5. Axborotni taqdim etish shakllari. O’zR "Buxgalteriya hisobi to’grisida"gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq, moliyaviy hisobot buxgalteriya balansi, moliyaviy natijalar to’g’risidagi, pul oqimlari to’g’risidagi, xususiy kapital to’g’risidagi hisobot shakllari, shuningdek, izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlardan iborat. Moliyaviy hisobot shakllari Moliya vazirligi tomonidan 2002 yil 27-dekabrdagi 140-sonli buyruq bilan tasdiqlangan, Adliya vazirligi tomonidan 2003 yil 24-yanvarda 1209-raqam bilan ro’yxatga olingan "Moliyaviy hisobot shakllarini to’ldirish bo’yicha qoidalar"ga asoslanib taqdim etiladi. Shuningdek, korxonalar soliqlar, ijtimoiy ta’minot va sug’urta, mehnat birjalariga o’rnatilgan tartibda hisobot topshiradilar.
Boshqaruv hisobi axborotlari esa foydalanuvchilarga erkin shaklda taqdim etiladi.
6. Hisobni yuritish majburiyati.Moliyaviy hisob rasmiy hisob bo’lib, barcha korxonalar uchun uni yuritish majburiydir. Moliyaviy hisobot hujjatlari soliq idoralari va boshqa tegishli joylarga taqdim etiladi, ular auditorlarning tekshiruv ob’ekti hisoblanib, chop etilishi shartdir.
Boshqaruv hisobini olib borish korxona rahbariyati talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Hisobni tashkil etish qoidalari.Moliyaviy hisobda moliyaviy hisobot axborotlari aniq tamoyil va qoidalarga muvofiq shakllanishi hamda aks ettirilishi shart, ular asosida ma’lumotlar qayd qilinadi, baholanadi va tegishli hisobvaraqlarda rasmiylashtiriladi. Ushbu tamoyil va qoidalar "Buxgalteriya hisobi to’g’risida"gi O’zR Qonuni hamda buxgalteriya hisobining milliy standartlarida belgilab qo’yiladi.
Boshqaruv hisobini yuritish tartib-qoidalari korxonaning strategik va taktik maqsadlaridan, xysysiyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqiladi. Bu hisob turida ma’lumotlarning boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun ahamiyatlilik darajasiga e’tibor beriladi.
8. Hisob tamoyillari. Moliyaviy hisob umumiy tamoyillarga tayanadi, bular buxgateriya hisobini ikki yoqlama yozuv usulida yuritish, aniqlik, mazmunning shakldan ustunligi, ko’rsatkichlarning qiyoslanuvchanligi, moliyaviy hisobotning betarafligi va h.k. Bu tamoyillarga korxona xodimlari bilan bir qatorda davlat idoralari vakillari ham amal qiladi.
Boshqaruv hisobining asosiy tamoyillari esa hisobni ikki yoqlama yozuv usulida yuritish, o’zluksizlik, aniqlik, hisoblash, ehtiyotkorlik, ko’rsatkichlarning qiyoslanuvchanligi va h.k. hisoblanadi.