Morfologik mutatsiyalar tufayli o'simlik va hayvonlarning o'sish va shakllanish xossalari o'zgaradi. Masalan, ba'zi chorva mollari (qoramol, qo'y va boshqalar) kalta oyoqli, hasharotlarning esa ko'zi va qanoti bo'lmaydi. O'simliklarning ba'zi qismlari tuksiz, odamlar esa haddan tashqari baland bo'yli (gigant) yoki juda past bo'yli bo'ladi. Albinizm ham morfologik mutatsiyaga misoldir.
Fiziologik mutatsiyalar organizmlardagi fiziologik (hayotiy) jarayonlarni o'zgartiradi, natijada ularning hayotchanligi ortadi yoki pasayadi.
Bioximiyaviy mutatsiyalar tufayli organizmdagi ma'lum ximiyaviy moddalarning sintezlanishi o'zgaradi yoki to'xtaydi. Bunday mutatsiyalar organizmda kechadigan moddalar almashinishini va moddalaming ximiyaviy tarkibini o'zgartiradi.
Organizm rivojlanishining va hujayra bo‘linishining qaysi bosqichida bo'lishidan qat'iy nazar, mutatsiyalar istalgan hujayralarda sodir bo'laveradi. Agar mutatsiya jinsiy hujayralarda sodir bo'lsa, u generativ mutatsiya, vegetativ hujayralarda sodir bo’lsa somatic mutatsiya deyiladi
1-rasm. Odamda uchraydigan somatik mutatsiya
2-rasm. Odamda uchraydigan generativ mutatsiya.
Jinsiy hujayralarda sodir bo'lgan mutatsiyalar navbatdagi bo'g'inning zigota bosqichidayoq namoyon bo'ladi. Agar mutatsiya dominant bo'lsa duragay - birinchi bo'g'in zigotasida, retsessiv bo'lsa - keyingi (F2, F3 va Fn) bo'g'inlarda, ya'ni organizm gomozigota holatga o'tishi vaqtida yuzaga keladi.
Somatik mutatsiyalar o'z tabiatiga ko'ra, generativ mutatsiyalardan farq qilmaydi. Faqatgina jinsiy yo'l bilan ko'payadigan organizmlarda uchraydigan somatik mutatsiyalar evolyusiya va seleksiya uchun hech qanday ahamiyatga ega emas, chunki ular (odam sochida bir to'p oq paydo bo'lishi, bir ko'zning qora, ikkinchisining och rangli bo'lishi, qorako'l terida qora dog' paydo bo'lishi kabilar) keyingi bo'g'inlariga o'tmaydi. Jinssiz (vegetativ) yo'l bilan ko'payadigan organizmlardagi somatik mutatsiyalar esa seleksiya uchun katta ahamiyatga ega, chunki bu o'zgarishlarni saqlab qolish mumkin. Masalan, ba'zi o'simlik novdalarida boshqalardan keskin farq qiladigan barg, gul va mevalar paydo bo'ladi. Bunday o'zgaruvchanlik poyaning o'sish nuqtalaridagi meristema to'qima hujayralari mutatsiyalanishi natijasida sodir bo'ldi va kurtak mutatsiya (sport) deyiladi. O'simliklar vegetativ yo'l bilan ko'paytirilganda bunday mutatsiyalar saqlanib qoladi. Kurtak mutatsiyasidan seleksiyada keng foydalaniladi. Olma va nok, uzumning urug'siz navlari somatik mutatsiyadan yaratilgan. Michurin o'zining «600 grammli Antonovka» olma navini kurtak mutatsiyasidan foydalanib yaratgan.
Demak, mutatsiya natijasida organizmlarning genotipi o'zgaradi. Genotipning o'zgarishi esa uch xil bo'ladi: gen mutatsiyasi; xromosomalarning qayta tuzilishi; xromosomalar sonining o'zgarishi.
Mutatsion o'zgaruvchanliklarni vujudga keltiruvchi omillar mutagen omillar deyiladi. Bu omillar tabiatiga ko'ra, fizik va kimyoviy mutagenlarga, ular tabiatda yoki sun'iy hosil qilinishiga qarab tabiiy va sun'iy mutagenlarga ajratiladi. Tabiatda hosil bo'ladigan mutagenlarni, masalan, tabiiy radiatsiya, turli xil zaharli kimyoviy moddalar va boshqalar tabiiy mutagenlar deb ataladi. Ular ta'sirida vujudga keladigan mutatsiyalar esa tabiiy yoki spontan mutatsiyalar deb ataladi. Tabiiy mutatsiyalar tabiiy tanlanish uchun boshlang'ich material bo'lib xizmat qiladi.
Ko'pgina madaniy o'simliklarning, masalan, qo'qongul, shabbo'y, piongul, atirgul kabi o'simliklaming kelib chiqishida tabiiy mutatsiyalar boshlang'ich manba bo'lib xizmat qilgan. Zarang, makkajo'xori, qalampir, enotera kabi o'simliklarda tabiiy ravishda vujudga keladigan «ola-bula» - barg yuzasida yashil qismlar bilan birga sarg'ish qismlarning bo'lishi kabi mutatsiyalar kuzatilgan.
Tabiiy mutatsiyalar hayvonlarda ham uchraydi. Masalan, meva pashshasi - drozofilada tana rangiga, qanot shakliga, ko'z rangi va shakliga, tana shakliga va o’lchamiga, tuklarining shakli, o'lchamlariga oid mutatsiyalar shular jumlasidandir.