3.Fanni o’rganishning nazariy-uslubiy asoslari.
Har qanday fan kabi O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ham o‘zining metodologik ilmiy-nazariy asoslari va tamoyillariga ega. Bular O‘zbekiston tarixi fanining asosini tashkil etib, uni rivojlanishi, jamiyat va millat manfaati yo‘lidagi nufuzining ortib borishi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, ilmiy-nazariy tamoyillar Vatan tarixining haqqoniy yozilishi, tarixiy haqiqatni yuzaga chiqishiga xizmat qiladilar.
Agar tarix insoniyat yashab rivojlanishi uchun ijtimoiy zaruriyat va ma’naviy-ma’rifiy ehtiyoj bo‘lsa, tarix fani esa, bu ehtiyojlarni ro‘yobga chiqishi uchun ma’sul bo‘lgan yuksak intellektual ilmiy-amaliy faoliyatdir. Buning samarali bo‘lishi, ya’ni tarix fani rivojlanishida metodologik ilmiy g‘oya va nazariyalar hamda usul va uslubiy tamoyillarning ahamiyati benihoya kattadir. Chunki bular tarixning mazmun va mohiyati hamda falsafasini chuqurroq ochib berishga, shuningdek, tarix fanining maqsad va vazifasini to‘laroq ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuning uchun ham O‘zbekiston tarixi fanining metodologik ilmiy-nazariy asoslari, g‘oya va ta’limotlari nimalardan iborat bo‘lishi o‘ta muhim masala hisoblanadi. Yurtboshimiz Islom Karimov tarixning eng muqaddas milliy va umuminsoniy xotira hamda qadriyat ekanligini ta’kidlab, “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q“, “O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi”, “Tarix xalq ma’naviyatining asosidir” degan tarixiy haqiqatni to‘g‘ri anglatuvchi o‘ta teran tarix falsafasiga oid fikrlarni olg‘a surdi.
Bu kabi tarix falsafasiga oid yuksak xulosalarni o‘z vaqtida buyuk millatparvar jadidlar ham juda aniq anglagan holda Vatanni ozod etish, millatni ijtimoiy g‘aflat uyqusidan uyg‘otib taraqqiy ettirish uchun asosiy e’tiborni tarixga qaratdilar. Va «tarixi yo‘qning o‘zi yo‘q» degan falsafiy tushunchaga amal qilib, tarixda ilk bor tarixni o‘zlari tashkil etgan jadid maktablarida o‘qita boshlashi bilan, millatni o‘z tarixidan bahramand qilishdek o‘ta buyuk ma’rifat ishiga tarixda birinchi bor asos soladilar.
Buyuk jadid Abdulla Avloniy so‘zi bilan aytganda, jadidlar umuman tarbiyani, shuningdek, tarix ta’limi tarbiyasini millat uchun «yo hayot- yo najot, yo halokat – yo saodat, yo falokat masalasidir» deb bildilar. «Qaysi millat yashashni (ravnaqu, taraqqiyotni) istasa, - deydi Abdurauf Fitrat – tarixini bilishi lozim bo‘ladi, zero, tarix bir ko‘zguga o‘xshaydi».
Tarix falsafasi tarix fanining metodologik ilmiy-nazariy asoslari to‘g‘ri va haqqoniy belgilanishida o‘ta muhim ahamiyatga ega. Tarixchi olimlar tarix falsafasini qanchalik chuqur va to‘g‘ri anglasalar, ular tarix fani metodologiyasini shunchalik mukammal qilib belgilay oladilar.
Tarix falsafasi tarix va umuman tarixiy jarayon olimlar tomonidan aqlan har tomonlama to‘g‘ri tasavvur va his etilishidir. Yanada aniqroq aytsak, tarix falsafasi tarixiy jarayonning mazmuni va mohiyati hamda rivojlanish qonuniyatlarini o‘zida aks ettirish bilan birga, ularni bilish va o‘rganish, yozishning eng qulay, to‘g‘ri hamda maqsadga muvofiq yo‘li-usullarini belgilaydi. Umuman olganda, tarix falsafasi tarix sabog‘i va tajribasidan kelib chiqib, belginlangan obyektiv xulosadir. Lekin, bu obyektivlik subyektiv xarakter va mazmun hamda mohiyatga ega bo‘ladi. Chunki har bir subyekt, ya’ni olim o‘z intellektual bilim salohiyati, tafakkur doirasidan kelib chiqib, obyektivlikka harakat qiladi.
Buning uchun esa, tarixchi olimlar butun insoniyat, millat, xalq va o‘rganish obyekti (ma’lum mavzu) evolutsiyasini, uning ma’no va mazmunini to‘g‘ri bilishi, tahlil qila olishi kerak. Agar tarix falsafasi tarixiy voqealiklar tahlilidan kelib chiqadigan haqiqat (xulosa)larning so‘zdagi aniq ifodasi bo‘lsa, tarix fani metodologiyasi mana shu tarixiy haqiqatlarni ro‘yobga chiqishi – tarix haqiqiy yozilishi uchun birdan-bir to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dasturamaldir. Eng qisqa va tushunarli qilib aytsak, umuman metodologiya fanlarning fani ya’ni dirijori.
Dastlabki paytda hozirgi mustaqil davlatlar hamjamiyati tarkibidagi sobiq ittifoqdosh mamlakatlar, shuningdek, O‘zbekistonda ham g‘oyaviy-nazariy, mafkuraviy-falsafiy bo‘shliq paydo bo‘ldi. Bu esa, o‘z-o‘zidan boshqa mamalakatlarda bo‘lganidek, bizning Vatanimiz – O‘zbekiston tarixi fani uslubiyati (metodolgiyasi) qayta ishlanishi, aniqrog‘i, butunlay yangidan yaratilishini ilmiy-hayotiy zaruriyatga aylantirib qo‘ydi.
Bu o‘ta muhim ilmiy –amaliy masalani ishlab chiqish, o‘z-o‘zidan tarixchi va boshqa olimlar eski, majburan, qon va qatag‘onlik bilan singlirilgan kommunistik g‘oya, ta’limot va mafkuradan holi bo‘lishi uchun tarixan o‘tish davrini talab etishi tabiiy bir hol bo‘ldi. Mana shuning uchun ham istiqloldan so‘ng tarix va boshqa gumanitar fanlardan yozilgan dastlabki darsliklarda bu fanlarning metodologik ilmiy –nazariy va g‘oyaviy asoslari hamda usullarini ko‘rsatishning iloji bo‘lmadi.
O‘tgan istiqlol yillarida tarixchi olimlarimiz Vatanimiz tarixini butunlay yangidan o‘rgandi va o‘zlashtirdi, uni darsliklar asosida qayta yozishga muvaffaq bo‘ldilar. Bir qator monografik asarlar yozildi va eng dolzarb mavzularda o‘nlab ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi hamda dissertatsiyalar himoya qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va hukumat Vatan tarixini qayta yozish va uni asosiy tarbiya quroliga aylantirish uchun «yangi tarix» g‘oyasini olg‘a surdi. O‘zbekiston tarixi yetakchi fan sifatida maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarida ilk bor, keng miqyosda, eng qadimgi davrdan boshlab to hozirgacha o‘rganila boshlandi.
Bularning samarasi o‘laroq, keyingi paytda O‘zbekiston tarixi fani metodologiyasini yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi. Avvalo, metodologiya haqida to‘xtalsak, metodologiyaning lug‘aviy ma’nosi grekcha «methodos» va «logos» degan ikki so‘z birikmasidan iborat bo‘lib, metod ya’ni usul – tadqiqot olib borish usuli (yo‘li), nazariya, ta’limot, logiya esa fan deganidir. Demakki, metodologiya, ya’ni uslubiyat ilmiy tadqiqot olib borish yoki biror bir masalani ilmiy o‘rganishning eng qulay usullari, eng to‘g‘ri va mukammal g‘oyasi, nazariyasi va ta’limotlari majmuyidan iborat bir butun fandir. Boshqa ma’noda esa, metodologiya ilmiy bilish yoki ma’lum bir ilmiy faoliyatni tashkil etish va amalga oshirishda qo‘llaniladigan usullar haqidagi fandir. Demak, tarix fani metodologiyasi tarixni o‘rganuvchi va o‘qituvchilarni aniq maqsad sari to‘g‘ri yetaklaydi, ya’ni tarix haqqoniy yozilishi va o‘rganilishiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.
Tarix fanining rivoji, uning metodologiyasi rivojiga bog‘liq bo‘lganidek, tarix fani metodologiyasi yuksak darajada takomil topishi tarix fani qay darajada ekanligiga ham bog‘liq. Bu holdagi uzviy ikki tomonlama bog‘liqlik umumiy qonuniyatidir. Mana shu o‘zaro aloqadorlik qonuniyati, qadim mumtoz tarixshunosligimiz va hozirgi zamon tamadduni sivilizatsiyasiga asoslangan holda O‘zbekiston tarixi fani metodologiyasini quyidagi ikki qismga bo‘lish mumkin.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining uslubiy (metodologik) ilmiy-nazariy, g‘oyaviy-mafkuraviy va falsafiy asoslari. Bunga quyidagilar kiradi:
tarixni milliy, umuminsoniy, muqaddas hodisa hamda qadriyat deb tushunmoq;
tarixga hozirgi zamon sivilizatsiyasi nuqtayi nazari va bag‘rikenglik asosida yondashish;
tarixiy taraqqiyot asosini evolutsion – tadrijiy yo‘l va islohotchilik tashkil etadi deb anglamoq;
tarix va jamiyat taraqqiyotini markscha – lenincha soxta inqilobiy ta’limotga bog‘lash, mutloq xato, yovvoiylik, aksilinsoniy hatti-xarakat bo‘lgan deb tushunmoq;
tarix, jamiyat va tabiat hamda insoniyat (barcha tarixiy voqelik va jarayonlar) dialektika (Gegel) hamda sinergetika (Prigojin) qonuniyatlari asoslarida rivojlanishi haqiqat ekanligi;
tarix milliy va umuminsoniy xotira, millat va xalqlarning joni, tani hamda g‘oyaviy-mafkuraviy muhofaza quroli ekanligi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik (uslubiy) ilmiy-usul va tamoyillari quyidagilardan iborat:
ilmiy xolislik (obyektivlik);
tarixiy tahliliylik;
mantiqiy uzviylik;
vorislik va izchillik;
xronologik izchillik;
g‘oyaviylik va vatanparvarlik;
halollik va xolislik;
qiyoslash va kuzatish;
kuzatish va umumiylashtirish;
baxslashish, munozara yuritish va isbotlash;
matematik hisoblash;
shakllash va modellashtirish;
ayrimlikdan umumiylikka (induksiya) va umumiylikdan ayrim (juz’iy)likka (deduksiya);
Bizning tariximiz ham, jahon tarixi ham din (aniqrog‘i dinlar) tarixi bilan uzviy bog‘liq. Ijtimoiy hayotni dindan, dinni ijtimoiy hayotdan ajratib bo‘lmaydi. Agar ajratilsa, tarixga ham, dinga ham mantiqqa ham zid bo‘ladi. Ma’lumki, sovet tarix fani tarixni soxtalashtirdi, din ilmga zid, tarixiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi degan dahriylikka amal qildi. Tarix qanday bo‘lsa, uni shundayligicha o‘rganish ustivor bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun ham u din bilan mo’tadil, mutanosiblik asosida o‘rganilmog‘i hozir eng asosiy zaruriyat bo‘lib turibdi. Bu esa, yoshlarni har xil din niqobidagi dinga aloqasi yo‘q terroristik guruhlarga adashib kirib qolishlarining oldini oladi, shuningdek, tariximizni haqqoniy va to‘la yozilishiga imkon beradi.
Tarixiy-tanqidiylik ilmiy usul tamoyili tariximizda qadimdan muarrixlar tomonidan qo‘lanib kelingan eng qulay usul hisoblanadi. Bu usul tarixiy voqea va hodisalarning nechog‘liq to‘g‘ri hamda noto‘g‘riligini aniqlashga, tarixni haqqoniy va to‘g‘ri yozilishiga yaqindan yordam beradi.
Istiqlol tufayli o‘z tariximizni o‘zimiz yozish va tarix fani metodologiyasini ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldik. O‘tgan davr ichida O‘zbekistonning yangi tarixi yozildi va tarix fani tez rivojlandi. Butunlay yangi ruh va mazmundagi ilmiy qarash (konsepsiya)lar paydo bo‘ldi, o‘quv qo‘llanma va darsliklar, tarixiy asarlar chop etildi. Bu o‘rinda yuqoridagi metodologik ilmiy-nazariy asos va ularning ahamiyati katta bo‘ldi.
4. Yuksak intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga yetkazishda mamlakat eng yangi tarixining tutgan o’rni.
Taraqqiy etgan millatlarning o‘z tarixini yaxshi bilishi va qadrlashi, tarixiy yodgorlik va obidalarini e’zozlashi ko‘z qorachig‘idek asrashining ko‘pgina sabablari bor. Bu eng avvalo, tarix insoniyat paydo bo‘lganidan to hozirgacha davom etib kelayotgan ijtimoiy jarayon oynasi ekanligi bilan bog‘liqdir. Ikkinchidan esa, butun insoniyat shu tarixga qarab, o‘z o‘tmishi va borligini anglaydi, kelajak rejalarini belgilaydi.
Boshqacha bir ma’noda tarix buyuk faylasuf va donishmanddir. Uning mana shu dono falsafasini to‘g‘ri anglagandagina, xalqlar o‘z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Xristian (nasroniy)lik falsafasi asoschisi A.Avgustian (354-430-y.) hozirgi eramiz boshidayoq, ya’ni bundan bir ming olti yuz yil oldin tarixning xalq va millatning taqdirida tutajak o‘rnini ko‘rsatib, shunday degan edi; “G‘aflatda yotgan xalqni uyg‘otish uchun avvalo, uning tarixini uyg‘ot”.
XII asrning buyuk allomasi Shahobiddin Muhammad al-Nasaviy ham bu fikrni o‘zining quyidagi to‘rtligida yanada teran ma’noda mana bunday bayon etadi:
Kimki tutmas qalbida tarixni,
U inson ham emas, olim ham emas.
Biroq kimki uqsa o‘tmishini,
Ko‘p boyitar o‘z turmushini.
Salkam bir yarim asr hukmronlik qilgan chor va kommunistik bosqinchilar tarixning jamiyatda va millat hayotida tutgan o‘rnini to‘g‘ri anglab, ongli ravishda tariximizni qoraladi, soxtalashtirdi, millat tarixiy xotirasini o‘chirib, uni abadiy, qalban ma’naviy qaramlikka moslab tarbiyalashga harakat qildilar.
Shu o‘rinda, Farg‘ona harbiy gubernatori M.A.Skobelovning ushbu shovinistik shiorga amal qilganligini aytib o‘tish joizdir: “Millatni yo‘q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, san’atini, tilini yo‘q qilsangiz bas, tez orada o‘zi adoyi tamom bo‘ladi”.
Mustamlakachi kommunistik partiya tomonidan mahalliy millatlar tarixiga nisbatan olib borilgan siyosat, uning Siyosiy byurosi topshirig‘i asosida SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB)sining 1947-yilda mutlaqo maxfiylikda ishlab chiqqan ko‘rsatmasida o‘z aksini quyidagicha topgan edi: “Tarix darslarida o‘tmishdagi siyosatdonlardan kimlar vatan ravnaqi uchun xizmat qilishgani yoki xizmat qilishga urunishgani xaqida gapirish mumkin emas, e’tiborni faqat podsholar zulmi va ularga qarshi qaratilgan xalq kurashiga burmoq lozim “.
Shuning uchun ham o‘tgan chorakam bir asrlik kommunistik mustamlaka davrida O‘zbekiston tarixi tahqirlandi, soxtalashtirildi, xalq ta’limi sohasida o‘qitiladigan fanlar tizimiga fan sifatida kiritilmadi. Faqat, maktabning 5-sinflaridagina “O‘zbekiston tarixidan hikoyalar” degan ”hikoyalar” predmeti o‘qitildi. Bundan asosiy maqsad xalqimizda o‘z o‘tmishiga nisbatan nafrat ruhini tarbiyalash va teskari tarixiy xotirani shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Bu mash’um siyosatning “samarasi” o‘laroq muborak istiqlolning dastlabki yillarida ayrim kommunistik mafkuraga berilgan katta tarixchi olimlar O‘zbekiston tarixini oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilishiga har xil bahonalar bilan qarshilik ko‘rsatdilar. Bu antiqa “qarshilik” to 1993-yilning sentabrigacha davom etdi. Mana shu o‘quv yilidan boshlab Vatanimiz tarixi tarixda birinchi bor oliy o‘quv yurtlarida o‘qitiladigan fanlarning orasida o‘zining qonuniy o‘rni va nufuziga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston hukumati mustaqillikdan so‘ng Vatan tarixi haqida odilona siyosat yuritdi. Uning millat ma’naviyati va mafkurasi, xalq ta’limida tutgan o‘rniga yuksak baho berib, uni davlat siyosatining ustivor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardi.
O‘zbekiston tarixi - hozirgi buyuk va muqaddas istiqlolimiz ila bir yarim asrlik mustamlakachilik g‘aflat uyqusidan ko‘z ochib uyg‘ongan xalqimiz istiqbolimizni belgilashda, zamonaviy mutaxassis kadrlarni tayyorlashda eng zaruriy dasturilamaldir.
Umuman, Ona tarixni o‘qitish va o‘rganish hozirda avj olib rivojlanayotgan islohotchilik va yangilanish harakati davrida ijtimoiy zaruriyatgina emas, balki hayotiy ehtiyojga aylangan. Bu ehtiyoj milliy ma’naviy-mafkuraviy uyg‘onish, madaniy va iqtisodiy yuksalishlarga bo‘lgan ehtiyojlarning bosh mezoni hisoblanadi. Tarixga bo‘lgan millat ehtiyojining qondirilishi taraqqiyot va milliy uyg‘onishning asosidir.
Haqqoniy yozilgan Vatan tarixini o‘rganish va o‘qitish shuning uchun ham kerakki, u soxta tarixiy tushuncha va tarixiy xotirasizlikka barham beradi, milliy g‘oya va mafkura takomillashuvini tezlashtiradi. Vatan tarixini o‘qitish va o‘rganish yana shuning uchun ham zarurki, xalqimiz undan ruhiy quvvat olib, dushmanga bosh egmaslik, qayta mustamlaka qopqoniga tushmaslik, boshqalarga bo‘ysinmaslik, begona g‘oya va mafkura hamda zug‘umlar ta’siriga berilmaslik ma’naviyatiga ega bo‘ladi. Tarixni mukammal bilish, uning mazmun va mohiyati, falsafasini teran anglash millat uchun yuksak fazilat.
O‘zbekiston tarixi fani oldida turgan asosiy vazifa quyidagilardan iboratdir: birinchidan, yoshlarga va bo‘lajak mutaxassis kadrlarga chuqur milliy va umuminsoniy tarixiy, g‘oyaviy-siyosiy, ilmiy-nazariy dunyoqarashni singdirish. Ikkinchidan, yoshlarda milliy tafakkur, g‘urur va o‘zlikni, milliy vijdon va umuminsoniy barkomollikni tarbiyalash. Uchinchidan, yoshlarda otashin vatanparvarlik va harbiy jasoratni, millat va Vatanga sadoqatlikni tarbiyalash. To‘rtinchidan, yoshlarga milliy va tarixiy qadriyatlarni e’zozlash, asrab-avaylash ruhini singdirish, ularda yuksak ahloqiy fazilatlar (halollik, poklik, odillik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik, kamtarinlik, imon va e’tiqodlik)ni tarbiyalash. Beshinchidan, yoshlarni Vatan va xalq, millat, ota-ona, farzand, tabiat va jamiyat oldidagi muqaddas burchlarni chuqur his etish va ularga sadoqatlik ruhida tarbiyalash.
O‘zbekiston tarixi fani mana shu yuqoridagilar va bulardan boshqa o‘zining xilma-xil imkoniyatlaridan kelib chiqib, komil insonni tarbiyalashga behad katta hissa qo‘shadi. Vatan tarixining davlat boshqaruvi va qurilishida, jamiyat va insoniyat taraqqiyotida, millat va xalq hayotida tutgan o‘rni hamda ahamiyati benihoya katta ekanligi qadim-qadimdan e’tirof etib kelinmoqda. Bunga tariximizning o‘zi guvoh. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tarixning bu ajoyib xislati va tarbiyaviy ahamiyati, kuch-qudratini barchamiz teran his etishimiz va anglab yetmog‘imiz lozimdir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy “Turkiston tarixi kerak” nomli maqolasida yozadi: “Tarixning foydalaridan ba’zisi ushbudirki, bir millatning na tariqada, qaysi yo‘l ila taraqqiy etganin o‘qib, ibrat olmoq yoki bir millatning na sabablardan tanazzul etib, oxiri munqariz bo‘lib (tugab-bitib) ketganin o‘qub mundan ham istifoda etmak mumkindir”
Nushiravon Yovushev esa “Turkiston tarixi” nomli maqolasida tarixga quyidagicha baho beradi: “O‘z milliy tarixini bilmagan millat, o‘z otasini bilmagan ... bir bolaga o‘xshaydur... Tarix millatning joni-ruhi, moddiy va ma’naviy hayotidur”.
Tarix – xalq ma’naviyatining asosi, unda milliy g’oya, siyosat, iqtisod, madaniyat, ma’naviyat, eng muhimi ota-bobolar o’tmishi mujassam. Bugun axborot texnologiyalari yuksak rivoj topib, yer yuzining olis burchagida yuz bergan voqea butun dunyoda aks-sado berayotir. Globallashuv jarayonlari kechayotgan pallada muhtaram Prezidentimiz aytmish, “havas qilsa arziydigan ulug’ tariximiz, buyuk ajdodlarimiz” haqidagi noyob tarixiy ma’lumotlarni dunyo ahliga faxr va g’urur ila, baralla yetkazish imkoniyatimiz kengaydi. Qolaversa, xalqimizning taqdirida ro’y bergan, tariximizdan o’rin olgan goh shonli, goh tushkun va fojiali hodisalar Vatanini sevuvchi har bir insonni befarq qoldirmaydi.Tarix – faqat shu fan sohasining emas, balki millatning har bir vakiliga birdek daxldordir. Bu haqiqatni chuqur anglash fursati allaqachon yetgan. Prezident SHavkat Mirziyoev o’z ma’ruzalarida ana shu muhim omilni tez-tez esga oladi. Masalan, o’tgan yilning noyabrь oyidagi uchrashuvda davlatimiz rahbari harbiylarimizning tarix haqidagi bilimlari bilan qiziqdi:
– Mana, Amir Temur bobomiz bilan hammamiz faxrlanamiz. Lekin, xolisona aytaylik, ulug’ Sohibqironning “Tuzuklar”ini qancha askar o’qigan? – Yoki buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va harbiy mahorati haqida hamma ham yetarli bilimga egami? Vaholanki, bu ajdodlarimizning g’alabalari, strategiya va taktikalarini dunyodagi ko’plab harbiy maktab va akademiyalarda bugun ham o’rganishadi.Davlatimiz rahbari askarlar harbiy qasamyod qilishdan oldin albatta O’zbekiston tarixi fani va “Temur tuzuklari”dan sinov topshirishi kerakligini ta’kidladi. Ilg’or harbiy qismlarga ulug’ sarkardalarimizning nomini berish, mohir lashkarboshi bobolarimiz haqida ilmiy tadqiqotlar olib borish, badiiy kitoblar, kinolar yaratish to’g’risida ko’rsatma berdi.
Darhaqiqat, dunyo tamadduniga ulkan hissa qo’shgan buyuk ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ammo ochig’ini aytganda, olamshumul zotlar haqidagi bilimlarimiz ko’pincha shu faxrlanish bilangina tugashi sir emas. Masalan, tibbiyotchilarimiz stolida Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” turadimi? Harbiylar, umuman rahbar xodimlarning necha foizi “Temur tuzuklari”dan xabardor? Astronomlar “Ziji Jadidiy Ko’ragoniy” asarini xuddi karra jadvalidek bilishadimi? Al-Xorazmiyning “Al jabr val muqobala” asarini, Abu Rayhon Beruniy asarlarini har bir maktab o’quvchisi yaxshi bilishi uchun nimalar qilishimiz kerak?
Prezident SHavkat Mirziyoev o’z suhbatlarida ushbu haqiqatni bot-bot tilga oladi, bugungi islohotlar jarayonida tarixni chuqur bilishning ahamiyatini ta’kidlaydi: “Suvorov maktabini Temurbeklar deb o’zgartirdik. Gap nomda emas, g’oyada, mafkurada, g’ururda! Bog’chadayoq bolalarimiz Vatanni, tarixni, madhiyani, bayroqni, Amir Temurni, Birinchi Prezidentimizni… yaxshi o’rganishsin…”
Ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHarqshunoslik institutidagi beshta mustaqil fondlarda jami 25 ming atrofida qo’lyozmalar, 40 mingdan ortiq toshbosmalar, 5000dan ortiq tarixiy hujjatlar ko’z qorachig’idek asrab-avaylab kelinadi. Ularda jami 300 mingdan ziyod asarlar nusxalari mavjud, deyiladi. Ushbu institut YuNESKOning insoniyat milliy-madaniy va moddiy boyliklari ro’yxatiga kiritilgan. Ushbu beqiyos boyliklarimiz sinchiklab o’rganilsa, qanchalab tarixiy filьmlar, ko’rsatuvlar uchun dastur bo’lishi mumkin! SHu o’rinda Nobelь mukofoti sohibi, fizik olim Pьer Kyurining mana bu so’zlari esga tushadi: «Musulmonlarning Andalusiyasidan bizga 30 ta kitob qoldi. O’sha kitoblarni o’qib, atomni parchalashga erishdik. Agar biz yoqib yuborgan ana o’sha buyuk Islom tsivilizasiyasiga tegishli yarim million kitoblar ham qolganida nima bo’lardi? Darhaqiqat, agar o’sha kitoblarni yoqib yubormaganimizda, hozir fazodagi galaktikalar orasida sayr qilib yurgan bo’lardik».
Islom tamadduniga ulkan hissa qo’shgan allomalarning juda ko’pchiligi bizning ajdodlarimiz – Ahmad Farg’oniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, xorazmiylar, nasafiylar, buxoriylar, termiziylar, shoshiylar ekanini nazarda tutsak, G’arb olimining fikri haqligi hamda biz qanchalik ulkan xazina sohibi ekanimiz ayon bo’ladi. Masalan, Abu Rayhon Beruniy yozgan asarlar ro’yxatining o’ziyoq, agar mayda harflar bilan yozilsa, oltmish varaqlik kitobcha hosil bo’lar ekan! Buyuk Britaniyaning mashhur Kembrij universitetida Xorazmiy va Ibn Sino stipendiyalari ta’sis etilishi aslo bejiz emas.
Qarorda, “buyuk vatandoshlarimiz — olimlar, mutafakkirlar va aziz-avliyolar, shoir va yozuvchilar, sarkardalar, davlat arboblarining bebaho merosini keng ko’lamda o’rganish va ommalashtirish maqsadida ularning hayot yo’li va qahramonligi to’g’risida, shuningdek, dunyo ahamiyatiga ega bo’lgan O’zbekiston eng yangi tarixining g’oyat yorqin va unutilmas sahifalari haqida hikoya qiluvchi ilmiy-ommabop dasturlar va hujjatli filьmlar turkumlarini yaratish, «O’zbekiston tarixi» telekanali faoliyatining asosiy vazifalari va yo’nalishlari etib belgilangan.
«O’zbekiston tarixi» telekanalining tashkil etilishi – yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviyat targ’iboti, turizm va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarning mantiqiy davomi bo’ldi. O’tgan yili Yurtboshimiz Xorazm viloyatida bo’lganida bu haqda quyidagi fikrlarni bildirgan edi: «Biz chet ellik turistlarni qadimiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan jalb qilishimiz mumkin. Lekin Xorazmning, Xivaning tarixi to’liq o’rganilmagan, uni tanishtirish bo’yicha tizim ham yo’q. SHuning uchun Xorazm tarixini eng qadimgi davrdan boshlab yilma-yil o’rganib, odamlarga sodda tilda tushuntirishni yo’lga qo’yish kerak. Muhim davrlar va voqealar, har bir xon hayoti bo’yicha shourumlar tashkil etib, sayyohlarni qiziqtirish zarur. Xivaga kelgan odam katta taassurot, bilim olib ketsin, bu yerda ko’proq qolib, vaqtini mazmunli o’tkazsin…”
Darhaqiqat, ko’hna va tarixiy shaharlarimiz haqida deylik, “SHarif shahar – Buxoro”, “Mardlar shahri – Termiz”, “Allomalar shahri Kesh”, “Er yuzining sayqali Samarqand”, “Toshkentnoma”, “Xo’qandi Latif”… kabi turkum ko’rsatuvlar, tarix kitoblari yaratilsa, qanday ulug’ ish bo’lar edi! Bu filьm va kitoblardan faqat o’zimiz emas, balki butun jahon ahli qiziqib, havas qilib sotib olishi uchun turli tillarga tarjima qilinsa, ayni muddao.
Bu boradagi xayrli ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Prezident topshirig’iga muvofiq 2017 yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo’yicha katta ishlar boshlandi. «Axsikent» arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direktsiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Tarixiy manbalarda, xususan, «Boburnoma»da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko’p yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo’lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan. Bu yerda o’z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1620 yilga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo’lgan. Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo’lib, Farg’ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir.
Toshkent viloyatining Oqqo’rg’on tumanida joylashgan SHohruhiya shahri ham ana shunday mashhur tarixiy joylardan biri sanaladi. Bu manzilda mashhur sarkarda Temur Malik va CHingizxon qo’shini o’rtasida qattiq janglar kechgan. Bugun sokin tepaliklar ko’rinishini olgan SHohruhiyada otlarning kishnashi, qilichlar jarangi, jangchilarning “urho-ur” degan hayqiriqlari bexos qulog’ingizga chalingandek bo’ladi. Yoki SHahrisabzning Tanxoz daryosi bo’yidagi mashhur “Navoiytepa”da qanchalar sir-sinoat yashirin! Xalq ichida saqlangan rivoyatlarga ko’ra, bu tepalikda keshliklar Samarqandga tahsilga borayotgan yosh Alisher Navoiyni kutib olishgan ekan. Yurtimizda bu kabi sirli, tarixiy manzillar juda ko’p. Qamashi tumanidagi “Boburtepa”, Yakkabog’dagi “Qirq qizlar”, yosh Temurbek poyga o’ynagan tepalik, G’uzor tumanidagi “Tohir va Zuhra” ziyoratgohi kabi manzillarni juda uzoq sanash mumkin. Bu sirli joylar haqida “Tarix telekanali” uchun turkum ko’rsatuvlar, hatto seriallar tayyorlash mumkin. Asosiysi – “Tarix telekanali”ning reytingini yuksakka ko’tarish, uni nafaqat yurtimizda, balki uzoq-yaqin yurtlarda ham mashhur qilish uchun imkoniyatlar bisyor. Bugungi kunda kompьyuter vositasida jonlantirish (animatsiya) imkoniyatlari yuksak taraqqiy etgan. Oqsaroy, Ko’ksaroy, Bostonsaroy kabi mashhur qasrlarni, umuman, ko’hna shaharlar qiyofasini “qayta tiklash”, ulkan jang manzaralarini aks ettirish mumkin. Binobarin, efir vaqtini boshqa kanallardagi kabi reklamalar va tarjima qilingan xorijiy filьmlar bilan to’ldirish aslo shart emas. Qarorda aytilganidek, “Vatanimizning qadimiy va boy tarixini chuqur o’rganish, ushbu yo’nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini faollashtirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi asosida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik va o’z xalqi bilan g’ururlanish tuyg’usini shakllantirish asosida milliy o’zlikni anglash hissini mustahkamlash va vatandoshlarimiz dunyoqarashini kengaytirish”dek xayrli maqsadlarni ko’zlagan “O’zbekiston tarixi” telekanalida buning uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Muxlislar faxr-g’urur va iftixor tuyg’ularini uyg’otuvchi maroqli dasturlarni hozirdanoq kutishmoqda.
Мирзиёев Ш.М. Миллий тараққиёт йўлимизни қатъият билан давом эттириб, янги босқичга кўтарамиз. Т. 1. - Тошкент: Ўзбекистон.. 2017.
Мирзиёев Ш.М. Буюк келажагимизни мард ва олийжаноб халқимиз билан бирга қурамиз. - Тошкент: Ўзбекистон. 2017.
Мирзиёев Ш.М. Қонун устуворлиги ва инсон маънфаатларини таъминлаш – юрт тараққиёти ва халқ фаровонлигининг гарови. Ўзбекистон Республикаси Конституцияси қабул қилинганининг 24 йилигига бағишланган тантанали маросимидаги маърузаси. - Тошкент: Ўзбекистон. 2017.
Мирзиёев Ш.М. Эркин ва фаровон, демократик Ўзбекистон давлатини биргаликда барпо этамиз. - Тошкент: Ўзбекистон. 2017.
Каримов И.А. Ўзбекистон: миллий истиқлол, иқтисод, сиёсат, мафкура. Т. 1. - Тошкент: Ўзбекистон, 1996.
Каримов И.А. Юксак маънавият-енгилмас куч. -Тошкент: Маънавият, 2008.
Каримов И.А. Демократик ислоҳотларни янада чуқурлаштириш ва фуқоролик жамиятини шакллантириш-мамлакатимиз тараққиётининг асосий мезонидир. Т.19. – Toshkent: O’zbekiston, 2011.
Каримов И.А. Ўзбекистон мустақилликка эришиш остонасида. – Тошкент: Ўзбекистон, 2011.
Каримов И.А. Тарихий хотира ва инсон омили – буюк келажагимиз гаровидир. Халқ сўзи. 2012, 10 май.
Каримов И.А. Она юртимиз бахту иқболи ва буюк келажаги йўлида хизмат қилиш – энг олий саодатдир. - Тошкент: Ўзбекистон. 2015.
Асосий адабиётлар
Мустакил Ўзбекистан тарихининг дастлабки сахифалари. - Тошкент, 2000.
Эркаев А. Ўзбекистон йўли. - Тошкент: Маънавият, 2011.
Мустақиллик: Изоҳли илмий-оммабоп луғат // М.Абдуллаев ва бошқалар: тўлдирилган учинчи нашр. - Тошкент: Шарқ, 2006.
2017-2021 йилларда Ўзбекистон Республикасини ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича Ҳаракатлар стратегияси. – Тошкент: Maънавият, 2017.
Мустақил Ўзбекистон тарихи. Масъул муҳаррир А.Сабиров. - Тошкент: Академия, 2013.
Dostları ilə paylaş: |