3-mavzu: Organizmlarning tarqalish omillari
Reja:
Ekologik omillar haqida tushuncha.
Abiotik omillar.
O’simliklarni yorug’likka bo’lgan munosabati.
Termoregulyatsiya.
O’simliklar suv bilan ta’minlanishi.
Suv muhitidagi hayot va Okeanlarning ekologik zonalari.
Biotik omillar.
Antropogen omillar.
Organizmlarning hayot shakllari.
Tayanch iboralar: Biotik, Antropogen, hayot shakllari, stsiofitlar, geliofit, fanerofitlar, xamefitlar, gemikriptofitlar, kriptofitlar, gidatofitlar, gidrofitlar, gigrofitlar, mezofitlar, kserofitlar, abiotik omillar, yo r u g’ l i k.
Yerda hayot paydo bo’lganiga 1 milliard 700 million yil bo’lgan deb faraz qilinadi. SHu davr ichida vujudga kelgan barcha tirik organizmlar hayoti doimo tashqi muhit bilan bog’liq holda qator o’zgarishlarga duch kelgan. Tashqi muhit ko’pgina ekologik omillardan iborat. Bu omillar odatda uch guruhga bo’lib o’rganiladi: abiotik (yoki o’lik omil), biotik (tirik omil) va antropogen (yoki inson omili). Odatda ekologik omillar barcha tirik organizmlarga bir vaqtda kompleks ravishda bevosita yoki vositali ta’sir ko’rsatadi. Ammo bu omillarning har birining ta’sirini aniqroq, yaxshiroq tasavvur etish uchun ular alohida-alohida olib o’rganiladi. Organizmning tevarak atrofini o’rab olgan va vositali hamda vositasiz ta’sir etuvchi bu omillar yig’indisi shu organizmning yashash muhitini tashkil etadi. Demak, muhit ekologik tushuncha bo’lib, ko’proq geografiya fanlarida qo’llaniladi, ekologik omil esa biologik tushunchadir. Ekologik omil tushunchasi tashqi muhit tushunchasiga nisbatan birmuncha torroq ma’noga ega bo’lib, muhitning ayrim unsuri hisoblanadi, Ekologik omil xillari quyidagi jadvalda ko’rsatilgan (1-jadvalga qarang).
Muhitning ayrim ekologik omillari har biri birgalikda yashayotgan organizmlarning barchasi uchun yoki har xil turlar uchun turlicha ta’sir etishi mumkin va turlicha ahamiyat kasb etadi. Masalan, tuproqdagi tuzlar miqdori va tarkibi o’simliklarning oziqlanishida muhim ahamiyatga ega bo’lsa, hayvonlar uchun uning ahamiyati uncha katta emas. Yoki qishki kuchli shamollar ochiq havoda yashovchi yirik hayvonlarga salbiy ta’sir ko’rsatsa, inida yoki qor ostida yashovchi kichik hayvonlarga deyarli ta’sir etmaydi va hokazo. Ammo shuni aytish kerakki, ekologik omillarning organizmga ta’sir etish xarakteri qanchalik xilma-xil bo’lmasin ularning barchasi uchun quyidagi bir necha umumiy qonuniyatlarni ko’rsatish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |