Yer osti suvlari. Yer osti suvlari – tuproq va cho’kindi qoldiqlardan sho’rlanadigan, tarkibida ma’lum miqdordagi mineral tuzlar bo’lgan suvlardir.
Tabiiy suvlar tarkibidagi tuz miqdoriga bog’liq holda ikki turga bo’linadi: chuchuk suvlar – tarkibida 1 g/kg gacha tuzlar bo’ladi; o’rtacha sho’rlangan suvlar – tarkibida 1-10 g/kg gacha tuzlar bo’ladi; sho’r suvlar – tarkibida 10 g/kg dan ortiq tuzlar bo’ladi.
Suvlar shuningdek tarkibidagi anionlarga qarab ham quyidagi turlarga: tarkibida HCO3- anioni yoki umumiy HCO3- va CO32- bo’lgan gidrokarbonatli suvlar; sulfatli suvlar; xloridli suvlarga bo’linadi.
3. Eritmalar
Tabiiy suvlar murakkab dinamik sistema bo’lib, ular tarkibida gazlar, mineral va organik moddalar chin eritmalar, kolloid eritmalar yoki muallaq holatida bo’ladi.
Suvning chin eritma holati. Suvda chin eritma holatida asosan mineral tuzlarning erishidan hosil bo’lgan kationlar: Ca2+, Mg2+, Na+, K+ va anionlar: SO42-, CO32-, HCO3-, Cl- kabilar bo’ladi. Bu ionlar suvga tuproq va tabiiy jinslardan o’tadi. Suvda dissotsilanmagan holatda ayrim organik birikmalar, shuningdek erigan gazlar (SO2, O2, H2S va b.) bo’ladi. Gazlarning suvda eruvchanligi haroratga, bosimga va suvda erigan boshqa moddalarning ionlar tarkibiga bog’liqdir.
Suvning kolloid eritma holati. Odatda suvda dissotsilanmagan va kam dissotsilanadigan moddalar: alyumosilikatlar, temir silikatlari, temir gidroksidlari, silikat kislota va boshqalar, turli xil organik moddalar kolloid holatda bo’ladi. Tabiiy suvlarda muallaq holatda tuproq, qum, ohakli va gipsli zarrachalar bo’ladi. Ular tarkibida turli xildagi mikroorganizmlar ham bo’lishi mumkin.
Tabiiy suvlarning tarkibi muntazam o’zgarib turadi. Bunga turli xildagi oksidlanish va qaytarilish jarayonlari, turli manbalar suvlarining qo’shilishi, harorat va bosimning o’zgarishi tufayli suvdagi tuzlarning cho’kmaga tushishi, dag’al dispers sistemalar zarrachalarining qo’shilishi hisobiga cho’kishi, tuproq mineral moddalari bilan suvdagi minerallar orasidagi almashinish reaksiyalari kabilar sabab bo’ladi.
Suvning sifat tarkibi fizik, kimyoviy va biologik analizlar bilan aniqlanadi.
Suvning muhim sifat ko’rsatkichi bu uning hidi, ta’mi, tiniqligi, rangi, harorati, muallaq zarrachalar miqdori, quruq qoldiq, umumiy ishqoriyligi va uni tashkil etuvchilar, oksidlanuvchanligi kabi fizik va kimyoviy tavsiflari hisoblanadi.
Suvdagi muallaq moddalarning holati deganda tuproq, qum va boshqalar tarzida suvning qattiq erimaydigan qo’shimchalar bilan ifloslanishi tushuniladi. Suvdagi muallaq zarrachalar o’lchamiga qarab suvning tiniqlashishi tez yoki sekin darajada kechadi. Tabiiy suvlarning loyqa yoki tiniq bo’lishligi ko’pincha ob-havo sharoiti, mavsum va boshqalarga bog’liqdir.