2. Rim – Italiyada ilmiy bilimlar. Italiyaliklar yunonlar kabi fizika, matematika, dengizda suzish, astronomiya, gidrotexnika va agronomiya (qishloq xo`jaligi) fanlariga juda qiziqqanlar. Italiya olimlari me`morchilik, gidrotexnika va agronomiyadan dastlabki qo`llanmalar yaratganlar. Rim astronom ustalari quyosh va suv soatlarini kashf etib, ulardan foydalanganlar. Ilgari ma`lum bo`lgan kalendar – taqvimlarni qayta ishlab, takomillashtirganlar.
Miloddan avvalgi II–I asrlarda Italiyada falsafiy asarlar yaratilgan. Bu jihatdan miloddan avvalgi 99–55-yillarda yashab ijod etgan Lukretsiy Karning asarlari diqqatga sazovordir.
U «Buyumlar xislati haqida» kitobida dunyo, odamlar, hayvonlar va narsalarning paydo bo`lishi to`g`risida ko`p ma`lumot yozib qoldirgan. U yunon olimlari Demokrit va Epikurlar izidan borib, dunyodagi barcha narsalar atom zarralaridan tuzilgan, – deb ta`kidlaydi.
Odamlar, deydi u tabiat hodisalaridan qo`rqib xilma-xil xudolarga e`tiqod qilishni vujudga keltirganlar. Odamlar kashf etgan olov, ma`danlar va ulardan yasalgan qurollar, yozuv, dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va boshqa narsalar xudolar in`omi emas, balki odamlar mehnatining natijasidir, – deb yozgan edi.
Lukretsiy o`sha zamondagi diniy e`tiqodlarni inson tafakkurini jilovlab turadigan yuganga o`xshatadi.
U o`z asarida tabiat, jamiyat va kishilar hayotida sodir bo`ladigan voqealarni sodda, ilmiy tilda tushuntirib berishga harakat1 qilgan.
3. Qadimgi Italiya tibbiyoti. Qadimgi Italiyada markazlashgan davlatning vujudga kelishi tabobat ilmining rivojlanishini taqozo etar edi. Aslzodalar, qo`shin va erkin kishilarning sog`liqlarini saqlash juda muhim masala edi. Shu maqsadda Rim shahrida qo`shin va flot uchun alohida harbiy tabiblar xizmati joriy qilingan edi. Harbiy tabiblar xizmatida yetuk harbiy shifokorlar xizmat qilganlar.
Italiya qo`shinidagi har bir legionda harbiy-tibbiy qarorgohlar bo`lib, shifokorlar u yerda jarohatlangan va bemor jangchilarni davolaganlar.
Rimlik aslzodalar tibbiyot ishlari bilan shug`ullanishni o`zlari uchun or, uyat deb bilganlar.
Italiyada tibbiyot ishlari bilan yunon, Kichik Osiyo, Misr va boshqa joylardan kelgan shifokorlar shug`ullanganlar. Ularning eng mashhurlari yunonistonlik Asklepiod, Korneliy Sels bo`lib, ular 70 jildlik «Arteo» («San`at») nomli asar yozib qoldirgan. Bu asarning 8 jildi tabobat ilmiga bag`ishlangan edi. U o`zidan oldin o`tgan mashhur tabiblarning asarlarini to`plab tartibga solgan. Korneliy esa bu to`plamni o`z tajribalari bilan boyitgan.
Qadimgi dunyoning eng mashhur tabiblaridan biri Pergalida tug`ulib voyaga yetgan Klavdiy Galen edi. Galen 17 yoshidan boshlab Asklepiod nomidagi tibbiy shifoxona maktabida o`qiydi. U bu yerda tibbiyot ilmini o`rganib, mohir shifokor bo`lib yetishadi. Dastlab u gladiatorlar maktabida, so`ng Rim imperatorlarining saroyida tabiblik qiladi. Galen «Tabiblik san`ati», «Davo usullari», «Dorilarning tarkibi haqida», – degan tibbiy asarlar yozib qoldirgan. Ammo Rimda yong`in bo`lgan yili Galen asarlarini ko`pi yonib ketgan. Galen asarlari o`rta asrlarda ko`p tillarga, shuningdek arab tiliga ham tarjima qilingan.
Tabiblar sultoni bobomiz Ibn Sino Galen asarlaridan keng foydalangan. Rimda yashagan tabiblar bemorlarni davolashda shifobaxsh o`simliklar, jonivorlar va boshqa narsalardan tayyorlangan dorilardan foydalanganlar.
Ular bemorlarni davolashda toza havo, uqalash va jismoniy tarbiyaga ham katta e`tibor berganlar.
Italiyada tabobatga shunday e`tibor berilganki, Rimda tabiblar yetishtirib chiqaradigan mahsus bilim yurtlari tashkil etilgan.