Dramaning paydo bo’lishi
Afsonalarga ko’ra Dionis yiliga faqat ikki marta bayram o’tkazish taomilga kiradi. Avval bahorda, tabiatning uyg’onish paytlariga, kuzda uzumlarni uzish yoki yangi hosildan solingan mayni suzish vaqtlariga to’g’ri keladigan bu bayram kunlari, endi, shirin xursandchilik, sho’x-sho’x o’yin-kulgilar bilan o’tkaziladigan bo’ladi.
O’z hamrohlari–satirlar bilan yer yuzini aylanib, odamlarni vaqtixushlikka da’vat etgan jahongashta ma’budning sarguzashtlari, uning boshidan kechgan xavf-xatarlar, dushmanlari ustidan qozongan g’alabalari haqida hikoya qiluvchi difiramb-madhiyalar
– badiiy ijod uchun behisob mavzular bag’ishlar, ularni dramatik shaklga solish istaklarini qo’zg’atar edi.
Tragediyaning bevosita Dionis marosimlari bilan bog’liq bo’lganligiga va to’g’ridan-to’g’ri shod-xurramlik ma’budi sha’niga to’qilgan difiramb qasidalardan o’sib chiqqanligiga Aristotel ham sira shubha qilmaydi va bu to’g’rida «Poetika» asarining to’rtinchi bobida qat’iy fikrlar aytadi. Ulug’ faylasufning izohiga qaraganda, hatto
«tragediya» iborasining o’zi ham Dionis shaxsi bilan mahkam bog’liqdir. Bu atama trago va oide degan ikki so’zdan tarkib topgan bo’lib, «taka qo’shig’i» degan ma’noni bildiradi. Juda qadim zamonlarda yunonlar Dionisni taka qiyofasida (totemizm) tasavvur etganlarini va satirlarning taka sifat maxluqlar bo’lganlarini eslasak, Aristotel fikrlarining to’g’riligiga iqror bo’lamiz,
Aristotel xuddi shu tariqa komediyaning paydo bo’lish tarixini ham Dionis marosimlariga ulaydi. Bahor kezlarida qishloqlarda o’tkaziladigan hosilot bayramlarida, ayniqsa, Dionis marosimlarida dehqonlar ma’budlardan baraka tilab, unumdorlikning ramzi o’laroq biron jonivorning tanosil a’zosini savatga solib, ko’chama-ko’cha ashula aytib yurishar ekan. Umuman, bu bayramlar nihoyatda sho’x, xushchaqchaq o’tgan; ashulalarning mazmuni ham ancha qaltis, ba’zan, hatto bir darajada behayo bo’lgan. Sayr paytlarida yo’lovchilarga tegajaklik qilish, ularning sha’niga biron qochiriq gap aytib kulgi qilish, yoinki ko’ngil xushlamagan bironta arbobnimi, boynimi ashulada mazax qilish, bunday bayramlarning taomi-lida oddiy bir narsa bo’lgan. Shularning hammasi komediyaning dastlabki unsurlari ekanligini Aristotel bu janrning nomi bilan ham isbotlaydi. Chindan ham «komediya» iborasi
«comos» va «oide» degan ikki so’zdan tarkib topgan bo’lib, «masxarabozlar qo’shig’i» degan tushunchani anglatadi.
Aristotelning «tragediya – difiramb peshtalqinlaridan, komediya – fall (tanosil) qo’shiqlari peshtalqinlaridan boshlangandir», degan qat’iy da’vosini ilm ahllari hozirgi kunda to’la e’tirof ztadilar. Ammo shu narsani esdan chiqarmaslik lozimki, Dionis sha’niga yozilgan maqtov qo’shiqlari– difiramblarning tor lirik kuy doirasidan chiqib chinakam dramatik janrga aylangunicha juda uzoq davrlar o’tgan, qancha-qancha shoirlarning mehnatlari sarflangan. Bu qo’shiqlar aslida ellik odamdan iborat xor ishtirokida bajarilgan. Ularni ijro etish oldida xordan bitta odam– peshtalqin ajralib chiqib, kuyni boshlab berar, keyin galma-gal: goh xor, goh peshtalqin aytar edi. Bu hodisada dramaning zarur xususiyati hisoblanmish boshlangich dialogni ko’ramiz. Difiramblarni badiiy tomondan qayta ishlab, yangi adabiy turga aylantirish bobida qadimgi zamon shoirlari anchagina uringan bo’lsalar ham, bu janr uzoq yillar lirik kuy holicha qola beradi; chunki uning tarkibida harakat, chinakam o’yin yo’q edi. By sohadagi eng jiddiy ish – difiramblar ijrosiga birinchi aktyorni kiritish bo’lgan. Shundan so’ng difiramblarning harakat doirasi favqulodda kengayadi, dialoglar miqdori ortadi. Endilikda aktyor bilan peshtalqin yoki aktyor bilan xor o’rtalarida so’z yuritish, yo bo’lmasa xor ashula aytib turganida aktyor tashqariga chiqib, sahnadan chetda bo’layotgan voqealar haqida xorga yangi xabarlar keltirish, yoinki zarur bo’lib qolgan taqdirda, ijro qilinayotgan asarning mazmuniga qarab, boshqacha kiyinib kelish imkoniyati paydo bo’ladi. To’g’ri, aktyorning o’yini asarda hozircha juda oz. Ammo shunga qaramay, endi u voqeani harakatga keltiruvchi markaziy kuchga, xorning
kayfiyatini idora qiluvchi asosiy shaxsga aylanadi. Xor esa faqat lirik qismlarninggina ijrochisi bo’lib qoladi.
Adabiyot tarixida an’ana tusiga kirib qolgan e’tiqodga ko’ra, difirambga birinchi aktyorni kiritgan ijodkor deb qadimgi yunonlar Fespid degan shoirni taniganlar. Fespid ishlarini davom ettiruvchi shoirlar keyinchalik asta-sekin Dionis sarguzashtlari bilan bog’liq bo’lgan mavzular doirasidan chiqib, yunon rivoyatlarining boshqa turli-tuman mavzularidan ham foydalana boshlaydilar. Bora-bora chinakam yer hayoti, inson turmushi bilan bog’lik bo’lgan masalalarga ham qo’l uriladi. Binobarin, difirambning uzviy qismi bo’lgan satirlar xoriga endi ortiq ehtiyoj ham qolmaydi, ular real odamlardan tuzilgan xorlar bilan almashtiriladi. Biroq satirlarning sho’x o’yinlarini, qiziq-qiziq ashulalarini chiqarib tashlash orqasida, tragediya ortiq darajada jiddiylashib ketadiki, bu holat aholi o’rtasida, xususan, dehqonlar orasida anchagina noroziliklar tug’diradi. Ular, bu tariqa asarlarning Dionisga hech qanday aloqasi yo’q deb hatto inobatga olmaydilar ham. Natijada shu tabaqalarning talablariga javob o’laroq dramaturgiyaning yangi turi – tragediya bilan komediya o’rtasida turadigan «Satirlar dramasi» paydo bo’ladi. Bu toifa asarlarning xor ishtirokchilari albatta Dionisning hamrohlari–satirlardan iborat bo’lgan. Bu janrning ijodkori VI asrning oxiri, V asrning boshlarida yashagan shoir Pratindir. Biroq uning o’ttizdan ortiq «Satirlar dramasi»dan bironta misra ham yetib kelgan emas. Eslatib o’tish kerakki, satirlar dramasi, deyarli hech qachon mustaqil ravishda ko’rsatilmagan. Ular uch qismdan iborat tragik asarlarning faqat oxirgi ilova qismi sifatida sahnaga qo’yilgan va tragediyalar bilan birga yaxlit bir to’rtlik–uch tragediya, bitta satirlar dramasini tashkil qilgan.
Xullas, shu tariqa yunon dramaturgiyasining uchta asosiy janri – tragediya,
komediya hamda satirlar dramasi paydo bo’ladi.
Dostları ilə paylaş: |