3.1. O‘zbek tilida ijobiy va salbiy munosabat bildiruvchi modal so‘zlar tarkibi Modal so‘zlar shaxsning, aniqrog‘i so‘zlovchining voqelikka munosabatini anglatar ekan, aynan mana shu modal ma’nolari orqali tinglovchining e’tiborini jalb qilishi mumkin.
Modal so‘zlar uslubi doirasida ikki xil ottenkani ya’ni so‘zlovchi fikrining voqelikka yo salbiy, yoki ijobiy munosabatini anglaymiz. Buni modal so‘zlar tasnifidagi barcha guruhlarga tegishli desak ham bo‘ladi. O‘zbek tilida ijobiy munosabat bildiruvchi modal so‘zlarni chegaralab bo‘lmaydi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ularning ma’no tovlanishlari hamisha o‘z uslubiylik xususiyatiga ega bo‘ladi, faqat bu uslubiylik ijobiy munosabat aks ettiryaptimi, yoki salbiy – ayni mana shu jihati bitiruv malakaviy ishimizning mazkur uchinchi bobi uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Modal so‘zlar so‘zlovchi fikriga munosabat bildirar ekan, salbiy yo ijobiy ottenkani ifodalashi og‘zaki so‘zlashuv uslubida, ayniqsa, yaqqol bo‘y ko‘rsatadi. Masalan, tasdiq ma’nosini ifodalovchi to‘g‘ri modal so‘zi oddiy so‘zlashuv uslubida ham salbiy, ham ijobiy ottenkani ifodalashi mumkin. Biz barcha turdagi modallarga ham xuddi shu hukmni joiz deb bildik. Ya’ni modal so‘zlarning deyarli hammasi gapda yo salbiy, yo ijobiy hukmni ifodalab kelishi mumkin. Buni biz gapda anglashilayotgan mazmundan tushunishimiz va shunga muvofiq fikr yuritishimiz lozimligidan anglaymiz. Endi, bevosita o‘zbek tilidagi modal so‘zlarning ijobiy ma’no ottenkalari xususida gaplashsak. O‘zbek tilida modal so‘zlar o‘z nomidan ham anglashilib turganidek, so‘zlovchining o‘z fikriga munosabatini bildiradi. Shundan kelib chiqib, modal so‘zlar gapda ifodalanayotgan mazmunga yuklagan ishonch, gumon, tartib, xulosa yoki shunga o‘xshash ma’no tovlanishlaridan kelib chiqib, tasniflanadi. Modal so‘zlarning semantik tasnifi turli adabiyotlarda turlicha keltirilganligi bilan diqqatga sazovor. Ular semantik tasniflanishda gap mazmuniga yuklovchi ma’no ottenkasi jihatdan yoki o‘zbek tilida kelib chiqishi nuqtayi nazardan tasniflanishi mumkin. Tilshunosligimizda modal so‘zlarning yana bir tasniflanish turi ham borki, bu tur modal so‘zlarning gap mazmunidagi ijobiy va salbiy ma’no munosabatlariga kelib bog‘lanadi.
Ijobiy turdagi modal so‘zlar ikki xil vosita asosida gap mazmuniga ijobiylik bag‘ishlashi mumkin. Bular quyidagilardir: 1. Gapda anglashilib turuvchi umumiy mazmun orqali; 2. Gapda muhim rol o‘ynovchi ohang orqali. Birinchisi gapdagi ifoda tarzi orqali, ya’ni aynan ma’nosi bilan. Ikkinchisi gapning ohangi orqali. Ohang tilshunoslikda, ayniqsa, og‘zaki so‘zlashuv uslubida eng muhim, birlamchi vosita bo‘lib, u orqali gapning mazmuni butunlay teskari aylanib ketishi yoxud aksincha, butkul salbiy ma’nodagi modal so‘z ham gapga ohang orqali ijobiy ottenka yuklashga xizmat qilishi mumkin. Tilshunoslikda mavjud modal so‘zlarning deyarli barchasi gap jarayonida ijobiy ottenkani ifodalashi mumkin. Buni modal so‘zlarning semantik tasnifiga nigoh tashlaganda ham anglshimiz mumkin. Bu tasnifda afsus, ajablanish ma’nosini anglatuvchi modal so‘zlardan tashqari deyarli barcha – barchasi ijobiy ma’no ottenkasiga ega bo‘lishi mumkin. Gaplarimizni misollar orqali asoslashga harakat qilib ko‘ramiz. Ehtimol, sizda ham shunday hollar bo‘lgandir: tun yarmidan oqqanda birdan uyg‘onib ketasiz. Yo‘q, chamamda, onalarning biz tushunmaydigan, bizning o‘lchovimizga sig‘maydigan o‘z olami borga o‘xshaydi. Mazkur ikki gapda qo‘llanilgan ehtimol va chamamda modal so‘zlari semantik tasnifi jihatdan bir guruh tarkibiga kiruvchi so‘zlar hisoblanadi. Hozir ham biz ularni bemalol ijobiy va salbiy ma’no anglatish jihatiga ko‘ra bir guruhga kiritishimiz mumkin bo‘ladi. Ehtimol modal so‘zi birinchi gapda so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi muomala – munosabatga ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Xuddi shuningdek, chamamda modal so‘zi ham tinglovchiga –da, so‘zlovchiga –da mavhum bo‘lgan voqelik ustidan tusmol hukm chiqaryapti. Lekin bu hukm also salbiy emas. Faqat ijobiy. O‘zbek tilida ijobiy ma’nosi bo‘rtib turuvchi modal so‘zlar sirasiga biz, xayriyat, shoyadki, alal-oqibat, har holda, har qalay kabi modal so‘zlarni kiritsak, xato bo‘lmaydi, mening nazarimda. Ayniqsa, xayriyat modal so‘zi turish – turmishi bilanoq gapga ijobiy ma’no yuklashi mumkin. Bunday tipdagi gaplar agar piching, kinoya, kesatiq ma’nosiga yo‘g‘rilgan bo‘lsagina, bu vazifasidan chekinib salbiy ottenka uchun xizmat qilishi mumkin bo‘ladi. Biroq, xayriyatki, bunday holatlarga kamdan kam duch kelamiz. Namuna :