9.3. Ayrim sanoat tarmoqlarini joylashtirishdagi o‘ziga
xos xususiyatlar
Ayrim sanoat tarmoqlarining o‘ziga xos iqtisodiy xususiyatlari ishlab chiqarishni joylashtirishga aloqadordir. Shuning uchun ayrim tarmoqlarni joylashtirishni rejalashtirish va iqtisodiy asoslashda ularning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olish zarur.
Elektr stansiyalarini joylashtirishda mineral yoqilg‘ilarni tashish mumkin bo‘lgan holda, suv resurslarini ko‘chirish mumkin emasligi hisobga olinadi.
Qora metallurgiya sanoati korxonalarini joylashtirishda uning xom ashyo bazasi, ishlab chiqariladigan mahsulot nomenklaturasi, korxona turi, tarmoqning suvga talabi hamda yirik metallurgiya kombinatlarining boshqa tarmoqlar joylashishini va yirik shaharlar paydo bo‘lishini e’tiborga olish zarur.
Kimyo sanoatining turli tarmoqlarini joylashtirishda zamonaviy kimyo texnologiyasining o‘ziga xos xususiyatlari, ya’ni kimyo sanoatiga tegishli xom ashyo ko‘pligi, energetika resurslari hamda ko‘p tarmoqlarning chiqindilarini majmuali tarzda qayta ishlash, bir turdagi xom ashyodan turli va bir turdagi mahsulotlarni har xil xom ashyodan olish, sintetik materiallarni barcha iqtisodiy hududlarda ishlab chiqarish mumkinligi hisobga olinadi.
Mashinasozlik sanoatini joylashtirishda ishlab chiqariladigan mahsulot xususiyatlari, tarmoqning metallga bo‘lgan talabi, ularni tashish masalalari, ayrim iqtisodiy hududlar sanoatining ixtisoslashuvi, iqtisodiy hududlarning industrial rivojlanish darajasi, mashinasozlik korxonalarida ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va kooperativlashtirish, mashinasozlik sanoati mahsulotlariga barcha hududlarda talabning doimiyligini e’tiborga olish zarur.
Yengil sanoat, oziq-ovqat sanoatining ko‘pgina tarmoqlari mamlakatning barcha iqtisodiy hududlari, bir qator tarmoqlar esa muayyan hududlarda joylashadi. Bular — tikuvchilik, trikotaj, poyabzal, qandolat, un-yorma, makaron mahsulotlaridir. Non va alkogolsiz ichimliklar sanoati esa har bir aholi punktida joylashtirilishi kerak.
Yuqorida ko‘rsatilgan tarmoqlar va to‘qimachilik sanoati iste’mol bozori doirasi keng hududlarda joylashadi. Bunga sabab xom ashyoni tayyor mahsulotga nisbatan tashish osonroq, tayyor mahsulot assortimenti iste’mol qiluvchi ma’lum hudud aholisining jinsiy va yosh jihatdan tarkibiga, milliy mentalitetiga bog‘liq bo‘lishidir. Xom ashyo bazasiga yaqin joyda esa shakar, yog‘-moy, konserva, spirt, vinochilik, paxta tozalash va shu kabi tarmoqlar joylashadi. Shunday qilib, korxonalarni joylashtirishni rejalashtirish va iqtisodiy asoslash paytida har bir tarmoqning o‘ziga xos xususiyatlarini to‘g‘ri hisobga olish, ishlab chiqarishni joylashtirishning umumiy tamoyillariga tayanish butun sanoatni joylashtirishning yuqori samaradorligini ta’minlash imkonini beradi. Natijada ijtimoiy mehnat unumdorliga oshadi. Bu esa, milliy iqtisodiyotning rivojiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Dostları ilə paylaş: |