Xulosa 1. Modal so‘zlar tilshunoslikda shu kunga qadar alohida so‘z turkumlari tarkibida o‘rganilib kelinayotgan edi. So‘zlovchining ifodalanayotgan fikrga asosan modal ma’no yuklash uchun qo‘llaydigan leksik birligi modal so‘zlar deyiladi. Modal so‘zlar morfologiyada nomustaqil lug‘aviy ma’noli so‘zlar tarkibida o‘rganilsa, sintaksisda kirish so‘z vazifasida o‘rganiladi.
2. Modal so‘zlarni alohida kategoriya sifatida V. V. Vinogradov ishlab chiqqan. S. Abukumova, I. I .Menzaninova kabi tilshunoslar modal so‘zlarni alohida so‘z turkumi sifatida o‘rganish tarafdori bo‘lib chiqdilar. O‘zbek tilida ham modal so‘zlar bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan. R. Komiljonovning “ O‘zbek tilida modal so‘zlar”, S. Saidovning “Hozirgi zamon o‘zbek tilidagi modal so‘zlarning klassifikatsiyasi masalasiga doir” kabilar shular jumlasidandir.
3. Modal so‘zlar substansial tilshunoslikda semantik – funksional shakllangan so‘z – gaplar tarkibida o‘rganiladi va shunga muvofiq tasniflanadi. Bunda modal so‘zlarning mustaqil holda gap bo‘la olish, gap tarkibida shu gapning biror bo‘lagi bilan sintaktik aloqaga kirisha olmaslik, o‘ziga xos g‘ayrioddiy ma’noga ega bo‘lish, bog‘lamalar bilan birika olmaslik kabi xususiyatlari namoyon bo‘ladi.
4. O‘zbek tilida modal so‘zlarning tasnifi va tarkibi masalasi hali yetarlicha to‘liq o‘rganilgan emas. Bu esa fanda turfa xil xilma –xilliklarning, tafovutlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, an’anaviy tilshunoslik va formal tilshunoslik vakillari orasida bu tafovutlar ancha – muncha ko‘zga tashlanadi. Biroq, tasniflar orasida haminqadar mukammalroq, izchilroq tasniflar ham borki, ularda modal so‘zlarning semantik tasnifi g‘oyatda katta e’tibor bilan tahlil qilingan. Ana shunday tasniflardan biri bu - Shavkat Rahmatullayev tasnifidir.
5. O‘zbek tilida modal so‘zlarni bir turkumga birlashtiruvchi asosiy xususiyatlari sifatida quyidagilarni belgilash mumkin:
1) modal so‘zlar gap tarkibiga muayyan denotativ ma’nolari bilan kirmaydi.
2) modal so‘zlar grammatik shakllanganlik nuqtayi nazaridan rang – barang. Unda tuslangan fe’l ham, tuslanmagan fe’l ham, ot ham, olmosh ham modal so‘z vazifasida keladi. Ammo ular aytilganidek, ba’zan qisman, ba’zan butunlay o‘z lug‘aviy ma’nosini yo‘qotib, paradigmasidan vaqtincha uzilgan bo‘ladi;
3) modal so‘zlarning barchasi o‘ziga xos yagona “so‘zlovchining o‘z fikriga munosabatini bildirish” umumiy ma’nosi ostida birlashadi;
4) modal so‘zlarning gapdagi o‘rni qat’iy emas.
6. Modal so‘zlarning tarkibi masalasi ham tilshunoslikda ancha mubohasali. Xususan, ba’zi modal so‘zlarning asli modal so‘zmi, yoki undov so‘zmi ekanligini aniqlash ham qiyin kechmoqda. Bu borada formal tilshunoslikning modal so‘zlarni funksional shakllangan so‘z gaplarning bir turi sifatidagi qarashlari katta ahamiyatga molik sanaladi.
1. Modal so‘zlar uslubi doirasida ikki xil ottenkani ya’ni so‘zlovchi fikrining voqelikka yo salbiy, yoki ijobiy munosabatini anglaymiz. Buni modal so‘zlar tasnifidagi barcha guruhlarga tegishli desak ham bo‘ladi. O‘zbek tilida ijobiy munosabat bildiruvchi modal so‘zlarni chegaralab bo‘lmaydi.
2. Ijobiy turdagi modal so‘zlar ikki xil vosita asosida gap mazmuniga ijobiylik bag‘ishlashi mumkin. Bular quyidagilardir:
1. Gapda anglashilib turuvchi umumiy mazmun orqali;
2. Gapda muhim rol o‘ynovchi ohang orqali.
Birinchisi gapdagi ifoda tarzi orqali, ya’ni aynan ma’nosi bilan. Ikkinchisi gapning ohangi orqali. Ohang tilshunoslikda, ayniqsa, og‘zaki so‘zlashuv uslubida eng muhim, birlamchi vosita bo‘lib, u orqali gapning mazmuni butunlay teskari aylanib ketishi yoxud aksincha, butkul salbiy ma’nodagi modal so‘z ham gapga ohang orqali ijobiy ottenka yuklashga xizmat qilishi mumkin.
3 O‘zbek tilida modal so‘zlar ham xuddi boshqa so‘z turkumlari singari o‘ziga xos tuzilish tarkibiga ega sanaladi. Chunonchi, modal so‘zlarning ham tuzilishiga ko‘ra turlari uchta hisoblanadi. Bular quyidagilardir:
1. Sodda modal so‘zlar;
2. Qo‘shma modal so‘zlar;
3. Juft va takror modal so‘zlar;
Sodda modal so‘zlarning o‘zi ham ikkiga bo‘linadi:
1. Sodda tub modallar;
2. Sodda yasama modallar.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Karimov I. O‘zbekiston XX asr bo‘sag‘asida; xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari.—Toshkent: O‘zbekiston, 1997.
2 .Abdullayev A. o‘zbek tilida ekspressivlik ifodalashning sintaktik usuli. – Toshkent: Fan, 1987.
3. Abduazizov A. O‘zbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi. Т., 1994.
4. Abdurahmonov G‘. O‘zbek tili grammatikasi. Т.1995.
5. Asqarova M., Abdurahmonov H. O‘zbek tili grammatikasining praktikumi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1981.
6. Begmatov E. Hozirgi o‘zbek adabiy tilining leksik qatlamlari. – Toshkent: Fan, 1985.
7. Doniyorov X., Yo‘ldoshev B. Adabiy til va badiiy stil. – Toshkent: Fan, 1988.
8. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Toshkent: Ilm – ziyo, 2010.
9. Hozirgi zamon o‘zbek tili. Toshkent: Fan, 1957.
10. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. I, II jild. Toshkent: Fan, 1966.
11. Jamolxonov H. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Т., 2005.
1 Karimov I. O‘zbekiston XX asr bo‘sag‘asida; xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari.—T.: O‘zbekiston. 1997, 87- bet.
2 O‘zbek tili grammatikasi. II tomlik. I tom. T.: Fan –1976. – B.243.