1-boshlovchi. Sochimda oq, men bahordan o’tindim, Ko’klamoyim, ko’kingdan ber bir chimdim. Qor qo’ynida seni qo’msam o’qindim, Ko’klamoyim, ko’kingdan ber bir chimdim.
2-boshlovchi. Ko’nglimda ko’k binafshalar sochilsin Kokiliga tolpopuklar soch ilsin Boychechakka borar yo’llar ochilsin Ko’klamoyim, ko’kingdan ber bir chimdim.
1-boshlovchi. Mana, yurtimizga Navro’zi Olam kirib kelib, uning shukuhi kezib yurgan pallada, Ko’klamoyim barchaga ko’kini ulashayotgan ajib bir davrda siz bilan uchrashib turganimizga shukronalar aytib, “ Assalomu alaykum “ deymiz.
1-boshlovchi.'>2-boshlovchi. Assalomu – alaykum qalbi daryo ustozlar, aziz mehmonlar, zukko va bilimdon o’quvchilar, adabiyot shaydolari.
1-boshlovchi. O’zbek adabiyoti shunday chamanzorki, uning bo’stonida gul ko’p, chechak ko’p. Bu bo’stonda bir – biriga o’xshamaydigan, bir – birini takrorlamaydigan dilbar shoirlar avlodi qayta – qayta bo’y cho’zaveradi. Ana shunday betakror shoirlardan biri, O’zbekiston xalq shoiri, Respublika Yoshlar mukofoti “ Dostlik “ ordeni sohibi, xalqimizning bulbulzabon farzandi Muhammad Yusuf edi.
2-boshlovchi. Muhammad Yusuf … Pokiza inson edi. U odamlarning esini og’dirgan, o’ylatgan, kuldirgan, yig’latgan, topgan – tutganini odamlar ustidan sochgan saxiylik timsoli edi. Uni marhum deyishga hech tilimiz bormaydi, lekin na chora, bu bor gap.
1-boshlovchi. 2001 – yil. … iyul. Qoraqalpog’iston Respublikasining Ellikqal’a tumani. Toshkentdan 1000 chaqirim narida, lekin, yurak bilan bir devor qo’shni. Ellikqal’alik tarixchi olim, pedagog Samardar Ismoilovning hikoya qilishicha, o’shanda Muhammad Yusufga so’z navbatini berishgan, u minbarga ko’tarilgan va hali bir og’iz so’z aytmay turib, chalqanchasiga polga qulagan ekan.