Monopoliyalarning iqtisodiy asosi va ularning turlari «Monololiya» atamasining kelib chiqishi bozorga oid tushunchalardan (ya’ni, yunoncha «topos» - yagona, bitta va «rogeo» - sotaman) tarkib topsada. biroq uning iqtisodiy asoslari aslida ishlab chiqarishga borib taqaladi. Monopoliyani quyidagicha ta’riflash o’rinli deb hisoblaymiz: monopoliya -monopol yuqori narxlarni o’rnatish hamda monopol yuqori foyda olish maqsadida tarmoqlar, bozorlar va yaxlit makroiqtisodiyot ustidan xukmronlikni amalga oshiruvchi yirik korxonalar (firma, korporatsiyalarning birlashmalari).
Monopoliyalar vujudga kelishining moddiy asosi ishlab chiqarishning to’planishi hisoblanadi. Ishlab chiqarishning to’planishi ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi hamda mahsulot ishlab chiqarish hajmining yirik korxonalarda to’planishini namoyon etadi.
Ishlab chiqarish to’planishining asosiy sababi bo’lib olinayotgan foyda hajmining ko’payishi hisoblanadi. Foydani muntazam ravishda ko’paytirib borish maqsadida tadbirkor olingan qo’shimcha mahsulot (foyda)ning bir qismini kapitallashtiradi, ya’ni unga qo’shimcha ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi sotib oladi. Bu esa ba’zi bir korxonalarning o’sishi hamda ishlab chiqarish miqyoslarining kengayishiga olib keladi. Shu bilan birga raqobat amaldagi kapitallarning ixtiyoriy yoki majburiy birlashtirish, markazlashtirish tendentsiyasini keltirib chiqaradi. Shunday qilib, ishlab chiqarish to’planishining moddiy asosi bo’lib kapitalning to’planishi va markazlashuvi hisoblanadi.
Kapitalning to’planishi - bu qo’shimcha qiymatning bir qismini jamg’arish (kapitallashtirish) natijasida kapital hajminish oshishidir. Bu jarayon quyidagi ko’rsatkichlar orqali tavsiflanadi: korxonadagi ishlovchilar soni, korxonaning ishlab chiqarish kuvvati, qayta ishlanayotgan xom ashyo miqdori, tovar aylanmasi hajmi, foyda hajmi.
Kapitalning to’planishi kapitalning markazlashuvi jarayoni bilan yanada to’ldiriladi. Kapitalning markazlashuvi — bu bir kapital tomonidan boshqa birining qo’shib olinishi yoki bir qancha mustaqil kapitallarning aktsiyadorlik jamiyati shaklida ixtiyoriy birlashishi orqali kapital hajmining o’sishidir.
Monopoliyalarning mohiyatini ochib berishda uning turlarini ko’rib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Monopoliyalarning turlarini bir necha mezonlarga ko’ra ajratish mumkin.
1. Bozorni qamrab olish darajasiga ko’ra: sof monopoliya, oligopoliya va monopsoniya.
Sof monopoliya - tarmoqdagi yagona ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi yakkahukmronlik holati hisoblanadi. O’zbekistonda sof monopoliyalar sifatida «O’zbekiston xavo yo’llari» MAK, «O’zbekiston temir yo’llari» DAK, Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasini misol keltirish mumkin. Darhaqiqat, ular o’z tarmoqlaridagi tegishli faoliyatlarning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadilar. Shuningdek, ba’zi hollarda tarmoqdagi monopolist ishlab chiqaruvchilar sonining ko’payib borishi monopolistik raqobat holatining vujudga kelishiga sabab bo’ladi. Monopolistik raqobat - tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni ko’p hamda ular o’rtasida ma’lum darajada raqobat mavjud bo’lgan, biroq har bir ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi o’z tovar yoki xizmatining alohida, maxsus xususiyatlari mavjudligi sababli ularning narxi va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi ma’lum darajada xukmronlik holati hisoblanadi. Bunga misol tariqasida ko’plab mebelь, kiyim-kechak turlari, kir yuvish vositalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarini keltirish mumkin.
Oligopoliya - tarmoqdagi bir necha yirik ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi hukmronlik holati hisoblanadi. Oligopolist-ishlab chiqaruvchilarga O’zbekistonda tsement (asosan Bekobod, Quvasoy, Oxangaron, Navoiy shaharlarida joylashgan), ko’mir (Angren shaxri, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo (Sharg’un) va Boysun (To’da) tumanlarida joylashgan) ishlab chiqarishni misol keltirish mumkin.
Monopsoniya - tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni juda ko’p bo’lib, ular tovar yoki xizmatlarining yagona iste’molchisi yoki xaridori mavjud bo’lgan sharoitdagi yakkaxukmronlik holati hisoblanadi. Bunga «O’zDEUavto» korxonasi yaqqol misol bo’la oladi. Mazkur yirik korxona mamlakatimizdagi yengil avtomobillarni ishlab chiqarishda zarur bo’lgan ko’plab ehtiyot va butlovchi qismlarni ularning nisbatan mayda ishlab chiqaruvchilaridan sotib olishda yakkahukmronlik mavqeiga ega bo’ladi.
2. Monopoliyaning vujudga kelishi sababi va tavsifiga ko’ra: tabiiy monopoliya, legal monopoliya, sun’iy monopolilar bo’linadi.
Tabiiy monopoliya tarkibiga kamyob va ishlab chiqarishning erkin tarzda takror hosil qilib bo’lmaydigan elementlari (masalan, nodir metallar, foydali qazilmalar va h.k.)ga ega bo’lgan mulkdorlar va xo’jalik tashkilotlari kiradi. Shuningdek, mazkur monopoliya tarkibiga o’ziga xos texnologiyaning qo’llanishi sababli raqobatni rivojlantirib bo’lmaydigan ba’zi bir tarmoqlar va ishlab chiqarish turlari ham kiritiladi.
Tabiiy monopoliya - korxonaning texnologik xususiyatlari sababli mahsulotga bo’lgan talabni qondirish raqobat mavjud bo’lmagan sharoitda samaraliroq amalga oshiriluvchi tovar bozorining holati. Bunday samaradorlik ishlab chiqarish hajmining ko’payib borishi bilan tovar birligiga to’g’ri keluvchi xo’jalik xarajatlarining ahamiyatli darajada pasayib borishida namoyon bo’ladi. Shu bilan birga, tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar iste’molini boshqa turdagi mahsulotlar bilan almashtirib bo’lmaydi.
Legal (qonuniy) monopoliya - bu qonuniy tarzda tashkil etiluvchi monopolistik holat. Ular tarkibiga raqobatdan himoya qiluvchi quyidagi monopoliya shakllarini kiritish mumkin:
1) patent tizimi - bu ixtirochi va mualliflar tomonidan yaratilgan ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini tasdiqlovchi, hamda ularga mutloq huquqni taqdim etish tizimi. Bu jarayon maxsus guvohnomalar - patentlar orqali amalga oshiriladi;
2) mualliflik huquqi - ilmiy, badiiy va san’at asarlari, ijro san’ati fonogrammalari, ko’rsatuvlar, efir to’lqini yoki kabelь orqali tasvir uzatish kabilarni yaratish va ulardan foydalanish munosabatlarini qonuniy tarzda tartibga solish shakli. Mualliflik huquqi faqat mualliflar tomonidan o’z mahsulot larini ma’lum vaqtga yoki butunlay sotish, ulardan nusxa olish va ko’paytirishga ruxsat berish imkonini ta’minlaydi;
3) tovar belgilari - bu savdo belgilari, nishonlari, maxsus ramzlari, nomi va boshqalarni ro’yxatga olish, huquqiy jihatdan himoya qilish va ulardan foydalanish bo’yicha paydo bo’lgan munosabatlarni qonuniy tarzda tartibga solish shakli.
Sun’iy monopoliya - monopol foyda olish maqsadida tashkil etiluvchi birlashmalarning shartli (tabiiy monopoliyalardan ajratib turish uchun) nomi.
Sun’iy monopoliya o’z manfaatlari yo’lida bozor muhiti tuzilishini ataylab o’zgartiradi, ya’ni:
- bozorga yangi raqiblarning kirib kelishiga yo’l ko’ymaslik uchun turli to’siqlar hosil qiladi (xom ashyo va energiya manbalarini egallab oladi; banklarning yangi korxonalarga kredit berishini takiqlashga harakat qiladi va boshqalar);
- ishlab chiqarishning eng yuksak darajadagi texnologiyasiga erishib, qolgan raqiblarini bu darajaga chiqishiga imkon bermaydi;
- ishlab chiqarish miqyosi samarasidan unumliroq foydalanish imkonini beruvchi nisbatan yirik hajmdagi kapitalni qo’llaydi;
- o’z faoliyatini yuqori darajada reklama qilish orqali boshqa raqobatchilarni bozordan siqib chiqarishga harakat qiladi.
Sun’iy monopoliyalar kartel, sindikat, trest, konsortsium, kontsern kabi aniq shakllarda namoyon bo’ladi.
Kartel - bitta sanoat tarmog’idagi bir necha korxonalarning uyushmasi bo’lib, uning ishtirokchilari ishlab chiqarish vositalari va mahsulotlariga o’z mulkiy egaligini saklab qoladi, yaratilgan mahsulotlarni sotish esa kvota, ya’ni mahsulot ishlab chiqarish umumiy hajmidagi har bir ishtirokchining ulushi, sotish narxlari, bozorlarning bo’lib olinishi va h.k. bo’yicha kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Sindikat - bir turdagi mahsulot ishlab chiqaruvchi bir necha korxonalarning birlashmasi. Bunda ishlab chiqarish vositalariga mulkchilik birlashma ishtirokchilarining o’zida saqlanib kolgani holda, ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot maxsus tashkil etilgan yagona sotish tashkiloti orqali amalga oshiriladi.
Trest - ishlab chiqarish vositalari va tayyor mahsulotga birgalikdagi mulkiy egalikni ta’minlovchi ishlab chiqaruvchilarning yuridik shaxs ko’rinishidagi birlashmasi.
Konsortsium - tadbirkorlarning yirik Moliyaviy operatsiyalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida birlashuvi (masalan, yirik miqyosli loyihalarga juda katta miqdorda va uzoq muddatli kredit berish yoki investitsiyalar ko’yish).
Kontsern - rasmiy jihatdan mustaqil bo’lgan, ko’p tarmoqli korxonalar (sanoat, savdo, transport va bank kabi turli soha korxonalari) ning majmuini o’z ichiga oluvchi birlashma. Odatda bunday birlashma ma’lum ishlab chiqarish faoliyatini bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirish uchun zarur bo’lgan turli soha korxona va tashkilotlaridan tuziladi. Bunda bosh tashkilot qolgan ishtirokchilar faoliyati ustidan Moliyaviy nazorat olib boradi. Hozirda sun’iy monopoliyalarning sanab o’tilgan shakllari orasida kontsernlar keng tarqalgan.
Monopoliyaning iqtisodiy taraqqiyotga ta’sir qiluvchi ijobiy va salbiy tomoni mavjud. Uning ijobiy tomoni asosan quyidagi ikkita jihat orqali namoyon bo’ladi:
1)monopoliya ma’lum tarmoqlarda nisbatan samarali amal qiladi va xarajatlarning tejalishiga olib keladi;
2) monopolist bo’lmagan, mayda, raqobatlashuvchi soha korxonalariga nisbatan monopolistik korxonalarda ishlab chiqarishga ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy etish uchun ko’proq rag’bat va imkoniyat mavjud bo’ladi.
Monopoliyaning salbiy tomoni sifatida quyidagi jihatlarni ko’rsatish mumkin.
1) resurslarning oqilona taqsimlanmasligi;
2) daromadlardagi tengsizlikning kuchayishi;
3) iqtisodiy turg’unlik va fan-texnika taraqqiyotining sekinlashuvi;
4) iqtisodayotda demokratik harakatlarning to’sib qo’yilishi.
Bundan ko’rinadiki, monopolistik faoliyat iqtisodiy rivojlanishiga ancha jiddiy ta’sir ko’rsatishi, taraqqiyot yo’liga g’ov bo’lishi ham mumkin. Shunga ko’ra, bugungi kunda deyarli barcha mamlakatlar iqtisodiyotida monopoliyalarni davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlari qo’llanilib, bu monopoliyaga qarshi siyosat, deb ataladi. Davlatning monopoliyaga qarshi siyosati asosini monopoliyaga qarshi qonunchilik tashkil etib, u turli mamlakatlarda turli darajada rivojlangan bo’ladi.
Odatda AQShdagi monopoliyaga qarshi qonunchilik nisbatan ilgariroq va mukammalroq ishlab chiqilgan, deb hisoblanadi. U quyidagi uchta qonunchilik hujjatlariga asoslanadi:
1. Sherman qonuni (1890 yilda qabul qilingan). Bu qonun savdoni yashirin monopollashtirish, u yoki bu tarmoqdagi yakka nazoratni qo’lga olish, narxlar bo’yicha kelishuvlarni taqiqlaydi.
2. Kleyton qonuni (1914 yilda qabul qilingan). Bu qonun mahsulot sotish sohasidagi cheklovchi faoliyatlarni, narx bo’yicha kamsitish, ma’lum ko’rinishdagi birlashib ketishlar, o’zaro bog’lanib ketuvchi direktoratlar va boshqalarni taqiqlaydi.
3. Robinson-Petmen qonuni (1936 yilda qabul qilingan). Bu qonun savdo sohasidagi cheklovchi faoliyatlar, «narxlar qaychisi», narx bo’yicha kamsitishlar va boshqalarni taqiqlaydi.
1950 yilda Kleyton qonuniga Seller-Kefover tuzatishi kiritildi. Unda noqonuniy birlashib ketishlar tushunchasiga aniqlik kiritilib, aktivlarni sotib olish orqali birlashib ketish taqiqlandi. Agar Kleyton qonuni yirik firmalarning gorizontal ravishdagi birlashib ketishlariga to’siq qo’ygan bo’lsa, Seller-Kefover tuzatishi vertikal ravishdagi birlashib ketishlarga cheklov kiritdi.
3. O’zbekistonda raqobatchilik muhitining vujudga kelishi va monopoliyaga qarshi qonunchilik
Raqobatning amal qilishi ma’lum shart-sharoitlar mavjud bo’lishini taqozo qiladi. Bu shart-sharoitlar faqat bozor munosabatlari qaror topgan muhitda bo’lishi mumkin. Shunday ekan, bozor iqtisodiyotini yuzaga keltirish ayni vaqtda raqobatchilik muhitining shakllanishini bildiradi.
Bozor munosabatlari rivojlangan mamlakatlarda raqobatchilik muhiti uzoq davr davomida, o’z-o’zidan, evolyutsion yo’l bilan vujudga kelgan. Bu asta-sekin erkin raqobat muhitini keltirib chiqargan.
Iqtisodiyotda monopollashuv printsiplari kuchayib borishi bilan raqobat cheklanadi, shu sababli raqobatchilik muhitini vujudga keltirishda davlat ham qatnashadi. Bu esa, yuqorida ta’kidlanganidek, davlatning monopoliyalarga qarshi siyosatida o’z aksini topadi. Har bir mamlakatdagi aniq vaziyat, ya’ni iqtisodiyotning monopollashuv darajasi uning miqyosi va tavsifiga qarab, bu siyosat erkin raqobat muhitini yangidan yaratish, uni saqlab qolish, zarur bo’lganda qaytadan tiklash, raqobat usullarini qaror toptirish kabilarga qaratiladi.
Ma’muriy-buyruqbozlik iqtisodiyotidan bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan mamlakatlarda, shu jumladan, bizning respublikada sog’lom raqobatga shart-sharoit hozirlash, iqtisodiy sub’ektlar mustaqilligini kengaytirish orqali ularni raqobatchilikka jalb qilish iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhim jihatlari hisoblanadi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugungi kunda «... kuchli talab va raqobat Iqtisodiy islohotlarni yanada chukurlashtirishni ob’ektiv shart qilib qo’ymokda. Bu borada ham juda ko’p yechilmagan muammolar bor. ya’ni, eski ma’muriy-taqsimot tizimi qoliplaridan butunlay voz kechish, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini yanada cheklash, erkin tadbirkorlik faoliyati uchun amaliy kafolatlarni ta’minlash, iqtisodiyot va biznesni barqaror rivojlantirish, to’laqonli bozor infratuzilmasini shakllantirish yo’lidagi mavjud g’ov-to’siqlarni bartaraf etishimiz zarur».
Bugungi kunda O’zbekistonda ham uyushmalar, kontsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar shaklidagi monopoliyalar saqlanib qolgan bo’lib, ular ko’pincha tarmoq vazirliklari mavqe va vazifalariga ega bo’ladilar. Mahsulot va xom ashyolarning alohida turlarini limit va fond ko’rinishida taqsimlashning eskicha tizimi, shuningdek, biznesni amalga oshirish uchun ruxsat, litsenziya, sertifikatlar berish, kelishish kabi mavjud ma’muriy to’siqlar monopolistik tendentsiyalarga ko’proq imkon yaratadi.
Shunga ko’ra, O’zbekistonda samarali raqobat muhitini yaratish uchun quyidagilar bo’yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi taqozo etiladi:
a) iqtisodiyotda davlat monopolizmining har qanday namoyon bo’lishini maksimal darajada bartaraf etish;
b) bozor sharoitida vujudga kelayotgan monopoliyalarning bozordagi o’z ustunlik mavqelarini suiste’mol qilish imkoniyatlarining oldini olish.
Shunday qilib, O’zbekistonda raqobatchilik muhitini vujudga keltirishning asosiy yo’li, bu raqobatni inkor qiluvchi davlat monopoliyasidan nodavlat, turli xo’jalik shakllarining mavjudligiga asoslangan va iloji boricha erkin raqobatni taqozo etuvchi bozor tizimiga o’tishdir. Bu yerda raqobatchilik munosabatlarini shakllantirish, avvalo. mustaqil erkin tovar ishlab chiqaruvchilarning paydo bo’lishini taqozo qiladi, chunki raqobatning asosiy sharti alohidalashgan, mulkiy mas’uliyat asosida o’z manfaatiga ega bo’lgan va tadbirkorlik tahlikasini zimmasiga oluvchi erkin xo’jalik sub’ektlarining mavjudligi, ularning bozor orqali aloqa qilishidir.
Shu maqsadda O’zbekistonda «Monopol faoliyatni cheklash to’g’risida»gi Qonun (1992 yil, avgust) kuchga kiritildi, hamda uning asosida raqobatchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir turkum normay hujjatlar ishlab chiqildi. Mazkur qonunga ko’ra, bozorda ataylab taqchillik hosil qilish, narxlarni monopollashtirish, raqobatchilarning bozorga kirib borishiga to’sqinlik qilish, raqobatning g’irrom usullarini qo’llash man etiladi. Qonunni buzuvchilar raqibiga yetkazgan zararni qoplashlari, jarima to’lashlari, g’irromlik bilan olgan foydadan mahrum etilishlari shart.
Iqtisodiyot va monopoliyaga qarshi amaliyot sohasidagi ahamiyatli o’zgarishlar tegishli qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishni taqozo etdi. Shunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1996 yil 27 dekabrda «Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to’g’risida»gi yangi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun monopolistik faoliyat va g’irrom raqobatning oldini olish, uni cheklash, to’xtatishning tashkiliy va huquqiy asoslari belgilab berib, respublikaning tovar bozorlarida raqobat munosabatlarini shakllantirish va samarali amal qilshiga qaratilgan.
Shuningdek, qonunda asosan ikkita muhim yo’nalish, ya’ni birinchidan. monopoliyaga karshi tartibga solishning printsipial yangi ko’rinishi bo’lib, u mavjud va saqlanib qolgan monopolistlar tomonidan bozorda hukmronlik mavqeini suiste’mol qilishning oldini olish va unga barham berishni ko’zda tutsa, ikkinchidan, eng asosiy muhim masalalardan bo’lib hisoblangan monopoliyadan chiqarish va sog’lom raqobat muhitini shakllantirish ekanligi belgilab qo’yilgan.
Monopoliyaga qarshi faol choralarni amalga oshirish uchun 1992 yilda O’zbekistonda monopoliyaga qarshi organ Moliya vazirligining Monopoliyaga qarshi va narx siyosati bosh boshqarmasi sifatida tashkil etildi. Boshqarmaga ro’yxatga kiritilgan monopoliya mavqeidagi korxonalar mahsuloti bo’yicha narxlarni va rentabillikni tartibga solib turish huquqi berildi. 1996 yilda ushbu boshqarma negizida Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo’mitasi tashkil qilindi. 2000 yilda Respublika Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasini tashkil etish to’g’risida»gi Farmoniga asosan monopoliyaga qarshi organ Moliya vazirligi tarkibidan chiqarildi va mustaqil davlat qo’mitasiga aylantirildi. Keyinchalik mazkur qo’mitaning faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 30 apreldagi Farmoniga binoan u Monopoliyadan chiqarish, raqobatni va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasiga aylantirildi.
Respublikada monopol mavqeiga ega bo’lgan korxonalarni Davlat reestriga kiritish uchun mezonlar belgilashda jahon tajribasi hamda o’tish davrining o’ziga xos jihatlari hisobga olinadi.
Hozirgi davrda Respublikada agar korxona ishlab chiqargan muayyan mahsulotlar bozordagi shu turdagi mahsulotning 35% dan ortiq bo’lsa, bu korxona monopolistiq korxona sifatida Davlat reestriga kiritiladi. Ozik-ovqat tovarlari guruhi uchun bunday mezon darajasi 20% deb belgilangan.
Respublikada monopoliyalar ro’yxatiga kirgan korxona (tarmoq) larning bozordagi mavqeini tartibga solishda davlat bir qator usullardan foydalanadi. Bu usullardan ikkitasini ajratib ko’rsatish lozim:
1. Monopol mavqeidagi korxonalar mahsulotlariga narxlarning eng yuqori darajasini yoki rentabellikning chegarasini belgilab ko’yish.
2 .O’z monopol mavqeini suiste’mol qilgan monopolistik birlashmalarni bo’lib tashlash yoki maydalashtirish. Bu usul Vazirlar Mahkamasining (1994 yil 18 iyuldagi 366-sonli) qarori bilan tasdiqlangan «Ob’ektlarning xo’jalik yurituvchi jamiyatlar va shirkatlar tarkibidan chiqish tartibi to’g’risidagi Nizom» asosida amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida» (1996 yil, aprel) qonuni asosida g’irrom raqobatga, shu jumladan Respublika bozorlariga belgilangan talablarga javob bermaydigan tovarlarni chiqarishga yo’l qo’ymaydigan mexanizmni yaratishga ham alohida e’tibor beriladi.
Tabiiy monopoliyalarni davlat yo’li bilan tartibga solish ular mahsulot (xizmat)lariga narxlar va tariflar darajasini, shuningdek, taklif etiladigan tovarlar va xizmatlar turiga doir asosiy ko’rsatkichlarni belgilashni o’z ichiga oladi.
Respublikada raqobatchilik muhitini vujudga keltirishda amalga oshirilayotgan barcha ishlar bozor iqtisodiyotini tarkib toptirishga xizmat qiladi.
4. Narxning mazmuni, vazifalari va turlari
Tovarlar qiymati va ularning nafliligi o’zlarining namoyon bo’lishini narxda topadi. Amaliy hayotda qiymat tovar ishlab chiqaruvchilarni, naflilik esa iste’molchilarni rag’batlantiruvchi, ularni harakatga keltiruvchi kuch sifatida amal qiladi.
Tovarning harid qilinishi uning alohida olingan bir kishi uchun emas, balki jamiyat uchun nafliligini va shu bilan birga ijtimoiy qiymatini ham tan olishni bildiradi. Shu sababli, «ijtimoiy naflilik» tushunchasining o’zi biror tovar (xizmat) ning jamiyat uchun nafliligi, kadr-qiymatga egaligini ko’rsatadi. Shu mulohazalardan kelib chiqib aytish mumkinki, narx o’zida faqatgina naflilik yoki sarflarning birini emas, balki har ikkalasining bir vaqtda mavjudligini va ularning ma’lum miqdorini pul ko’rinishida ifoda etadi.
Tovardagi ikki xususiyat birdaniga tan olinmasa, u pulda ifodalanmasa oldi-sotdi sodir bo’lmaydi. Chunki tovarning qiymati tomonida sotuvchining manfaati, nafliligi (iste’mol qiymati) tomonida esa xaridorning manfaati yotadi. Tovar egasi o’z tovari uchun ketgan sarflarni qoplab, ma’lum darajada, iloji boricha ko’proq foyda olishni ta’minlashi mumkin bo’lgan qiymatni pul shaklida o’zlashtirishga intilsa, xaridor iloji boricha sarf qilayotgan pulining har bir birligiga ko’proq naflilikka (iste’mol qiymatiga) ega bo’lishga harakat qiladi. Ularning manfaatlari to’g’ri kelgan nuqtada, darajada narx o’rnatilib, tovar pul almashuvi, oldi-sotdi sodir bo’ladi.