2. O’simliksimon xivchinlilar kenja sinfi.
3. Xivchinlilar sinfining rivojlanish bosqichlari.
Xivchinlilarga tabiatda juda keng tarqalgan va xilma-xil tuzilgan bir hujayralilar kiradi. Hamma xivchinlilarning harakat organoidlari bitta yoki bir nechta xivchinlar hisoblanadi. Xivchinlar sitoplazmadan hosil bo'lgan qilga o'xshash ingichka o'simtalardan iborat. Xivchinlilar sitoplazmasi ham birmuncha quyuq gomogen ektoplazma va donador suyuqroq endoplazmaga ajraladi. Ektoplazmaning sirtqi qavati qattiq va elastik qobiq – pillikulani hosil qiladi. Ko'pchilik xivchinlilar tanasi doimiy shaklga ega bo'lishi bilan sarkodalilardan farq qiladi. Shu bilan birga ayrim xivchinlilar tanasida qattiq qobiq bo‘lmaydi va ular sarkodalilarga xos bo‘lgan psevdopodiylar hosil qilish xususiyatiga ega. Sarkodalilar hayot siklining ayrim davrlarida xivchinli gametalar hosil qilishi ilgari ko'rsatib o'tilgan edi. Xivchinlilar bilan sarkodalilar o'rtasida bu o'xshashlik ikkala sinfni bitta sarkomastigoforalar tipiga birlashtirish uchun asos qilib olingan.
Xivchinlarning tuzilishi elektron mikroskop ostida tekshirilganda ular ikki qismdan iborat ekanligi aniqlandi. Xivchinning lokomotor (harakatlanish) funksiyasini bajaruvchi uzun qismi tana sirtida joylashgan. Uning kalta bazal tanachasi ektodermada joylashgan bo'lib, kinetosoma (harakatlantiruvchi tana) deyiladi. Tashqi tomondan xivchin uch qavat membrana bilan o'ralgan. Bu membranalar hujayra membranalari bilan bog'langan bo'lib, ularning davomi hisoblanadi. Xivchinning membranasi ostida 9 ta fibrillalar (tolalar) halqa hosil qilib joylashgan. Har bir fibrillalar o'zaro yopishgan ikkita naychadan iborat. Ular periferik fibrillalar deyiladi. Xivchinning markazi bo'ylab yana ikkita fibrilla o'tadi. Markaziy fibrillalar ektoplazma sirtidagi aksial donachadan boshlanadi. Markaziy fibrillar tayanch, periferik fibrillar esa lokomotor harakatlanish funksiyasini bajaradi.
Xivchinlilar hayvonlar bilan o'simliklar dunyosini bog'lab turuvchi zveno hisoblanadi. Bu sinf doirasida morfologik jihatdan o'zaro yaqin bo'lgan ayrim turlar ham modda almashinuvining turli guruhlariga mansub bo'lishi mumkin. Xivchinlilar har xil muhitda hayot kechirishga moslashgan 8 mingga yaqin turlarni o'z ichiga oladi. Ko'pchilik turlari dengizda yashaydi va planktonning asosiy qismini tashkil etadi. Chuchuk suv havzalarida ham xivchinlilar keng tarqalgan. Suv havzalarida xivchinlilarning turlari va ularning massasi suvning organik chiqindilar bilan ifloslanishiga bog 'liq bo'ladi. Xivchinlilar orasida ko'p turlari har xil hayvonlar va odamning ichagi, qoni, terisi va jinsiy bezlar yoiida parazitlik qiladi.
Oziqlanish va moddalar almashinuvi xususiyatlariga binoan xivchinlilar ikkita kenja sinf: o‘simliksimon va hayvonsimon xivchinlilarga ajratiladi.