XARAJATLARNI TURKUMLASH VA ULARNING HISOBI Mundarija: *Kirish *Asosiy qisim: 1.Boshqaruv hisobi” fanining predmeti va usullari, uning nazariy asoslari 2.Boshqaruv hisobini tashkil etishning avtonom va integratsiyalashgan tizimlari xarajatlarni turkumlash va hisobga olish 3.Mahsulot (ish, xizmat)lar tannarxini kalkulyatsiya qilish usullari va zamonaviy tizimlari 4.Boshqaruv qarorlarini qabul qilish *Xulosa
*Ilova
*Foydalanilgan adabiyotlar.
KIRISH Bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitida xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining barcha jarayonlarida iqtisodiy axborotlarga nisbatan haqqoniylik, o’z vaqtidalik, xolislik va aniqlik kabi talablar qo’yiladi. Hozirgi paytda olingan iqtisodiy axborotlar ichki va tashqi foydalanuvchilar talabini to’liq qondirishi hamda eng kam miqdorda mehnat va vaqt sarf qilgan holda shakllantrilishi lozim.
Shuningdek, iqtisodiy axborotlar korxona faoliyatini byudjetlashtirish, istiqbolni belgilash, xarajatlar hisobi va mahsulot tannarxini to’g’ri tashkil etish bo’yicha samarali boshqaruv qarorlari qabul qilishda zaruriy asos bo’lib xizmat qilishi kerak. Bu kabi masalalar respublikamizda "Boshqaruv hisobi" fanini shakllantirish va uni rivojlantirish yo’nalishlarini belgilashga asos bo’lib xizmat qiladi.
"Boshqaruv hisobi" fanining predmeti xarajatlar va mahsulot tannarxi kal’kulyatsiyasi, javobgarlik myarkazlari bo’yicha boshqaruv hisobini tashkil etish, byudjetlashtirish, istiqbolda korxona taraqqiyotini belgilovchi loyihalar tahlili, segmentlar bo’yicha hisobot tuzish, samarali transfert baholarini shakllantirishning nazariy-uslubiy hamda tahliliy asoslarini yoritish hisoblanadi.
Rivojlangan mamlakatlarda firma va kompaniyalar buxgalteriya hisobi sohasidagi ish sohalarining - 90% ini boshqaruv hisobini tashkil etish va yuritishga sarflaydilar. Boshqaruv hisobi bilan yuqori malakali mutaxassislar shug’ullanishi talab etiladi.
Boshqaruv hisobi:
– bu bozor munosabatlari zaruriyati bilan paydo bo’lgan, korxona va uning turli bo’g’inlaridagi tarkibiy tuzilmalarining faoliyatlari yuzasidan taktik va strategik boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun xarajatlar va daromadlar to’g’risidagi axborotni taqdim etuvchi;
– korxona hisob siyosatiga muvofiq yuritiladigan, tarkibiga korxona moliyaviy-xo’jalik faoliyatini byudjetlashtirish, investitsiya loyihalarini tahlil qilish, xarajatlarni hisobga olish va mahsulotlar tannarxini kalkulyatsiya qilishning ilg’or usullarini qo’llash, javobgarlik markazlari bo’yicha segmentar hisobot tuzish, ichki xo’jalik bo’linmalari o’rtasidagi muomalalarda foydalaniladigan transfert baholarni shakllantirish;
– evolyutsion yo’l bilan rivojlanib boruvchi ichki xo’jalik hisobining sintetik tizimi, bir nechta iqtiodiy fanlar majmuasida tug’ilgan kompleks fandir.
Korxonalarda boshqaruv hisobini samarali yuritishga dastlabki va yig’ma hujjatlarning aylanish tezkorligi, qabul qilingan ichki hisobot shakllari, ularni tuzish davriyligi hamda taqdim qilish muddatlari, axborotlar tizimini takomillashtirishga mosligi ta’sir qiladi.
Boshqaruv hisobida hujjatlashtirish va inventarizatsiya, baholash va kalkulyatsiya, hisobvaraqlar va ikki yoqlama yozuv, balans va hisobot kabi moliyaviy hisob usullarining barcha elementlaridan foydalaniladi. Bundan tashqari, unda iqtisodiy tahlil, iqtisodiy-matematik va statistik usullar ham keng qo’llaniladi.
Boshqaruv hisobi an’anaviy buxgalteriya hisobi, operativ-texnik va statistika hisobi hamda iqtisodiy tahlilning ko’pgina unsurlaridan foydalanadi.
Boshqaruv hisobining samarali tashkil etilishi va yuritilishi o’z vaqtida oqilona boshqaruv qarorlari qabul qilish, korxona faoliyatini rejalashtirish, tahlil va nazorat qilish imkonini berib, ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi.
Odatda, korxonalarda boshqaruv hisobi quyidagi faoliyat turlari bo’yicha yuritiladi:
– ta’minot-tayyorlov faoliyati;
– ishlab chiqarish faoliyati;
– moliya-tijorat faoliyati;
– tashkiliy faoliyat.
Korxonalarda ta’minot-tayyorlov faoliyati takror ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish va uning uzluksizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu sababli, mazkur sohada dastlabki boshqaruv axborotlari yig’iladi va qayta ishlanadi.
Boshqaruv hisobi axborotlarini shakllantirishda ishlab chiqarish faoliyati muhim o’rin tutadi. Unda ishlab chiqarish xarajatlari tarkibi, o’zgarishi, ularning javobgarlik markazlari bo’yicha hisobini tashkil qilish, shuningdek, xarajatlar hisobi va tannarx kalkulyatsiyasini yuritish, sarflangan xarajatlar bo’yicha chetlanishlarni hisobga olish amalga oshiriladi.
Moliya-tijorat faoliyatida esa korxona iqtisodiy bo’linmalari (segmentlari) bo’yicha sotish, ma’muriy xarajatlar byudjeti tuziladi va ularning bajarilishi nazorat qilinadi.
Tashkiliy faoliyat bo’yicha boshqaruv hisobini tashkil qilish alohida bo’linmalar menejerlari zimmasiga xarajatlar hajmi, ularning samaradorligi to’g’risidagi axborotlarni shakllantirish vazifasini yuklaydi. Bunda ishlab chiqarish zararsizligi nuqtasining dastlabki hisob-kitoblari amalga oshiriladi, o’zgaruvchan, doimiy xarajatlar va foyda o’rtasidagi aloqadorlik tahlil qilinadi.
Boshqaruv hisobi faqatgina xarajatlar hisobi va mahsulot tannarxi kalkulyatsiyasi bilan shug’ullanibgina qolmasdan, balki korxona rahbariyatiga joriy va istiqbolli boshqaruv qarorlari qabul qilishda ko’maklashishi zarur.
Hozirgi paytda respublikamiz iqtisodiyotida boshqaruv hisobining nazariy-uslubiy asoslarini ishlab chiqish zarurati quyidagi omillar mavjudligi bilan izohlanadi:
– rivojlangan mamlakatlar tajribasiga muvofiq, buxgalteriya hisobini moliyaviy va boshqaruv hisobiga bo’linishi;
– buxgalteriya hisobida mahsulotlar tannarxini hisoblash, haqiqiy xarajatlardan chetlanishlarni boshqarishda "Standart-kost" hisob tizimining paydo bo’lishi;
– xarajatlarninig doimiy va o’zgaruvchan turlarga ajratilishi, natijada korxonalarda ishlab chiqarish quvvatlaridan to’liq foydalanish, xarajatlarni samarali taqsimlash maqsadida tannarxni kalkulyatsiya qilishning "Direkt-kosting" kabi zamonaviy tizimlarini rivojlantirish zaruratining yuzaga kelishi;
– korxonalar amaliyotiga "zararsizlik nuqtasi", "marjinal daromad", "ishlab chiqarish dastagi" va boshqa yangi iqtisodiy atamalarning kirib kelishi hamda ularni xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda xarajatlar, ishlab chiqarish hajmi va moliyaviy natijalar o’rtasidagi uzviy aloqadorlikni ta’minlashga yo’naltirish zarurati;
– korxonalar hisob tizimi oldiga moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarni rejalashtirish, ishlab chiqarish zahiralarini strategik boshqarish, ularga mos transfert baholarni shakllantirish, xarajatlar va daromadlar hisobining samarali modelini yaratish kabi vazifalarning qo’yilishi;
– buxgalteriya hisobida yangi kompyuter texnologiyalari, axborot dasturlarining keng joriy etilishi, shuningdek, boshqaruv hisobini avtomatlashtirish asoslarini ishlab chiqish muammosining mavjudligi va h.k.
Boshqaruv hisobi korxonaning ichki vazifalarini hal qilishga mo’ljallangan bo’lib, bu yning "nou-xau”sidir.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda boshqaruv hisobining muhim vazifalari quyidagilardan iborat:
– korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish borasida istiqbolli boshqaruv qarorlari qabul qilish uchun zarur axborotlar manbasini shakllantirish va rahbariyatni ular bilan ta’minlash;
– korxona moliyaviy-xo’jalik faoliyatini tezkor boshqarishda menejerlarga ishonchli, yuqori samarador axborotlarni o’z vaqtida etkazib berish;
– mahsulot (ish, xizmat)larning ishlab chiqarish tannarxini to’g’ri aniqlash, belgilangan me’yorlardan chetlanishlar va ularnipg yuzaga kelish sabablarini ko’rsatib berish va h.k.
Boshqaruv hisobi axborotlari korxonaning tezkor va strategik vazifalarini amalga oshirishga ko’maklashadi.
Tezkor vazifalarga quyidagilar kiritiladi:
– ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda mahsulot ishlab chiqarish tuzilmasini aniqlash;
– ishlab chiqarish zararsizlik nuqtasini topish;
– mahsulot (tovar, ish, xizmat)lar turlari, ularni sotishning muvofiq hajmini rejalashtirish;
– qo’shimcha buyurtmalarni qabul qilish yoki rad etish;
– baholarni shakllarntirish bo’yicha qarorlar qabul qilish.
Strategik vazifalar uzoq muddatga mo’ljallangan bo’lib, quyidagilardan iborat:
– uzoq muddatli kapital qo’yilmalarni jalb qilish;
– biznes tarkibini o’zgartirish;
– mahsulotlarning yangi turlarini o’zlashtirish.
Bozor munosabatlari sharoitida boshqaruv hisobi o’z vazifalari orqali korxona ichki faoliyati, uning strategiyasi va taktikasi bilan boshqaruvning asosiy axborot poydevori sifatida namoyon bo’ladi.
Boshqaruv hisobining strategiyasi istiqbolda korxona taraqqiyotini belgilovchi loyihalar tahlili, istiqbolni belgilash, byudjetlashtirish, javobgarlik markazlari bo’yicha segmentar hisobotni tuzish, oqilona transfert baholarini o’rnatish va boshqaruv qarorlarini muvofiqlashtirish tizimini ifodalaydi.
Boshqaruv hisobi taktikasi esa joriy davrda ishlab chiqarishni tashkil etish, xarajatlar va mahsulot tannarxi kalkulyatsiyasi bo’yicha hisob yuritish, dalillash, qabul qilingan qarorlarni tahlil va nazorat qilish, shuningdek, ularning ijrosi uchun javobgarlik kabilardai iborat.