8. Institutsional o`zgarishlar va institutlarning o`zaro bog`liqligi. Institutlar qanday ishlayotganligini, nima uchun ular asrlar mobaynida
mavjud bo`lishi va rivojlanishini, ularning “hayotiyligi” yoki barqarorligini
tushunish uchun institutsional o`zgarishlarga olib keluvchi sabablarni o`rganib
chiqish lozim.
Jamiyatning rivojlanish jarayonida institutlar shaklining o`zgarishi ro`y
beradi. Agar rasmiy qoidalarni u yoki bu qonun, farmonni qabul qilib o`zgartirish
mumkin bo`lsa, an’analar va urf-odatlarda ifodalanadigan norasmiy cheklovlarni
bir kunda o`zgartirib yoki tugatib bo`lmaydi. Ular yana uzoq vaqt amal qilishda va
jamiyat rivojiga ta’sir ko`rsatishda davom etadi.
Biroq institutsional tizimning o`zida doimiy ravishda o`zgarishlarga ehtiyoj
sezilib bo`lib turadi. T.Veblenning ta’kidlashicha, institutsional o`zgarishlarning
asosiy sababi shakllangan institutlar bilan o`zgargan sharoitlar, tashqi muhit
o`rtasidagi o`zaro nomuvofiqlik hisoblanadi [40].
D.Nort [40] institutsional o`zgarishlar sub’ekti sifatida yakka tartibdagi
tadbirkorni, institutsional o`zgarishlar manbai sifatida esa narxlar nisbatidagi
fundamental siljishlarni ajratadi.
O`zgarishlar mexanizmi quyidagicha: nisbiy narxlar tarkibidagi siljishlar
ishlab chiqarish omillarining narxlari o`rtasidagi narx ulushiga, axborot qiymatiga
va texnologiyalardagi o`zgarishlarga ta’sirni nazarda tutadi. Ushbu o`zgarishlardan
ayrimlari ekzogen xususiyatga ega (inqiroz, epidimiya va h.k.), biroq aksariyat
o`zgarishlar endogen xususiyatga ega bo`lib, insonlarning joriy faoliyati
kengayishi natijalarini aks ettiradi. Narxlar nisbatidagi fundamental o`zgarishlar
vaqt o`tishi bilan xatti-harakat eski odatlarining o`zgarishiga va insonlar
tomonidan xatti-harakat standartlarini hosil qiladigan omillarning aglab yetilishiga
olib keladi. Biroq, narxlar o`zgarishining g`oyalarga ta’siri darajasi to`g`risidagi
masala hozircha kam o`rganilganligicha qolmoqda.
D.Nortning fikriga ko`ra [46], mafkura institutsional o`zgarishlarning yana
bir manbai hisoblanadi. Mafkura deganda u insonlar ular orqali atrofdagi olamni
qabul qiladigan va baholaydigan sub’ektiv modelni tushunadi. Mafkuraviy
mayillik ham iqtisodiy hisob-kitoblardan holi emas: olamning sub’ektiv manzarasi
kimningdir foydali imkoniyatlarini chegaalashi qanchalik katta bo`lsa, uni qayta
ko`rib chiqishdan manfaatdorlik shunchalik kuchli bo`ladi.
Shunday qilib, institutsional o`zgarishlar texnika taraqqiyoti, yangi
bozorlarning ochilishi, aholi sonining o`sishi va hokazolar, ya’ni ular natijasida
tashkiliy va institutsional o`zaro hamkorlikning ilgari muvafaqiyatli faoliyat
ko`rsatgan alohida shakllari “foydasiz” bo`lib qoladigan jarayonlar oqibatida yuz
berishi mumkin. Yangi rasmiy normalar o`rniga boshqalari qabul qilinadi,
norasmiy normalarga amal qiladigan insonlar soni kamayib borishi bilan ular asta-
sekin yo`qolib boradi.
Institutlar paydo bo`lishining o`ziga xos jihatlari shundaki, ular o`zlari
paydo bo`lishidan avval amal qilgan normalar va sharoitlarga bog`liq hisoblanadi.
Shu tariqa, har qanday yangi institut, mavjud iqtisodiy yoki ijtimoiy sharoitlar (institutsional matritsa) tomonidan belgilab beriladi. Institutsional o`zgarishlar
sezilarsiz tarzda kechishi ham, yoki o`zgarishlar, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy-
iqtisodiy tizimning tezda takomillashuviga olib kelishi ham mumkin.
Institutsional o`zgarishlar eski va yangi institutlar o`rtasidagi o`zaro
bog`liqlik xususiyati ham katta rol o`ynaydi. D.Nort bog`liqlikning quyidagi
turlarini ta’kidlaydi [46]:
Birinchisi – rivojlanishning avvalgi yo`liga bog`liqlik – chuqur aloqa, yangi
institutlarning faqatgina eski institutlar negizida paydo bo`lishini ta’minlovchi
yangi institutlarning eski institutlarga kuchli bog`liqligi.
Ikinchisi – mutlaq yangi institutlarning paydo bo`lishiga bo`shliq mavjudligi
orqali belgilanadigan nisbatan kamroq.
Bog`liqlikning ushbu ikki xili evolyutsion xususiyatga ega, chunki eski
institutlardan yangi institutlarga o`tishda izchillikka amal qilinadi. Evolyutsion
o`zgarishlar jiddiy iqtisodiy larzalar sodir bo`lmagan va ularning jahon ishlab
chiqarishidagi ulushi ustun bo`lgan bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning
institutsional tizimlariga xosdir. Izchilligiga qaramay evolyutsion o`zgarishlar sifat
jihatdan ilgari siljishlarni istisno etmaydi – miqdoriy-sifat o`zgarishlar dialektikasi
o`z kuchida qoladi.
D.Nort tomonidan ajratilgan bog`liqlikning uchinchi xili – eski va yangi
institutlar o`rtasida yaqqol aloqa (bog`liqlik)ning mvjud emasligi – inqilobiy
xususiyatga ega. Inqilobiy o`zgarishlar jamiyat rivojlanishining avvalgi o`zgarish
chizig`iga amal qilishni nazarda tutmaydi va tafakkur tarzi odatlari va
an’analarining tubdan o`zgarishi bilan kuzatiladi.
Hatto iqtisodiy tizim samaradorligining oshishiga xizmat qiluvchi inqilobiy
o`zgarishlar ham aholining ko`plab guruhlari uchun jiddiy ijtimoiy oqibatlarni
keltirib chiqarishi mumkin. Bunga bir yaqqol misol tariqasida XV-XVIII asrlarda
Angliyada ro`y bergan agrar sohadagi tub burilishlar bilan bog`liq institutsional
o`zgarishlarni keltirish mumkin.
Rasmiy qoidalar va norasmiy normalarni muvofiqlashtirish. Rasmiy
qoidalar va norasmiy normalarning muvofiqlashtirilishi jamiyatda muhim rol
o`ynaydi, chunki u institutlar mavjud tizimi faoliyat ko`rsatishining
samaradorligiga katta ta’sir ko`rsatadi.