Ya’ni, u jahon hamjamiyati hayotida ham ijobiy, ham salbiy kuch sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda texnikaviy-texnologik sohada katta imkoniyatga ega bo‘lgan mamlakatlar qulay sharoitga ega bo‘ladilar, mana shu ustunlik tufayli ular o‘z shaxsiy manfaatlariga mos keluvchi qadriyatlarni, nuqtai nazarlarni, g‘oyalarni, fikrlarni ilgari surishlari mumkin va surmoqdalar ham. Shunga ko‘ra ko‘pgina davlatlarda globallashuvga qarshi harakatlar yuzaga kelmoqda, bular yagona jahon uyg‘unlashgan axborot maydonini tuzishni rad etmoqdalar. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, globallashuvga qarshi harakatning o‘zi tobora global harakat tusini olmoqda. Zamonamizning o‘ziga xos jihatlaridan bo‘lib, har qanday mahalliy hodisa yoki voqea zamonaviy axborot texnologiyalari tufayli global hodisa yoki voqeaga aylanmoqda.
Jahon miqyosida kezib yuruvchi bunday axborotlar muayyan davlat manfaatlariga ta’sir etmay qolmaydi. Bu faqat shu axborot tarqaladigan alohida olingan bir mamlakatdagi ijtimoiy, siyosiy va jarayonlardan darak berishi bilangina emas, balki boshqa mamlakatlarning mazkur xabarlar haqida hech narsa aytilmagan auditoriyasi bularni o‘z davlatidagi holatga qiyoslashi bilan ham mazkur mamlakat manfaatlariga ham ta’sir etadi. Shu sababli davlatlar, hukumatlar o‘rtasida ayrim kelishmovchiliklar vaqti- vaqti bilan yuzaga chiqib turishi mumkin. Bunda kim haq yoki kim nohaq ekanligini aniqlash har doim ham oson bo‘lavermaydi.
Bularning barchasi axborot jarayonlarining globallashuvi bilan bog‘liq muammolar dolzarbligini yana bir karra ta’kidlaydi. Ammo mazkur muammolar tufayli axborot ishlab chiqarish va tarqatish imkoniyatlari tengsizligi paydo bo‘ladi. Bu obyektiv vaziyatni shunday deb qabul qilmoq kerak. Mamlakatlar bu boradagi o‘z ustunliklarini shaxsiy manfaatlarida foydalanish- lari boshqa gap. Mana shunday vaqtda munosabatlarda keskinlik yuzaga keladi, u ko‘p hollarda axborot kurashiga yoki boshqacha qilib aytganda psixologik urushga aylanib ketadi.
Har bir davlat buning ustida bosh qotirmoqda. Bu jahondagi yangi geosiyosiy taqsimot, yangi mintaqaviy nizolarning yuzaga kelishi, millatchilik, shovinizm, din niqobidagi ekstremizm, ekologik halokatning tahdidi kuchayishi, OITS, parranda grippi va boshqa yuqumli kasalliklarning tarqalishi bilan bog‘liqdir.
Yuqorida qayd etilganlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi uchun ham mazkur muammolar muhim ekanligi alohida ta’kidlaydi etadi. Buning dolzarbligi davlatimiz uchun milliy mustaqillikni yanada mustahkamlash, iqtisod va bozor munosabatlarini tadrijiy rivojlanishini ta’minlash, ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirishda yaqqol ko‘rinadi. Bunda kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish, milliy an’analarni hayotga qaytarish, bag‘rikenglikni tarbiyalash ham katta ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, mustaqil dunyoqarashga ega ma’lumotli kishilargina turli xil talqindagi axborotga ruhan barqaror qarshilik ko‘rsata oladilar. Bu birinchidan. Ikkinchidan, mana shunday kishilargina tegishli muhit yaratishlari va milliy g‘oyalarning darg‘alari bo‘lishlari mumkin.
Kursning predmeti bo‘lib, auditoriyada ochiq axborot tizim- larida aylanuvchi axborotlarni baholashga psixologik immunitet va ongli ravishda oqilona yondashishni tarbiyalash maqsadida ochiq axborot tizimlaridagi dolzarb axboriy - psixologik xavfsizlik muammolarini idrok etish hisoblanadi. Mazkur muammoning muhimligini yana yuqori texnologik kommunikatsiya vositalari amal qilayotgan sharoitlarda ayrim kishilar, jamiyat, davlat, jahon hamjamiyati xulq-atvori va harakatini hatto birgina axborot kanali yordamida boshqarishni amalga oshirishning ulkan imkoniyati paydo bo‘lganligi bilan izohlash mumkin. To‘fon, asteroidlar yaqinlashib kelayotgan haqidagi birgina xabar sayyoramizga zarar yetkazishi, hatto undagi hayotni barbod qilishi mumkin. Lekin bunday hodisalar tez-tez yuz berib turmaydi. Bulardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish mumkin emas. Bir yoki bir guruh mamlakatlarning milliy manfaatlari haqida so‘z borsa, bu boshqa gap. Bunday holatda manfaatdor mamlakat zarur natijaga ega bo‘lish uchun intilib, ham mamlakat ichkarisida ham xalqaro maydonda axboriy tadbir o‘tkazadi. Bugungi kunga kelib, iqtisodiy, siyosiy va boshqa maqsadlarga erishish uchun harbiy ustunlik yoki kuchning o‘zi yetarli emas. Raqib tomonga axboriy-psixologik tazyiq o‘tkazish ham zarur bo‘ladi. Iroqqa qarshi birinchi harbiy harakatlar vaqtida ham, ikkinchisida ham shunday bo‘lgan edi. Sobiq Sovet Ittifoqi parchalangandan so‘ng ayrim davlatlardagi rangli inqiloblar vaqtida ham shunday holat kuzatilgan edi. Afsuski, bu hol bizning zamonamizda xalqaro munosabatlarning ko‘rinishlaridan biriga aylanmoqda. Shuning uchun psixologik tazyiq o‘tkazishni minimum darajaga keltirish uchun hozirda biror jamiyatga ta’sir o‘tkazish maqsadida foydalanilayotgan shakl, usul va yo‘sinlarni o‘rganish shunday ta’sirga uchrashi mumkin bo‘lgan ayrim davlatlar, O‘zbekiston Respublikasi uchun ham nihoyatda muhimdir. Auditoriya u yoki bu axborotdan qanday maqsad ko‘zlagani, kimning manfaatiga xizmat qilishini aniq belgilashni o‘rganish talab etiladi.
Mana shuning uchun ham mazkur muammolarni tahlil qilishda axborotning shakli va mohiyati; axborot xavfsizligini ta’minlash; ochiq axborot tizimlarining o‘ziga xosligi; shaxs, jamiyat va davlat axborot-psixologik xavfsizligini ta’minlash manbalari va turlari; axborot sohasidagi milliy xavfsizlikni ta’minlashning ahamiyati va tamoyillari; OAV va axboriy qarama-qarshilik; axborot-psixologik xavfsizlikni ta’minlashda asosiy yo‘nalish va usullari; ochiq axborot tizimlarida shaxsning o‘z-o‘zini himoya qilishi; jamoatchilik fikri va jamiyat axboriy-psixologik xavfsizligi; O‘zbekiston OAVlari va jamiyatning psixologik xavfsizligi kabi mavzularini oydinlashtirish talab etiladi.
Yuqorida sanab o‘tilgan mavzularni o‘rganishda axborot, axboriy xavfsizlik, milliy manfaatlar, axborot sohasidagi milliy manfaatlarga bo‘lgan xavf va uning manbalari, jamoatchilik fikri, ochiq axborot tizimlari, globallashuv, axboriy qarama- qarshilik, axborot-psixologik kurash, OAVlari, onglilik, idrok etish, aks ettirish, manipulyatsiya qilish, psixologik qo‘poruvchilik, ijtimoiy targ‘ibot, jamoatchilik ongi, insonni xufyona boshqarish va boshqalarga alohida e’tibor qaratish joiz.
Psixologiya, sotsiologiya, falsafa, siyosatshunoslik OAV nazariyalaridan olingan bu tushuncha va terminlar fanni chuqurroq tushunishga, uning asosiy mazmunini, usullari va yo‘sinlarini, ya’ni ochiq axborot tizimlarida foydalanayotgan usullarni idrok etishga, demak, ijobiy g‘oyalarni salbiy g‘oyalardan farqlay olishga ko‘maklashadi. Ma’lumki, har qanday dalil, hodisa yoki voqea turlicha talqin etilishi shunga bog‘liq tarzda auditoriya tomonidan qabul etilishi ham mumkin. Shuning uchun avval boshidanoq, tushunchaviy apparatni belgilab olish, uni sharhlash lozim. Shundan kelib chiqqan holda biror hodisa yoki voqeani biz qanday idrok etishimiz va talqinimizni berishimiz darkor.