«Oila» yilining O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan e’lon qilinishi va uning tarbiyaviy ahamiyati. Davlatning barqarorligida oila o’rnini hisobga olgan holda hukumatimiz uni o’z himoyasiga olgan. O’zbekiston Respublikasining oila to’g’risidagi qarorlari, ko’p bolali, kam maosh oladigan oilalar, nogironlar, urush qatnashchilari oilalariga qo’shimcha nafaqa to’lash, bolalar sog’ligi to’g’risida qayg’urish, qolaversa 1998 yilning Oila yili deb e’lon qilinganligi fikrimiz dalilidir.
Bunga javoban oila ham davlatga yetuk farzandlar etishtirib berishi mantiqan to’g’ridir.
Jamiyat ishiga va ravnaqiga sadoqatli, axloqan pok insonlarni – murosali, totuv, halol, hurmat-izzatli oilalar yetkazib beradi. Bizning o’zbek oilalarimiz bu xususiyatlardan xoli emasdir. Boshqa xalqlardagi kabi o’zbeklarda ham nikoh-oilaning negizi hisoblanadi. U asosan muhabbatga asoslangan bo’lib, erkak va ayolning bir umrli ittifoqidan iborat bo’ladi.
Hozirgi kunda O’zbekistonda qishloq joylarida har yili 150 mingdan ortiq yangi oila vujudga kelmoqda, mustaqillik yillarida esa qishloqlarimizda 2 million 600 mingdan ziyod yosh oila paydo bo’ldi va ular o’z uyiga ega bo’lishga ehtiyoj sezmoqda. Shu munosabat bilan hozirgi kunda qishloq joylarida yakka tartibda uy-joylar qurilmoqda.
Oila tarbiyasida ota-onaning namunasi. Oilada pedagogik ta’sir ko’rsatish vositalari va metodlari. Oilaning moddiy tomonidan tortib, to bolalar tarbiyasigacha ota bosh-qosh bo’lgan. Qarang-ki, bu borada ham o’zbek oilalari jahon oilalaridan qolishmas ekan. Chunki bolalarni tarbiyalashda otalarning burchi haqidagi mashhur kishilarimizning fikrlari nafaqat o’zbeklarda, balki boshqa xalqlarda ham oilada otaning mas’uliyati juda katta ekanligini yaqqol ko’rsatadi: «Ota bo’lish juda oson. Aksincha otalik qilish juda qiyin» (V. Bush), «Ota donoligi bolalar uchun saboqdir» (Demokrit).
Haqiqatdan ham ota oila farovonligi, bolalarning barkamol tarbiyasi uchun eng javobgar shaxsdir. Chunki bolalar uchun ota hamma narsaga qodir, ideal shaxs hisoblanadi. Albatta bolalar o’z ideallarining shirin suhbatiga, mehriga, diqqat–e’tiboriga doim mushtoq bo’ladilar. Afsuski ba’zi bir otalar bu narsani tushunmaydilar, tushunsalar-da, ish ko’pligini vaj qiladilar. Vaholanki, yarim soat televizor bahridan o’tish, yarim soat kam ro’znoma va oynoma o’qish, yarim soat kamroq dam olish yoki hech bo’lmaganda shu mashg’ulotlarni bolalar bilan birgalikda bahs uyushtirib bajarish ham ancha ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Bolalarning o’qishi, do’stlari, hayoti bilan qiziqish ularda oilada qadr–qimmatlari borligini his qildiradi. Bu esa o’z navbatida bolalar ko’z o’ngida ota obro’sini oshiradi.
Ota o’zining qiziqishi bilan bolalarda mehribonlikni, bosiqligi bilan matonatni, talabchanligi bilan intizomni, ayoliga mehribonligi bilan onalarni e’zozlashni o’rgatish bilan bir qatorda ularga oilada «erkak», «ota», «yer» o’rnini amalda ko’rsatadi. Oilada ko’proq o’g’il bola otaga ergashadi. Xalq qo’shiqlarida o’g’il bolaning «otaning dumi» deb bekorga aytishmagan. Shunday ekan, ota o’g’il tarbiyasiga alohida e’tibor berishi kerak. Avvalambor o’zi o’rnak bo’lib (chunki o’g’il bola doim otasiga taqlid qiladi. Xalqimizda «Qovun – qovundan rang oladi» degan naql bor) birinchi navbatda ularda ayolga, qiz bolaga nisbatan hurmat-ehtiromni shakllantirishi kerak. Tarixdan ayollarimiz uyda erkak bo’lmagan paytda suv tugab qolgan kezlarda chelaklarni darvoza oldiga chiqarib qo’yishi, uni ko’rgan yo’lovchi erkak yoki yigit chelakni to’ldirib darvoza oldiga keltirib qo’yib, darvozani taqqilatib, o’zi kimligini ham bildirmasdan ketib qolishi hammamizga ma’lum. Bu ayolni e’zozlash emasmi?
Ikkinchi navbatda otalar o’g’illariga biror bir hunar o’rgatishlari zarur. Chunki bu narsa V.A. Suxomlinskiy ta’riflagan o’g’il bolalardagi uchta xislatni, ya’ni erkaklik burchi, erkaklik mas’uliyati, erkaklik g’ururi va ahamiyatini shakllantiradi.
Abu Lays az Samarqandiy o’zining «Bo’ston ul Orifin» asarida otaga shunday o’gitlarni beradi: «Nuridiydam, oilangda farzand tug’ildi. Agar o’g’il bo’lsa, shamchirog’ing sira o’chmagay, holva bo’lsa, o’kinma, xonadoningga aning shirin yig’isi bilan birga mehr va saodat kirgusidir.
Farzandni aslo toifaga ajratma! Qizmi, o’g’ilmi ul sening zurriyoding, alarni tarbiyalab, oyoqqa turg’izish vazifang...
O’g’ilga ortiqcha mehr ko’rsatsang, qizing ranjir, qizga ko’p e’tibor qilsang, o’g’ling o’ksinur...
Sen oilaning hokimisan... Xeshlariga adolat tarozisi ila munosabatda bo’lmagan hukmdorning holi ne kechishi senga ayondir...
Parvardigor senga iqtidor, kuch–quvvat, muruvvat berdi. Bu ne’matlarning qadriga et! Illo, o’g’ling sening izingdan boradur!
Bir kishi shayx ul-islomning qoshlariga kelib:
-Hazrat, illo yaratgandan nolishga sira asosim yo’q. Ammo bir mushkulotga yechim bering, - deydi.
-Ayt, -debdi
-O’g’lim tarbiyasiga bir oz e’tiborim bor. Ini singillarini haqorat qilar, koyirdi. Endi esa onasiga qo’pol muomala qilayotganining guvohi bo’ldim...
-Bir savolimga javob bering, balki bu javob sizni qiynayotgan mushkulotga ham chora bo’lar.
-Qulog’im sizda!
-Yigitlik chog’ingizda farzandlaringizga ortiqcha po’pisa qilib: so’karmidingiz? Bolalar ishtirokida ayolingizga qo’pol gaplar aytib, tanbeh berganmisiz?
Kishi indamabdi...
Oilada ona o’rnini hech bir zot bosa olmaydi. Dono xalqimiz onani «oila ustuni» deb bejiz aytishmagan. Payg’ambarimiz Muhammad Sallollohi Alayhissalomning o’z hadisu shariflarida «Avvalo onangga yaxshilik qil», yoki Hazrat Navoiy bobomiz: «Onangga kaftingda tuxum qovurib bersang ham undan qarzdorsan» deb, onaizorimizning mehr-saxovatda tengi yo’q, kechiruvchan ekanliklarini nazarda tutib aytgan bo’lsalar kerak.
Rivoyat qilishlaricha, payg’ambar alayhissalomning asri bir yigit bor edi. Mast bo’lib, onasiga bir shapaloq urdi. Onasi yig’lab, payg’ambar alayhissalomning huzurlariga bordi va dedi:
-Yo rasulolloh, o’g’lim menga shunday azob qildi!
O’g’il mast bo’lib, uxlab qolgan edi. Biror soatdan keyin uyg’onib, o’ziga keldi, unga: «Mastlikda onangga bunday azob berding! » dedilar. Yigit bu so’zni eshitib, pichoq bilan o’z qo’lini kesdi va bandidan judo qildi. Bir qo’liga pichoq olib, payg’ambar alayhissalomning oldilariga bordi. Onaning nazari o’g’liga tushib, kesilgan qo’lini ko’rgach, o’z og’rig’ini unutib, o’g’lining oyog’iga yiqildi va dedi:
-Ey jigarimning porasi, voy ko’zimning ravshani, qo’lingni kim kesdi?
O’g’li onasining oyog’iga bosh qo’yib:
-Ey ona, mening qo’lim senga beodoblik qilgani uchun kesdim, uning jazosi shudir! – dedi.
Onasi bu so’zni eshitib, unga rahmi va mehri kelib, quchog’iga oldi va yuzini yuziga qo’yib, yig’lay boshladi. Payg’ambar alayhissalom buni ko’rib, xayolga cho’mdilar. Shu payt Jabroil Alayhissalom shunday vahiy olib keldi:
-Yo Muhammad, shafqat vaqtidir, sen bular uchun duo qil, men ularning gunohidan o’tdim.
Payg’ambar alayhissalom yigitga:
-Qo’lingni bandini-bandiga qo’y! – dedilar.
Yigit qo’lining bandini – bandiga qo’ygan edi, Payg’ambar alayhissalom duo qildilar. Shu onda uning qo’li asli holiga keldi.
Ey odam, agar mo’’min bo’lsang, ota-onangni rozi qil, to do’zax olovidan xalos bo’lgaysan.
Oila ustuni bo’lmish ona o’zining barcha vazifalari bilan bir qatorda ayniqsa ko’proq qiz bolalar tarbiyasiga bosh – qosh bo’lgan. Xalqimiz o’zining asriy turmush tajribalariga tayanib, qiz bolaning tarbiyasini ko’proq ona zimmasiga yuklagan. Chunki qizlar ko’proq onasi bilan birga bo’lib, unga taqlid qilishadi. Xalqimizdagi «Ona qiziga taxt emas, baxt yasaydi» degan naql ham bejiz aytilmagan. Shuning uchun ona qiz bolaning tarbiyasiga alohida e’tibor berib, unga hayotning maqsadi va ma’nosini, turmush ikir – chikirlarini, har bir yumushning to’g’ri bajarish qoidalarini sabot bilan o’rgatmog’i darkordir.