Fosfor (III)–oksid P4O6–mumsimon kristall massa, 22,5 0C da suyuqlanadi. P ni O yetishmaydigan sharoitda yondirish yo`li bilan olinadi, kuchli qaytaruvchi, juda zaharli.
Fosfor (V)–oksid P4O10–oq gigroskopik kukun. P ni mo`l havo yoki O da yondirish orqali olinadi. U suv bilan shiddatli birikadi hamda boshqa birikmalardan suvni tortib oladi. Gazlar va suyuqliklarni qurituvchi sifatida ishlatiladi. 3P4O10 + 6H2O = 4H3(PO3)3 trimetafosfat kislota
H3(PO3)3 + 3H2O = 3H3PO4 fosfat kislota
2H3PO4 = H4P2O7 + H2O difosfat kislota
Fosfat kislota H3PO4–oq qattiq modda. Sanoatda ikki usul bilan (ekstraksiya va termik usul) olinadi.
1) Maydalangan Ca3(PO4)2 ga H2SO4 bilan ishlov berib olinadi:
Ca3(PO4)2 + H2SO4 = 2H3PO4 + 3CaSO4↓
2) Dastlab fosfor olinadi, so`ngra P4O10 ga qadar oksidlanadi va bu oksidga suv ta`sir ettirib sof H3PO4 olinadi.
Fosfat kislota suvdagi eritmalarda bosqich bilan dissotsilanadi. U uch asosli kislota bo`lgani uchun uch xil tuzlar–fosfatlar hosil qiladi:
1) fosfatlar–fosfat kislotadagi H ning hamma atomlari o`rnini boshqa atomlar olgan, masalan, K3PO4–kaliy fosfat; (NH4)3PO4–ammoniy fosfat.
2) gidrofosfatlar–fosfat kislotadagi 2 H atomlari o`rnini boshqa atomlar olgan, masalan, K2HPO4–kaliy gidrofosfat; (NH4)2HPO4–ammoniy gidrofosfat.
3) digidrofosfatlar–fosfat kislotadagi bitta H atomining o`rnini boshqa atom olgan, masalan, KH2PO4–kaliy digidrofosfat; NH4H2PO4–ammoniy digidrofosfat.
Tarkibida o`simliklar uchun zaruriy oziq elementlari bo`ladigan moddalar, asosan tuzlar mineral o`g`itlar deyiladi. Ular yuqori va barqaror hosil olish maqsadida tuproq unumdorligini oshirish uchun tuproqqa qo`shiladi. O`simliklarning o`sib rivojlanishi uchun zarur bo`lgan asosiy kimyoviy elementlar – C, O, H, N, P, K, Ca, Mg, Fe, S hisoblanadi. Ushbu elementlar, asosan N, P, K o`simliklarga ko`plab miqdorlarda kerak bo`ladi. Shu sababli ular makroelementlar deyiladi, tarkibida shu elementlar bor o`g`itlar esa makroo`g`itlar yoki odatdagi o`g`itlar deyiladi.
Lekin tirik organizmlarda yuqorida aytib o`tilgan 10 element bilan birga juda oz miqdorlarda (mikromiqdorlarda) B, Cu, Co, Mn, Zn, Mo, J kabi kimyoviy elementlar ham zarur. Ular mikroelementlar, tarkibida shunday elementlar bor o`g`itlar esa mikroo`g`itlar deyiladi.
Mineral o`g`itlar oddiy va kompleks o`g`itlarga bo`linadi.