2. WINDOWS OPERATSION TIZIMI BILAN TANIShUV.
2.1. Windows muhitida dastlabki qadamlar.
! Matnni diqqat bilan o‘qib chiqing va matn oxiridagi jadvalni to‘ldirishga
harakat qiling.
Faraz qilaylik, siz poytaxtda yashaysiz. Siz nima ish qilishingizdan, hayot
tarzingiz qandayligidan qat’i nazar, Toshkent shahridagi turli idoralarning
tegishli xizmatlaridan foydalanasiz: uyingizni Toshshaharenergo korxonasi
tomonidan yetkazib beriladigan elektr energiyasi yoritadi, Toshshahargaz korxonasi
tomonidan yetkaziladigan tabiiy gaz isitadi, Toshshaharyo‘lovchitransga tegishli
avtobuslarda ishga borasiz, farzandlaringiz shahar xalq ta’limi boshqarmasi
tasarrufidagi maktablarda o‘qishadi, sizning va oila a’zolaringizning sog‘lig‘i
haqida shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tegishli muassasalar qayg‘uradi,
shahar ichki ishlar boshqarmasi posbonlari tinch va xotirjam hayotingizga hech kim
tahdid solmasligini ta’minlashadi, Siz shahar Savdo-sanoat palatasi tomonidan
berilgan litsenziya asosida faoliyat ko‘rsatuvchi do‘kondan o‘zingizga zarur bo‘lgan
narsalarni xarid qilasiz, TTV ko‘rsatuvlarini tomosha qilasiz.
Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin, bu esa biz bilgan va bilmagan
minglab odamlarning mehnati mahsulidir. Bundan tashqari, siz biror faoliyat
bilan shug‘ullansangiz, masalan, kompyuter o‘quv markazi ochgan bo‘lsangiz, sizning
ishxonangiz ham bu xizmatlardan foydalanadi.
Ushbu kitob yozilgan kompyuterda 7 milliarddan ortiq tranzistorlar
mavjud bo‘lib, ularni boshqarish oson ish emas. Kompyuter yordamida nima ish
qilishingizdan, qaysi dasturdan foydalanishingizdan qat’i nazar, Siz va Siz
ishlatayotgan dastur kompyuterning turli ichki xizmatlaridan foydalanadi. Bu
xizmatlarning barchasini kompyuterga o‘rnatilgan operatsion tizim ko‘rsatadi va
kompyuterdagi barcha jarayonlar o‘zaro ziddiyatlarsiz bu tizim orqali
boshqariladi.
Kompyuterlarda keng tarqalgan operatsion tizim Microsoft firmasi
tomonidan ishlab chiqilgan Windows(«Uindouz» deb o‘qiladi) operatsion
tizimidir va u shu qadar ko‘p xizmat turlarini taklif qiladiki, uni yana Windows
muhiti deb ham atashadi.
«Window» so‘zi ingliz tilida «deraza, darcha, oyna, tuynuk» degan ma’noni
anglatadi va bu nomda Windowsda bir vaqtda bir nechta dasturlar ekrandagi o‘z
oynalarida bir-biridan mustaqil ravishda ishlay olishiga urg‘u berilgan. Bu esa,
bundan 20 yil oldin, Windows operatsion tizimi yaratilgan paytda kompyuterlarda
uning barcha resurslari bitta dastur tomonidan butunlay egallab olinadigan
boshqa operatsion tizimlarga nisbatan oldinga tashlangan ulkan qadam edi.
Hozirgi paytda Windows XP (eXPerience – tajriba, sinov) operatsion tizimi
keng tarqalgan bo‘lib, u bir tomondan foydalanuvchi va dasturchilarning kompyuter
ustida har qanday tajribalarni o‘tkaza olishlarini anglatsa, ikkinchi tomondan
yangi avlod operatsion tizimlarini yaratishdagi yana bir o‘ta muhim sinov
ekanligini bildiradi.
17