Moliyaviy majburiyatlar yuzasidan audit tekshiruvini oʼtkazish jarayoni umumiy koʼrinishda quyidagi olti bosqichdan iborat: -moliyaviy majburiyatlar hamda ular boʼyicha hisob-kitoblarga nisbatan samarali ichki nazorat tizimining tashkil etilganligini tekshirish va uning sifatini baholash;
-buxgalteriya tizimi maʼlumotlari va moliyaviy hisobotlarda aks ettirilgan moliyaviy majburiyatlar haqiqatdan ham mavjud va ular boʼyicha hisob-kitoblar haqiqatdan ham roʼy berganligiga ishonch hosil qilish;
-moliyaviy majburiyatlar ning barchasi toʼliq hisobga olinganligini tekshirish;
-moliyaviy majburiyatlar hamda ular boʼyicha hisob – kitob operatsiyalari yuzasidan arifmetik amallar toʼgʼri bajarilganligini oʼrganish;
-balans hisobotida moliyaviy majburiyatlar haqiqiy qiymatida aks ettirilganligini baholash;
-balans hisobotida moliyaviy majburiyatlar toʼgʼri guruhlashtirilganligiga va agar zarurat boʼlsa, ular boʼyicha zaruriy qoʼshimcha maʼlumotlar ilovalarda toʼliq va toʼgʼri keltirilganligiga ishonch hosil qilish.
Moliyaviy majburiyatlarni auditorlik tekshiruvidan oʼtkazishning maqsadi ularning hisobga olishning toʼgʼri tashkil etilishini aniqlashdan iborat. Shuningdek, hisobot koʼrsatkichlarining ishonchliligini va moliyaviy majburiyatlar bilan bogʼliq muomalalar hisobining Oʼzbekiston Respublikasida amal qilayotgan qonunchilik hamda meʼyoriy hujjatlarga muvofiqligini aniqlash lozim. Ushbu maqsadga muomalalar mohiyatini, hamda nazorat tuzulmasi va buxgalteriya hisobi tizimini tekshiruvdan oʼtkazish va risklarni baholash orqali erishiladi. Uzoq va qisqa muddatli qarzlarni tekshirish, har qanday xoʼjalik yurituvchi subʼekt faoliyati auditning asosiy qismi deb qaraladi. Chunki korxona qarzlarining toʼgʼri va oʼz vaqtida toʼlanmasligi keyinchalik maʼlum bir jarimalar va peniyalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Moliyaviy majburiyatlar boʼyicha auditorlik tekshiruvini halqaro standartlar asosida oʼtkazishning mazmun moxiyati, uning maqsadi va vazifalari mamlakatimiz olimlari tomonidan yetarlicha ochib berilmagan.
Moliyaviy majburiyatlar auditining maqsadi mazkur korxonada amalga oshirilgan moliyaviy majburiyatlar boʼyicha xisob kitoblar respublikamizda amalda boʼlgan meʼyoriy xujjatlar, soliq kodeksi va boshqa soliq qonunchiligiga mosligini, ularning moliyaviy hisobotlardatoʼgʼri aks ettirilganligini tekshirish yoʼli bilan baholash va xolisona xulosalar berishdir.