Ma’lumotlar bazasini qayta ishlash texnologiyalari. Tayanch so‘z va iboralar: Ma’lumotlar bazasi, strukturalash, MOBT, klient-server, fayl-server texnologiyalari, engines texnologiyasi, relyasion, ierarxik va semantik tarmoq, maydon, yozuv.
Ma’lumotlar ombori – bu o‘zaro bog‘langan va tartiblangan ma’lumotlar majmuasi bo‘lib, u ko‘rilayotgan ob’yektlarning xususiyatini, holatini va ob’yektlar o‘rtasidagi munosabatni ma’lum sohada tavsiflaydi. Darhaqiqat, hozirgi kunda inson hayotida MOda kerakli axborotlarni saqlash va undan oqilona foydalanish juda muhim rol o‘ynaydi. Sababi: jamiyat taraqqiyotining qaysi jabhasiga nazar solmaylik o‘zimizga kerakli ma’lumotlarni olish uchun, albatta, MOga murojaat qilishga majbur bo‘lamiz. Demak, MOni tashkil qilish axborot almashuv texnologiyasining eng dolzarb hal qilinadigan muammolaridan biriga aylanib borayotgani davr taqozasi.
Ma’lumki, MO tushunchasi fanga kirib kelgunga qadar, ma’lumotlardan turli ko‘rinishda foydalanish juda qiyin edi. Dastur tuzuvchilar ma’lumotlarini shunday tashkil qilar edilarki, u faqat qaralayotgan masala uchungina o‘rinli bo‘lardi. har bir yangi masalani hal qilishda ma’lumotlar qaytadan tashkil qilinar va bu hol yaratilgan dasturlardan foydalanishni qiyinlashtirar edi. Shuni qayd qilish lozimki, MOni yaratishda ikkita muhim shartni hisobga olmoq zarur:
Birinchidan, ma’lumotlar turi, ko‘rinishi, ularni qo‘llaydigan dasturlarga bog‘liq bo‘lmasligi lozim, ya’ni MOga yangi ma’lumotlarni kiritganda yoki ma’lumotlar turini o‘zgartirganda, dasturlarni o‘zgartirish talab etilmasligi lozim.
Ikkinchidan, MOdagi kerakli ma’lumotni bilish yoki izlash uchun biror dastur tuzishga hojat qolmasin.
Shuning uchun ham MOni tashkil etishda ma’lum qonun va qoidalarga amal qilish lozim. Bundan buyon axborot so‘zini ma’lumot so‘zidan farqlaymiz, ya’ni axborot so‘zini umumiy tushuncha sifatida qabul qilib, ma’lumot deganda aniq bir belgilangan narsa yoki hodisa sifatlarini nazarda tutamiz.
Hozirgi kunda ma’lumotlar bazasining daraxtsimon, tarmoqli va jadvalli turlari mavjud.