1. Tayyorgarlik bosqichi. Tayyorgarlik bosqichining asosiy maqsadi professional ta’lim hal etishi zarur bo‘lgan vazifalar doirasini aniqlashdir. Buning uchun quyidagi savollarga javob olish tavsiya etiladi:
- ijtimoiy hamkorlik tizimi deb nimani tushunish kerak?
- ta’lim muassasasining qaysi muammolarini ijtimoiy hamkorlik tizimini rivojlantirish orqali hal etish mumkin?
- mazkur ta’lim muassasasi uchun kimlar asosiy hamkor bo‘la oladilar?
- ta’lim muassasasi o‘zining mavjud va kelgusidagi hamkorlariga nima bera oladi?
Barcha savollarga javob berish uchun mavjud va kelgusidagi hamkorlarni topish, ularning faoliyatini tahlil qilish, ular manfaatlarini aniqlash lozim. Ta’lim muassasasi iqtisodiyotning qaysi sohasi uchun kadrlar tayyorlasa, ana shu sohada tahlil o‘tkazish kerak. Mazkur sohaga qaysi korxona, tashkilot, muassasalar mansubligi, ularning mintaqa uzoq muddatli rivojlanishi rejasidagi o‘rni va salohiyati to‘g‘risidagi axborotni o‘rganib chiqishni taqozo etadi.
Ijtimoiy hamkorlar turli toifalari bilan hamkorlikning barqaror tizimini shakllantirishdek murakkab va sermehnat ishni bajarish zarurligini ta’lim muassasasining butun jamoasi chuqur tushunib yetishi birinchi bosqichning muhim vazifasidir.
2. Tashkiliy bosqich. Mazkur bosqich maqsadi - ijtimoiy hamkorlar bilan barqaror aloqalarni o‘rnatishdir. Ushbu bosqichda hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar tayyorlanadi, ijtimoiy hamkorlarning turli toifalari bilan o‘zaro harakatlar texnologiyasi ishlab chiqiladi, ya’ni bo‘lg‘usi ijtimoiy hamkorlik tizimining elementlari yaratiladi, ta’lim muassasasi ijtimoiy hamkorlarining doirasi shakllantiriladi.
Ikkinchi bosqichning eng muhim vazifasi - mehnat bozorini baholashdir. Ta’lim muassasasi mutaxassislari bu faoliyatni turli axborot manbalarini, shu jumladan davlat va idoraviy statistika, mehnat bo‘limlari, ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli organlar ma’lumotlarini, tadqiqot markazlari ishlanmalarini, o‘z tadqiqotlari va so‘rovlari natijalarini jalb etgan holda, amalga oshirishlari lozim.
Ish beruvchilarning kadrlar malakasiga bo‘lgan talablarini, bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmalari mehnat bozori ehtiyojlariga nechog‘li muvofiq kelishini eng oddiy sotsiologik usul va uslublarni qo‘llagan holda ta’lim muassasasining o‘zi baholashi mumkin (anketa tarqatish, intervyular olish).
Ijtimoiy hamkorlik bo‘lajak tizimining asos soluvchi elementlari barpo etilishi - ikkinchi bosqichning eng asosiy yakuniy natijasi bo‘lmog‘i lozim.