Kirish asosiy qism


O‘zbek tilida modal so‘zlarning semantik tasnifiga doir qarashlar



Yüklə 45,98 Kb.
səhifə3/6
tarix22.09.2023
ölçüsü45,98 Kb.
#147229
1   2   3   4   5   6
Modal so`zlar

2.1. O‘zbek tilida modal so‘zlarning semantik tasnifiga doir qarashlar
Demak, so‘zlovchining o‘z fikriga bo‘lgan munosabatini bildiradigan so‘zlar modal so‘zlar ekan, o‘zbek tilida modal so‘zlar tasnifiga oid turli xil qarashlar mavjud. Jumladan, biz quyida o‘zbek tilida mavjud modal so‘zlarning ba’zi tasniflarini keltirib o‘tmoqchimiz. Bob yakunida ular orasidan qaysi biri izchil va mukammalligi to‘g‘risida muayyan xulosalarga kelish uchun ham, avvalo bu tasniflarni yaxshiroq o‘rganib chiqishimiz, kamchilik va yutuqlarini tahlil qilishimiz joiz bo‘ladi. Avvalambor, modal so‘zlar tilshunoslikda ikki xil jihatdan tasnif qilinishi mumkin. Birinchisi, modal so‘zlarning alohida olingan so‘z turkumi sifatida morfologiya tarkibida o‘rganilishi bo‘lsa, ikkinchisi modal so‘zlarning gap tarkibida gap bo‘laklari bilan munosabatini birinchi o‘ringa qo‘yib o‘rganuvchi kiritmalar sifatida sintaksis tarkibida.
Har ikkala nuqtayi-nazardan ham, modal so‘zlar o‘z mohiyatini, shakl – u shamoyilini yo‘qotmaydi. Ular kiritmalar tarkibida o‘rganilganda modal so‘zlik xususiyatini, alohida so‘z turkumi sifatida o‘rganilganda esa kirish so‘zlik xususiyatini yo‘qotib qo‘ymaydi. Bu fikrni tilshunoslikda mavjud alohida so‘z turkumlarining qolgan qismlari - undov va taqlid so‘zlarga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Modal so‘zlar tasnifi va tarkibi masalasi tilshunosligimizda eng bahstalab masalalardan biri sanaladi. Shu boisdan ham biz bu masalani alohida bobda ko‘rib chiqishga qaror qildik.
Modal so‘zlarning semantik tasnifi an’anaviy va formal tilshunoslikda muayyan tafovutlarga ega sanaladi. Chunonchi, an’anaviy tilshunoslikda modallar quyidagicha tasniflanadi:
Tasdiqni bildiruvchi modal so‘zlar: albatta, haqiqatan, darhaqiqat, so‘zsiz, shubhasiz;
Taxmin va gumonni bildiruvchi modal so‘zlar: ehtimol, chamasi, aftidan, shekilli;
Afsus va ajablanishni bildiruvchi modal so‘zlar: attang, afsuski, ajabo;
Fikrning tartibini bildiruvchi modal so‘zlar: avvalo, jumladan, masalan;
Umumlashtiruvchi, yakunlashtiruvchi modal so‘zlar: xullas, demak, umuman.
Ko‘rinib turibdiki, mazkur tasnif ancha – muncha kamchiliklarga ega. Qolaversa, unda izchillik va mukammallik yetishmaydi. An’anaviy tilshunoslikka tegishli bo‘lgan yana bir darslikda esa bu tasnifga qo‘shimcha yana ikki xil ma’no turi qo‘shiladi. Bular: fikrning kimga qarashli ekanligini bildiruvchi modal so‘zlar [ menimcha, uning ta’kidlashicha, fikri ojizimcha, aytishlaricha ] va so‘zlovchining voqelikka achinish munosabatini bildiruvchi modal so‘zlar [ afsuski, attang ] kabi.
Birinchi tasnifda biroz chalkashlikka yo‘l qo‘yilgandek, nazarimda. Chunki bu tasnifda asli undov so‘zlar tarkibida o‘rganilishi lozim bo‘lgan ajabo undov so‘zi bu o‘rinda modal so‘zlar tarkibiga kiritilmoqda. Bu so‘zning aynan modal so‘zmi yo undov so‘zmi ekanligini quyidagi misollar orqali aniqlashga harakat qilib ko‘ramiz:
Ajabo, tush degan narsa qiziq-da,
O‘lib qolganmishman tushda nogahon. ( Rasul Hamzatovdan ).
Ajabo, dunyoning ishlari qiziq – da! ( O‘tkir Hoshimovdan ).
Vo ajab, ko‘zlarimga tor bo‘ldi bu dunyo, sening so‘zlaringni eshitib. ( qo‘shiq matnidan ). Bizga ma’lumki, alohida olingan so‘z turkumlari o‘zaro bir – biriga yaqin ma’no va funksiyalarni bajaradi. Xususan, undov va modal so‘zlar bu borada juda muzokarali. Chunki ularning har ikkalasi ham so‘zlovchining o‘z fikriga hissiy munosabatini ifodalaydi. Ayni choqda ham ajabo so‘zining modal yoki undovligi haqidagi ikkilanishimiz ham aynan ularning o‘xshashligi boisidan kelib chiqqandir. Keltirilgan misollarimizning birinchi va ikkinchisida bu so‘z shubhasiz, modal so‘z vazifasini bajargan. Boisi, har ikkala gapda ham ajabo so‘zi so‘zlovchining voqelikka hissiy bahosidan ko‘ra ko‘proq ajablanish munosabatini ifodalayapti. Uchinchi gapda esa aksincha vo ajab so‘zi so‘zlovchi fikriga ajablanishdan ko‘ra ko‘proq hissiy ta’sirchanlik munosabatini yuklamoqda. Shuning uchun bu gapda vo ajab so‘zi undov so‘z vazifasini bajarmoqda. Demak, ajabo modal so‘zi asli mustaqil so‘z turkumi bo‘lgan – sifatdan o‘sib chiqqan, keyinroq modal so‘zlik xususiyatini namoyon qilib modal so‘z tarkibiga kiritilgan, yana ham keyinroq esa hissiy bo‘yoqdorlik xususiyati bilan undov so‘zlar tarkibiga qo‘shilgan. Demak, biz bu so‘zni nafaqat modal so‘z sifatida, balki vazifadosh undov so‘z sifatida ham qabul qilsak bo‘ladi.
An’anaviy tilshunoslikda modal so‘zlarning nisbatan mukammal va izchilroq tasnifi sifatida quyidagi tasnifni ko‘rsatishimiz mumkin:
Modal so‘zlarning ma’no jihatdan turlari:
1. Fikrning aniqligini ifodalaydigan modal so‘zlar:
1) fikrning rostligi tasdiqlanadi: darhaqiqat, haqiqatan, haqiqatda, filhaqiqat;
2) fikrning qat’iyligi ta’kidlanadi: shubhasiz, shaksiz, so‘zsiz;
3) fikrga ishonchni bildiradi: albatta;
4) ifodalanayotgan voqelikning yuzaga kelishi tabiiy ekanligini bildiradi: tabiiy, o‘z – o‘zidan;
5) fikrning chinligi eslatiladi: to‘g‘ri, hoynahoy, muhaqqaq, aslida, darvoqe, rostdan.
2. Fikrning noaniqligini ifodalaydigan modal so‘zlar:
1) fikrning taxminiyligini bildiradi: shekilli, chamasi, chog‘i;
2) fikrning gumonli ekanligini bildiradi: ehtimol, balki;
3) fikrning tusmolli ekanligini bildiradi: aftidan;
4) fikrning chinligiga gumon ham, ishonch ham bildiradi: har holda, har qalay.
3. Xulosa qiladi: xullas, demak.
4. Afsusni anglatadi: afsus, attang, esiz.
5. Zaruriyatni bildiradi: kerak, zarur, lozim.
6. Mavjudlik va mavjud emaslikni anglatadi: bor, yo‘q.
Bulardan tashqari: binobarin, zero, holbuki, vaholanki kabi modal so‘zlar ham mavjud. Modal so‘zlarning ko‘pchiligi mustaqil so‘zlardan o‘sib chiqqandir:
1) ot turkumidan: aftidan, haqiqatan, mazmuni, ehtimol, darhaqiqat;
2) sifat turkumidan: so‘zsiz, shubhasiz, tabiiy;
3) ravishdan: albatta;
4) fe’ldan: hoynahoy ( tojikcha hohi – nahohi so‘zidan kelib chiqqan);
5) bog‘lovchidan: balki;
6) so‘z birikmasidan: har qalay, har holda;
7) gapning modal so‘zga aylanishi: holbuki ( Hol buki );
8) so‘z tushirish natijasida hosil bo‘lgan: o‘z – o‘zidan ( aniq so‘zi tushib qoladi ).
Endi modal so‘zlarning formal tilshunoslikdagi tadqiqiga to‘xtalsak. Bu tasnifning birinchi namunasini formal ilshunoslikning otaxon vakillaridan biri bo‘lgan Shavkat Rahmatullayevning “Hozirgi adabiy o‘zbek tili” darsligidan olishga qaror qildik. Mazkur tasnifning yuqorida biz nisbatan mukammal tasnif deya e’tirof etgan tasnifdan farqi u darajada katta emas. Deyarli bir xil desa ham bo‘ladi. Faqat ularning tarkibiy qismida biroz tafovutlar ko‘zga tashlanishi mumkin. Demak, Shavkat Rahmatullayev modal so‘zlarni quyidagicha tasniflashni lozim ko‘radilar:
Modallar gapshaklga bir butun holda qo‘shilib, so‘zlovchining o‘zi anglatayotgan fikrning aniqligiga, chinligiga ishonch darajasini, voqelikdan taajjublanishini, afsuslanishini ifodalaydi:
1. Fikrning aniqligini ifodalovchi modallar o‘z navbatida quyidagicha guruhlanadi:
1) fikrning rostligini, realligini ifodalovchilar: darhaqiqat, haqiqatan, haqiqatda, filhaqiqat ( eskirgan ) kabi. Darhaqiqat, bu mojaroning boshqa oqibatlari hozir uning ko‘ziga o‘z – o‘zidan barham topgan va topayotganday ko‘rinar edi. ( Abdulla Qahhor ). Haqiqatan, keyinroq eshitsa, kelini: “Yana o‘qiyman” degan gap chiqaribdi ( Odil Yoqubov ) kabi;
2) fikrninig qat’iyligini ifodalovchilar: shubhasiz, shaksiz, so‘zsiz kabi. Bu, shubhasiz, bizning yutug‘imiz ( Abdulla Qahhor ) kabi.
3) anglatilayotgan voqelikning yuz berishiga ishonch bildiruvchi: albatta ( she’riyatda albat shaklida ham uchraydi ): Lekin jigar…Esga tushsa achinaman, albatta ( Uyg‘un ). …bu gapining ham ustidan chiqadi, albatta ( Odil Yoqubov ) kabi;
4) anglatilayotgan voqelikning yuzaga kelishi tabiiy ekanini ifodalovchilar: o‘z – o‘zidan, tabiiy kabi. Tabiiy, Yefim Yefimovich ham bu yangi do‘stlaridan osonlikcha ko‘ngil uzolmas edi ( Hakim Nazir) kabi;
5) fikrning chinligi, realligini eslatuvchilar: rostdan, darvoqe, aslida ( asli ba’zan aslan shaklida ham uchraydi ): Darvoqe, bu gap raisning uyida ham aytilgan edi ( Said Nazar ) kabi.


Yüklə 45,98 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin