9.5. Sanoatni joylashtirishdagi siljishlarning iqtisodiy samaradorligi
Mustaqillik yillarida sanoat ishlab chiqarishini joylashtirishda yirik o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ayrim hududlar o‘rtasida yangidan-yangi aloqalar o‘rnatildi, ularning o‘zgarishlar davrigacha bo‘lgan ixtisoslanishi tubdan o‘zgardi. Sanoatda qayta ishlash uchun yangi hududlarda joylashgan bir qator foydali qazilma konlari ishga tushirildi. U yerlarda kuchli sanoat majmualari tashkil topdi. Bu o‘zgarishlar yuqorida aytib o‘tilgan sanoatni joylashtirish tamoyillari O‘zbekiston davlatining iqtisodiy strategiyasi va taktikasi asosida ro‘y berdi va bu ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligining oshirilishiga olib keldi.
Sanoatni joylashtirishda ro‘y beradigan tub o‘zgarishlarning iqtisodiy samaradorligi ko‘pgina ko‘rsatkichlar yordamida hisobga olinadi. Lekin, bu o‘zgarishlarning bir qismini miqdor jihatdan o‘lchash mumkin emas, chunki ular siljishlarning sifat jihatidan natijasini ko‘rsatadi. Bular qatoriga yangi hududlarning juda katta foydagi qazilma resurslarini sanoatda foydalanish uchun ishga tushirish, ilgari nisbatan qoloq hududlarning industrial va agrar hududlarga bo‘linishini yo‘qotish va shu kabilar kiradi.
Sanoat joylashishidagi siljishlarning iqtisodiy samaradorligini miqdor jihatdan hisoblashda birinchi navbatda xalq xo‘jaligiga sarflangan kapital mablag‘lar samaradorligini oshirish ko‘zda tutiladi.
Sanoatni joylashtirishdagi siljishning iqtisodiy samaradorligini aniqlashning muhim ko‘rsatkichlaridan yana biri mehnat unumdorligining oshishidir. Respublikaning markaziy hududlarida joylashgan bir qator tarmoq korxonalari boshqa hududlardagi korxonalarga nisbatan yuqoriroq mehnat unumdorligiga ega. Lekin boshqa hududlarda qurilayotgan korxonalar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy muammolarni ham hal etadilar.
Sanoatni joylashtirishning iqtisodiy samaradorligini aniqlaydigan yana bir ko‘rsatkich — mahsulot tannarxidir. Boshqa hududlarda joylashgan korxonalar mahsulotining tannarxi rivojlangan hududlardagi korxonalarnikidan birmuncha past bo‘lishi mumkin. Lekin bunday yuqotish mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot tufayli barham topadi.
Zamonaviy bozor munosabatlari sharoitida amalga oshirilayotgan anchagina siljishlar bilan birga mamlakat sanoatini joylashtirishda yo‘l qo‘yilgan qator kamchiliklar hali ham to‘la barham topgani yo‘q. Xududlar ichra va xududlararo kooperativlashtirishda ham bir qator muammolar mavjud. Bularning barchasi sanoat mahsulotlarining asosiy turlarini, xomashyo va yoqilg‘ini nihoyatda uzoq va qarama-qarshi taraflarga tashish zaruriyatini tug‘dirishi natijasida ijtimoiy mehnat unumdorligi ko‘tarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois bozor iqtisodiyotining keyingi bosqichlariga o‘tish davrida sanoatni oqilona joylashtirish masalasiga katta e’tibor beriladi.
Sanoatni joylashtirish borasidagi muammolarni hal etish uchun quyidagi masalalarga alohida e’tiborni qaratish zarur:
respublikada ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish bozor sharoitiga mos ravishda olib borilishi, uning tabiiy boyliklaridan oqilona va samarali foydalanish hamda mahalliylashtirish, diversifikatsiyalash, kooperativlashtirish afzalliklaridan to‘la-to‘kis foydalanish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka tegishli sanoat korxonalarini qishloqlarda yaratish, ayniqsa, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoat tarmoqlarini olib kirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi;
sanoat ob’ektlarining qurilish muddatini qisqartirish va ulardan foydalanish harajatlarini keskin kamaytirish;
tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish sharoitlarini yaratish va h.k.lar.
Sanoat ob’ektlarini joylashtirish samaradorligini aniqlashda kapital qo‘yilmaning iqtisodiy samaradorligini aniqlashning rasmiy usulidan foydalanish mumkin. Bu usulga binoan sanoat korxonasini joylashtirishning iqtisodiy jihatdan eng qulay loyiha-mahsulot birligiga sarflanadigan ijtimoiy mehnat kamayishini ta’minlovchi variant tanlab olinadi. U quyidagi formula bilan ifodalanadi:
X= T + Yek.K,
Bu yerda:
T — konkret hudud sharoitida tayyorlanadigan mahsulotning to‘la tannarxi;
Yek — kapital qo‘yilmaning normativ qiyosiy samaradorlik koeffitsiyenti;
K - ishlab chiqarish quvvatini yaratish uchun lozim bo‘lgan kapital quyilma miqdori.
Sanoat ob’ektlarini joylashtirishning qiyosiy samaradorligini aniqlash kapital qo‘yilma va mahsulot tannarxini hisoblashni va boshqa sharoitlarni ham batafsil aniqlash hamda har tomonlama taqqoslashni va barcha imkoniyatlarni nazarda tutishni taqozo etadi.
Dostları ilə paylaş: |