Tez o‘qish. Tez o‘qish me’yoriy tezlikda o‘qish bo‘lib, bunda o‘qish sur’ati matnning mazmunini tushunishdan ajralib qolmasligi kerak. O‘qish tezligi matnni tushunish tezligi bilan muvofiq ravishda o‘sib borishi lozim. O‘qilayotgan asar mazmunini o‘zlashtirishni, matn mazmunini ongli idrok etishni ta’minlaydigan o‘qish tez o‘qish deyiladi.
O‘qish sifatlarini yaxshi o‘zlashtirgan holda o‘quvchilarning o‘qish sur’ati bir-biridan farq qiladi. Bu dastur talablarini bajarmadi, degan gap emas. Og‘zaki nutq tempiga to‘g‘ri keladigan o‘qish sur’ati normal tezlik hisoblanadi. Chunki o‘ta tez ham, o‘ta sekin o‘qish ham matn mazmunini o‘zlashtirishni qiyinlashtiradi.
O‘qish tezligi bir daqiqada o‘qiladigan so‘zlar soni bilan belgilanadi. 2005 yilda e’lon qilingan o‘qish dasturida 1-sinfning 2-yarim yilligida o‘qish sur’ati 20-25 so‘z (notanish matnni o‘qish tezligi ham 20-25 so‘z); o‘quv yili oxirida 25-30 so‘z; 2-sinfning 1-yarim yilligida matnni o‘qish tezligi 30-35 so‘z; 2-yarim yilligida 40-50 so‘z; 3-sinfning 1-yarim yilligida 60-70 so‘z; 2-yarim yilligida 70-80 so‘z; 4-sinfning 1-yarim yilligida ichda ovozsiz 110-130 so‘z, ovozli o‘qishda 90-100 so‘z deb belgilangan.
Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, bir daqiqada bola 250 so‘zli matnni o‘qisa, undagi 200 ta so‘zni eslab qolar ekan. Agar harflab, bo‘g‘inlab o‘qisa, uning diqqat markazida so‘z emas, bo‘g‘in bo‘ladi. Natijada u so‘zlarni eslab qola olmaydi6. Bu 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish tezligiga tatbiq etilsa, 125 so‘zdan 100 so‘zni eslab qoladi. Bu esa yuqori ko‘rsatkichlarga erishish imkonini beradi. 4-sinfda bir daqiqada 170-180 ta so‘z o‘qiydigan o‘quvchilar ham bor.
O‘qish tezligi to‘rt yil davomida to‘g‘ri va ongli o‘qish bilan bog‘liq holda asta ortib boradi. O‘qish tezligini tekshirganda o‘qituvchi o‘qiladigan materialning xarakterini, ya’ni g‘oyaviy-mavzuviy murakkabligini, so‘z va gaplarning tuzilishini, ularning bolalar nutqida qaydarajada ishlatilishini, o‘qishning to‘g‘ri va ongli bo‘lishini hisobga oladi. O‘quvchilarning o‘qish tezligi har xil bo‘ladi, albatta. O‘qituvchining vazifasi barcha o‘quvchilarning o‘qish tezligini, iloji boricha bir xillikka keltirishdan iborat. O‘qish sur’atini oshirishda tez aytishlarni, maqollarni yod oldirish va matnni ovoz chiqarib o‘qishni mashq qilish kabilar samarali usullardan hisoblanadi.
Ongli o‘qish. Ongli o‘qish yaxshi o‘qishning asosiy sifati hisoblanadi. Ongli o‘qish o‘qilgan matnning aniq mazmunini, asarning g‘oyaviy yo‘nalishini, obrazlarini va badiiy vositalarining rolini tushunib o‘qish, shuningdek, asarda tasvirlangan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini ifodalay olishdir. Ongli o‘qish o‘z navbatida, o‘quvchilarning zarur hayotiy tajribasiga, so‘zning leksik ma’nosini, gapda so‘zlarning bog‘lanishini tushunishga va bir qator metodik shartlarga bog‘liq. Hozirda ongli o‘qish atamasi adabiyotlarda va maktab tajribasida ikki ma’noda: birinchidan, o‘qish jarayonini egallashga nisbatan o‘qish texnikasi ma’nosida, ikkinchidan, keng ma’nodagi o‘qishga nisbatan o‘qish sifatlaridan biri ma’nosida qo‘llanadi.
Matnni ongli o‘qish uchun o‘quvchilar to‘g‘ri, me’yorida o‘qishni egallagan bo‘lishlari va o‘qish jarayonida qiynalmasligi talab etiladi. O‘quvchilar matnni ongli o‘qishlari uchun matn mazmuni va badiiy vositalari jihatidan tahlil qilinadi.
Ongli o‘qishning muhim sharti asar qurilishi va mazmunini tushunish hisoblanadi. O‘qituvchi ongli o‘qishni matnni ifodali o‘qishga (agar ovoz chiqarib o‘qilsa) va asar mazmuni yuzasidan berilgan savollarga javobning to‘g‘riligiga, asar voqealari va qahramonlarning xatti-harakatiga bildirgan munosabatiga qarab baholaydi. Ongli o‘qish va ifodali o‘qish bir-birini taqozo qiladi, ammo bir-biriga aynan o‘xshamaydigan o‘qish sifatlaridir.