24
Shijoatli kishilarni do‘st tut, chunki Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi.
25
Ulamo bilan suhbatda bo‘l va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpin. Bularning himmatlaridan ulush tilanib, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini iltimos qil.
26
Azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qilish-ga qasd qilgan bo‘lsam, butun zehnim, vujudim bilan bog‘lanib, bitirmagunimcha undan qo‘limni tortmadim.
27
Hech kimga g‘azab bilan qattiq muomala qilmadim va hech bir ishda tanglik qilmadim, toki Tangri taoloning g‘azabiga duchor bo‘lmayin va ishimni buzib, holimni tang aylamasin deb.
28
Hozirgi damgacha o‘tgan sultonlarning qonunlari va turish-turmushlarini donolardan so‘rab-surishtirdim. Har qaysilarining yo‘l-yo‘riqlari, turish-turmushlari, qilish-qilmishlari, aytgan gaplarini xotiramda saqladim va xush axloqlari, ma’qul sifatlaridan namuna olib, unga amal qildim. Davlatlarining tanazzulga uchrashi sabablarini surishtirdim va davlatu saltanat zavoliga sabab bo‘luvchi ishlardan saqlandim. Naslni buzuvchi, ocharchilik va vabo kasali keltiruvchi zulm va buzuqchilikdan saqlanishni o‘zimga lozim bildim.
29
Raiyat ahvolidan ogoh bo‘ldim, ulug‘larini og‘a qatorida, kichiklarini farzand o‘rnida ko‘rdim.
30
Har bir o‘lka va shahar aholisining ashrof-ulug‘lari va buzurglari bilan oshna tutindim. Ularning mijozlariga, tabiatiga to‘g‘ri kelgan, o‘zlari tilagan odamlarini ularga hokim qilib tayinladim.
31
Hokimlar, sipoh va raiyatdan qaysi birining xalqqa jabr-zulm yetkazganini eshitsam, ularga nisbatan darhol adolatu insof yuzasidan chora ko‘rdim.
32
Yaxshilarga — yaxshilik qildim, yomonlarni esa o‘z yomonliklariga topshirdim. Kim menga do‘stlik qilgan bo‘lsa, do‘stligi qadrini unutmadim va unga muruvvat, ehson, izzatu ikrom ko‘rsatdim.
Qayd etilgan
Fatima 02 Aprel 2009, 15:22:50
33
Farzandlar, qarindoshlar, oshna-og‘ayni, qo‘shnilar va men bilan bir vaqtlar do‘stlik qilgan barcha odamlarni davlatu ne’mat martabasiga erishganimda unutmadim, haqlarini ado etdim.
34
Do‘st-dushmanligiga qaramay, har joyda sipohiylarni hurmat qildim, chunki ular boqiy mato bo‘lgan jonlarini foniy dunyo moli uchun sotadilar. O’zlarini ma’raka-maydon, halokatga otib, jonlarini qurbon qiladilar. Agar g‘anim sipohidan biror odam o‘z valine’matiga sidqidildan xizmat qilib urush kunlarida menga qarshi qilich ko‘targan bo‘lsa ham, unday odamga nisbatan lutf-marhamatlar ko‘rsatdim, qoshimga panoh istab kelganda, uni qadrlab, haqiqat bilan xizmat qilishiga ishondim.
35
Qaysi bir sipohiy tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida o‘z sohibidan yuz o‘girib, mening oldimga kelgan bo‘lsa, unday odamni o‘zimga eng yomon dushman deb bildim.
36
Davlat agar dinu oyin asosida qurilmas ekan, to‘ra-tuzukka bog‘lanmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yo‘qoladi. Bunday saltanat yalang‘och odamga o‘xsharkim, uni ko‘rgan har kimsa, nazarini olib qochadi. Yoxud kasu nokas tap tortmay kirib chiqadigan tomsiz, eshigi-to‘sig‘i yo‘q uyga o‘xshaydi.
37
Men o‘z saltanatimni dini islom, to‘ra va tuzuk asosida mustahkamladim. Saltanatni boshqarishda uchragan har qanday voqea va ishni tuzuk asosida bajardim.
38
Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqohlar qurishni, musofir yo‘lovchilar uchun yo‘l ustiga rabotlar bino qilishni, daryolar ustiga ko‘priklar qurishni buyurdim.
39
Musulmonlarga diniy masalalardan ta’lim berib, shariat aqidalari va islom dini ilmlari: tafsir, hadis, fiqhdan dars bersinlar deb, har bir shaharga olimlar va mudarrislar tayin qildim.
Dostları ilə paylaş: |