3. Auditning ahloq kodeksi tamoyillari. Mustaqillik, vijdonlilik va maxfiylik. Umuminsoniy ahloq qoidalari va ma’naviy me’yorlarga rioya qilish. Auditorning xolisligi va kasbiy vakolatliligiAuditorlar axloq kodeksida har bir auditor rioya qilishi zarur bo’lgan tamoyillar keltirilgan, ya’ni: halollik, mustaqillik, ob’ektivlik (xolislik), malakaviy kompetentlik, maxfiylik va boshqalar.
Halollik deganda nafaqat haqiqatgo’ylik, shuningdek, beg’arazlik va ishonchlilik ham tushuniladi. Xolislik tamoyiliga mos holda hamma auditorlar adolatli, halol harakat qilishi va nizoga yo’l qo’ymasliklari lozim. O’z funktsiyalarini bajarishda auditorlar hamisha xolis bo’lishlari lozim.
Xolislik oldindan xulosa chiqarmaslikni, tarafkashlik va professional masalalarni ko’rib chiqishda, xulosa chiqarishda qandaydir ta’sir doirasiga tushib qolmaslikni bildiradi.
Professional kompetentlik – auditorga professional xizmatlarni malakali va sifatli bajarish imkonini beruvchi bilimlar va ko’nikmalarning zarur hajmiga ega bo’lishdir. Auditorlar o’z bilim va tajribalarini bo’rttirib ko’rsatmasliklari kerak.
Maxfiylik - audit tamoyillaridan biri bo’lib, auditorlar (auditorlik tashkilotlari) auditorlik faoliyati davomida olgan yoki tuzgan hujjatlarining busbutun (yaxshi) holda saqlashni ta’minlashga majburligi, kim bo’lishidan qat’iy nazar, bu hujjatlarning yoki ularning nusxalarini uchinchi shaxslarga berish huquqiga ega emasligi (to’liq holda ham, qisman ham) yoki mulk egasi (rahbar)ning roziligisiz ulardagi ma’lumotlar mazmunini og’zaki ravishda ham boshqalarga oshkor qilmaslikni o’z ichiga oladi.
Mustaqillik bu auditorning audit qilinayotgan tashkilot ishlarida yoki uchinchi shaxsga bog’liq holda o’z fikrlari shakllanishida manfaatdorlikning (moliyaviy, mulkiy, qarindoshlik yoki boshqa har qanday) bo’lmasligini o’zida ifoda etadi.
Vijdonlilik – auditorlarning zarur sinchkovlik, e’tiborlilik, tezkorlik va o’z qobiliyatidan tegishlicha foydalangan holda professional xizmat ko’rsatishini ko’zda tutadi. Bunda auditorning o’z ishiga qunt va mas’uliyatli munosabatda bo’lishi auditorlik faoliyatining benuqsonligi kafolati sifatida qabul qilinmasligi lozim.