Yunon yozma adabiyotining bizga qadar yetib kelgan eng qadimgi yagona namunalari - «Iliada» hamda «Odisseya» dostonlaridir. Mazkur asarlarni o’qir ekansiz, bularning muallifi hisoblangan Gomerdan ilgari ham yunon elida shoirlar bo’lganmi, degan savol o’z-o’zidan hayolingizga keladi. Bu savolning javobini avvalo shu dostonlarning o’zlaridan axtarmoq darkor. Shubhasiz, «Iliada» va «Odisseya» kabi yuksak badiiy asarlarning o’zlari ham faqatgina uzoq muddatli adabiy harakatning davomi, uning yetuk mahsuli o’laroq maydonga kelishlari mumkin bo’lgan. «Odisseya» poemasida botirlik haqida doston aytib, ziyofat ahllarini rom qilgan Demodok kabi ajoyib baxshilar – rapsodlarni uchratamiz. Ehtimol bularning kuylarida Gomerdan oldin o’tgan shoirlarning san’ati tarannum etilgandir!.. Bundan tashqari Platon, Gerodot kabi mo’’tabar zotlar va shu zamonning ba’zi yozuvchilari, Gomerdan ilgari Orfey degan nihoyatda dilrabo shoir o’tganligini xabar qiladilar. Biroq bu shoirning go’zal navolari haqidagi afsonaviy rivoyatlardan boshqa tarix sahifasida bironta ham misra saqlanib qolgan emas. Shu rivoyatlarda hikoya qilinishicha, Orfeyning qo’shiqlari hatto yirtqich hayvonlarni ham maftun etar, daryolarning oqishini to’xtatib qo’yar, tog’-toshlarni tebrantirar, daraxtlarni harakatga keltirar ekan; go’yo shoir o’z yori ko’yida bir marta narigi dunyoga borib mungli taronalari bilan u yerdagi behis ma’budlarning dillarini ham vayron etgan emish.
Yunon xalqi o’rtasida keng tarqalgan rivoyatlarda Orfeydan tashqari yana Muze,
Evmolp, Tamir, Olen kabi shoirlar ham tilga olinadi.
Barcha xalqlarning tarixida bo’lgani kabi, yunon adabiyoti ham muqarrar, og’zaki xalq ijodi zaminida maydonga kelgan. Tarix sahifalarida yunon folkloridan juda kam namunalar saqlanib qolgan bo’lsa ham, shularga asosan eski zamonlarda, ibtidoiy qabilachilik davrlarida yunon xalqining anchagina boy va rango-rang og’zaki adabiyoti: ertaklari, maqollari, matallari, topishmoqlari, qo’shiqlari bo’lganligini aniqlash mumkin. Ma’lumki, kollektiv ijod samarasi o’laroq maydonga kelgan ibtidoiy jamiyat og’zaki adabiyoti, shu jamiyat kishilarining tabiat haqidagi tushunchalarini ifoda etgan. Koinotning chaqmoq, momaqaldiroq, zilzila, bo’ron, to’fon, yong’in, oy va quyosh tutilishi kabi qo’rqinchli hodisalar qurshovida yashagan ibtidoiy inson, shu hodisalar sababini anglamasdan, tabiatdagi har qanday «sirli» o’zgarishlarga ilohiy ma’no berib,
butun borliqni ins-jinslar, dev-parilar va boshqa turli-tuman g’ayri-tabiiy maxluqlar makoni tarzida tasavvur etgan, ular haqida benihoyat ko’p diniy afsonalar yaratgan. Ana shunday hayoliy tushunchalardan hosil bo’lgan afsonalarni – miflar, ularning yig’indisi mifologiya deb ataladi. Ajoyib poetik mahorat bilan yaratilgan mifologik rivoyatlar yunon og’zaki adabiyotida benihoyat ko’p. Bu miflar, garchi, ibtidoiy insonning tabiat sirlari qarshisida zaifliklari tufayli tug’ilgan bo’lsa ham, tabiatning odam uchun xatarli bo’lgan hodisalariga ta’sir etish istaklaridan iborat bo’lgan. Qadim zamonlarda odamlarning havoda uchishni orzu qilganlarini, bu orzular Poeton, Dedal va Ikar afsonalarida o’zining ifodasini topgan, insonning jur’at va jasoratini, tabiat kuchlarini zabt etish ishtiyoqini qanoatlantirishda qadimgi miflarning mohiyati nechog’li zo’r bo’lgan.
Yunon mifologiyasining ming-ming yillik tarixi bor. Shu uzoq muddat davomida ijtimoiy ongning o’sishi bilan miflar ham o’zgardi, yangidan-yangi mazmun kasb etdi. Yunon kishisi ibtidoiy qabilachilik sharoitlarida yashar ekan, tevarak-atrofdagi tabiiy hodisalarning hammasini jonli his qilib, shularga sig’inadi, ulardan madad tilaydi, yovuz kuchlarni moyil qilish uchun qurbonlar tuhfa qiladi. Xullas, tabiat hodisalari qarshisida ibtidoiy insonning butun hayoti qo’rquv va tahlikada o’tgan. Keyin-keyin bulutlar sultoni, ma’budlar ma’budi Zevs, Poseydon – dengizlar hukmroni; Aid – oxirat hoqoni; Zevsning rafiqasi Gera – osmon ma’budasi, ma’budlar malikasi, homilador xotinlar, kelin-kuyovlar rahnamosi. Zevsning bosh xotini Geradan va boshqa ma’budalardan ko’rgan bir qancha farzandlari ikkinchi darajali ma’budlar qatoriga kiradilar. Bular tubandagilardir: Geradan tug’ilgan birinchi o’g’li Gefest – otash ma’budi, temirchilar piri; ikkinchi o’g’li Ares – qonli urushlar ma’budi; zulmat ma’budasi Latonadan tug’ilgan o’g’li A p o l l o n – yorug’lik, san’at, she’riyat va muzika ma’budi, ulug’ kohin hamda buyuk yoyandoz, uning singlisi Aptemida – qamar ma’budasi, o’rmonlar va o’rmonlarda yashovchi jonivorlar malikasi, charchashni bilmaydigan ajoyib sayyoda; Zevsning miyasidan bunyodga kelgan dono va ma’suma A f i n a– shaharlar homiysi; Olimp sultonining zebo qizi Afrodita va uning tirmizak o’g’li Erot – sevgi va go’zallik ma’budlari; parizod Mayyadan tug’ilgan o’g’li Germes ma’budlar jarchisi, murdalar ruhini oxiratga kuzatib boruvchi, sayyohlar va savdogarlar himoyachisi, badantarbiya ishlarining rahnamosi; nihoyat, har kuni yer yuzidan qorong’ilik ko’tarilishi bilan to’rt uchar ot qo’shilgan olov aravaga o’tirib fazoga parvoz etuvchi Gelios – quyosh ma’budi.
Olamning ana shu o’n ikki hukmroni va ular qatori yana bir qancha ma’bud va
ma’budalar abadiy barhayotlik bag’ishlovchi nektar ichib, oltin tovoqlarda tortilgan amvroziya taomini yeb, go’zal parilarning raqs va navolariga mast bo’lib, Zevs, uni yer bilan osmon o’rtasiga osib qo’yib to’qmoqlari bilan to’la uch kechayu uch kunduz savalaydi, onasining yoniga tushgan Gefestni Olimp tog’idan shunday itarib yuboradiki, bechora otash ma’budi bir umr oqsoq bo’lib qoladi. Umuman, ma’budlar inson nasliga onda-sonda iltifot ko’rsatsalar ham, ko’pincha ularning kulfatlariga beparvo qaraydilar, boshlariga og’ir musibatlar soladilar. Zevs hatto bir marta inson zotini to’fonda g’arq qilib yubormoqchi bo’lganida, quvg’in qilingan oldingi avlod ma’budlaridan biri, odam farzandining g’amxo’ri ulug’ Prometey g’ayrat ko’rsatib falokatni bartaraf qiladi; shu titan Olimp tog’idan keltirib bergan olov tufayli insoniyat yana kamol topadi. Insonga
qilgan bu yaxshiligi uchun Zevs Prometeyni qattiq jazolaydi. Bunday ixtiloflar ma’budlar o’rtasida siyrak uchraydigan voqealar emas: Zevsning o’zi ham otasiga qarshi olib borilgan dahshatli urushlardan keyin Olimp taxtiga erishgan. Yunonlar o’z ilohlarini kiborlar vakillaridan ko’chirganlari vajidan ularni shunday zolim va berahm qilib ko’rsatganlar.
Ma’budlarni odam qiyofasida tasavvur etish, o’z navbatida mifologiyani hayotga yaqinlashtirdi va uning obrazlariga chinakam hayotiylik bag’ishladi. Yunon mifologiyasining bemisl boyligi, obrazlarining nafisligi, butun insoniyat tarixi davomida kitobxonning e’tiborini o’ziga jalb etib keldi, yunon adabiyoti, yunon san’atiga esa behad-behisob porloq mavzular hadya qildi. Yunon ma’naviy hayoti taraqqiyotida mifologiya muhim o’rin tutgan. Darhaqiqat, o’sha uzoq o’tmishning dostonnavislari ham, dramatik shoirlari ham, lirik tuyg’ularning kuychilari ham ushbu buloqdan suv ichganlar, ushbu «zamin»dan ilhom olganlar; ulug’ rassomlar, haykaltaroshlar ham o’z asarlarida asosan shu «xazina» afsonalarini qimmatbaho real obrazlarga ko’chirdilar, ularni asrlarga doston qildilar. «Iliada» va «Odisseya» dostonlarining mavzui ham shu manbadan olingandir.
Dostları ilə paylaş: |