S O F O K L
Yunon tragediyasining ikkinchi ulug’ namoyandasi Sofokl (496-406) Afinaning yaqinidagi Kolon degan joyda tug’ilgan. Uning otasi qurol-aslaha korxonasining egasi, zamonasining ancha badavlat va boobro’ kishisi bo’lgan. Sofokl yoshligidan yaxshi tahsil ko’radi, turli-tuman bilimlarni o’rganadi; uning adabiy faoliyati juda erta boshlanib, 28 yoshida ekan, dramatik adiblar musobaqasida ulug’ Esxil ustidan g’alaba qozonadi. Rivoyatlarning hikoya qilishicha, mag’lubiyatga uchragan Esxil, go’yo nomusiga chidolmay, Afinani tashlab ketiga majbur bo’lgan. Bu ma’lumotlar yosh yozuvchining obro’-e’tiborini oshirish niyatida to’qilgan mubolag’a bo’lsa kerak. Chunki ba’zi tarixiy hujjatlar Esxil bilan uning kichik zamondoshi Sofokl o’rtasida juda samimiy do’stona munosabat bo’lganligidan darak beradi.
Sofokl Afinaning ijtimoy va siyosiy hayotida ham faol qatnashadi, Periklga yaqin bo’lganligi va Afinaning demokratik usul idorasiga xayrixohlik bilan qaraganligi vajidan bir necha yil davlat xazinachisi bo’lib ishlaydi. 441-yilda hatto Afinaning eng oliy davlat lavozimi – strateglikka saylanadi va Perikl bilan birga Samos urushida qatnashadi. Ba’zi tarixiy manbalarning shahodatiga qaraganda siyosiy rahbar, harbiy arbob sifatida Sofokl unchalik maqtovga sazovor odam bo’lgan emas. Uning bu qadar ulug’ martabalarga ershuvi sabablarini vatandoshlarining shoirga ko’rsatgan chuqur ehtiromlaridan axtarmoq lozim. Sofokl butun umrini shon-shavkatda, izzat va
hurmatda o’z yurtida o’tkazib, 406-yilda vafot etadi. O’limidan keyin yunon elining ulug’ zotlari qatori u ham qahramon sanalib, xotirasi uchun katta haykal o’rnatiladi va har yili qabri ustida qurbonlik so’yish taomilga kiritiladi.
Qadimgilarning guvohlik berishlariga ko’ra, Sofokl o’zining oltmish yillik adabiy faoliyati davomida 120 dan ortiq asar yozib, 24 marta dramatik shoirlar musobaqasida yutib chiqqan; biroq mazkur asarlardan bizga qadar yettitasigina yetib kelgan, xolos. Bu asarlarning tavsifiga o’tishdan oldin Sofoklning yunon dramaturgiyasida tutgan o’rni, bu janrni takomillashtirish bobida qilgan xizmatlari haqida bir oz to’xtalib o’tishga to’g’ri keladi. Sofokl o’z ijodida asosan Esxil boshlagan an’analarni davom ettirib, tragediyani tantanali diniy qo’shiqlar shaklidan chinakam dramaga aylantirish ishini yanada yuqori pog’onalarga ko’taradi. Sofokl asarlarida xor qo’shiqlarining asta-sekin qisqarib borishi orqasida voqealarning sur’ati tezlashadi; qahramonlarning tabiati va ruhiy kechinmalariga ko’proq e’tibor berish natijasida asarning mazmuni hayotiylik kasb eta boradi. Ijodining to oxirgi kunlariga qadar Sofokl o’z asarlaridan xorni tamo- mila chiqarib tashlamagan bo’lsa ham, Esxil asarlaridagiga qaraganda uning xizmati endi juda kamayib ketgan: voqealar rivojiga ta’sir ko’rsatmaydi; qahramonlar o’rtasidagi gaplarga qotishmaydi. Sofokl tragediyalaridagi xorning asosiy vazifasi – o’yin jarayonida tug’ilgan taassurotlarni izohlash, muallifning maqsad va g’oyalarini ifoda etish, ba’zi mulohazalarni izhor qilishdan iborat bo’lib qoladi. Xorning vazifasini bu tariqa isloh qilish – ikkinchi aktyorning rolini oshirishga keng imkon beradi va hatto asarga uchinchi aktyorni kiritish zaruriyatini ham tug’diradi. Birinchi marta Sofokl tomonidan joriy etilgan keyingi yangilik dramaturgiya doirasini behad kengaytirib, antik dunyo tragediyasining to so’nggi davrlariga qadar sahna san’atining asosiy qoidasi bo’lib qoladi. Ijodining oxirgi yillarida Esxil ham bu usuldan foydalanib («Oresteya») juda yirik ijobiy va badiiy natijalarga erishgan edi.
Sofokl tragediyaning faqat tashqi ko’rinishini o’zgartirish bilan cheklanib
qolmasdan, uning ichki mazmuniga ham kuchli ta’sir ko’rsatadi. Bu ulug’ san’atkor yunon sahnasiga qadam qo’ygan ondan boshlab, dramaturgiya o’zining eski diniy mistik qobig’ini asta-sekin tashlab, chinakam hayotiy tusga kira boradi; ilgarigi ulug’vor hodisalar bir daraja oddiy voqealar bilan almashib, titanlar, ma’budlar va boshqa ilohiy kuchlar o’rnini odamtaxlit qahramonlar egallaydi. Esxil o’z asarlaridagi odamlarning xatti-harakatida ko’pincha ilohlar aksini ko’rgan, odam bolasi ma’budlar o’rtasidagi to’qnashuvlarda bir sababkor sifatida talqin etilgan bo’lsa (Prometey, Orest), Sofoklning qahramonlari ko’pincha o’z ixtiyorlari bilan mustaqil harakat qiluvchi, sharoitga qarab ish tutuvchi shaxslardir. Binobarin, Sofokl odam bolasining ahvoli, tuyg’u va ehtiroslari bilan ko’proq qiziqadi va bu holatlarni turli-tuman bo’yoqlarda ko’rsatadi. SHu xususiyatlar jihatidan uning asarlari yunon adabiyotining taraqqiyot tarixida oldinga qarab tashlangan katta qadamdir.
Dostları ilə paylaş: |