«ODISSEYA»
Gomer nomi bilan bog’liq bo’lgan ikkinchi asar – «Odisseya» dostonida Troya urushining bosh qahramonlaridan biri, Itaka podshohi Odisseyning sarguzashtlari hikoya qilinadi. Troya jangi tugagach, Odissey o’z lashkarlari hamda Troya urushida qatnashgan bahodir hamrohlari bilan birgalikda kemalarga o’tirib yurtiga qaytadi. Odisseyning dushmani bo’lgan dengiz ma’budi Poseydon uning yo’lida dahshatli to’lqinlar ko’tarib, pahlavonning boshiga ko’p musibatlar soladi. Troya urushi tugagandan keyin yana o’n yil davomida Odissey o’z vataniga qaytolmasdan dengiz to’lqinlarida, begona yurtlarda sarson-sargardon daydib yuradi, uning boshidan bemisl mojarolar kechadi. Dostonning birinchi boblarida biz qahramonni Ogigiya orolida, parizod Kalipso qo’lida tutqunlikda ko’ramiz. Odisseyga oshiq bo’lib qolgan parizod necha yillar mobaynida uning o’z yurtiga qaytish istaklariga quloq solmay keladi. Bu orada Odisseyning Itaka orolida qolgan rafiqasi Penelopaning boshidan nihoyatda og’ir kunlar kechadi. Yillar o’tib, podshoh safardan qaytavermagach, hamma uni o’ldiga chiqarib qo’ygan. Shu sababli Itaka boyvachchalaridan bir nechasi Penelopaning payida Odisseyning saroyiga kirib olib, tun-kun bazm qiladilar, malikaning hol-joniga qo’ymay, o’zlaridan birontasiga erga chiqishini talab etadilar. Erining muqarrar qaytib kelishiga amin bo’lgan vafodor rafiqa, turli-tuman vaj-bahonalar bilan jazmanlarini laqillatib, vaqt o’tkaza boradi. Odisseyning yakkayu yagona o’g’li Telemax hali yosh bo’lganligi tufayli onasini boyvachchalar zo’ravonligidan himoya qila olmaydi. Jazmanlar Telemaxdan qutulish niyatida necha bor uni o’ldirmoqchi ham bo’ladilar. Afinaning maslahati bilan otasidan darak izlab, jazmanlardan yashirincha Telemax safarga jo’naydi. U avval Pilos shahriga, Troya urushining ulug’ bahodirlaridan biri – keksa Nestorning yurtiga yo’l oladi. Pilos podshohi birodarining o’g’lini sevinch va mamnuniyat bilan kutib oladi-yu, biroq Odissey haqida biron darak aytolmasdan, aziz mehmonni Menelay yurtiga jo’natadi. Ertasi kun yosh shahzoda Sparta shahriga yetib boradi. Menelay allaqachonlar go’zal rafiqasi yelenani olib o’z yurtiga qaytib kelgan edi. Sparta podshohi ham Telemaxga samimiy iltifot ko’rsatib, uning sharafiga quyuq ziyofatlar beradi. Telemax Menelay og’zidan otasining parizod Kalipso qo’liga asir
tushib qolganligi va o’z yurti dardida alam chekib yotganligi to’g’risidagi xabarni eshitadi.
Asarning beshinchi bobidan avtor bevosita Odisseyning sarguzashtlari tasviriga ko’chadi. Dostonning bundan keyingi qismlarida voqealar afsonalar dunyosida, ajoyibot va g’aroyibotlar olamida kechadi. Ma’budlar Olimp tog’ida kengash qurib, Odisseyni o’z vataniga qaytarishga qapop qiladilar. Ma’budlar jarchisi Germes, Olimp hukmronlarining xohishini parizod Kalipsoga yetkazadi. Ogignya malikasi ma’budlarning ra’yini qaytarolmasdan qon-qon yig’lab Odisseyni safarga otlantiradi. Odissey kema yasab, yo’lga ravona bo’ladi. Kema bir necha kun dengizda bexatar suzib borgach, dengiz ma’budi Poseydon, nogahon, raqibini payqab qolib, dengizda chunon to’lqin ko’taradiki, Odisseyning kemasi g’arq bo’lib ketadi. Jafokash Itaka podshohi hayqirgan to’lqinlar girdobida uch kechayu uch kunduz suzib, Afinaning ko’magida omon-eson, nihoyat, qirroqqa chiqib oladi. Odissey panoh topgan bu yer – Sxeryaya oroli, Alkinoy degan dono podshoh qo’l ostida baxtiyor hayot kechiruvchi feak xalqining yurti edi. To’lqinlar bilan olishib madori qurigan Odissey, xazonlar g’arami ichiga kirib uyquga ketadi. Ertasi kun o’z dugonalari bilan kir yuvish uchun daryo bo’yiga kelgan Alkinoyning qizi Navsikaya bu yerda Odisseyni uchratib uni saroyga boshlab keladi, Alkinoy va uning rafiqasi Areta musofirni izzat-ikrom bilan kutib oladilar, mehmon hurmatiga dasturxon yozilib, turli-tuman nozu ne’matlar to’kiladi, o’yinlar ko’rsatiladi. Shu bazmlarning birida so’qir rapsod Demodok zavqqa to’lib Troya urushi, uning ajoyib pahlavonlari va, ayniqsa, Odisseyning mislsiz qahramonliklari to’g’risida jo’shqin qo’shiqlar aytadi. Bu qo’shiqlarni eshitgan Odissey, jangovar do’stlarini, o’zining sarguzashtlarini eslab, yuragi to’lib ketadi, ko’zlaridan yosh oqadi. Alkinoy mehmonining ahvolini payqab, uning kimligini, ko’z yoshlarining boisini so’raydi va boshidan kechirganlarini so’zlab berishini iltimos qiladi.
Nihoyat, Odissey podshohning va mehmonlarning iltimoslarini bajo kelirib, o’zini
tanitadi, Troyadan yo’lga chiqqan kunidan boshlab tortgan kulfatlarini majlis ahliga hikoya qilib beradi.
Odisseyning hikoyasi dostonning to’rt bobida (IX– XII) berilgan. Bu to’rtala bob ham boshdan oxir mislsiz ajoyibotlar bilan to’ladir.
Troya tor-mor keltirilgandan keyin Odissey hamrohlari bilan yo’lga chiqib, bir necha kun dengizda sarson-sargardon suzadi, nihoyat, to’lqin ularni latofatlar mamlakati qirg’og’iga olib keladi. Bu mamlakat aholisi lotos (nilufar) bilan tirikchilik o’tkazar ekan. Nilufarning xosiyati shunda ekanki, uni bir marta totib ko’rgan odam bolasi darhol dunyodagi hamma narsani, hatto tug’ilib o’sgan yurtini ham unutib, bir umr shu ajoyib yemishning shaydosi bo’lib qolar ekan. Odisseyning hamrohlaridan ba’zilari sehrli mevani totib qo’yadilar. Sarkarda ularning dod-faryodlariga qaramay arang kemalarga olib chiqib, bu xatarli yerdan uzoqlashishga oshiqadi. SHundan keyin biz Odisseyni bir ko’zli devlar – bahaybat sikloplar yurtida ko’ramiz. Sardor o’z hamrohlarini qirg’oqda qoldirib, o’n ikkita sherigi bilan orolni tomosha qilish uchun ketadi. Yurib-yurib ular kattakon bir g’orga ro’para keladilar. G’or ichiga kirsalar, savat- savat pishloqlar, xumcha-xumcha qatiq-suzmalar turganmish. Bir mahal tashqaridan tapir-tupur tovushlar eshitilib, g’orning ichiga katta-katta qo’y-echkilar kirib kela
beradi, ularning ketidan mollarning egasi bahaybat siklop Polifem ham kiradi. Uning manglayida kattakon bittagina ko’zi bor. Qo’rqinchli mahluqni ko’rgan Odissey va uning hamrohlari hang-mang bo’lib qoladilar. Polifem ularga g’azab bilan o’shqiradi, bahaybat qo’llari bilan sayyohlarning ikkitasini tutib oladi-da, gir aylantirganicha yerga urib o’ldiradi, keyin ularni tilishlab qozonga soladi; ovqatlanib bo’lgach, g’orning og’zini kattakon tosh bilan berkitib, bamaylixotir uyquga ketadi. Avtorning ta’biricha, bu tosh shu qadar kattaki, uni yigirma ikkita to’rt g’ildirakli arava ham o’rnidan qo’zg’ata olmaydi. Odissey uxlab yotgan odamxo’rni o’ldirmoqchi bo’ladi-yu, lekin ulkan toshni siljita olmasliklariga ko’zi yetgach, tag’in o’ylanib qoladi. Tong otgach kechagi fojia yana takrorlanadi. Polifem Odisseyning sheriklaridan yana ikkitasini o’ldirib nonushta qiladi- da, haligi tosh bilan g’or og’zini berkitib, mollarini boqishga jo’naydi. Odissey odamxo’r devning qo’lidan qutulish yo’llarini axtaradi. Nihoyat, bu yo’lni o’ylab ham topadi: g’or ichida yotgan uzun bir xodani olib, sayyohlar uning uchini nayza qilib o’tda kuydirishadi-da, so’ngra bir burchakka yashirib qo’yishadi. Kechqurun qo’ylarini haydab g’orga qaytgan Polifem ikkita odamni o’ldirib, kechki xo’rak tayyorlaydi, ovqatlanib o’rniga yotmoqchi bo’lganida, Odissey o’zi bilan olib kelgan sharobdan unga bir qadah tutadi. Sharob Polifemga juda ma’qul bo’ladi shekilli, u yana bir qadah talab qilib, soqiyning nomini so’raydi. By so’roq Odisseyni o’ylantirib qo’yadi. Qadahni Polifemga uzatarkan:
— Sen nomimni bilishni istamoqchimisan? Mening nomim Hechkim, - deydi.
— Juda soz, hech kim,– deya javob qaytaradi odamxo’r dev iljayib, - bu yaxshiliging uchun seni hammadan keyin yeyman, bu mening senga ko’rsatgan himmatim bo’lsin.
Polifem yana bir qadah sharob ichadi, kayfi oshib yerga yastanadi va shu onning o’zida uyquga ketadi.
Odissey sheriklariga ishora qiladi, ular xodaning nayza tomonini o’tga tutib siklopning ko’ziga sanchadilar. Og’riq alamidan Polifem chunon baqiradiki, uning ovozini eshitgan oroldagi boshqa sikloplar g’or og’ziga to’planib, sheriklaridan dodlayotganining boisini va uni qanday maxluq xafa qilganini so’raganlarida Polifem, jon holatda:
Hech kim, hech kim, – deb javob qaytaradi.
Sikloplar Polifemdan achchiqlanib tarqab ketadilar.
Tong otadi. Polifem alam dardidan oh-voh qilib g’or og’zidagi toshni siljitadi-da, har bir qo’y, har bir echkini sirtini paypaslab bitta-bitta dalaga haydaydi. Polifemning maqsadini anglagan Odissey qo’ylarni uchtadan quchoqlab, o’rtadagisining qorniga bittadan hamrohini bog’lab qo’yadi, o’zi esa eng kattakon serjun qo’yning qorniga osilib oladi. Shu tariqa Odissey va uning qolgan sheriklari eson-omon g’ordan chiqib o’limdan qutuladilar. Sayyohlar o’zlari bilan Polifemning qo’y-echkilarini ham olib ketadilar. Kemaga tushib qirg’oqdan ancha uzoqlashganlaridan keyin Odissey yakka ko’zga qarab:
Bilib qo’y, Polifem, ko’zingni ko’r qilgan kishi – Itaka podshohi Odissey bo’ladi, – deb qichqiradi.
Alamzada siklop tog’dek katta toshni dengizga otadi, suv shunday to’lqinlanadiki, kemaning g’arq bo’lishiga sal qoladi. Shunday qilib, Odissey dahshatli mahluqning qo’lidan beshikast qutulsa-da, Polifemni ko’r qilgani tufayli keyinchalik uning boshiga
juda ko’p kulfatlar tushadi, chunki Polifemning otasi dengiz ma’budi Poseydon shu-shu Itaka podshohining g’animiga aylanadi.
Bundan keyin Odissey o’z hamrohlari bilan shamollar ma’budi Eolning ko’chma oroli Eoliyaga keladi. Eol sayyohlarni do’stona kutib oladi va bir necha kun quyuq- suyuq qilib yo’lga kuzatadi. Mehmonlarning safari bexatar bo’lsin uchun hamma yovuz shamollarni bir meshga qamab, Eoliya hukmroni uni Odisseyga tortiq qiladi va manzilga yetmaguncha zinhor-bazinhor meshni ochmaslikni, aks holda yo’lovchilar boshiga og’ir kulfatlar tushajagini unga qayta-qayta uqtiradi. Shu sababli Odissey meshni qo’riqlab tun-kunlarni bedor o’tkazishga majbur bo’ladi. Safarning o’ninchi kuni uzoq-uzoqlardan Itaka orolining qorasi ko’rina boshlaydi. Bedorlikdan tinkasi qurigan Odissey nogahon uxlab qoladi. Sardorning hamrohlari, mesh ichida qimmatbaho dur- gavharlar, oltin-kumushlar bo’lsa kerak, degan xayolga borib, asta-sekin meshning og’zini bo’shatadilar. Tutqunlikdan qutulgan yovuz shamollar bo’ron ko’tarib, Odisseyning kemalarini vatan qirg’oqlaridan yana uzoqlarga, begona yurtlarga olib ketadi. Ular suza-suza, nihoyat odamxo’r ulkan mahluqlar oroli qirg’og’iga kelib to’xtaydilar. Bularni payqab qolgan yovuz odamxo’rlar tog’dek-tog’dek toshlarni otib, Odisseyning o’n ikkita kemasidan o’n bittasini cho’ktirib, qancha-qancha hamrohlarini qirib yuboradilar. Bir necha sheriklari bilan yakka-yolg’iz kemada qolgan Odissey dengizda yana bir qancha vaqt darbadar suzib, oxiri quyosh ma’budi Geliosning qizi sehrgar parizod Kirkaning oroli sohiliga kelib tushadi.
Ehtiyotkorlik yuzasidan orol ichkarisiga Odissey avval bir guruh hamrohlarini
yuboradi. Ular yurib-yurib quyuq daraxtzor ichidagi muhtasham bir qasrga ro’para keladilar. Qasr atrofida qo’lga o’rgangan sher va bo’rilar aylanib yurishardi. Ular begona odamlarni ko’rishlari bilan baayni vafodor it singari yugurib kelib, yo’lovchilarga erkalana boshlaydilar. Shu payt qasr bekasi Kirkaning o’zi mehmonlar istiqboliga chiqib, ularni ichkariga taklif qiladi va har biriga bir qadahdan sharob tutadi. Yo’lovchilar qadahni ko’tarishlari bilan darhol to’ng’izga aylanib qoladilar. Ammo ularning aql-hushlariga putur yetmaydi. Shundan keyin jodugar to’ng’izlarni og’ilxonaga qamab, oxurlariga cho’chqayong’oq to’kib qo’yadi. Bu voqeadan xabar topgan Odissey shu onning o’zida sheriklarini qutqarish uchun qasr tomonga yuguradi. O’rmon oralab ketayotganida ro’parasida Germes paydo bo’lib, jodugarning amalini qaytaradigan bir giyoh ildizini beradi. Kirka Odisseyni ham xushnud kutib oladi, mehmonini oltin kursiga o’tqazib qo’liga qadah tutadi. Biroq sehrgarning amali bahodirga kor qilmaydi. Odissey sapchib o’rnidan turadi-da, qilichini yalang’ochlab Kirkaga otiladi. Bu holni ko’rib o’takasi yorilgan afsungar mehmonning oyog’iga yiqilib, undan afv so’raydi, ma’budlarni o’rtaga qo’yib sheriklarini asl holiga qaytarishni va’da qilganidan keyin Odissey shaxtidan tushib, qilichni qayta qiniga soladi va shundan so’ng Kirka bilan ishrat qilib, bir yil shu orolda qolib ketadi, nihoyat hamrohlarining qistovi bilan ma’shuqasidan ijozat olib yo’lga otlanadi. Biroq shundan oldin, Kirkaning maslahati bilan jahannam ziyoratiga borib keladi. Jahannamda Odissey mo’’tabar avliyo Tiresiyning arvohi bilan uchrashadi. Tiresiy Itaka podshohining bundan keyingi taqdiri, rafiqasi Penelopaning musibatlari haqida gapirib, juda ko’p yaxshi maslahatlar beradi. Odissey jahannamda shuningdek onasining arvohi, halok bo’lgan jangovar do’stlari
Agamemnon, Axill va boshqa bahodirlarning ruhlari bilan ham so’zlashadi. Yunonlar sardori o’zining shum taqdiri, ya’ni vatanga qaytgan kuni rafiqasi Klitemnestraning o’ynashi Egisf qo’lida shahid bo’lganini aytib, Odisseyni ham ogohlantirib qo’yadi.
Jahannam ziyoratidan qaytib Odissey yana Kirkaning qasriga keladi-da, keyin shu yerdan o’z vataniga qarab safarni davom ettiradi. Biroq mashaqqat ustiga yana mashakqat: sayyohlarning yo’li Sirenalar oroli sohiliga tushib qoladi. Parizodlar naslidan bo’lgan qush tanali bu mahluqlar chaman-chaman xushmanzara gulzorlarda yashaydilar, ular shunchalar xushohang ashula aytadilarki, bu ashulani eshitgan har bir odam shaydo bo’lib, oroldan ketolmay qolar, sirenalar keyin bu odamni qiynoqda o’ldirishar ekan. Odissey o’z sheriklarini parizodlar domidan saqlash uchun ularniig quloqlariga mum quyib qo’yadi. O’zini esa kema machtasiga mahkam bog’lab qo’yishlarini buyuradi. Orol yonidan o’tayotganlarida parizodlarning navosini eshitib Odisseyning vujudi larzaga keladi, u mast-alast talpinib, oyoq-qo’llarini bo’shatishlarini so’raydi, sheriklari sardorning dod-faryodiga quloq solmay, sirtmoqni qattiqroq tortadilar va shu tariqa kemani jadal haydab, falokatdan arang qutuladilar. Qutuladilar- u, ammo yana bir qancha xavf-xatarlarga yo’liqadilar. «Alpomish» dostonini Itaka xalqlarining mashhur qahramonnomasi «Iliada» hamda «Odisseya» poemalarining bevosita ta’siri ostida maydonga kelgandir, degan fikrni bildirmaydi. Bu asarlar o’rtasidagi yaqinliklarni faqatgina YUnon va O’rta Osiyodagi ijtimoiy hayotning ma’lum tarixiy sharoitlarda bir-biriga yaqin bo’lganligi bilan izohlash mumkin, xolos. Ma’lumki,
«Iliada» va «Odisseya» poemalarida qabilachilikdan quldorlik tuzumiga o’tish payti tasvirlangan bo’lsa, «Alpomish» dostonida qabilachilik tuzuminnng yemirilishi va feodalizm tartiblarining vujudga kelish davrlari haqida hikoya qilinadi. Binobarin, shu paytdagi ikkala xalqning hayot tarzi, ularning tushunchasi, turmushda ishlatiladigan qurol-asboblari, deyarli bir-biriga o’xshash bo’lgan. «Odisseya» bilan «Alpomish» o’rtalaridagi ba’zi mazmun yaqinliklari, masalan, ikkala dostondagi qahramonlarning safardan qaytib, boshqa bir kimsa qiyofasida uylariga kelishlari va kamonbozlik vaqtida dushmanlaridan qasos olib, rafiqalari bilan topishishlari masalasiga kelsak, bu mavzu, ya’ni erning o’z xotini yoki mahbubasining to’yi ustiga kelib qolishi – jahon xalqlari og’zaki adabiyotida benihoyat ko’p uchraydigan umumiy bir holat bo’lgan; uslubdagi o’xshashliklar esa ming-ming yillar davom etgan dostonchilik an’analarining ifodasi, bu asarlarning xalq og’zaki adabiyoti zaminida yetilganligi alomatidir.
Dostları ilə paylaş: |