Birgina yunon afsonalarini olaylik. Buyuk Homerning “Illiada” va “Odisseya” dostonlariga asos bo’lgan mazkur afsonalar ayni paytda Evripid, Sofokl hamda Esxil singari olamshumul fojianavislarning benazir asarlariga mavzu bergan. Umuman olganda, dunyo adabiyoti, san’ati va falsafasi rivoji dunyo mifologiyasi bilan chambarchas bog’liq
Bizga ma’lumki, san’at va mifning tili bitta – ramzlarga asoslanadi. Har ikkalasini ham ramzlarni sharhlab o’rganish mumkin.
Momoqaldiroqni nayza deya tushunish bu miflarni yaratgan ibtidoiy ajdodlarimiz uchun tashbeh emas, shunday tushunilgan, qabul qilingan. Xalq og’zaki ijodini tadqiq etuvchi bunday metod miflarni, ramzlarni sharhlashni inson ruhiyatini tadqiq qilish bilan birga qo’sha oldi. Garchi ushbu metod yagona bo’lsa-da, miflardagi ramzlarni sharhlashda har xil qarashlar dunyoga keldi.
Mif – insonning faqat o’tmishi, ajdodlarning xayolparastligi emas, balki ularning kayfiyati va o’zi anglab yetmagan, biroq miyada singib yotgan kechinma va taassurotlaridir. Mifga ajdodlarning jo’n xomxayollari yoki cho’pchaklari sifatida emas, inson ruhiyatining in’ikosi sifatida qarash zarur, shu sababli ham mif o’tmish sadosi emas, u kecha, bugun va ertaning mujassami, inson ruhiyatining manzarasidir. Mif odam bilan birga yashaydi, odam yashar ekan u o’zicha mif yaratadi. Biroq hamma ham o’z miyasi yaratgan mifni “o’qiyvermaydi”.
Amerikalik olim Erix Fromm hamma bilishi shart bo’lgan umumiy til – ramzlar tili mif, umuman badiiyatni sharhlashda eng zarur va yagona vositalardan biridir, deya ta’kidlaydi.
Bugun ibtidoiy davr deb baho beriladigan paytlarda ajdodlarimiz bizga qaraganda yuz karra shoirroq bo’lganlar. Minglab yillar avval ajdodlarimizning tafakkur tarzi “poetik mushohada” tarzida edi: ular hayotlari va tabiatdagi har bir narsani tasavvur qilgan tushunchalarining ramzi sifatida qabul qilardilar. U paytlar osmon, suv, ko’kat, quyosh, oy, yorug’lik va zulmatning joni bor deb tushunilgan; kunduz o’rnini tun egallarkan, ezgulik va yovuzlik kurashi ketayapti deb o’ylashgan.
Adabiyotda mifologik tasvirga ehtiyoj hech qaysi zamonda pasaymagan. Alisher Navoiy asarlarining asosi mifga qurilgan. Buyuk shoir mifga o’z g’oyalarini, inson haqidagi tadqiqot va ta’limotini singdirdi.
Mif va adabiyot mavzusi yozma ijod paydo bo’lgandan buyon faylasuflar, olimlar, shoirlarning eng qizg’in munozara maydoni bo’lib kelgan. Mifning adabiyotga ta’sirini aniqlovchi, tahlil qiluvchi turli-tuman oqimlar paydo bo’ldi; bu oqimlarning bir qismi adabiyotni real hayotga, real tasavvurlarga yaqinlashtirish, undan mifologik tasavvurlarni surib chiqarish tarafdori bo’lsa, bir qismi adabiyotni mifga yaqinlashtirish masalasini ko’tardilar. Insoniyat aqli mifdan, mifologik olamdan, ajdodlarning ilk xayoliy dunyosidan qanchalik uzoqlashib va taraqqiyot zinalaridan ko’tarilgan sayin bu mavzu yana ham qizg’inroq tus oldi. Yuksak texnika taraqqiyoti asri bo’lgan XX asrda ham fizika va ximiyaning yutuqlariga qaramay mifologiya yana adabiyotning asosiy mavzusiga aylandi. Dunyo adabiyotining durdonalari hisoblangan «Ulis», «Yolg’izlikning yuz yili», «Qo’rg’on», «Yusuf va uning birodarlari», «Pedro Paramo», «G’azab va Shovqin» kabi asarlar buni tasdiqlaydi. XVIII-XIX asrdagi tanqidiy, romantik realizmlarni o’zlashtirgan, insonni o’rganishda o’zigacha bo’lgan boy tajribadan unumli foydalangan XX asr adabiyoti inson dunyosi va ruhiyatini tahlil qilar ekan, ya’ni u o’zigacha bo’lgan adabiyotlardan ham ko’ra inson ruhiyati va qalbiga ko’proq yaqinlashar, uni tadqiq etar ekan, ana shu ruhiyat va qalbda ilk insonlar dunyosi kabi mifologik timsollarga duch keldi. Shundagina mifni faqat ifoda usuli, badiiylashtirish vositasi sifatida emas, balki insonni tahlil va tadqiq qiluvchi poetik til sifatida qabul qilish boshlandi. Shu sababli bugun mif va adabiyot aloqasi haqida gap ketganda, bu aloqani faqat syujetlashtirish va tasvir usuli, badiiylik vositasi sifatida emas, inson ruhiyatini aks ettiruvchi poetik til sifatidagi o’rniga katta ahamiyat berish kerak. Zero, Tomas Mann, Frans Kafka, Joys kabi adiblar asarlarida biz ilgari ko’nikkan parallel mifik syujetlar emas, balki ichki va tashqi olamdagi mifologik jarayon modelining yaratilishiga urg’u berilgan.
Umuman, XX asr adabiyoti mifologiyaga yangi munosabatni shakllantirdi. Bu mifologiyani tushunish uchun mifologiyani talqin qilishda yangi nazariyani yaratgan psixoanalitiklarning inson va ijod jarayonlari haqidagi qarashlarining o’ziyoq mifologiyani adabiyotga, san’atga yaqinlashtiradi.
Shu sababli ham bizning asrimizda adabiyotda miflar ma’lum ma’noda yangilandi va inson ruhiyatiga kirib borilgan, uning ong qatlamlari kashf etilgan, adabiyot haqiqiy insonshunoslikka aylangan sayin sivilizatsiya yangi bir cho’pchak deb qaragan mifga ehtiyoj shunchalik kuchaydi.
Mif, aytish mumkinki, badiiy ijodda uslub imkoniyatlarini kengaytirdi, poetik mushohadaga erkinlik berdi, uni falsafiy ko’lam bilan to’ldirdi. Ma’lumki, mif olamning yaralishi, xaosning kosmosga aylanishi, tartibsizliklarga tartib berilishi, umuman, dunyo va insonning yaratilishi haqidagi tasavvurlar yig’indisidir. Xo’sh, bu tasavvurlarning poetik tasavvurga, asar poetikasiga qanday aloqasi bor?! Bu shu bilan ifodalanadiki, asarda ham mifdagi dunyo kabi yozuvchi dunyosi yaraladi; ya’ni keng olam haqida asarda faqat shu yozuvchiga xos ma’lum g’oya singdirilgan va shu g’oya ifoda etilgan dunyo yaraladi. Ana shu kichik olam yozuvchining katta olam haqidagi mifologik mushohadasining mahsuli o’laroq paydo bo’ladi. Mifni shunchaki qaytarish, bayon qilish – bu hali ijod emas. G’arbda ham ilg’or adabiyot tug’ilishidan ilgari miflarni shunchaki qaytarib yoki ozgina o’zgartirishlar kiritib, mifologik ruhdagi asarlar e’lon qilgan yozuvchilar ko’p bo’lgan, biroq bu yuksak badiiy adabiyotning ilk bosqichi edi. Uning yuqori bosqichi yozuvchi asarida, u yaratgan dunyo modelida aks etadi. Qadimgi odamning dunyoning yaralishi, ilohiyot, atrofni o’rab turgan kuchlarning ta’sirida tug’ilgan tasavvuri bilan yozuvchi yaratgan dunyo tasavvuri o’rtasidagi mantiqiy bog’liqlik mifologiyani poetikaga aylantirishdagi eng muhim jihatdir. Miflar insonning koinotdagi o’rniga ma’lum ma’noda javob bergan, javob topgan. Adabiyot esa haligacha bu masalaga tugal oydinlik kiritganicha yo’q. Bugungi adabiyot ham insonning o’rnini va vazifasini(missiyasini) aniqlashga urinar ekan, tabiiy ravishda miflar bilan uyg’unlashadi va mifologik tafakkur qonuniyatlariga amal qiladi
Adabiyotshunosligimizda mif va ijod aro umumiy jihatlar, mifning barcha ijod turlari bilan munosabati masalasi, bu ikki tushunchaning genezis nuqtai nazaridan aloqadorligi, mifning badiiy adabiyotdagi o’rni, adabiyot tarkibida yashash shartlari va usullari, bunda ijtimoiy, tarixiy, madaniy omillarning ahamiyati, ayni jarayonlarning ong va ong osti psixologiyasiga doir talqinlari kabi qator muammolar borki, bularning har biri maxsus tadqiqotlar uchun mavzu bo’ladi. Buni yozishdan maqsad esa sanab o’tilgan nazariy muammolar silsilasiga kiruvchi, mif va ijod sinteziga doir dolzarb bir masala atrofida fikr yuritishdir. Masala mohiyati mifologiyaning ekssentrik nuqtasi bo’lgan xaos va kosmos tushunchalarining badiiy ijod jarayoni bilan bog’liq jihatlarini aniqlashga urinishdan iborat.
«Mifologiya lug’ati»da yunoncha xaos istilohi «Dunyo yaratilishiga qadar mavjud bo’lgan, jazirama va zulmat, cheksizlik va bo’shliqdan iborat borliq» (-M., Prosvesheniye), deb izohlanadi. Qadim yunon adibi Gesiodning «Telegoniya» asaridagi talqinga ko’ra, xaosga xos sifatlar kosmos yaratilgandan keyin ham Tartar (er osti dunyosing eng tubida yashovchi qora kuch), Ereb (qayg’u, iztirob), Eros (xaosning kosmos dunyosidagi ayniyati, ofat va tartibsizlik, jilov bilmas shahvoniy energiya), Nikta (zulmat) kabi yaratiqlar shakli shamoyilida davom etgan.
Kosmos esa makon, zamon, tartib va taraqqiyot tushunchalaridan xoli xaos tarkibida yashagan va, ayni paytda ushbu tushunchalar in’ikosi bo’lib yaratilgan fenomen hisoblanadi. Dastlabki makon(xaos)idan ajralib chiqqach, mustaqil funksiya bajarshiga o’tgan kosmos endilikda o’z tarkibiga xaotik kuchlarni ham qamrab oladi hamda xaotik kuchning ziddi sifatida asl mohiyati uchun xizmat qila boshlaydi. SHu o’rinda barcha moddiy va nomoddiy, tabiiy va notabiiy jarayonlar negizida ayni tizim (beqaror, nochiziqli harakat)ni ilg’ash hamda to’g’ri baholashning natijasi o’laroq maydonga kelgan sinergetika falsafasini eslash, e’tirof etish lozim. Umuman, xaos va kosmos aro bunday serkulyar munosabatni paradoksal mantiq tili bilan kosmos tartibga solingan xaos, xaos esa izdan chiqarilgan kosmosdir, deya ifodalash mumkin.
Jahon tan oladigan diniy kitoblarda, jumladan Sharq idealistik falsafasida bunday murakkab tushunchalar tartib- tartibsizlik, ezgulik-yovuzlik, yaxshilik-yomonlik, nur- zulmat juftliklarida aniq, sodda talqin etiladi. Ammo shuni alohida ta’kidlash joyizki, SHarq va /arb idealistik falsafasi zohiran juft ko’rinuvchi tushunchlarning har birini ambivalent (ikki tomonli) hodisa sifatida o’rganadi. Bunga ko’ra, ezgulik, yovuzlik, tartib, tartibsizlik, yaxshilik, yomonlik, nur va zulmat tushunchalari absolyut mustaqil holatida ham diologik mohiyat kasb etadi. Universal ma’nodagi hayot tushunchasi negizida aynan shu absalyut mohiyat yotadiki, buni anglangan va anglash mumkin bo’lmagan, abadiy va o’tkinchi narsa-hodisalarning barchasiga nisbatan tatbiq etish mumkin.
Diniy va mifologik talqinga ko’ra, inson mohiyatan kosmos g’oyasining mahsuli yoinki shu fenomenning o’ta kichik shakli (mikrokosm)dir. Garchi kosmos (makrokosm-borliq dunyo) makon va zamon nuqtai nazaridan Odamga nisbatan avvalroq, cheksizroq yaratilgan bo’lsa-da, uning vazifasi, mohiyati insonga xizmat qilishdangina iborat. Ya’ni kosmosning mavjudligi lahzalik inson umri, uning zarra vujudi vositasida mantiq kasb etadi. Mazkur konsepsiya umumborliq faoliyatining
istalgan nuqtasiga nisbatan mutloqki, uning negizida ijodiy jarayon mummosini o’rganish ham o’ziga xos samara beradi, deb o’ylaymiz.
Keng ma’nodagi ijod jarayonini san’at so’zi negizida talqin etadigan bo’lsak, masalaning yechimiga qisqa yo’l bilan, qolaversa, chuqurroq kirib borish imkoni tug’iladi. Ma’lumki, san’at so’zi yasamoq, ishlamoq, sayqal bermoq ma’nolarini bildiradi. Arabcha san’atun (ﺻﻨﻌﺔ) so’zidan olingan bu istiloh ma’no jihatidan yevropacha iskusstvo so’ziga ham aynan mos keladi. Istilohning falsafiy-etimologik mohiyati tabiat yoxud borliqda xaotik (tartibsiz) shaklda mavjud bo’lgan manba (material)larni aql, hissiyot, jismoniy kuch vositasida muayyan tartib (kosmos)ga aylantirishda namoyon bo’ladi. Deylik, me’mor tomonidan tartibga solingan material (tosh, tuproq, yog’och va h.k.)lar vositasida o’ziga xos san’at namunasi bunyod bo’ladi. Kompozitor xaotik vaziyatda mavjud bo’lgan tovushlarni ma’lum tartibga keltirib musiqa ijod etsa, rassom ranglardan, raqqos harakatlardan foydalanib san’at asarini dunyoga keltiradi. (Ayni o’rinda ushbu jarayon prof. Fitratning «Adabiyot qoidalari» asarida san’at turlarini belgilash vositasi sifatida qayd etilganini ta’kidlash joyiz) Shu tariqa xaotik borliq kosmik borliqqa evriladi. Natijada san’at hodisasi yuzaga keladi va butun borliq (makrokosm) insoniyatga xizmat qilgani kabi, u ham Odam bolalariga estetik zavq berish, tarbiyalash vazifasini o’tay boshlaydi. Voqean, san’atining dunyoga kelishi, shakllanishi va taraqqiyotiga sabab ham unga nisbatan mantiqiy bir ehtiyojning mavjudligidir. Chunki hamma ham xaotik holatdagi materalning o’zidan estetik zavq ola bilish salohiyatiga ega emas. Iste’dodning hammaga ham berilavermasligi esa aksioma. Xaotik vaziyatdagi borliq iste’dodlar- «tanlanganlar» tomonidan tartibga solingachgina umuminsoniy faoliyat yo’lida «ishlay» boshlaydiki, shunga asosan tom ma’nodagi san’at hodisasi noyob ijodiy jarayon vositasida tartibga solingan xaos, ya’ni kosmos desak, to’g’ri bo’ladi. Shuningdek, mazkur xulosamiz yuqorida talqin etilgan umumborliq qonuniyatlari bilan ayniyatda ekanini ta’kidlab o’tish o’rinlidir.
Endi ushbu xulosani bevosita so’z san’ati va badiiy ijod jarayoni bilan bog’liqligini asoslashga urinib ko’raylik.
Sharq va G’arbning buyuk donishmandlari e’tiroficha, adabiy asar xaotik so’z dunyosidan (so’z vodiylaridan) dur termoq bilan hosil bo’ladi. Bu yo’ldagi izlanish, iztirob, mashaqqat va qoniqish kabi qator holatlar tizimi ijod jarayoni, deb ataladi. Adabiy tur va janrlar, badiiy asar kompozitsiyasi, syujeti, fabulasi, uslub, vazn, qofiya, badiiy san’at singari nazariy tushunchalarning yuzaga kelishi ham mana shu so’z vodiylari bo’ylab safar qilishi, undan dur terish yohud xaosni kosmosga o’girish jarayoni bilan bog’liq. Ijod jarayonida so’z bo’ronini jilovlash yo’sini, ularga mazmun va shakl berish tarziga ko’ra turli adabiy metod va oqimlar maydonga kelgan.
Tartibga beistisno rioya qilish, so’zni qat’iy mazmun va shakl qolipiga bo’ysundirish orqali klassitsizm, so’z funksiyasini mumkin qadar ta’lim-tarbiyaga yo’naltirish orqali ma’rifatchilik, so’zga qanoat bog’lab samoviy ideallarni ifodalash orqali romantizm, unga tushkunlik libosini kiydirish va so’zni fojia, zulmat ohanglari bilan o’rash orqali sentimentalizm hamda barokko, so’zni mutloq ramzga aylantirish orqali simvolizm, so’z ustiga hayot haqiqatini shafqatsiz va aniq ifodalash majburiyatini yuklash orqali tanqidiy realizm hamda realizm, so’z to’zoniga mutloq erk berishga
intilish orqali modernizm adabiyoti tug’iladi va hokazo. Diqqat bilan qaralsa, haminqadar bir jumlada ifodalangan, aslida tomlab tadqiqotlarni talab etadigan bu adabiy oqim va metodlarga xos unsurlar XX asrning ikki yirik oqimi realizm va modernizmda umumlashadi.
Ma’lumki, realizm adabiyoti hayot haqiqatini badiiy aks etirishi, insoniyatni yovuzlik va zulmatdan ogoh etishi, uni yuksak ideallar asosida tarbiyalashga yo’naltirilgani bilan ezgulikka xizmat qiladi. Bunda albatta o’zgacha bo’lgan adabiy an’analarga tayanadi. Realist-ijodkor uchun ezgulikka xizmat qilish, yuksak umuminsoniy ideallarni kuylash mikro va makrokosm garmoniyasi sifatida voqe bo’ladi. Shu bois, realistik asarda tasvir etilgan xaostik kuchlar (qalloblar, qotillar, o’g’rilar, munofiqlar, xoinlar, jinlar, shaytonlar, vahshiylar kabi) ham gumanistik talqinga xizmat qiladi. Bunga jahon realizm adabiyotining podshosi L..Tolstoy ijodidan istagancha misol keltirish mumkin. Jahon adabiyotida shunday asarlar borki, ularda voqelik harakat va nutq zohiran xaotik shakl kasb etsa ham, mohiyatan kosmosni talqin qiladi. yevropa Uyg’onish adabiyotining mumtoz nomoyandalari Migel de Servantes, Fransua Rable, Vilyam Shekspirlar ijodi bunday xulosaga to’la asos beradi. Eng muhimi ezgulikka xizmat qiladigan adabiyot qaysi shaklda bo’lmasin gumanizmni targ’ib etadi.
Yuqorida modernizm adabiyotini so’z bo’roniga mutloq erk berishga urinuvchi oqim, deya ta’rifladik. Endi ushbu ta’rifni yanada rivojlantirib, moderizm-xaotik so’z olamini aynan aks etirishiga jahd qilgan oqim deyishdan qo’rqmaymiz. Negaki, ildizi uzoq, o’tmishga taqaladigan moderizm hali-hamon xaotik so’z olami(podsoznaniya)ni fotografik aks etirishiga jahd etadi, ammo bu harakat bor-yo’g’i urinishdan nariga o’ta olmaydi. Zero, moderizm bu borada mutloqlikka erishishi mumkin ham emas. Mohiyatida faylasuf Immanuil Kantning «Genial ijod aqldan absolyut ma’noda uzilish orqali yuzaga keladi», degan nisbiy konsepsiyasi yotuvchi moderizm bunday mutloqlikka erishishi mumkin emasligini o’zining uzoq faoliyati bilan isbot etib kelyapti. Ammo yuqoridagi fikrlarimiz bilan hech qachon, hech bir inson zoti bu borada absolyutizmga erisha olmaydi demoqchi emasmiz, aslo. Chunki bu vazifani insoniyatning yagona toifasi ibtidodan beri yuz foiz «uddalab» keladi. Bular I. Kant ta’biri bilan aytganda «aqldan absolyut ma’noda uzilgan» kishilar bo’lib, afsuski biror modernist ularni genial tugul, oddiy ijodkor deb ham tan olmaydi.
Hayotning shafqatsiz zarbalari yoxud tug’ma kemtiklik tufayli mavjud bo’lgan bu toifa tanlash beimkon, inson zoti anglashi mumkin bo’lmagan sababiyatga ega qismatning hukmidalar. Ular nihoyatda ko’p yo juda oz, ba’zan esa umuman so’zlamaydilar. Ularning leksikoni faqat mavjud tillarnigina emas, hatto biror millat tilida mavjud bo’lmagan, inson zoti sira eshitmagan «so’z»larni ham qamrab olishi mumkin. Nutqning bunday turida uzluksizlik, ohangdorlik, ritmik tizim va so’zsizlik shu darajaga yetishishi mumkinki, uning chek-chegarasini belgilashga aql ojizlik qiladi. Biroq insoniyat tarixida biror kimsa hali ularni geniy degan emas, demaydi ham. Chunki ularning asl nomalari...
Bilamizki, qismat bu-mahkumiyat. Telba odam ko’ngliga kelganini so’zlar yoki so’zning xaotik qiyofasini fotografik aks ettirar ekan, ixtiyori o’zida bo’lmaydi. U o’z harakatlari bilan insoniyatga xos yovuzliklarinigina emas, balki eng ezgu qadriyatlarni
ham rad etadi. Shu bois uni aqli butunlarning na yaxshilari, na yomonlari qabul qila oladilar.
Telbalar inson mohiyatiga tamomila zid bo’lgan xaosni ifoda etsa-da, odamlik sifatdan tashqarida sanalmaydilar. Chunki ular shunga mahkumlar. Ularda tanlash imkoniyati yo’q. Modernistda(Bundan keyin ham «madernist» so’zi modernizm vakili sifatida qo’llanadi. Buni «yangi adabiyot» ma’nosida tushunmaslik kerak.) esa tanlash imkoni bor. U mahkum emas. Negaki u, o’zi istagan taqdirda ham, aqldan yuz foiz xoli bo’la olmaydi. Moderizm ijodkori so’zning xaotik dunyosi ichra besamar kezinar ekan, uning aynini suratga tushirishga behuda urinadi. Chunki telba emasligi, aqli unga xalal beradi. Shu bois moderizm muhitida tug’ilgan obraz nutqi telbaniki singari mavhum, zerikarli va g’ayrioddiy bo’la olmaydi. Albatta uning ham nutqi va harakati zamirida telbaga xos kosmosni inkor etishi yotadi. Ammo modernistdagi istak, mayl sira ham telbadagi hukm maqomiga ko’tarila olmaydi.
Gumanistik nuqtai nazaridan modernizm falsafasi va adabiyoti shunchaki havasdan tug’ilgan deb bo’lmaydi, albatta. Xolis kuzatganda moderizmning eng ibtidoiy shakli ham antigumanistik muhit ta’sirida yuzaga kelgani oydinlashadi. Deylik, barokko estetikasining (xususan, gangorizm) maydonga kelishi O’rta asr yevropasining turg’un va qorong’u muhiti bilan bog’liq bo’lsa, absurd va ekzistensializm falsafasining gazak olishi ikki jahon urushi bilan bog’liq. Jamiyat kishisining ko’z o’ngida xaosga aylangan dunyo, insonning toptalgan qadr-qimati ma’lum kishilarda umuman hayotning bo’lishi shu degan qarashni qat’iylashtirgan edi. Ammo aql yurgizib qaralsa, vaxshiylar to’dasiga kirib qogan Odam bolasi inson bo’lib qolishi uchun o’zining insoniyligidan emas, balki shu vaxshiy to’dadan «begonalashuvi» (otchujdeniye-3. Freyd) lozim emasmi?!
Modernizm estetikasida ayni murakkab jarayon ikki shaklda aks etadiki, bu nozik farqni anglamaslik o’quvchini boshi berk ko’chaga olib kirib qo’yishi mumkin. Buning birinchi ko’rinishi bevosita mantiqdan xoli, ma’nisiz, betartib harakat va so’z tizmalarida namoyon bo’lsa, ikkinchi ko’rinishi zohiriy tartib, shakl va mazmundorlikda ifoda etilgan xaotik talqinda yuz ko’rsatadi. Yuzaki qarashda birinchi ko’rinish kosmos mohiyatiga zidroq bo’lib tuyulsa-da, ikkinchi ko’rinishidan qolishmaydi. Hatto botinida xaotik mazmun yashringan kosmik shakl ko’rinishi jozibaliroq, aldamchiroq bo’ladi.
Ushbu fikrni teranroq anglashi uchun bugungi o’quvchiga bir qadar tanish modernizm adabiyoti vakillari ijodiga murojaat etish mumkin.
Masalan, Jeyms Joysning «Uliss», Frans Kafkaning «Qal’a», «Jarayon», Semyuyel Bekketning «Godoni kutish» kabi asarlari kompozitsiyasi, syujeti, fabulasi, harakat va nutqi o’zining xaotik shakli bilan inson hayotining yashashga arzimasligi, ma’nisizligi, Odam bolasining abadiy yolg’izligi, umidsizligi, tashlandiq, haqir bir mavjudot ekani haqidagi absurd falsafani ifodalaydi. Biroq bunday asarlarda na muallif, na qahramon bu so’zlarni oshkor etadi. Xususan, «Jarayon» romanida noma’lum sabab bilan hibsga olingan Yozef K. nima gunoh qilganini anglash yo’lida sarsari kezinar ekan, aynan shu g’ayrimantiqiy faoliyat, uning taqdiriga mutloq aloqasizdek tuyulguvchi so’zlar tizmasi, mubham harakat va voqelik uquvchi ongi ostiga absurd g’oyasini
g’ayriixtiyoriy singdirishga xizmat qiladi. S.Bekkening «Godoni kutish» trogikomediyasida ham, ba’zi ochiq ishoralar ko’zga tashlansa-da, asosan shu prinsip yetakchilik qiladi. Bor-yo’g’i bitta personaj qatnashadigan ikki pardali bu pesada oqil va sabrliroq (Vladimir)qa ham, besabr va tutruqsizroq (estragon)qa ham, Boy va takabburoq (Potsso)qa ham, ojiz bir malay (bola)ga ham, telba-manqurt (Lakli)ga ham Godo (Xudo) ning e’tibori bir xil-e’tiborsizlik.
Shu o’rinda Bekket manqurt Lakki tilidan xaotik nutq (ong osti oqimi)ni berishga urinadi: «Potsso: O’yla!» Lakki: Tangrining xususiy mavjudligi qandayki shundoq tasavvur etilgani kabi Resferd Vatmanning yaqinda yozilgan ommabop risolasida qayd etilganidek sifatlidan sifatli kulrang soqolli o’yda o’ylangan vaqtdan xoli qo’l yetmas yuksaklikdagi apatii Xudo afazii xudo ataksii Xudo hamon mavhumlardan tashqari hammamizni sevadi...»
Kursivga olingan so’zlarni tarjima qilish imkondan tashqarida). Xolis qaraganda, Lakkining nutqi telbaning nutqidan ko’ra hayotdan ko’p narsa anglagan, Xudodan umidvor kimsaning so’zlariga o’xshab ketadi. To’liq holatida ichki ekzistensial mantiqqa ega bo’lgan bu nutq Bekketning g’ayriixtiyoriy istaklarini oshkor etadi. U ixtiyoriy tarzda Lakki tilidan absurd falsafasini berishga urinar ekan, g’ayrishuuriy holatda insonning ezgulikka, ma’lum qonuniyatlarga, ayniqsa Xudoga muhtoj ekanini ifoda etadi. Uni inson fitratida yashrin asl tabiat, mantiqiy tizim shunga olib keladi. Ushbu nutqda Xudoga nisbatan satirik munosabat ko’zda tutilgan bo’lsa ham, muallif yaratgandan shafqat va muhabbat umid qiladi.
Moderizm adabiyotiga xos ikkinchi talqin shaklini Alber Kamyu ijodi misolida kuzatishimiz mumkin. Uning o’zbek tiliga o’girilgan har ikki asari(«Begona»,
«Vabo(o’lat)»)da ham voqelik, obrazlar faoliyati, struktural komponetlar ayni risoladagidek. «Begona» qissasi qahramoni Merso ham, «O’lat» romani qahramoni Bernar Rie ham aniq maqsad yo’lida harakat qiladi, jo’n odamlar singari turmush kechirardi, so’zlaydi. Biroq mana shu aniqlik, mantiqli harakatlar absurd nomli kuch yoki hukm ostida hechga aylanaveradi. Mersoning istak va intilishlari johil jamiyat tarafidan mahv etilsa, Riening insonparvarlik faoliyati o’lat mashinasi ostida toptab tashlanadi. Asarlar mohiyatiga chuqurroq kirilsa, zohiran zid tabiatli, boshqa-boshqa ijtimoiy muhitda yashovchi, turli vaziyatdagi bu ikki qahramonni yagona kuch o’z hukmiga oladiki, uning asl nomi absurddan boshqa narsa emas. Shuni ta’kidlash joyizki, har ikki qahramon Kamyu absurd deya talqin etgan taqdir yo’llarida emas, balki muallif aniq maqsadni ko’zlab, tafakkurda bunyod etgan absurd so’qmoqlari aro besamar kezadi. Shu sabab Mersoda insoniy tabiat, doktor Reeda insoniyatga xos muhit yetishmaydi... (Har holda bu maxsus o’rganiladigan masala.)
Modernizm xususida bildirilgan bu fikrlar mavjud haqiqatdan bir qatra xolos. Ijod jarayonida idrok va mantiqni inkor etishlarini simvolizm, syurrealizm, abstraksionizm, impressionizm, imanjizm, xaotizm, tashizm, dadaizm kabi bir so’z bilan modernizm falsafasi vakillari ochiq-oydin e’tirof etadilar. Bunga dalil sifatida XIX asrning boshlari Shveysariyada paydo bo’lgan dadaizm oqimining asoschisi saraning «Haqiqiy dadaistik asar yozish uchun turli mavzudagi afishalar, reklamalar, kitob, jurnal, gazetalardan so’zlarni qirqib olib, yonma-yon qo’yish kifoya», degan so’zlarini eslash o’rinlidir.
Abstraksionizm tarkibiga kiruvchi xaotizm vakillari esa turli unsur, shakl va ranglardan iborat narsalarning xaotik joylashuvini haqiqiy san’at asari, deb qabul qilganlar. XX asr boshlarida Italiyada maydonga kelib, keyinchalik fashizm g’oyasiga asos bo’lgan futurizm o’zigacha mavjud bo’lgan barcha san’at asarlarini vayron qilinishini targ’ib etadi. Va bunday faoliyati bilan kosmosni yemirishga shaylangan xaotik kuchni ifoda etadi. Haqiqiy futurist bahorni, yashillikni, nurni, muhabbatni, tabassum va ko’z yoshini faqat nafratu inqirozga mahkum tushuncha deb biladi. Taraqqiyot shiori ostida vayrongarchilik, nekrofillik g’oyasini ilgari so’radi.
Modernizmga doir barcha oqimlar insoniyatning leksik boyligiga nigilistik munosabatda bo’ladilarki, bu xaos hukmidagi ijod jarayonining ayni o’zidir.
Xitoylik buyuk faylasuf Konfutsiy «Borliqni ma’rifat va ezgulikdan iborat buyuk bir oqim tutib turadi. Shu oqimga qo’shilib suza bilgan insongina o’z mohiyatiga munosib bo’la oladi» (Slovar po etike.-M., 1989), degan ekan. O’ylaymizki, donishmandning ushbu so’zlari ijodiy jarayondek noyob va o’ta murakkab fenomenga ham tegishlidir.
Dostları ilə paylaş: |