Jaloliddin Rumiy — jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri. U o’zidan
keyingi Sharq va G’arb so’z san’atiga katta ta’sir o’tkazdi. Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi buyuk so’z ustalari Mavlononi o’zlariga ustoz deb bilishgan.
Buyuk Gyote,Abulqosim Firdavsiy, Shayx Sa’diy, Xo’ja Hofizlar qatorida Jaloliddin Rumiy ijodini ham «Xizr chashmasi» deb atagan. Mashhurlikda Firdavsiyning
«Shohnoma»si, Sa’diyning «Guliston»i, Hofizning «Devon»i bilan bir qatorda turgan, forsiy Qur’on nomi bilan shuhrat qozongan «Masnaviyi ma’naviy»ni inson ma’naviy hayotining qomusi sifatida nafaqat Sharqda, balki G’arbda ham ixlos bilan o’rganishgan.
«Dekameron» asaridagi ko’plab syujet va motivlarni Sharq og’zaki va yozma adabiyotidan olgan Jovani Bokkachcho «Masnaviyi ma’naviy»dagi qator hikoyatlar asosida ham novellalar yaratganligi ma’lum.
Mavlono 1207-yilda qadimiy Balx shahrida o’z davrining mashhur mutasavvuf donishmandi, yirik xatib va voizi bo’lgan Bahovuddin Valad oilasida dunyoga keladi. Bahovuddin Valad aslida Shayx Najmiddin Kubro (1135 - 1221)ning Majdiddin Bag’dodiy, Sa’duddin Hamaviy, Raziuddin Aliyi Lolo, Sayfuddin Boxarziy, Bobo Kamol Jandiy kabi 300 ga yaqin zabardast shogirdlaridan biri hisoblanardi. Jaloliddin 12 yoshida uning ota-onasi ham mo’g’ul bosqini xataridan qochish, ham haj farizasini ado etish niyatida Balxni tark etadilar.
1230-yildan bu oila Kuniyada qo’nim topadi. Yosh Jaloliddin Shom, Halab, Damashq, Qaysariya va boshqa yirik ilm markazlarida 7 yil ta’lim oladi, o’z davrining yetuk donishmandi bo’lib etishadi. Taniqli rumiyshunos Zarrinkub ta’biri bilan aytganda, "Mavlononing 68 yillik ajoyib umri boshdan oyoq bir she’r, go’zal, betakror, tug’yonli ash’or jarayoni, sadosi va bongi bilan yo’g’rilib o’tdi".
Mavlono Rumiy o’zidan keyingi avlodlarga 5 muhim va qimmatbaho asar qoldirdi:
"Devoni kabir", "Devoni Shamsi Tabriziy", "Devoni Shamsul haqoyiq" degan nomlar bilan mashhur devon. Devon g’azal va ruboiylardan iborat.
"Masnaviyi ma’naviy"- 25700 baytdan iborat bebaho tasavvufiy-ishqiy asar. So’nggi yillarda taniqli o’zbek shoiri Jamol Kamol tomonidan 2-3- jildlari, shoir Asqar Mahkam tomonidan 4-jildi o’zbek tilida nashr etildi.
"Fiyhi ma fiyhi" ("Ichingdagi ichingdadir") - Mavlononing suhbatlaridan iborat falsafiy kitob. 1998 yilda Toshkentda o’zbek tilida nashr etildi.
"Mavoizi majolisi sab’a"- bu asar Rumiyning yetti o’git va pand- nasihatlaridan iborat.
"Maktubot"- Mavlononing turli davrlarda zamondoshlariga yozgan maktublaridan tashkil topgan to’plam.
Jaloliddin Rumiy ijodi yuksak badiiyati bilangina emas, balki mantiq kuchi, falsafiy fikrlarga boyligi bilan ham katta ta’sir quvvatiga ega. Taniqli olim va adib Radiy Fish so’zlari bilan aytganda, shoirning «mavhum mantiqiy kategoriyalarda emas, balki otashin shoirona timsollar vositasida» talqin etilgan tabiat va jamiyat hodisalarining doimiy o’sish, o’zgarishda ekani, eskining yo’qolib, yangining paydo bo’lishi — «dunyoning ziddiyatlar birligidagi ziddiyatlar jangi»dan iboratligi to’g’risidagi qarashlari buyuk nemis faylasufi Gegelning e’tiroficha, unta dialektik metod yaratishga yordam bergan. Yoki ulug’ mutafakkir Husn va Ishq tortilishi misolida birinchi bo’lib olamning asosida o’zaro tortishish kuchlari yotishi haqidagi fikrni o’rtaga tashlaydiki, mazkur qonunning chindan-da amal qilishini bir necha asrdan keyin ingliz olimi Nyuton kashf etdi.
Jaloliddin Rumiy ijodi usmonli turk adabiyotining sarchashmasi hisoblanadi. Zero, shoirning millati— turk, kelib chiqishi— xorazmlik. Uning buvisi Alo’iddin Muhammad Xorazmshohning qizi bo’lgan. Mavlono tavallud topgan Balx shahri u davrda Xorazmshoxlar davlatiga qarar edi.
Hozirda Afg’oniston hududida bo’lgan bu qadimiy va dongdor shahar aslida uzoq asrlar mobaynida Turon mulkining mashhur shaharlaridan biri sanalib kelgan.
Jaloliddin Rumiy she’riyatini, asosan, ilohiy ishq bilan bog’lashadi. Bu bejiz emas. Zero, Mavlono o’zining 53 mingdan ortiq misrani o’z ichiga olgan «Masnaviyi ma’naviy»si, 84 ming misradan iborat «Devoni Kabir» («Ulug’ devon»)ida yer-u ko’kning sarvari bo’lmish Ollohi karimni va uning zamindagi xalifasi Hazrati insonni ulug’laydi. Ma’lumki, Jaloliddin Rumiy o’z davrining an’anaviy adabiy tili bo’lmish forsiyda ijod qilgan.
Bizda shoir ijodini o’rganish va targ’ib etish Radiy Fishning «Jaloliddin Rumiy» deb nomlangan tarixiy-biografik romanini tarjima qilish bilan bonshandi(Ruschadan
J. Kamol tarjimasi). Shundan keyin Sh. Shomuhamedov Rumiy g’azallari, ruboiylari va masnaviylaridan bir nechtasini o’zbekchaga o’girib, fors-tojik mumtoz shoirlari asarlaridan tashkil topgan «Injular ummoni» kitobida e’lon qildi. Jamol Kamol esa avval Rumiy ruboiylari va masnaviylaridan namunalar tarjima qilib, «Uchmoqqa qanot yo’q vale uchgayman» nomi bilan alohida kitobcha holida nashr ettirgan bo’lsa, yaqinda
buyuk «Masnaviyi ma’naviy» tarjimasini nihoyasiga yetkazdi. Jami olti kitobdan iborat bu ulug’ asarning 4 tasi bosmadan chiqdi. Asqar Mahkam «Masnaviy»ning birinchi kitobi bir qismini sharhlari bilan o’zbekchalashtirib, nashr qildirdi.
Hazrat Alisher Navoiy "Ustozlar ustozi" deb sharaflagan, Abdurahmon Jomiy esa "U payg’ambar emas, ammo payg’ambarlik kitobi bor" deb ulug’lagan Mavlono Jaloliddin Balxiy-Rumiy 1273 yilning izg’irinli qish kunlarining birida vafot etgan.
Dostları ilə paylaş: |