoitlarga moslashish qobiliyatini yo‘qotadi. Shu
sababli madaniyatning o‘limi muqarrar tarzda butun sotsiumni halokatga eltadi. Bu o‘z
halokatidan keyin bir vaqtlar gullab-yashnagan madaniyat xarobalarini qoldirgan sivilizatsiyalar
tarixida ko‘p karra kuzatilgan.
Ammo madaniyat va sivilizatsiya o‘rtasida tub tafovut mavjudligi ham sivilizatsiyaning
halokatiga sabab bo‘ladi. Shu sababli sivilizatsiya madaniyatni ijtimoiy nazorat qilish
mexanizmlariga ega bo‘ladi. Sivilizatsiya madaniyatning rivojlanishini belgilash va
rag‘batlantirish yo‘li bilan uni cheklaydi, o‘z manfaatlariga bo‘ysundiradi. Sivilizatsiyaning
yashovchanligi va faolligi sivilizatsiya mexanizmlarining madaniy shakllar rang-barangligini o‘z
ideallari va andozalariga bo‘ysundirish qobiliyati bilan belgilanadi.
Zero madaniyat vositalari
bilan sivilizatsiyaning rivojlanishi, uning yangi sharoitlarga moslashishi muammolari hal qilinadi.
Ayni vaqtda sivilizatsiyaning mavjudligi madaniyat vujudga kelgan andozalar, me'yorlar va
qoidalarga rioya qilishga o‘zini majburlovchi cheklashlar konservatizmiga chek qo‘yishga qay
darajada qodirligi bilan belgilanadi. Madaniyat o‘z tabiatiga ko‘ra qolip va andozalarga toqatsiz
bo‘lgan ijod sohasidir. Agar u qat'iy normativ cheklashlarga barham bera olmasa, sivilizatsiya,
aytaylik, ekologik halokatdan yoki aholi sonining o‘sishi va uni ommaviy halokat, ochlik va
kasalliklardan himoya qilish qobiliyati o‘rtasida ziddiyatlarning kuchayishi natijasida halok
bo‘lishi mumkin. Shu sababli madaniyat va sivilizatsiya o‘rtasidagi ziddiyatlar ularning rivojlanish
manbai hisoblanadi, ularning ayniyligi esa turg‘unlik va halokatni anglatadi.
Sivilizatsiya madaniy jarayonga umumiy shart-sharoit yaratadi,
u ulkan mintaqalar va
qit'alarni qamrab oladigan olamshumul hodisadir. Madaniyat sivilizatsiya yaratgan zaminda
vujudga keladi, individual, betakror, etnik xususiyat kasb etadi. Har bir sotsium individual
asosining ifodasi sifatida madaniyat bir sivilizatsiyaga mansub xalqlar o‘rtasidagi farqlarni
belgilaydi. U mazkur xalqqa xos bo‘lgan, uning etnik-ijtimoiy individualligini tashkil etadigan
omillar: til, tarixiy taqdir, din, boshqa xalqlar bilan aloqalar va hokazolarni xulq-atvor qoidalari,
odatlar, ma'naviy hayotda aks ettiradi. Ayni bir sivilizatsiya ko‘p sonli madaniyatlarni yaratadi.
Masalan, yevropa sivilizatsiyasi fransuz, nemis, ingliz va hokazo madaniyatlarni o‘z ichiga oladi.
Me'yorlar,
qoidalar, taqiqlar va amr-farmoyishlar majmui sifatida sivilizatsiya odamlar
faoliyatini o‘ziga bo‘ysundiradi, uni tartibga soladi. Madaniyat – mazkur normalarga muvofiq
amalga oshiriladigan erkin ma'naviy va moddiy faoliyat. Ammo normativ jihatdan maqbul bo‘lgan
har qanday harakat madaniy bo‘lavermaydi. Masalan, tosh qurol teng darajada madaniyat predmeti
deb nomlanishi, ayni vaqtda yashab qolish vositasi ham bo‘lishi mumkin. Erkin yunon dehqoni
yerga ishlov berishi madaniy faoliyat bo‘lishi mumkin, ayni shu ish qul tomonidan nazoratchining
qamchisi ostida bajarilishini esa, garchi qul erkin odam bilan ayni bir dehqonchilik amalini
bajarayotgan bo‘lsa-da, madaniy deb nomlash mumkin emas. XX asr sivilizatsiyasi o‘zidan keyin
inson tomonidan muhandislik hisob-kitoblariga ko‘ra, qurilish me'yorlari va qoidalariga muvofiq
yaratilgan chiriyotgan sun'iy dengizlarni qoldirdi. U Orol dengizini quritdi, lekin Kaspiy dengizida
suvni toshirib yubordi, natijada madaniyat ob'ektlarini suv bosmoqda.
Madaniyat inson faoliyati bilan uzviydir. Uning taraqqiyoti madaniy-tarixiy ijodda
individlar va ijtimoiy guruhlar ishtiroki bilan belgilanadi. Sivilizatsiya – o‘z-o‘zini quvvatlovchi
o‘zgarmas jamiyat, ijtimoiy statika manbai. Madaniyat – ijtimoiy dinamika manbai,
u tarix
talabiga javob berish va ijtimoiy o‘zgarishlarga zamin yaratishga qodir shaxslarni shakllantiradi
va ayni vaqtda o‘zi ham mazkur shaxslar tomonidan shakllantiriladi.
Dostları ilə paylaş: