Jumayev bekzod rajabovichning


I BOB. QONUNCHILIKNI TIZIMLASHTIRISHNING UMUMIY TAVSIFI



Yüklə 58,6 Kb.
səhifə2/9
tarix29.04.2023
ölçüsü58,6 Kb.
#104862
1   2   3   4   5   6   7   8   9
O’zbekiston Respublikasida qonunchilikni tizimlashtirishda milliy va umuminsoniy tajribaga tayanish

I BOB. QONUNCHILIKNI TIZIMLASHTIRISHNING UMUMIY TAVSIFI
1.1. Qonunchilikni tizimlashtirishning tushunchasi va mohiyati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining dastlabki yillaridanoq jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari kabi huquqiy soha ham turli hodisalar va jarayonlarga boy bo‘ldi. Huquqiy sohadagi eng asosiy o‘zgarishlardan biri – mamlakatimizda qonunchilik faoliyati qizg‘in tus olganligi va kundan-kunga rivojlanib borayotganligidir. Ana shunday bir sharoitda qonunlar sifati masalasi kun tartibidagi dolzarb muammolardan biriga aylanishi tabiiy. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakat huquq tizimidagi tub o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
Mamlakatimiz ijtimoiy taraqqiyotining yangi bosqichida qonunchilikni sistemalashtirish muammosi katta huquqiy va ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Jamiyatimiz rivojining mustaqillikni mustahkamlash bosqichida qonunchilikni sistemalashtirish muammosi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tushunchalar, ular o‘rtasidagi o‘zaro nisbat masalalarining tub mohiyatini ochib berish davlat va huquq nazariyasi oldidagi dolzarb masalalardan biridir.
“Sistema”, “huquqiy sistema” va “huquq sistemasi” tushunchalari, ularning nisbatini aniqlab olish qonunchilikni sistemalashtirish tushunchasining mazmunini ilmiy yoritib berish va mohiyatini ochishga imkon beradi.
Sistema (yunon. sustem) – qismlardan tarkib topgan butun, qismlardan tarkib topgan tizim, birikma. O‘zaro munosabatda va aloqalarda bo‘lib, butunni (yaxlitlikni) hosil qiluvchi unsurlar to‘plamidan iborat yoki “sistema – yaxlit bir butunlik sifatida tashkil topgan obektni ifodalovchi falsafiy kategoriya” dir.
Shu o‘rinda, huquqiy kategoriyalar aks ettirilayotgan obekt yoki hodisaning mohiyatini ifodalashga xizmat qiladi. Ushbu obekt yoki hodisaning boshqalaridan ajralib turadigan hususiyatlarini, uni tashkil qiluvchi belgilarini ko‘rsatib berishini, falsafiy kategoriyalarning hususiyati esa, narsa va hodisalar(jarayonlar)ning faqat yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan alohida belgilarinigina aks ettirib qolmay, balki ular o‘rtasidagi qonuniyat aloqalari, ularning bir-birini keltirib chiqarishi, o‘zaro aloqalari va qarama-qarshi tomonlarini ham aks ettirishini qayd etish lozim.
Huquqiy tizim rivojlanishi mexanizmini ochish qonunchilikning takomillashuviga u yoki bu darajada ta’sir etuvchi huquqiy omillarning rolini aniqlash bilan birgalikda qonunchilikni sistemalashtirishning mohiyatini anglash uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Huquqiy tizim va huquq tizimining nisbati, milliy huquq tizimi taraqqiyotiga ta’sir etuvchi omillarning tabiati, o‘rni va roli masalasi bugungi kunda davlat va huquq nazariyasi fani nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Chunki ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar huquqiy hayotga ta’sir etib, huquqiy hayot sur’atlarini, qonunchilik strukturasini ham o‘zgartirmoqda. Bunday omillar qatoriga jamiyatdagi huquqiy madaniyat, huquqiy ong, huquqiy an’analar, shuningdek, ijtimoiy munosabatlarga ta’sir etuvchi turli huquqiy hodisalar kiradi.
Qonunchilikni tizimlashtirish metodologiyasiga nisbatan bunday yondashuv u yoki bu huquqiy faoliyat shakllarining qonunchilikni tizimlashtirishdagi ishtiroki qandayligini, “sistema”, “sistemalilik”, “sistemalashtirish” tushunchalarining ahamiyatini, ularning ilmiy asoslarini, qonunchilikni sistemalashtirishning ilmiy muomalaga kiritilishi, tarixini, ushbu muammoga bo‘lgan ilmiy qarashlarni, qonunchilikni sistemalashtirishning mazmuni, maqsadlari, funksiyalari va vazifalarini tushunib olishga ko‘maklashadi.
Buning uchun avvalambor “huquqiy tizim” va “huquq tizimi” tushunchalari hamda ularning jamiyatdagi barqaror hayotni ta’minlashdagi funksional faolligi tavsifiga to‘xtalib o‘tish lozim.
“Biron bir tizimni chuqurroq anglash uchun tizim asosida yotadigan shu mezonlarni aniqlash ahamiyatga molikdir. Bunday aniqlash huquq tizimini o‘rganish uchun ham zarur bo‘lib, uning natijasida biz yaxlit huquqning tarkiban nimalarga asoslanib “qurilganligi”, huquq normalarining jamlanishi va guruhlarga bo‘linishi asosida nimalar yotganligini bilib olamiz”.
Adabiyotlarda ta’kidlanishicha, huquq tizimi – tartibga solish predmeti(tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar xususiyati va murakkabligi) hamda tartibga solish usuli (to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma berish usuli, ijozat etish usuli va b.)dan kelib chiqib huquqiy normalar yig‘indisining huquq tarmoqlari (konstitutsiyaviy, ma’muriy, fuqarolik, jinoyat huquqi va sh.k.) hamda huquq institutlari(saylov huquqiy, mulkchilik instituti, zaruriy mudofaa va sh.k.)ga bo‘linishidir.
Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, huquq tizimi ijtimoiy hayot asosida yotadigan murakkab jarayonlar boshqaruvini ta’minlaydi. Huquq tizimi va huquqiy tizim hamda ular nisbati haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish qonunchilik, xususan, qonunchilikni tizimlashtirish ishlarini amalga oshirishda tizimli yondashuvni taqozo etadi.
Shuningdek, huquq tizimi – huquqning iqtisodiy va ijtimoiy tuzumdan kelib chiqqan tuzilishi bo‘lib, yuridik normalarning ichki muvofiqligi hamda birligi va ayni paytda ularning tegishli tarmoqlar hamda institutlarga bo‘linishini aks ettirishi, u huquqning ijtimoiy munosabatlar xususiyatidan kelib chiquvchi ichki holati (yoki tuzilishi) bo‘lib, bu tizimni tashkil etuvchi huquq normalarining huquq institutlari, kichik tarmoqlari va tarmoqlariga birlashishida namoyon bo‘lishiga ko‘proq urg‘u beriladi.
Bu ta’riflar huquq tizimini tashkil etuvchi va jamiyat hayotiy faoliyatini ta’minlovchi ijtimoiy hodisalar, munosabatlar o‘rtasida qanday murakkab o‘zaro aloqalar mavjudligidan dalolat beradi. Ushbu o‘zaro aloqalarni bilib olish huquqning ijtimoiy organizmga ta’siri mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi. Chunki huquq tizimi har xil ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi turli normalarni o‘z ichiga oladi va “huquqni o‘rnatish faoliyatining turli shakllari (qonun chiqarish, ayrim davlatlarda pretsedent huquqi normalarini o‘rnatish va sh.k.), shuningdek, bunday faoliyat natijalari (normativ-huquqiy va huquq o‘rnatuvchi hujjatlar)ni tizimlashtirishning ilmiy asosi sifatida namoyon bo‘ladi”.
Shu bilan birga, fikrimizcha, huquqiy tizim iborasi keng va tor ma’noda ham ishlatilishi mumkin. Tor ma’noda muayyan bir davlatning milliy huquqiy tizimi tushunilsa, keng ma’noda esa, birinchi I.A.Karimov ta’biri bilan aytganda “huquqiy tizim mohiyatan bir turdagi huquqiy dastur-ul-amal va jarayonlarning tegishli ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida nisbatan mustaqillik, barqarorlik, faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha tashqi muhit bilan o‘zaro aloqada bo‘lish avtonomligiga ega bo‘lgan, tuzilmaviy tartibga solingan birlikka birlashishidir”.
Huquq tizimi va huquqiy tizim nisbati haqida shuni aytish mumkinki, huquqiy tizimning tarkibiy qismlari, ya’ni kichik tizimlari birlashgan, yaxlit holatda, tuzilmaviy tartibga solingan, faoliyat ko‘rsatishda nisbatan mustaqil bo‘lib, u o‘z yaxlitligi doirasida tarkibiy qismlarning ko‘rinishini sezilarli o‘zgartirishga va yangi kichik tizimlar yaratishga olib keladi. Huquq tizimi esa organik tizim bo‘lib, uning umumiy tuzilishi va tarkibiy qismlari o‘rtasidagina dialektik nisbat mavjud bo‘ladi. Huquq tizimining rivojlanishi o‘z mohiyatiga ko‘ra murakkab dialektik jarayon bo‘lib, u tarmoqlar, kichik tarmoqlar, institutlar va subinstitutlarga bo‘linishida namoyon bo‘ladi. Huquq tizimidagi o‘zgarishlar, o‘z navbatida, qonunchilikka ham ta’sir qilishi tabiiydir. Jumladan, “xuddi huquq tizimidagi kabi qonunchilik tizimida ham bir vaqtning o‘zida ham birlashish (integratsiya), ham tabaqalashish (differensiatsiya) jarayonlari namoyon bo‘lishini qayd etish mumkin”.
Ba’zi mualliflar ijtimoiy munosabatlar xilma-xil bo‘lsa-da, mazmunan muayyan guruhlarga birlashishi, boshqacha qilib aytganda, ular ma’lum darajada ixtisoslashishi va natijada yaxlit bir makrotizimni tashkil etishini, bu obektiv jarayon o‘z navbatida ushbu tizimni tartibga soladigan huquq normalarining ham tegishlicha guruhlanishi, tizimlanishini belgilashini ta’kidlaydilar.
Shunday ekan, “huquq tizimi va qonunchilik tizimi – o‘zaro mustahkam bog‘langan kategoriyalar bo‘lib, yaxlit hodisa ya’ni huquqning ikki jihatini ifodalashi”ni nazarda tutib, “huquq tizimi mazmunan – huquqning u tartibga soladigan ijtimoiy munosabatlar xususiyatiga mos keladigan ichki tuzilishi”, qonunchilik tizimi esa – huquqning tashqi shakli bo‘lib, uning manbalari qurilishini, ya’ni normativ-huquqiy hujjatlar tizimini aks ettirishi haqidagi fikrlarga qo‘shilish mumkin.
Yuqorida keltirilgan fikrlarni tahlil etgan holda aytish mumkinki, huquq tizimi qonunchilik tizimining tuzilishi va rivojlanishini belgilab beruvchi muhim omillardan biri hisoblanadi.
Huquq tizimining yuqorida ta’kidlangan obektiv birligi va bu birlik ichida huquq tarmoqlariga bo‘linishiga muvofiq holda qonunchilik tizimi ham shakllanadi.
Qonun ijodkorligining bir xususiyati shundan iboratki, bu faoliyat natijasida vakolatli davlat hokimiyati organlari tomonidan va turli tarixiy davrlarda qabul qilingan juda ko‘plab hujjatlarni o‘z ichiga olgan qonunchilik yuzaga keladi. Bu o‘z navbatida vaqti-vaqti bilan tizimlashtirish orqali qonunchilikni tartibga solib turishni taqozo etadi.
Huquqiy adabiyotlarda qonunchilikni tizimlashtirishga berilgan turli ta’riflarni, qarashlarni uchratish mumkin. Jumladan, “qonunchilikni tizimlashtirish amaldagi huquqiy tizimni rivojlantirish va tartibga solishning doimiy shakli” bo‘lib, u, avvalambor, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning butun majmuini tartibga solish, yiriklashtirish, ma’lum ilmiy asoslangan tizimga keltirish, turli qonunlar to‘plamlari va yig‘indilarini nashr etishni taqozo etadi.
Qonunchilikni tizimlashtirish, avvalambor, qonun chiqaruvchi hokimiyat uchun o‘ta muhimdir. Tizimlashtirish yangi qonunlar chiqarishda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olishga imkon yaratadi, normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida o‘zaro muvofiqlikni ta’minlashga ko‘maklashadi, eskirgan normalarning takrorlanishiga barham beradi, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning eng maqbul vositalarini tanlab olishga sharoit yaratadi.
Har qanday faoliyat kabi ushbu faoliyat ham o‘zining maqsadi va vazifalariga ega. Ta’kidlash joizki, normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish faqat qonun chiqaruvchi hokimiyat uchun muhim bo‘libgina qolmay, balki huquqni qo‘llash faoliyati va barcha fuqarolar uchun ham katta ahamiyatga ega.
Fikrimizcha, qonunchilikni tizimlashtirishning yana bir muhim ahamiyati shundan iboratki, hozirdanoq amaldagi normativ-huquqiy bazani tartibga solib borish kelajakda juda ko‘p miqdorda to‘planib ketish xavfi sezilayotgan huquq normalarini tez topish va ularni qo‘llashni osonlashtiradi.
Qonunchilikni tizimlashtirish mohiyatan barcha normativ-huquqiy hujjatlarni ma’lum tizimga keltirish bo‘yicha butun faoliyatni, jumladan inkorporatsiya, konsolidatsiya, kodekslashtirish hamda ushbu faoliyatning oddiy shakli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olishning yig‘indisini anglatadi.
Huquqiy adabiyotlardagi qonunchilikni tizimlashtirish muammosiga nisbatan turlicha qarashlarni umumlashtirgan holda ushbu tushunchaga quyidagicha ta’rif berishni lozim topdik: Qonunchilikni tizimlashtirish – amaldagi huquqiy tizimni rivojlantirish va tartibga solish shakli, huquqiy normalar mazmunini unifikatsiyalash va ularni vakolatli organlar tomonidan qo‘llash hamda fuqarolar tomonidan foydalanishni qulaylashtirish vositasi, huquq subektlarini zarur normativ axborot bilan ta’minlash, jamiyat huquqiy ongini shakllantirish usuli, normativ-huquqiy hujjatlar mazmunidagi takroriy, o‘xshash normalarni birlashtirish, eskirgan normalarni bartaraf etish vositasi va nihoyat, ijtimoiy hayot talablaridan kelib chiqqan holda mavjud qonunchilik hujjatlarini yig‘ib, bir tizimga keltirish faoliyatidir.
Qonunchilikni tizimlashtirishning mohiyati huquqning mohiyatidan kelib chiqadi va bizningcha, o‘zining bir nechta xususiyatlariga ega bo‘ladi. Bunday to‘xtamga kelishimizning boisi, birinchidan, qonunchilikni tizimlashtirish umumiy huquq nazariyasining tarkibiy instituti tarzida maydonga chiqsa, ikkinchidan, huquqning mohiyatini tashkil qiluvchi xususiyatlardan biri aynan adabiyotlarda qayd etilganidek, uning muayyan tarzda tizimlashganligidir. Qonun ijodkorligida ifodalangan huquq normalari muayyan sistemaga – o‘zaro bog‘liqlik va muvofiqlikka ega bo‘ladi. Ongdagi va axloqdagi normativ-huquqiy yo‘nalishlar bu xususiyatga ega emas. Qonunchilik yangi huquq normalarini mustahkamlab, ularni albatta amaldagi qonunlarga muvofiqlashtiradi. Faqat muayyan tizimli amaldagi rasmiy huquq o‘z oldidagi vazifalarni bajara oladi”.
Yuqoridagi talqin asosida shuni qayd etishimiz mumkinki, qonunchilikni tizimlashtirishning mohiyati quyidagi xususiyatlarni qamrab oladi:
Birinchi xususiyat, qonunchilikni tizimlashtirish siyosiy-huquqiy va ijtimoiy hodisadir. Uni amalga oshirish mobaynida davlat va jamiyat hayotining farovonligini, taraqqiyotini belgilaydigan, inson manfaatlariga xizmat qiladigan qonunchilik yaxlit tizimga solib boriladi.
Ikkinchi xususiyat, qonunchilikni tizimlashtirish normativ-huquqiy hujjatlarni mujassamlashtirishga xizmat qiladi. Bu mujassamlashuv huquq normalarini, huquq sohalarini, huquq institutlarini va umumiy huquqni birlashtirish orqali amalga oshiriladi va mazkur ish qonunchilikni tizimlashtirish shakllarining xususiyatlaridan kelib chiqib turli darajalarda belgilanadi.
Uchinchi xususiyat, qonunchilikni tizimlashtirish jarayonida belgilab qo‘yilgan qoidalar, shakllangan xalqaro va milliy tajribadan kelib chiqib, normativ-huquqiy hujjatlar muayyan tizimga solinadi. To‘g‘ri, oddiy qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjat ham tayyorlanishi jarayonida ichki tizimga solinadi, lekin qonunchilikni tizimlashtirishda undan farqli o‘laroq ikki yoki undan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarni jamlash barobarida tizimlashtirish amalga oshiriladi.
To‘rtinchi xususiyat, qonunchilikni tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlar tizimidagi takroriyliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi, shakl va mazmuni bir-biriga o‘xshash bo‘lgan normalarni yagona normaga uyg‘unlashtiradi va shu yo‘l bilan qonunchilik tizimi mazmunidagi huquqiy normalar, uning asnosida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni son jihatdan qisqartiradi.
Beshinchi xususiyat, huquq normalari o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, nomuvofiqliklarni bartaraf etadi. Buning natijasida qonunchilik tizimi mazmunida normalar o‘rtasidagi ichki muvofiqlikni ta’minlaydi.
Oltinchi xususiyat, qonunchilikni tizimlashtirish mohiyatiga ko‘ra protsessual harakat bo‘lib, tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlari (mansabdor shaxslar), mutaxassislar, olimlarning faoliyatida namoyon bo‘ladi.
Shunisi e’tiborga molikki, qonunchilikni tizimlashtirish ishlari ham huquq ijodkorligi, ham huquqni qo‘llash jarayonlarida amalga oshiriladi.
Yettinchi xususiyat, qonunchilikni tizimlashtirish o‘zining ayrim shakllari orqali normativ-huquqiy hujjatlarning joylargacha borib yetishini hamda markazdagidek, mahalliy hududlarda ham huquqiy axborot bazalarining o‘z vaqtida yangilanishini, takomillashuvini ta’minlaydi.
Sakkizinchi xususiyat, huquqni tatbiq etuvchi, huquqni qo‘llovchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining (mansabdor shaxslarining) qonunchilik hujjatlaridan foydalanishlarida qulayliklar yaratadi.
To‘qqizinchi xususiyat, aholining normativ-huquqiy hujjatlardan voqif bo‘lish, ularni bilish (huquqiy ong) darajasini oshirish orqali jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘ninchi xususiyat, normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy matnlarining but va kafolatli saqlanishini ta’minlaydi.


Yüklə 58,6 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin