«Medeya» – xo’rlangan muhabbat va rashk tragediyasi. Shoir bu ehtiroslarning
butun kuch va haroratini Medeyaning dardu alamlarida, nafrat va g’azablarida ko’rsatgan. O’sha zamon kishilari ko’zi bilan qaraganda Medeya nihoyatda o’tkir qobiliyatli, temir irodali, serehtiros, sershijoat bir shaxs. Bu ayol na ma’budlar qarshisida va na taqdir oldida bosh egadi. Nodir jasorat, sabot va matonat bilan o’zining insoniy baxti uchun yolg’iz o’zi kurashadi, vafo va sodoqatda ikkilanishni bilmaydi, nomus masalasida hech qanday sulhga ko’nmaydi, buning ustiga u yunon ayollari singari tutqunlikda yashagan, ro’zg’or tashvishlaridan o’zga narsani bilmagan xotin- qizlardan emas, uning yoshligi uzoq mamlakatda, erkin xalqlar orasida o’tgan. Yazon bilan birinchi uchrashuvdayoq bu yigitni o’ziga munosib ko’rib, unga ko’ngil bog’laydi, butun hayotini sevgan yorining qadamiga tikib, yurtidan kechadi, og’ir jinoyatlar qiladi. Eridan yomonlik kelishini aslo kutmagan, davlat va mansab ishtiyoqida muhabbatni yakson, oilani vayron qilishini sira o’ylamagan xotinning dilida Yazonning razilliklari chuqur nafrat uyg’otishi, albatta, shubhasiz edi: Dilimni berganim, suyangan tog’im, Sevganim, yolg’izim shu erim edi. Afsus-nadomatki, past murdor chiqdi.
Evripid Medeyaning hasratga to’la alangali monologida xotin kishining og’ir qismati haqida hikoya qiladi. Qahramonning aytishicha koinotda yashaydigan butun maxluqot orasida ayollardan baxtsiz kimsa yo’q. Xotinlar o’z erlarini oltin barobarida sotib olishga, tanlarini qul o’rnida uning ixtiyoriga topshirishga majburdirlar. Erining nobop, betavfiq kimsa, uni tashlab ketolmaysan, quvib yuborolmaysan, chunki nikohni
buzish – sharmandalik sanaladi. Erkaklarning ahvoli tamoman boshqacha: ular oilada zerikib qolsalar, ko’chaga chiqib ma’shuqalari, yoronlari bilan chaqchaqlashib, ko’ngillarini xushlab keladilar. Xotinning esa birdan-bir ovunchog’i faqatgina eridir. Aytadilarki, erlarimiz qalqon ushlab xotinlarini mudofaa qilar emishlar. Bo’lmag’ur yolg’on gap!.. Bir marta bola tuqqandan ko’ra, o’n marta qilich ko’tarib jangga kirgan o’ng’ay emasmi!..
Binobarin, ayollar o’zlarining sotsial mavqelariga qarab, erkaklarga nisbatan tamomila boshqa tor bir muhitga o’ralashib qolganlar. Bu muhit oila va oila baxti bilan bog’lash mumkin bo’lgan bola-chaqa sevinchi, erning sadoqat va muhabbatidir. Ayollar o’zlarining birdan-bir suyanchiqlari, baxti saodatlarining manbai bo’lgan ana shu oila tinchligini himoya qilishda hech qanday jinoyatdan qaytmasliklarini, sevgida nechog’lik jo’shqin bo’lsalar, qasos olishda ham shunchalik berahm ekanliklarini shoir Medeyaning mulohazalarida ko’rsatadi:
Biz ayollar juda qo’rqoqmiz, Qonni ko’rsak vahima bosar, Qilich-xanjar yurak o’ynatar, Ammo, biling, nikoh to’shagi, Xotinlikning aziz huquqi Barbod bo’lib, tahqir egilsa, G’azabimiz yo’qdir davosi, Dahshat, o’lim uning zavoli.
Medeya sevgida qanchalik shijoat, vafodorlik ko’rsatgan bo’lsa, sadoqat o’rnini xiyonat egallar ekan, intiqom olishda ham shunchalik shafqatsizdir. Muhabbat to’g’risida eng oliy tushunchalar bilan yashagan bu ayolning e’tiqodiga ko’ra, mislsiz mashaqqatlar orqasida erishilgan sevgini bulg’amoq – eng mudhish jinoyatdir. Xo’rlangan muhabbatning dog’ini faqat qon bilan yuvmoq darkor.
Xullas, Evripid Medeyaning qonli jinoyatlarini nohaq tahqirlangan alamzada dilning isyoni tarzida tasvir etadi. Biroq shoir Medeyaning qilmishlarini ta’riflaganida uning barcha jinoyatlarini qahramon qonidagi shaxsiy xislatlar ifodasi tarzida emas, balki nobop ijtimoiy sharoitlar oniy burch, erkinlik g’oyalari hozirgi zamon kishilarining tilak va orzulariga hamohangdir; o’zining shaxsiy hayotidan xalq oldidagi burchini, davlat manfaatini qarshi qo’ygan vatanparvarning jasorati, bema’ni taqdirning ta’qibiga qarshi kurashga bel bog’lagan, zolimlarning zulmiga qarshi isyon ko’targan, insonning erki va baxt-saodati, adolatning tantanasi yo’lida har qanday azob-uqubatlarga bardosh berib, hatto o’limdan ham toymagan jangchining jur’ati bizni ham to’lqinlantirmasdan qolmaydi. Antik dunyo tragediyasining abadiy barhayotligi va so’nmas badiiy go’zalligining asosiy boisi ham ana shu chinakam odamparvarlik mazmunidadir.
Dostları ilə paylaş: |