Prezidentlik. Ma’lumki, ko’pgina davlatlarda idora qilish va boshqarishda Prezidentlik tizimi mavjud. Ularning tashkiliy tuzilishi, mohiyatlari va eng demokratik tajribalarini o’rgangan holda Prezidentlik O’zbekiston Respublikasida hayotga tadbiq etildi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining XIX bobida «O’zbekiston Respublikasining Prezidenti» bobi alohida berilgandir. SHunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasida davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshlig’idir. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi, deyilgan. Bu vazifani yurtimizda 1- Prezidenti I.A.Karimov 1991 yildan 2016 yil sentyabrgacha bajarib keldi. Ularning olib borayotgan siyosatlari, rahbarlik faoliyatlari faqat mamlakatimizdagina emas, hatto jahon hamjamiyati davlatlari orasida ham alohida e’tiborga molikdir.
Vazirlar Mahkamasi. Yuqorida qayd etilganidek, Oliy Majlis qabul qilgan qonunlarning ijrochisi Vazirlar Mahkamasi hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tarkibini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tuzadi va uning Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanishi O’zbekiston Respublikasi Kontitusiyasi bilan kafolatlangan.
Vazirlar Mahkamasi xalq xo’jaligida barcha sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, qonunlar, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari asosida ta’minlaydi. SHuningdek, u amaldagi qonunlarga muvofiq O’zbekiston Respublikasi hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bu vazifalarni amalga oshirishda barcha vazirliklar, davlat ko’mitalari, konsernlar, jamoat tashkilotlarining faoliyatiga tayanadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o’z ish faoliyatida viloyatlar, shahar-tuman hokimiyatlari, qishloq-mahalla xalq deputatlari kengashlarining faoliyatiga suyanadi, ularning barcha faoliyatlariga rahbarlik qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi asosida davlatni idora qilishda huquqiy organlar sifatida yoki davlat hokimiyati organlari tarkibida sud, prokuratura, milisiya, harbiy kuchlar mavjud. Ular qonunlarni amalga oshirish, jinoyatchilikka qarshi va mudofaa hamda havfsizlik ishlarini bajarish bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport ishlarida ham ma’lum darajada ishtirok etadilar.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida tasdiqlangan jurnalistlar faoliyati bilan bog’liq bo’lgan qonunlarda davlatning to’rtinchi hokimiyati deb tan olingan matbuot organlari ham davlatni idora qilish, ular bilan bog’liq barcha faoliyatlarda, shuningdek, jismoniy tarbiya va sportni targ’ib qilishda bevosita faoliyat ko’rsatadi.
Shuni ham e’tirof etish kerakki, mamlakatda mutaxassis kadrlar tayyorlash, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ni amalga oshirishda o’quv yurtlariga ega bo’lgan vazirliklar, davlat qo’mitalari, boshqarmalar davlat idoralari sifatida faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Tabiiyki, barcha turdagi umumta’lim, o’rta maxsus va oliy o’quv yurtlarida jismoniy tarbiya o’quv jarayonining tarkibiy qismidir. SHuningdek, ularda ommaviy sog’lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya, sport, sayohat va xalq milliy o’yinlari o’quvchi yoshlarning jismoniy va ma’naviy kamolotini taraqkiy ettiruvchi vositalar sifatida xizmat qiladi. Bunday ijtimoiy-pedagogik jarayonlarni tashkil qilish, ularni moddiy va texnik jihatdan ta’minlashda davlat idoralari faoliyat ko’rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Mustaqil O’zbekistonda aholining ijtimoiy-madaniy turmush farovonligini yanada yaxshilash, ularning ma’naviy etuk, jismonan baquvvat bo’lib kamolotga etishishlarida davlat idoralarining faoliyatlari muhim ahamiyatga ega. Bunda «Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida»gi, «Ta’lim to’g’risida»gi va boshqa qonunlar, Respublika Prezidentining «Sog’lom avlod uchun» ordenini ta’sis etish to’g’risidagi /1993 yil/ farmoni hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish bilan bog’liq bo’lgan qator /1993 yil, 1996 yil, 1999 yil, 2000 yil/ qarorlari muhim ahamiyatga egadir. Bular, o’z navbatida, mamlakatimizda davlatni boshqarishdagi Oliy Majlis, Prezidentlik, Vazirlar Mahkamasi sud va ma’muriy idoralar tizimining afzalligidan dalolatdir.