XVIII asr o‘rtalarida sivilizatsiya tushunchasidan inson «tabiiy» holatining ziddi sifatida
foydalanilgan, sivilizatsiya taraqqiyotining mezoni sifatida esa ijtimoiy farovonlik g‘oyasi turli
ko‘rinishlarda ilgari surilgan. Kant sivilizatsiya va madaniyat o‘rtasida farq mavjudligini qayd
etgan. Shpengler sivilizatsiyani madaniyatning rivojlanishidagi bir bosqich sifatida tavsiflab, bu
farqni mutlaqlashtirgan. Uning (keyinchalik P.Sorokin, A.Toynbi va boshqa mutafakkirlarning)
konsepsiyasida sivilizatsiya madaniyatning zavol topish bosqichi sifatida, madaniyatda
mujassamlashgan tabiiy-hayotiy asosni siqib chiqaradigan texnik-mexanik elementlar saltanati
sifatida tavsiflanadi.
XIX-XX asrlarda amalga oshirilgan etnografik tadqiqotlar sivilizatsiyaning mazmunini
tushunishga muhim hissa qo‘shdi. Ular turli xalqlar ma'naviy dunyosi, hayoti, odatlari, iqtisodiyoti
va madaniyatining ulkan boyligi va rang-barangligini yoritib berdi. XIX asrning mashhur
etnograflaridan biri Ch.Teylor madaniyat va sivilizatsiya odamlar tarix jarayonida o‘zlashtiradigan
bilimlar, e'tiqodlar, ma'naviy-axloqiy konsepsiyalar, yuridik qoidalar, odatlar va amaliy
ko‘nikmalar majmuini ifodalaydi deb hisoblab, bu tushunchalar ayniydir degan xulosaga keldi.
I.A.Karimov “Har qanday sivilizatsiya ko‘pdan ko‘p xalqlar, millatlar, elatlar faoliyatining
va samarali tar'sirining mahsulidir. Bir so‘z bilan aytganda ko‘chmanchilar, bosqinchilar kelib
ketaveradi, lekin xalq boqiy qoladi, uning madaniyati abadiy yashaydi”
2
deb ta'kidlaydi.
Sivilizatsiya odamlar mavjudligi va ijtimoiyligining xususiyati va yo‘nalishini belgilaydi.
Ijtimoiy normalarning muhimligi ularni uzatishning tegishli usullari (kommunikatsiya
vositalari)ni va ularni mustahkamlovchi institutlarni shakllantirishni taqozo etgan. Har bir
sivilizatsiya ijtimoiy normalarda o‘ziga xos ifodasini topgan ijtimoiy tajribani aniqlash, saqlash va
avloddan-avlodga qoldirish alohida tizimini yaratgan. Jazolar tizimi, shuningdek jamoa, ommaviy
ong shakli sifatida din va uning nomidan ish ko‘ruvchi ijtimoiy institutlar ijtimoiy normalarni
saqlash va ijro etish kafili hisoblangan. Din va cherkov ta'sirida sivilizatsiya qiyofa kasb etgan.
Huquqiy normalarning tarmoqlangan tizimini o‘z ichiga olgan davlatdan iborat oliy hokimiyat
sivilizatsiyaning uni saqlashni kafolatlaydigan oliy birlashtiruvchi asos sifatida amal qilgan. Turli
sivilizatsiyalar davlat hokimiyatining turli: teokratik, tabaqaviy, huquqiy, siyosiy tizimlarini
yaratgan.
Markaziy Osiyoda sivilizatsiya axloq shaklida yuzaga kelgan. U o‘zida yaxshilik va
yomonlik, muhabbat va nafrat o‘rtasidagi kurashda yaxshilik va muhabbat g‘alabasi bilan bog‘liq
ma'naviy axloqiy me'yorlarni mujassamlashtirgan. Inson mohiyatida aks etuvchi bu me'yorlar
Sharq sivilizatsiyasining asosini tashkil qilgan.
Ijtimoiy munosabatlar, odamlar faoliyati va xulq-atvorini tartibga soluvchi normalar
universal tizimining ta'sirini o‘rganish sivilizatsiyalarning rang-barangligini tushuntirish imkonini
beradi. Ular, birinchidan, hukmron diniy va dunyoqarashga doir mo‘ljallarning o‘ziga xos
xususiyatlari va ularning siyosiy, ijtimoiy va madaniy jarayondagi o‘rni bilan; ikkinchidan,
ularning texnik-iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan; uchinchidan, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar
sur'ati, shuningdek ularning manbalari, mexanizmlari xususiyati va uyg‘unlik darajasi bilan farq
qiladi. Sivilizatsiyaning har bir tipi siyosiy tizimning o‘ziga xos xususiyatlari va o‘z huquqiy
qoidalarining xususiyati bilan tavsiflanadi. Sivilizatsiyalar axborotni kodlashtirish, saqlash va
avloddan-avlodga qoldirish usullari bilan ham bir-biridan farq qiladi.
Jamiyatning sivilizatsion asoslari sivilizatsiyalar tipologiyasida ayniqsa bo‘rtib namoyon
bo‘ladi. Bunda sivilizatsiyalarning yevropacha va noevropacha tiplarini farqlash muhim ahamiyat
kasb etadi. Bu farqlar shu darajada kattaki, yevropacha sivilizatsiya qadriyatlari uzoq vaqt oliy
qadriyatlar sifatida tavsiflangan. Xo‘sh, yevropacha va noevropacha sivilizatsiyalar o‘rtasidagi
farq nimada?
Ijtimoiy-siyosiy hayot xususiyatiga ko‘ra an'anaviy, liberal va oraliq sivilizatsiyalar
farqlanadi.
Dostları ilə paylaş: