Jahon adabiyoti kengliklarida qaraladigan bo’lsa, klassika,klassikadabiyot,,klassik ijodkor, klassik asar tushunchalari nisbiydir. Shuning uchun sharq klassikasini g’arbdagi uyg’onish davri yoki renessans adabiyotining xususiyatlari, g’arb klassik adabiyoti bilan tenglashtirish, uning o’lchovlariga mengzamaslik kerak. Sharq klassik merosining boshqa adabiyotlarda uchramaydigan o’lchov va qoliplari, o’ziga yarasha qirralari bor. Chunki sharq adabiyoti kishilik hayotida ma’naviy inqirozlar yuz berib, o’z ildizlarini qayta qidirish, uyg’onish yo’lidan bormadi. Balki, o’z ota-bobolari yaratgan ma’naviy asoslarga tayangan holda uni yuksaltirish, ma’naviy qadriyatlarni boyita borish yo’lini tutdi. Sharq adabiyotlarida turli davrlarda yuz bergan ko’tarilishu yuksalishlar ana shu an’analar, qo’shni madaniyatlarning o’zaro etkisi-yu, adabiy aloqalar epkinida yuzaga keldi. Ba’zida g’arb adabiyoti o’ziga ep ko’rgan ma’naviy-estetik qarashlar, badiiy talablarga ergashib ish tutiladigan bo’lsa, quyushqonga sig’may qolajagi ham kundek ayon. Ana shularni ko’zda tutgan holda, sharq xalqlari adabiyoti tarixining ilk ko’tarilishini “uyg’onish davri”, oltin davrlarini esa “klassik davr” deb atash ham o’zini oqlamas. Sharq klassikasini turli davrlarda badiiy adabiyot, ma’naviy-estetik qarashlar tarixidagi yuksalishlar bosqichi, kishilik o’tmishida badiiy tafakkurning tantana qilgan davrlari deya anglamoq kerak. Sharq klassik adabiyotining tadqiqotchisi bularni tan olmasligi va bu tarixiy haqiqat bilan kelisholmasligining iloji yo’q.