3. JAMIYAT RIVOJLANISHIGA TA’SIR ETUVCHI OMILLAR
Ishlab chiqarish kuchlarining rivoji, mulkiy va ijtimoiy tengsizlik (shu jumladan, sinfiy farqlanishlar ham) shubhasiz ibtidoiy jamoa tuzumining inqirozi va urug’-qabilachilik hokimiyatining davlatga aylanishida birinchi darajali ahamiyatga ega bo’lgan. Biroq davlatning vujudga kelish sabablari va shart-sharoitlari faqat shu omillar bilangina cheklanmaydi. Urug’chilik jamoasining alohida oilalarga bo’linib ketishi, aholining hududiy joylashuvga o’ta borishi, urushlarning tez-tez sodir bo’lib turishi, qabilalar harbiy tashkilotlarning kuchayishi, din ta’sirini ham ular qatoriga kiritish lozim4. Shuningdek, jamiyatning rivojlanishiga tabiiy omillar, ya’ni iqlim sharoitlari, aholining dengiz va boshqa suv havzalari yaqinida joylashganligi yoki o’rmon va cho’l hududlarida istiqomat qilishi kabilar ham ta’sir o’tkazgan.
4. DAVLATGACHA BO’LGAN JAMIYATLARDA: IJTIMOIY NORMALAR VA IJTIMOIY HOKIMIYAT
Ijtimoiy hokimiyat va boshqaruv jihatidan ibtidoiy jamiyatning quyidagi xususiyatlarini ko’rsatib o’tish mumkin:
ibtidoiy jamoa tuzumida kishilarning urug’ yoki qabilaga mansubligi ularning qon-qarindoshligiga qarab aniqlangan;
ijtimoiy hokimiyat to’laligicha jamiyatning o’ziga tegishli bo’lgan, bunda urug’ uchun eng muhim bo’lgan masalalar yuzasidan boshqaruv qarorlari urug’ a’zolarining umumiy yig’inida qabul qilingan. Boshqaruv ishlarida urug’ning barcha katta yoshli a’zolari – erkaklar ham, ayollar ham teng ishtirok etganlar;
ibtidoiy jamoa tuzumida davlat organlari, armiya, turma va boshqa muassasalar mavjud bo’lmagan. Ijtimoiy boshqaruv urug’ oqsoqollari, sarkardalar, umumiy yig’in doirasida amalga oshirilgan;
ijtimoiy faoliyat ustidan operativ rahbarlikni jamoa tomonidan saylangan urug’ oqsoqoli amalga oshirgan. Favqulodda muhim ishlarni hal qilish uchun oqsoqollar, boshliqlar kengashi chaqirilgan. Oqsoqollar va boshliqlar hokimiyati urug’ning keksa a’zolarining mutloq obro’si, chuqur hurmat-e’tibori, tajribasi va aql-zakovatiga asoslangan;
urf-odatlar ibtidoiy jamoa hayotiy faoliyatining qat’iy tartibga bo’ysunishini ta’minlagan. Urf-odatlar avloddan-avlodga o’tib borgan. Mutlaq taqiqlar (tabu), axloq, miflar, marosimiy harakatlar, shuningdek, taqlid namunalari bo’lmish afsonalar urf-odatlar sirasiga kirgan;
ijtimoiy normalarga amal qilish asosan ko’nikmalar va ixtiyoriylik asosida bo’lib, uni buzgan shaxslarga jamoatchilik ta’siri va boshqa turdagi jazolar qo’llanilgan (masalan, urug’ - qabiladan haydash).
Dostları ilə paylaş: |