Individual tartibga solish esa aniq sub’ektga taalluqli hisoblanadi, ya’ni tegishli tarzda harakat qilish uchun berilgan individual buyruqdan iborat bo’ladi. Tartibga solishning har ikki turi bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’lib, ular o’zaro bir-biriga ta’sir qiladi, bir-birining mavjudligini taqozo etadi.
3. IJTIMOIY NORMALAR TIZIMI
Ijtimoiy normalar tizimi - bu jamiyatda kishilar xulq-atvorini, muayyan guruh va jamoalar doirasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi ijtimoiy normalar hamda ularning tabiat bilan o’zaro aloqalarini qat’iy belgilovchi ijtimoiy-texnik normalar majmuidir.
Jamiyatda amal qiladigan barcha normalar ikki katta guruh – ijtimoiy va texnik guruhlarga bo’linadi. Mazkur bo’linish tartibga solish predmetiga asoslanadi. Agar ijtimoiy normalar kishilar xulq-atvori va ular o’rtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan bo’lsa, texnik normalar esa odamlar bilan tashqi dunyo, tabiat, texnika o’rtasidagi munosabatlarda shu vazifani bajaradi. Shu jihatdan olganda, texnik normalar “inson va mashina”, “inson va mehnat quroli”, “inson va ishlab chiqarish” tipidagi, ya’ni inson bilan uni o’rab turuvchi jonsiz predmetlar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi deyish mumkin.
Ijtimoiy normalar– bu kishilar hamda ularning jamoalari o’rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi umumiy xulq-atvor qoidalaridir.
Ijtimoiy normalarning quyidagi turlari mavjud: axloq normalari;
siyosiy normalar;
diniy normalar;
korporativ normalar;
urf-odat normalari;
an’ana normalari;
huquq normalari va boshqalar.
Axloq normalari – adolat va adolatsizlik, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik, maqtov va isnod, jamiyat tomonidan rag’batlantiriladigan yoki qoralanadigan xatti-harakatlar, or-nomus, vijdon, burch, qadr-qimmat va hokazo kategoriyalar ko’rinishida ijtimoiy hayot sharoitlarining bevosita ta’siri sifatida kishilar ongida shakllanadigan qarashlar, tasavvurlar va qoidalardir.