Kirish. “Jahon adabiyoti” fanining predmeti va mazmuni



Yüklə 301,15 Kb.
səhifə15/43
tarix02.01.2022
ölçüsü301,15 Kb.
#37316
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   43
Jahon adabiyoti yakuniy

Edip darhol javob qaytaradi:

Odam! Ertalab–odam bolasining go’daklik vaqti – to’rt oyoqlab emaklaydi; kunduzi kuchga to’lgan navqiron payti ikki oyoqlab yuradi; kechqurun qarib, kuchdan ketgan yillari hassaga tayanib qoladi.

Shunday qilib, Edip jumboqni topadi; Sfinks o’zini dengizga tashlab ko’zdan g’oyib bo’ladi. Ma’budlarning amriga ko’ra, kimda kim uning topishmog’ini yechib bersa, Sfinks halok bo’lishi kerak edi. Edip shaharga qaytganida, og’ir ofatdan xalos bo’lgan xalq uni shod-hurramlik bilan qarshi oladi va marhum podshoh Layning tojini haloskorning boshiga kiydiradi. Fiva taxtiga o’tirgan Edip sal o’tmay Layning beva qolgan xotini, o’zining onasi Iokastaga uylanadi va undan ikki qiz (Antigona, Ismena) hamda ikki o’g’il (Eteokl, Polinik) ko’radi. Edip Fiva taxtida mamlakatni bir necha yil odilona idora qiladi, baxt-saodatda, rohatda va hurmat-zhtiromda umr kechiradi. Biroq podshohning osoyishta hayoti uzoqqa cho’zilmaydi. Ittifoqo Fiva shahri boshiga birin- ketin og’ir kulfatlar: ochlik, vabo yog’iladi. Qisqa bir muddat ichida butun shahar baayni go’riston tusiga kiradi, ko’cha-ko’ylardagi, xiyobon va xonadonlardagi o’liklarning son- sanog’i yo’q. Ularni dafn qilib ulgurmaydilar. Tevarak-atrofdan fig’on, nola ovozlari eshitiladi. Mamlakatda ocharchilik, mollar o’rtasida o’lat kezadi. Aholi qanchalar dod- faryod qilmasin, ma’budlarga sig’inib, qancha-qancha qurbonliklar so’yilmasin, baribir befoyda, go’yo ularning quloqlari tom bitgandek; musibatlar tobora kuchayadi.

«Edip shoh» tragediyasi xuddi ana shu yerdan boshlanadi.



Shaharning mo’’tabar kishilari, erkak-xotin, yosh-qari maslahat so’rab podshoh saroyiga kelishgan; axir, dono podshoh. bir mahallar yurtni Sfinks balosidan qutqargan edi-ku, nahotki ikkinchi marta ofatlarni daf qilish yo’llarini ko’rsatolmasa?.. Podshoh fuqaroning xuzuriga chiqib o’zining ham kecha-kunduz fikri-zikri shu falokatlar bo’lib qolganini, xalqning boshiga tushgan kulfatlar sababini bilib kelish uchun Delfaga, Apollon kohiniga qaynag’asi Kreontni yuborganini, betoqatlik bilan uning qaytishini kutayotganini aytdi. Shu orada Kreontning o’zi ham qaytib keladi. Apolloya nomidan karomat qilgan kohinning so’ziga qaraganda Fiva aholisining boshiga tushgan

bunchalik og’ir vabo va o’latlarning asosiy boisi to shu kunga qadar marhum podshohning xuni olinmaganligida ekan, Fiva fuqarosi qotilni topib jazosini bermaguncha balolardan aslo qutulmas emish. Naqadar og’ir muammo!... Axir, qotilni qanday ham topish mumkin? Mish-mishlarga qaraganda podshohni va uning hamma navkarlarini qaroqchilar o’ldirib ketgan, deydilar-ku!.. Shu fojiada o’lmasdan omon qolgan bitta qul hozir uzoq bir tog’ning etagida mol boqib yurar ekan. Edip mazkur podachiga darhol odam yuboradi va qanday mashaqqatlarga duch kelmasin, gunohkorni topishga astoydil bel bog’laydi. Podshohning qonini to’kishga jur’at qilgan qotil hatto o’zining eng yaqin kishisi bo’lsa hamki, uni shafqatsiz jazolashga qaror qiladi. Podshoh shu onning o’zida hamma fuqaroni yig’inga to’plab, qanday yo’l bilan jinoyatkorni izlash to’g’risida maslahat so’raydi. Xalq bir og’izdan bu mushkulotni yechishda faqatgina avliyo Tiresiy yordam berishi mumkinligini aytadi. Keksayib qolgan so’qir avliyoni yig’inga keltiradilar. Edip uni nima sababdan chaqirtirganini aytadi. Tiresiy Layni kim o’ldirganini biladi-yu, lekin Edipning ahvoliga achinib, sirni ochishdan bosh tortadi. Avliyoning taraddudlanishidan shubxalangan Edip unga bir- ikki achchiq-achchiq gapiradi. Nohaq malomatlardan Tiresiyning hamiyatiga ozor yetib, avliyo butun sirla-rini to’kib soladi. Layning qotili – Edipning o’zi! Bunchalik og’ir jinoyatda ayblanish Edipni, shubhasiz, g’azabga keltiradi. Tiresiy tilidan aytilgan bu da’volarda Kreontni bosh aybdor gumon qilib, Edip qattiq shubhaga tushadi, go’yo Kreont podshohni taxtdan ag’darib, uning o’rnini egallash niyatida Tiresiy yordami bilan shunday qabih tuhmat va ig’volarni uyushtirgan. G’azab zo’ridan tutaqib ketgan podshoh avliyoni tuhmatchi, firibgar deb haqoratlaydi, Kreontga qattiq jazo berilishini talab qiladi. Kreont esa nohaq o’dag’aylashlardan cho’chimasdan, yotig’i bilan podshohga javob qaytaradi. Shu orada janjal ustiga Iokasta kelib qoladi-da eriga taskin berish va Layning qismati haqidagi karomatlarning puchga chiqqanligini isbotlash maqsadida, podshohning qanday sharoitda o’ldirilganligini batafsil so’zlab beradi. Axir, podshohning o’z o’g’li qo’lida shahid bo’lishini karomat qilgan edilar-ku, vaholanki, uni tog’ oralig’idagi chorraha yo’lida qaroqchilar o’ldirib ketgan. Binobarin, bema’ni karomatlarga ishonib behuda tashvishlanishganlariga hojat yo’q, biroq Iokastaning hikoyasidan keyin Edipning diliga shubha oralab, tashvish va taxlikalari asta-sekin zo’raya boradi, chindan ham bir zamonlar Edip bilan bir guruh yo’lovchilar o’rtasida bo’lib o’tgan to’qnashish va buning natijasida bir nechalarning halok bo’lgani, xuddi ana shunday tog’ oralig’idagi chorraha yo’lda ro’y bergan emasmidi?.. Keyingi co’poq va tekshirishlar natijasida Layning belgi va alomatlari hamda o’lgan vaqti yana oydinlashib, Edipning ko’ngil g’ashligi, shubha va izti-roblari battar kuchayadi. Edip shu tariqa goh shubhalar taraddudida yonib, goh falokatning bartaraf bo’lishiga umid bog’lab turganida Korinfdan bir odam kelib, Polibning vafot etganini va uning o’rniga xalq Edipni podshoh ko’targanini xabar qiladi. Bu xabar Edipga tasalli beradi, qalbida so’nib borayotgan umidlarni yana uchqunlantiradi. Modomiki, Polib o’z ajali bilan o’lgan bo’lsa Edipning peshanasiga yozilgan qismatlarining ijobat bo’lmaganiga, umuman, karomatlarning yolg’onligiga Fiva shohida endi hech qanday shubha qolmaydi. Ammo, shunga qaramay, karomatda zikr qilingan ikkinchi jinoyatning ijro etilishi, ya’ni beva qolgan onasi Meropaga uylanib qo’yish xavfi hamon Edipni qo’rqitar

edi. Elchi shu mudhish shubhalarni Edipning dilidan chiqarib tashlash niyatida o’zi bilgan ba’zi voqealarni aytib beradi. Edip haqiqatda Polib bilan Meropaning bolasi emas, elchining o’zi bundan bir necha yillar muqaddam Kiferon tog’i etak-larida mol boqib yurganida, podshoh Layning bitta cho’ponidan tovoniga nashtar urilgan bolani olib, o’z podshohi Polibga eltib bergan ekan. Edip o’sha bolaning o’zginasidir. Iokastaga hamma narsa ayon bo’ladi, indamasdan saroy ichiga kirib ketadi. Edipni esa endi yangi muammo qiynaydi, axir u kimning bolasi?..

Shu payt Lay o’ldirilganida qochib qolgan cho’ponni olib keladilar. Bu odam bir zamonlar endigina tug’ilgan Edipni Korinf podshohi odamiga topshirgan cho’pon bo’lib chiqadi. Shuningdek, Layni qaroqchilar o’ldirganligi to’g’risida tarqalgan mish- mishlarning noto’g’ri ekanligi aniqlanadi. Endi na Edipning o’zida va na odamlarda hech bir shubha qolmaydi. Edip Layning o’g’li, o’z otasining qotili, onasining eri!.. Naqadar dahshat, naqadar dahshat!..

Xor Edipning g’am-g’ussalarga to’lib-toshgan shum taqdiri, odam bolasining nochorligi va inson baxtining bepandligi haqida g’amgin qo’shiq aytadi. Xuddi shu payt ichkaridan xizmatkor chiqib, bamisoli xorning so’zlarini tasdiqlagandek, yana bir og’ir musibat ro’y berganini xabar qiladi. Iokasta yotog’iga kirib, misli ko’rilmagan bunchalik og’ir dog’u hasratlar alamini ko’tarolmay o’zini osib qo’yibdi.

Ko’rgiliklardan aqli hushini yo’qotayozgan Edip, butun gunohlarining shohidi bo’lgan bu xonaga yuguradi va jon holatda xotinining libosidan to’g’nog’ichini yulib olib, ikkala ko’zini sitib tashlaydi. U ortiq quyosh yog’dusini, bolalarini, aziz yurtini, o’zining tubanlashganini ko’rishni istamas edi. Edip yana xaloyiq qarshisida paydo bo’ladi. Uning yuzida, so’qir ko’zlarida, laxta-laxta qon ivib qolgan. Baxtiqaro dilshikastaning so’nggi daqiqalari, qizlari bilan vidolashuvi - tragediya san’ati yaratgan eng dahshatli fojialardan biridir.

Edip afsonasining keyingi voqeasi – «Edip Kolonda» tragediyasida tasvir qilinadi.

Shu sababdan bu asarni «Edip shoh» tragediyasining davomi deb hisoblash mumkin.

Edipning boshiga tushgan og’ir falokatlardan so’ng ozgina fursat o’tar-o’tmas, Fiva xalqi la’natining shaharda turishidan xavfsirab, uning badarg’a qilinishini talab etadi. Edipning har ikkala o’g’li – Eteokl bilan Polinik ham bu talabni ma’qul ko’rib, otalarini o’z yurtlaridan quvadilar. Edipning katta qizi Antigona, butun hayotini otasiga bag’ishlab, o’z ixtiyori bilan u ham uzoq va mashaqqatli safarga otlanadi. Ular necha yil, necha zamonlar boshpana topolmasdan yer yuzini kezadilar, qancha-qancha tog’lardan, qalin-qalin o’rmonlardan o’tadilar. Antigona dardu hasratdan qaddi bukchaygan notavon otasining butun mashaqqatlariga hamdam bo’lib, nihoyat, Afina yaqinidagi Kolon degan yerda muruvvat ma’budalari Evmenidalar sharafiga o’stirilgan bog’- bo’stonga yetib keladilar. Qo’rkinchli jinoyatkorning bu yurtga qadam bosganini bilib qolgan Kolon aholisi quvg’indi izidan og’ir musibatlar ergashib kelishidan qo’rqib, Edipning darhol jo’nab ketishini talab qilishadi. Biroq jafokashlarning ohu zoriga rahm qilib, podshoh Tezey kelguncha sabr qilishga rozi bo’ladilar. Xuddi shu asnoda bu yerga Edipning kichik qizi Ismena ham keladi. Ismena qancha vaqtlardan beri otasini qidira- qidira ko’pdan-ko’p mashaqqatlardan keyin, nihoyat u bilan diydor ko’rishadi. Edip quvg’inga ketganidan so’ng Fiva shahrida bo’lib o’tgan voqealarni otasiga so’zlab



beradi: Edipning o’g’illari ota taxtini talashib ancha tortishganlaridan keyin kichik o’g’li Eteokl g’olib chiqib, Polinikni yurtidan haydab yuboribdi, quvg’indi Argos shahrida lashkar to’plab, Fivaga qarshi urush boshlashga tayyorlanib turgan emish. Edip bolalarining xudbinligidan nafratlanib, quvg’inga ketayotgan kuni otaning ahvoliga zarracha achinmaganlarini eslab, ularni qattiq qarg’aydi, la’natlaydi.

Ma’budlarning amriga ko’ra tez orada Afina bilan Fiva o’rtasida urush boshlanishi kerak edi. Edipning jasadi qayerda dafn etilsa, o’sha shaharning urushda g’olib chiqishini ma’budlar karomat qilgan. Noxush qarordan bezovtalangan Eteokl darhol Kreontni otasining huzuriga yuboradi va bechora cholni quvg’in qilib unga ko’p ozor yetkazgani uchun, go’yo dunyo-dunyo pushaymon ekanini izhor qilib, Fivaga qaytishini o’tinib-o’tinib so’raydi. Edip munofiq o’g’lining ayyorliklarini fosh qilib, Fivaga qaytishdan qat’iy bosh tortadi. Misi chiqqan Kreont navkarlariga buyurib, o’jar cholni va uning qizlarini zo’rlik bilan olib ketmoqchi bo’lib turgani ustiga Tezey kelib qoladi. Podshoh benavo miskinga nohaq ozor berilayotganini ko’rib, qattiq nafratlanadi va uni o’z himoyasiga oladi. Kreont bo’lmag’ur haqoratlar va do’q-po’pisalar bilan qaytib ketadi. Shundan ozgina vaqt o’tgach, bu yerga Edipning katta o’g’li Polinik keladi-da, ota taxtini Eteokldan qaytarib olish niyatida Fiva shahriga lashkar tortib ketayotganini Edipga aytib, uning ham lashkarlar bilan birga borishini iltimos qiladi. O’zi singari quvg’indi bo’lib yurgan farzandining baxtini istagan ota albatta bu iltijolarni qaytarmasa kerak, chunki kimda-kim Edipni o’z tomoniga og’dira bilsa o’sha tomonning qo’li baland kelishini ma’budlarning o’zlari karomat qilganlar. Edip amin bo’lsin-ki, mehribon o’g’li keyinchalik uning qilgan yaxshiliklarini aslo unutmaydi, Fivaga qaytarib o’la-o’lguncha otasini boqishga tayyor. Biroq najot axtarib kelgan o’g’il otadan qarg’ish va la’nat olib ketadi. Axir, ota boshiga shuncha musibatlar solgan, begona yurtlarda och- nochor kezdirgan, faqatgina shuhrat va mansab qidirib, shu qabih maqsad yo’lida bir- birining qonini to’kishdan, yurtning kulini ko’kka sovurishdan, fuqaroning qon qaqshatishdan toymagan, beandisha, behayo, xudbin bolalarga otaning qanday ham rahmi kelsin?.. Bunday nobakorlarning nasibasi faqatgina o’lim bo’lishi kerak. Edip ma’budlarga iltijo qilib, ikkala o’g’lini yakkama-yakka jangda halok qilishlarini so’raydi. Polinik ko’zdan g’oyib bo’lar-bo’lmas charaqlab turgan osmonda birdan chaqmoq chaqib, momaqaldiroq guldiraydi. Bu hodisalar Edipning paymonasi bitganligi to’g’risida ma’budlar tomonidan yuborilgan bashorat edi. Edip mehribon qizlari bilan vidolashadi, keyin Tezeyga behad minnatdorchilik izhor qilib, bundan buyon arvohi hamda qabri Afinaning ko’makdoshi bo’lib qolajagini aytib ko’zdan g’oyib bo’ladi.

Lay xonadonida ro’y bergan fojialarning xotima qismi «Antigona» tragediyasida



tasvir etiladi. (Bu asar zotan oldingilardan ilgari yozilgan bo’lsa-da, Edip haqidagi afsonani tasvirlashda muntazam izchillikka rioya qilib, biz uni eng oxirgi o’ringa ko’chirdik) Tragediyaning qisqacha mazmuni tubandagicha: Eteokl bilan Polinik yakkama-yakka jangda halok bo’lganlaridan keyin, Fiva taxti Kreont qo’liga o’tadi. YAngi podshoh vatan mudofaasi yo’lida qurbon bo’lgan Eteoklni katta tantana va izzat- hurmat bilan ko’madi; ammo yurt ustiga qurol ko’tarib kelgan xoin Polinikning o’ligini dafn qilmaslik to’g’risida qat’iy farmon chiqarib, bu farmonni buzgan kishilarni o’lim jazosiga tortajagini bildiradi. Marhumning ustidan chiqarilgan bu og’ir hukm

Antigonaning dilini pora-pora qiladi. Nahotki, yuragi shafqat va muruvvat hislariga to’la bo’lgan qiz bir qorindan talashib tushgan akasining og’ir qismatiga beparvo qarab tursin, axir jasadi dafn etilmagan murdaning arvohi tinchligini yo’qotib bir umr yer yuzida tentirab qolmaydimi?.. Foniy bandalarga bundan og’ir musibat bormikan?.. Boshiga qandai kulfatlar tushmasin, singillik burchini o’tashga ahd qilgan Antigona, kechasi yashirincha akasining jasadi ustidan tuproq sochib dafn rasmini ado qilib turganida, qo’lga tushib qoladi. Podshohning amrini buzib, bu xilda o’zboshimchalik qilgan qizning jur’ati Kreontni tutaqtiradi, g’azabini qo’zg’atadi. Antigona esa ilohiy qonunlarning inson hukmidan ulug’ligi, qarindoshlik burchining muqaddasligini o’rtaga qo’yib, o’z xatti-harakatining eng adolatli ish ekanligini dadillik bilan hukmronning yuziga aytadi va singillik vazifa-sini ado etganidan keyin hech qanday jazodan qo’rqmasligini izhor qiladi. Xor qanchalar nola-fig’on chekmasin Kreontning o’g’li, Antigonaning qallig’i Gemon nechog’lik otasiga yalinib ma’suma qizga shafqat ko’rsatishni iltijo qilmasin, baribir zolim podshoh o’z hukmidan qaytmaydi: Antigonani tiriklayin yer ostidagi maqbaraga qamab o’ldirishni buyuradi. Antigona hayotining so’nggi damlari, soqchilar uni tiriklikning oxirgi maskaniga haydab bormoqdalar, benavo qizning chehrasida dard-alam aks etgani bilan, qilmishidan o’kinish, pushaymon bo’lish sezilmaydi. Antigonani olib ketganlaridan keyin Kreontning huzuriga avliyo Tiresiy kelib, podshohning bu qadar zolimligidan ma’budlarning qahrlanganini aytadi va dilozorning boshiga og’ir musibatlar yog’ilishini bashorat qiladi. Bu xabardan zahrasi uchgan podshoh, Antigonani ozod qilish uchun maqbaraga yuguradi, biroq vaqt o’tgan edi: bechora qiz ustidagi libosdan sirtmoq yasab, o’zini osib qo’yibdi, ma’shuqasidan ajralgan Gemon uning tepasida yig’lab o’tiribdi. Vafodor yigit otasini ko’radi-yu, yurak alamlariga toqat qilolmay, xanjarini o’zining ko’ksiga uradi-da, qora qonga belanib mahbubasi yoniga yiqiladi. Sevikli o’g’lining halok bo’lganini eshitgan onasi Evridika ham eriga la’natlar o’kib, o’zini o’ldiradi. Tragediya Kreontning befoyda pushaymonlari va xorning «Ma’budlar yomonlarni bejazo qoldirmaydi» degan hikmatli so’zlari bilan tugaydi. Sofoklning bu asarlaridan tashqari, bizga qadar yana to’rtta tragediya yetib kelgan. Shulardan uchtasi: «Ayaks», «Elektra», «Filoktet» – Troya afsonalari mavzuida va bittasi «Traxinali ayollar» – Gerakl haqidagi rivoyatlar asosida yozilgandir. Bu asarlar ham badiiy mahorat bobida yuqorida ko’rgan tragediyalarimizdan unchalik qolish-maydi.

Antik dunyoda o’tgan dramaturglardan birontasining asari jahon adabiyotida

«Edip shoh» tragediyasichalik chuqur iz qoldirmagan. Sofoklning bu asari XVIII asrning oxiri, XIX asrning boshlarida yevropa adabiyotida «taqdir tragediyasi» deb atalmish maxsus adabiy oqimning tug’ilishiga sabab bo’ladi. Bu oqim tarafdorlari, go’yo Sofokl izidan borib, taqdir mavzuida yozgan asarlarida, dunyo bevafo, odam bolalari hayot girdobida beixtiyor oqib yuradigan benavo-bechoralardir, deb da’vo qiladilar. Darhaqiqat «Edip shoh» tragediyasi ham qadimgi yunonlar e’tshrdida juda muhim o’rin tutgan taqdir masalasiga bag’ishlangan. Ammo bu diniy aqidani talqin qilishda yunon dramaturgi o’zining yangi zamondagi muxlislariga zinhor-zinhor o’xshamaydi. Taqdir haqidagi afsonalar Sofokl ijodida ham xuddi Esxil asarlarida bo’lgani kabi, faqatgina yozuvchining diniy, ma’naviy va axloqiy qarashlarini ifoda etuvchi bir adabiy vosita

vazifasini ado etgan, xolos. Yuqorida ko’rganimizdek, Lay bilan Edip ham, Esxil qahramonlari singari ixtiyorlarini taqdir izmiga topshirib qo’yib, ko’r-ko’rona ish qiluvchi odamlar emas, balki peshanalariga yozilgan og’ir qismatlarni bilganlari holda, uning oldini olish uchun astoydil kurashgan va o’zlarining baxt-saodatlari yo’lida ma’budlarning xohishiga qarshi isyon ko’targan kishilardir.



Umuman, qadimgi yunon kishisiga uning va, shaxsan, Sofoklning nazarida qismat baxt-saodat, adolat hamda zaruriyat kabi tushunchalarning ma’nosi bir-biriga juda yaqin bo’lgan. Tabiat qonunlarini buzish, insoniy qoidalarga xilof ish qilish – gunohkorlarning taqdiriga ta’sir ko’rsatmasdan qolmaydi. Hozirgi zamon kishilari nuqtai nazarida ota-bobolarning gunohlari uchun bolalarning jabrlanishi – albatta bema’ni va nohaq bir zulmdir; ammo qadimgi yunonlar gunoh doirasini juda keng tasavvur etganlar. Foniy bandalar ota-bobolarning gunohlari uchun javob berishdan tashqari o’zlarining xatti-harakatlarida ham juda ehtiyot bo’lishlari, dunyoning bevafoligini, ma’budlarning qudratini, baxt-saodatning bepandligini, taqdirning bebaqoligini unutmasliklari lozim. Bulardan tashqari, birovga nojo’ya ozor berish, noo’rin tutaqish, davlat va mansabga mag’rur bo’lish, baxt shavqiga berilib esankirash va shularga o’xshash inson sha’niga nomunosib yana birmuncha ehtiroslar ham gunohkorning boshiga ko’p kulfatlar keltiradi. Bas, shunday ekan, Sofokl nazarida Edip tamomila pok, shafqatsiz taqdirning begunoh qurboni hisoblanishi aslo mumkin emas. Axir siz Edipning fe’l-atvoriga yaxshilab kuz tashlasangiz, bu odamning «yomon» xislatlardan mustasnoligiga shubhalanib qolasiz. To’g’ri, Edip nihoyatda dono, odil, sohibtadbir, fuqaroparvar, yurtini sevgan, uning g’ami bilan yashagan bir podshoh. Xalq unga chin ko’ngildan ishonadi, o’zining rahnamosi deb qaraydi, boshiga kulfat tushganida maslahatga keladi. Edipning o’zi ham davlat va xalq oldidagi mas’uliyatini chuqur his etadi. Tragediyaning boshidan to oxiriga qadar davom etgan voqealar jarayonida Edipning xatti-harakatlarini idora qilgan birdan-bir asosiy masala – Layning qotilini topish, shu yo’sin shaharni halokatdan qutqarish, fuqaroni tinchitishdir. Bu yo’lda hech qanday musibat, hech qanday dahshat podshohni qo’rqitmaydi. Layni o’ldirgan odam uning o’zi ekanligi tobora oydinlashib borayotganida ham axtarishlarini to’xtatmaydi. Hatto Korinf elchisining hikoyasidan keyin hamma narsa aniqlanganida ham, cho’ponni so’roq qilmasdan o’zini qutqarishga intilmaydi. Edip butun haqiqatni bilishi lozim – shahar manfaati, xalq tinchligining taqozosi shu. Ana shu olijanob fazilatlar barobarida, Edip bir talay nuqsonlardan ham mustasno emas: atrofdagilarning itoatkorlik bilan qullik bajo keltirishlariga odatlanib qolgan, barcha mustabidlar singari, e’tirozlarni yoqtirmaydi. Butun aholining izzat-e’tiborini qozongan, yurtga qilgan yaxshi xizmatlari bilan hurmat orttirgan keksa Tiresiy mudhish haqiqatni ochishga taraddudlanib turganida, Edip unga achchiq-achchiq gapirib, qattiq jazolamoqchi bo’ladi; Kreontni xoin gumon qilib, g’azab o’tida tutaqadi va begunoh odamni o’lim jazosiga buyurish lozimligini aytadi. Bir tomondan, Edipning tutaqishi ham o’rinli; axir uni haddan tashqari og’ir jinoyatda, ya’ni otasini o’ldirganlikda aybladilar. Edipning gunohini aniqlash uchun umuman odam bolasiga va, xususan, podshohlarga Sofoklning qanday qaraganligini tushunish zarur. YOzuvchining tasavvur qilishicha, har bir inson, ayniqsa hukmronlar to o’la-o’lguncha o’zlarining

«odamliklarini» unutmasliklari lozim. Inson sha’n-shavkatda, davlat va saltanatda, hurmat va ehtiromda qanchalik baland ko’tarilmasin, hech qachon manmanlikka berilmasdan, bir nafas ham odam baxtining bepandligini, beqarorligini esdan chiqarmasdan sabr-matonat, idrok va adolat hukmi bilan ish ko’rmog’i darkor. Aks holda bir kun kelib ma’budlar ulug’ martabali mas’udlarni ham har qanday yuksaklikdan jahannam azoblariga uloqtirib tashlaydilar. Edipning gunohlari va ko’rgiliklarining boisi ana shunda. Yozuvchi qahramonning obrazini talqin qilar ekan, uning boshiga tushgan musibatlarni faqat taqdirning xohishiga ko’ra sodir bo’lgan oqibatlar tarzida emas, ko’proq Edipning shaxsiy qusurlari natijasida ro’y bergan falokatlar tarzida ko’rsatadi; odam bolasi o’zining ezgu ishlariga mag’rurlanmasligi, o’ziga binosadida ham shoir asosan shu usuldan foydalanadi.

Sofokl asarlarida aktyorning soni orttirilganligi vajidan dialoglarning hajmi Esxil asarlariga qaraganda allaqancha kengayadi va qahramonlarning xarakteri hamda ahvoli ruhiyasi tavsifida yirik bir vositaga aylanadi. Sofoklning deyarli hamma asarlari qahramonlar o’rtasidagi shiddatli munozaralar, dahanaki janglar asosiga qurilgandir.

Sofokl ijodida yunon tragediyasi yuksaki kamolot bosqichiga ko’tarilib, olamshumul ahamiyat kasb etadi. Shoir asarlarining demokratik ruhi, odamparvar mazmuni, noyob badiiy ko’rki – ularning abadiy barhayotligini ta’minladi.



Yüklə 301,15 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin